QIZLAR TARBIYASI

Oilada qiz farzandning dunyoga kelishining o‘ziyoq ota-onani nozikta’blikka, muloyimlikka unday boshlaydi. Ma’naviyatli, iboli-hayoli, irodali, saranjom-sarishta bo‘lish qizi uchun eng kerakli fazilatlar ekanini anglagan ota-onaning o‘zi bu borada o‘rnak bo‘lishga intilgan.

 Beshik tepasida — qizchalar uchun aytiladigan allalarda so‘zlar g‘oyat saralab olinishi ham diqqatga sazovor. “Gulim”, “gulg‘uncham”, “nozik-niholim” deya ta’rif aylaydi ularni ona. Onalar alla aytganda ham, ertak aytganda ham har safar niyatlarini chiroyli so‘zlar, yoqimli ohanglar bilan ifodalayveradi. Masalan, Zumrad obraziga har safar yangi-yangi sifat qo‘shiladi, bir gal mehnatkashligi, bir gal sabr-toqatliligi, bir gal shirinso‘zligiga urg‘u beriladi. Bularning barchasi qizlar sepdan ham burun yaxshi insoniy fazilatlarni ko‘proq jamlab olishi lozimligini anglatadi.

O‘tmishda kelinlarning uylari so‘zanalar, rango-rang palaklar bilan bezatilgan. Buvilarning aytishicha, o‘zbek xonadonlarida qiz 11-12 yoshga yetganda unga kattagina surp matosi berilib palak, so‘zana tikish o‘rgatilar ekan. Bu mashg‘ulot 4-5 yil davom etgan. Agar palak, so‘zanalarga e’tibor bersak, ularning har bir nuqtasi igna bilan ishlov berilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu juda ko‘p vaqtni talab etgan. Bu orada qiz ham voyaga yetib, uzatiladigan yoshga kelgan. Sepning oldi bo‘lgan bu so‘zanalar kelin-kuyov uylarini bezatgan. Muhimi, so‘zanalar faqat uyni bezatish vositasi bo‘lmasdan qizlar tarbiyasi uchun foydali jihatlari ko‘p bo‘lgan. Chunki birinchidan, so‘zana g‘oyatda mayda ish bo‘lib, ip-igna yordamida yillar davomida tikilgan. Demak, yillar davomida qizlarning sabr-toqatli, og‘ir-bosiq, vazmin viqorli bo‘lishdek fe’l-atvorlarini shakllantirishda bir vosita bo‘lgan. Ikkinchidan, so‘zananing ranglari, shakllariga e’tibor bersak, ularning bir-biriga uyg‘unligi va nihoyatda chiroyli ekanligining shohidi bo‘lamiz. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, so‘zana tikish jarayonida qizlarning did-farosati, har bir ishni chiroyli bajarishga intilishi, go‘zallikka ishtiyoqi, ijodkorligi, dunyoqarashi ham shakllanib borgan. Bunday tarbiyalangan qizlar biror joyga kelin bo‘lganda, ota-onasiga rahmat keltirgan.

Borgan joyingda tosh kabi qot, tup qo‘yib palak yoz, degan iboralarni tez-tez eshitib qolamiz. Bu ham ro‘zg‘or yuritish, uy tutishdek oila ishlarida sabr-toqat va vazminlikning ahamiyati muhimligiga ishoradir. Zero, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida tosh ramzi og‘ir-bosiqlikni, bardoshli bo‘lishni ifodalaydi. Haqiqatdan ham qizlarni turmushga tayyorlashda mehnat ko‘nikmasiga katta ahamiyat berilgan. Kelinlar o‘zbek xonadoni qiyofasi timsoli bo‘lgan, desak xato qilmaymiz. Chunki kelinlik mas’uliyati uydagi tozalikni saqlashni ham, ovqatni shirin tayyorlashni ham, atrofdagilar bilan xushmuomalada bo‘lishni ham qamrab oladi.

Uydagi jajji go‘dak ham topolmayotgan o‘yinchog‘ini kennoyisidan so‘raydi, qaynona va qaynotadan tashqari qayni va qaynsingillar ham uy yumushlari borasida kelinga tez-tez murojaat qilib turishadi. Xonadondagi  har bir buyum, har bir kiyim-kechak, har bir idish-tovoq tozaligiga ham yangi tushgan kelin mas’ul. Albatta, borgan joyini izzat-ikrom qilishi kerakligi uqtirilgan kelinlar bu ishlarni ipidan-ignasigacha badastir bajarishga intiladi. Lekin oilada to‘g‘ri tarbiya olmagan, yoyinki atrofdagilar bilan ahil, hamjihat yashash sirlari o‘rgatilmagan qizlar bu borada ma’lum qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Buvilar, onalar, qizlar… Bu uch avlod o‘rtasida mutanosib ravishda rivojlangan tarbiya asosida qadriyatlarga katta ahamiyat beriladi. Masalan, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, barchaga birdek mehr-oqibatli bo‘lish, har qanday mehnatni chin dildan bajarish kabi fazilatlarni buvilar nevara qizlari ongiga o‘z hayot tajribalaridan kelib chiqib singdirib borishadi. Erta-indin uyimni tark etadi, deya onalar jigargo‘shalarini ayab, ish buyurishga ko‘zlari qiymasligi mumkin. Lekin hayotning achchiq-chuchugini totgan, yaxshi-yomonni farqiga boradigan buvilar talabchanlik bilan qizlarni har bir ishni, hatto o‘zi yoqtirmagan yumushlarni xam pishiq-puxta bajarishga o‘rgatib boradilar.

Moling bilan hammani ham rozi qilolmaysan, shirin so‘zing bilan insonlar qalbiga yo‘l topasan, degan hikmatga amal qiluvchi keksalar yoshlarni doimo shirinso‘zlikka, odob-axloqqa chorlaydilar. Yolg‘onchilik, xushomad, chaqmachaqarlik bilan inson ba’zan qiyin vaziyatlardan silliqqina o‘tsada, ammo buning oqibati ayanchli ekanini qayta-qayta uqtiradilar. Buvilarimiz qizlar uchun eng chiroyli bezak bu hayo ekanini, eng qadrli jihat iffat ekanini ta’kidlaydilar. Har bir insonning o‘z-o‘ziga ishonchi, vijdon va iymon halovatiga erishishida ham sharm-hayoning o‘rni beqiyos ekanini hayotiy misollar bilan tushuntirib boradilar. Buvijonlar qiz nevaralariga vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni, har bir yumush o‘z o‘rnida bajarilsa, inson kun davomida ko‘p ishlarga bemalol ulgurishi mumkinligini o‘rgatib boradilar. Zotan, vaqt va pulning to‘g‘ri taqsimoti bo‘lajak ro‘zg‘or bekalari bo‘lmish har bir qizga puxta o‘rgatilsa, ko‘pgina noxushliklarning oldi olinar edi, albatta. Bir donishmanddan aqlli inson kim,  deya so‘rashibdi. U: “Aqlli inson — kerak va kerakmas, foydali va befoyda narsalar ichidan eng kerakli va eng foydali narsalarni topa bilgan insondir”, deb javob beribdi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, vaqtni va pulni behuda narsalarga sarflab yuborish oilaviy yetishmovchiliklarga olib kelishi tayin.

Zamonaviy  bo‘lish, hayotda o‘z o‘rnini topish har bir qizning orzusi. Zamon bilan hamnafas bo‘lish, insonlar bilan yelkama-elka yashab, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishning asosiy sharti albatta, kasb-hunar o‘rganish ekani, qadimdan turli asarlarning bosh mavzusi bo‘lgan va hozir ham bu o‘z  qiymatini yo‘qotmagan.

Mustaqillik yillarida yurtimizda har bir yoshning ilmli, hunarli bo‘lishi nazarda tutilgan holda milliy ta’limning o‘ziga xos tizimi ishlab chiqildi Ayniqsa, 12 yillik ta’limning so‘nggi uch yili kasb-hunar kollejlarida davom etib, bu davr mobaynida qizlar nafaqat ta’lim oladilar, balki, o‘z xohishlaridan kelib chiqib, 2-3 ta hunarning egasi bo‘ladilar. Masalan, tikuvchi-dizayner sohasida o‘qigan qizlar turmushga chiqib, yosh bola bilan uyda o‘tirgan paytda farzand tarbiyasidan ajralmagan holda o‘z hunari bilan shug‘ullanishi mumkin. Buning uchun kasb-hunarni yoshlikdan puxta o‘rganib olishi muhim. Savol tug‘iladi: kasb-hunar qachondan boshlab o‘rgatilgani ma’qul? Qadimgi hind hikoyatida aytilishicha, farzand besh yoshgacha uni podshoh bilib, g‘oyatda nozik muomala qilish kerak. Besh yoshidan o‘n besh yoshigacha uni quldek ishlatish, o‘n besh yoshidan boshlab esa do‘stdek muomala qilish kerak ekan. Bu hikoyatdan anglashiladiki, ota-ona kasb-hunar o‘rgatishni faqat ustozga havola qilib qo‘ymasdan bu murakkab jarayonda o‘z dilbandiga do‘st, hamfikr, qanot bo‘la olsagina, yaxshi natijalarga erishiladi. Ota-ona va ustoz hamkorligida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan, kasb-korning eng nozik jihatlarini o‘zlashtirib olgan  qizlar usta hunarmandlar safidan joy olishiga shubha yo‘q. Darhaqiqat, katta hayot ostonasida turgan qizlarimizga yaxshi hunar, yaxshi insoniy fazilatlar va ma’naviy boylikni taqdim eta olsak, ayni muddao bo‘lardi.

 Malika AHMYEDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =