Umrboqiy asar
Tarix sahifalarida o'ziga xos iz qoldirgan, Hindistonda Buyuk Boburiylar sulolasiga asos solgan vatandoshimiz — shoh va shoir, atoqli sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning dunyo adabiyot ahli tomonidan yuksak muhabbat bilan o'qiladigan buyuk asari “Boburnoma” “O‘zbekiston” NMIU tomonidan 5000 nusxada hozirgi o'zbek tilidagi tabdili asosida nashr etildi.
Ushbu kitob bungacha ham bir necha marotaba nashr etilgan va shubhasiz, bundan keyin ham ko'p yillar davomida chop etilishi tabiiydir. Bu o'lmas asar buyuk bobokalonimiz Bobur hazratlari tomonidan o'zi ko'rgan va shohidi bo'lgan voqealarning badiiy mahorat bilan yozilganligi va davr voqealariga haqiqat ko'zi bilan yondashganligi bilan qimmatlidir. Asarni o'qigan kitobxon shoh va shoir Boburning erishgan g'alabalari-yu alamli mag'lubiyatlarini ko'z oldiga keltira oladi. Sababi Bobur juda oddiy tilda, sodda va ravon tarzda voqealarni ifodalab beradi. Masalan, Bobur o'z ruboiylaridan birida shunday degan edi:
Tole yo'qi jonimg'a balolig' bo'ldi,
Har ishnikim ayladim
xatolig' bo'ldi.
O'z yerni qo'yib, Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin,
ne yuz qarolig' bo'ldi?!
Bobur bu ruboiysida o'z yurtidan bosh olib ketishining sababini, yuragini o'rtagan g'am-alamlarni, Hindistonga yurishi “yuz qarolig'” ekanligini ochiq-oydin ifoda etadi.
Tarix sahifalarida Bobur kabi mard, o'zining barcha qilgan xatolarini ro'yirost tan olgan elparvar shahanshoh bo'lmasa kerak. Boburning bu shoh asari 1494 yildan 1529 yilgacha bo'lgan tarixiy voqealarni qamrab oladi.
Kitobning ushbu nashrida asarda nomlari keltirilgan olimlar, shohlar, tarixiy obidalarning rasmlari keltirilgan. “Boburnoma”ni hozirgi o'zbek tiliga Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, taniqli olim Vahob Rahmonov va filologiya fanlari nomzodi, dotsent Karomat Mullaxo'jayeva tabdil etishgan.
Bahrom AKBAROV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
a'zosi.