Jadidlar antologiyasi

Buyuk Britaniyada o'zbek jadid she'riyatiga bag'ishlangan ilk kitob ingliz tilida chop etildi

O'zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmanov  taniqli britaniyalik shoir Endryu Stanilend bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqot avvalida  britaniyalik shoir yaqinda Londonda ingliz tilida nashr etilgan o'zbek jadid she'riyatiga bag'ishlangan “Yangi usul, yangi she'riyat: jadidlar antolo­giyasi” nomli kitobning ilk nusxasini elchixonaga topshirdi.

Ushbu to'plam Endryu Stanilendning o'zbekistonlik shoir va tarjimonlar – A'zam Obid va Avazxon Haydarov bilan birgalikdagi ijodiy hamkorligi mahsuli ekanligi ta'kidlandi.

Kitobda jadidlik harakatining yorqin namoyandalari  — Abdulhamid Cho'lpon, Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, To'lagan Xo'jamyorov, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Nozimaxonim kabi o'zbek xalqining buyuk ziyolilari va shoirlari qalamiga mansub she'rlar o'zbek va ingliz tillarida chop etilgan.

Shuningdek, to'plam muqaddimasida jadidlar harakati tarixi, ma'rifatparvarlik g'oyalari, ilg'or ilm-fan yutuqlarini keng  joriy qilish, milliy qadriyat va o'zlikni saqlab qolgan holda zamon kishisini tarbiyalash kabi tashabbuslari to'g'risidagi batafsil ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga  taqdim etilgan.

Endryu Stanilend O'zbekiston rahbariyati tomonidan jadidlar hayoti, ijtimoiy faoliyati va ilmiy-ijodiy merosini o'rganish, qatag'on qurboni bo'lgan ma'rifatparvarlarning nomlarini oqlash, ular hayoti va  ijodiga oid badiiy asarlar va kinofilmlar yaratish yo'nalishida olib borilayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholadi.

“Yangi O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat sohalarida, xususan, ta'lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, o'qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o'rni va ta'sirini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, bu hech shubhasiz, buyuk ma'rifatparvar o'zbek jadidlarining muqaddas orzulari ro'yobining yaqqol namunasidir”, – dedi u.

Endryu Stanilendning aytishicha, yaqin orada “Uch qoraqalpoq shoi­­ri” nomli to'plamni ham nashr etish rejalashtirilgan. Ushbu  kitobda mashhur qoraqalpoq shoirlari Ajiniyoz, Berdaq va Ibroyim Yusupov she'rlari ilk bor ingliz tilida chop etiladi. Shuningdek, ushbu kitob orqali ingliz she'riyat muxlislari Qoraqalpog'iston xalqining tarixi, urf-odatlari va madaniyati bilan  yaqindan tanishishlari mumkin bo'ladi.

“Dunyo” AA,

London shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × four =