Kitob — mening do'stim

“Kitobsevar millat” shiori ostida IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari bo'lib o'tdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamda Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari o'tkazildi.

Mana, bir necha yildirki, aprel oyida mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning to'rtinchisi sifatida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, o'sib kelayotgan o'g'il-qizlar o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

TANIQLI ADIB VA DAVLAT ARBOBI

IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Mahmud Zamaxshariy nomli Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida taniqli adib, O'zbekis­ton Respub­likasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov asarlari ko'rgazmasi tashkil qilindi. “Taniqli adib va davlat arbobi” nomli mazkur ko'rgazmada el sevgan atoqli yozuvchining turli yillarda yozilgan asarlari namoyish qilindi.

— “Kitobsevar millat” shiori ostida o'tkazilayotgan IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Mahmud Zamaxshariy nomli viloyat axborot-kutubxona markazida “Kutubxonaga kitob sovg'a qil” aksiyasi o'tkazildi. Aksiya davomida Otabek Rahimov, Zumrad Jumamuratova, Sharqiya Eshjonova kabi ijodkorlar o'zlarining yangi nashr qilingan kitoblarini, Zulayho Xo'janiyozova, Qurbonjon Matjonova, Otaboy Rahimovlar esa shaxsiy kutubxonalaridan kitoblarni sovg'a qildilar, — dedi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Rahimboy Qurbonov.

— Buyuk sarkarda Amir Temur hazratlari kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosi hamda hayotni o'rgatuvchi murab­biy ekanligini e'tirof qilganlar. Haqiqatan ham, kitob buyuk murabbiydir, – dedi xorazmlik taniqli yozuvchi Shuhrat Matkarimov. — Xalqimizda qadim-qadimdan kitobxonlik buyuk fazilat sanalgan. Hatto kechalari kitobxonlik davralari uyushtirilgan. Hayotimiz kitob o'qish bilan mazmunli kechadi. Yaxshi kitob bizga to'g'ri va aniq yo'lni ko'rsatib beradi. Mutolaa madaniyati bizni ilmli qiladi, tafakkurimizni bo­yitadi.

Mazkur markazda “Kitobsevar millat” shiori ostida O'zbekiston Milliy gvardiyasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda sohibqiron, buyuk sarkarda Amir Temur siymosiga bag'ishlab “Amir Temur bobomizga munosib avlod bo'laylik” hamda “Iqtidor” yosh ijodkorlar klubi tomonidan o'zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag'ishlab “Birinchi o'zbek romani” mavzularida davra suhbatlari ham o'tkazildi.

 

JURNALISTLIKDAN — YoZUVChILIKKA

“Kitobxonlik haftaligi” doirasida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi bilan hamkorlikda taniqli jurnalist, Xorazm teleradiokompaniyasida 50 yildan ziyod faoliyat ko'rsatgan ijodkor Bekposhsha Xo'jayevaning “Olti dona bulochka” — hikoya, esse, xotiralaridan iborat kitobining taqdimoti o'tkazildi.

Markazning yetakchi mutaxassisi Sh.Matkarimov, nasrnavis B.Bobojonov, faxriy o'qituvchi Yo.Shomurodov va Bekposhsha opaning yaqinlari muallifni yangi kitobi bilan tabrik­lab, to'plam haqida o'zlarining fikrlarini bildirdilar. Bekposhsha Xo'jayeva hamon jurnalistlar safida faol ekanligini quvonch bilan e'tirof qildi.

— Kitob orqali insonlarning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o'zgaradi, ma'naviy saviyasi yuksaladi. Yuksak ma'naviyatga kitob orqaligina erishish mumkin. Kitob o'qimagan millatning kelajagi yo'qligi ayni haqiqat. Kitobxonlik inson ma'naviyatining ko'zgusidir, – dedi O'zbekiston Qahramoni, Gurlan tumanidagi 5-sonli maktab direktori Anor Mahmudova.

Mazkur haftalik doirasida maktablarimizda kitobxonlik tadbirlari, kitob yarmarkasi va kitob ko'rgazmalari bo'lib o'tdi. O'quvchilar yangi kitoblarni sotib oldilar, kutubxonalarimizning kitob fondi yanada boyidi. Istagimiz — har bir oila farzandi, o'quvchi va o'qituvchilar ham kitobxon bo'lishsin!

“Kitobsevar millat” shiori ostida o'tkazilgan IV res­publika “Kitobxonlik haftaligi” nihoyasiga yetdi.

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =