Ko'hna Xiva “lazgi” ixlosmandlariga mezbon bo'ldi

Joriy yilning 25–30 aprel kunlari Xorazmning Xiva shahrida “Lazgi” II xalqaro raqs festivali bo'lib o'tdi

Mamlakatimizning boy raqs san'ati tarixida alohida o'rin egallagan “Lazgi” raqsi o'ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O'zbekistonda, balki xorij davlatlarida ham mashhur. “Lazgi” – dorul fano, ya'ni insonning bu dunyoga kelishi va bu yerdagi hayotning falsafasidir.

Prezidentimizning 2020 yil 28 sentyabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o'tkazish to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazish belgilangan edi.

Xorazm viloyati joriy yilda ikkinchi bor mazkur festivalga mezbonlik qildi. Xalqaro festivalga yurtimizning tajribali rejissyorlari, bastakorlar, san'atkorlar, taniqli raqqosalar, ijodkorlar, malakali mutaxassislar jalb etildi.

Dastlabki kun Urganch xalqaro aeroportida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ishtirokchilar tantanali kutib olindi.

— Men Braziliyadan keldim, – deydi san'atshunos, professor Bruna Visente de Souza. — O'zbek va Braziliya raqslari o'zining qadimiyligi, sho'x va o'ynoqi harakatlari bilan o'xshash. Ayniqsa, Xorazm raqsidagi janrlar juda jozibador va serharakatliligi bilan ajralib turadi. Xorazmni esa qadimiy voha, madaniyat, san'at va an'analar markazi deb bilaman. Ushbu o'lkaga oldin ham kelganman. Oliygohlardagi musiqa va san'at yo'nalishidagi ta'lim jarayoni bilan tanishganman. Bizni har safar mana shunday izzat-ikrom bilan kutib olishadi.

 

* * *

Xiva shahridagi “Farovon” mehmonxonasida xorijiy va mahalliy raqs san'ati ustalari, musiqashunos va san'atshunos olimlar, taniqli san'atkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokida “Xorazm “Lazgi” raqsi: Madaniy diploma­tiyani rivojlantirishning ilmiy-nazariy, ma'naviy-ma'rifiy tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo'lib o'tdi. Unda Buyuk Britaniya, Fransiya, Tojikiston, Turkmanis­ton, Qozog'iston, Belarus, Rossiya, Turkiya, Qirg'iziston, Serbiya, Braziliya, Koreya, Yaponiya, Ispaniya, Misr, Gruziya, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Qatar, Ozarbayjon va O'zbekiston davlatlari oflayn hamda AQSh, Avstriya, Iordaniya, Meksika, Gana, Rossiya, Makedoniya, Eron, Xitoy, Pokiston va Italiya davlatlaridan onlayn tartibda ishtirokchilar qatnashdilar.

Konferensiya davomida Xalqaro Turkiy Madaniyat tashkiloti – “TURKSOY” Bosh kotibi Sultan Rayev tomonidan o'zbek milliy raqs san'atiga uzoq yillar xizmat qilgan va xalqimiz e'tirofiga sazovor bo'lgan fidoyi ustozlar Gavhar Matyoqubova, Ziyoda Madrahimova, Karima Uzoqovalarga “TURKSOY” ko'krak nishoni topshirildi.

 

Ozodbek NAZARBEKOV,

O'zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:

— Hurmatli Prezidentimiz “Ilmga asoslanmagan sohaning kelajagi bo'lmaydi”, deya ta'kid­laganlar. Darhaqiqat, har bir ishda ilmga tayanilsagina ko'zlangan marraga, natijaga erishish mumkin. Bundan boshqa yo'li yo'q! Shuning uchun ham har gal festival doirasida siz kabi qadrli ziyolilarimiz bilan kechadigan ilmiy muloqotlarning ahamiyati beqiyos. Shu o'rinda, muhim bir yangilik haqida aytib o'tmoqchiman. Davlatimiz rahbari tashabbusi ijrosini ta'minlash maqsadida biz “Lazgi” ensiklopediyasini yaratish niyatidamiz. Bu orqali “Lazgi” turkumining yaratilish tarixi, rivojlanish davri, ijrochilari faoliyati to'liq ochib beriladi.

 

Gavhar MATYoQUBOVA,

O'zbekiston xalq artisti, baletmeyster:

— Tarixi uch ming yilga borib taqaladigan Xorazm asrlar mobaynida insoniyatning ma'naviy va moddiy madaniyati rivojiga o'zining salmoqli hissasini qo'shib kelganligi ma'lum. Agar dunyo xaritasiga e'tibor bilan qaralsa, Xorazm ikki katta cho'l – Qoraqum va Qizilqum o'rtasida joylashgani ma'lum bo'ladi. Bu vohada qadimdan hayotning gullab-yashnagani xorijdan kelgan har bir kishini  hayratga soladi.

 

Margaret DEChENAUX,

Fransiya xalqaro jahon musiqa va raqs ins­tituti direktori va asoschisi:

— O'zbekistonning, o'zbek xalqining musiqa va raqs madaniyatini xorijiy mamlakatlarda namoyish etish yoki mamlakatingizga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarga yurtingizning musiqa va raqsini ko'rsatishda doimiy ravishda foydalaniladigan “tashrif qog'oz”laringiz borki, ularning ichida birinchilardan bo'lib “Lazgi” musiqasi, qo'shig'i va raqsi turadi desam adashmayman.

* * *

“Lazgi” xalqaro raqs festivalining tantanali ochilish marosimi “Ichan qal'a”ning Karvonsaroy darvozasida bo'lib o'tdi. Unda fes­tival qatnashchilaridan tashqari davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, xorijiy sayyohlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tarixiy maydon uzra turli davlatlar bayroqlari hilpiradi. So'ngra ochilish marosimining badiiy qismi boshlandi. Unda turli millat va xalqlarning o'ziga xos kuy va qo'shiqlari yangradi. Jozibador raqslari ijro qilindi.

Festival doirasida raqs tanlovi o'tkazilib, unda xorijiy va mahalliy ishtirokchilar ijodiy bellashdi. Ishtirokchilar chiqishlarini baholab borish bo'yicha xalqaro hakamlar hay'ati tarkibi shakllantirilgan bo'lib, unda 5 ta (Fransiya, Misr, Braziliya, Koreya, Qozog'iston) xorijiy davlatdan hamda O'zbekiston (2 nafar) dan hakamlik qilishdi. Shuningdek, II “Lazgi” xalqaro raqs festivali doi­rasida xorijlik mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari, ijodiy uchrashuv va mahorat darslari, konsert tomoshalari va “Xorazm lazgi raqsi” san'atiga oid ko'rgazmalar tashkil etildi.

* * *

Albatta, har bir narsaning boshlanishi bo'lganidek, yakuni ham bo'ladi. Nufuzli festivalning tantanali yopilish marosimi ham “Ichan qal'a”ning Karvonsaroy darvozasi majmuasida o'tkazildi.

Uzoq kutilgan hayajonli natijalar esa qu­yidagicha bo'ldi: O'zbekiston Davlat filarmoniyasining “Navbahor” ashula va raqs ansambli raqqosasi Fotima Narzullayeva hamda O'zbekis­ton davlat filarmoniyasining Xorazm viloyati bo'linmasi raqqosasi Oksana Davletova “Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi”; Turkmaniston Res­publikasi Toshovuz viloyati “Dessan” raqs ansambli va Belarus Davlat madaniyat va san'at instituti “Eng yaxshi jamoaviy raqs”; Gruziyaning “Erisioni” Davlat milliy ashula va raqs ansambli hamda Serbiyaning “Bolqon afsonasi” jamoasi “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs”; Yaponiyaning “Toshiba” xalqaro uyushmasi ijodiy jamoasi “Nomoddiy madaniy meros targ'iboti uchun” rag'batlantiruvchi o'rinlariga munosib ko'rildi hamda ular Xorazm viloyati hokimiyatining maxsus qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi. O'zbekiston davlat filarmoniyasining Buxoro viloyati bo'linmasi qoshidagi “Buxoro mavjlari” raqs ansambli esa Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – “TURKSOY”ning maxsus mukofotiga loyiq ko'rildi.

3-o'rin sovrindorlari: Braziliyadan tashrif buyurgan Bruna Vicente de Souza — “Eng yaxshi yakkaxon raqs” ijrochisi; Ispaniya raqs jamoasi hamda O'zbekiston davlat filarmoniyasining “Lazgi” ashula va raqs ansambli — “Eng yaxshi jamoaviy raqs” ijrochisi; Turkiyaning “Inego'l” xalq raqslari ansambli — “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nominatsiyasini qo'lga kiritdi.

2-o'rin sovrindorlari: Koreya Respublikasidan Alam Han hamda Koreya Milliy raqs guruhi — “Eng yaxshi yakkaxon raqs” ijrochisi; Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi Fayzi Gaskarov nomidagi Davlat akademik xalq raqs ansambli hamda Tojikiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan “Lola” raqs ansambli — “Eng yaxshi jamoaviy raqs” ijrochisi; Qirg'izis­ton Res­publikasi “Shattik” xalq raqs ansambli — “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nomina­siyasiga loyiq ko'rildi;

1-o'rin sohiblari: O'zbekiston davlat filarmoniyasining “Shodlik” ashula va raqs ansambli balet artisti Islom Haydarov — “Eng yaxshi yakkaxon raqs” ijrochisi; Ozarbayjon davlat filarmoniyasi Davlat raqs ansambli hamda Qozog'istonning “Kazina” xalq raqs ansambli — “Eng yaxshi jamoaviy raqs” ijrochisi; Rossiya Federatsiyasi Davlat filarmoniyasining “Ogonki” rus raqsi ansambli — “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nominatsiyasi sohibi bo'ldi.

Eng oliy mukofot — “Gran-Pri” O'zbekiston davlat filarmoniyasining Xorazm viloyati bo'linmasiga nasib etdi.

Ma'lumot o'rnida:  “Gran-Pri” mukofoti –  7 000 AQSh dollarini tashkil etadi. 1-2-3- o'rinlarni qo'lga kiritganlar mos ravishda har bir yo'nalishda 3 ta nominatsiya: “Eng yaxshi yakkaxon raqs” ijrochisi; “Eng yaxshi jamoaviy raqs” ijrochisi; “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nominatsiyasi bo'yicha 5 000, 3 000, 2 000 AQSh dollari miqdorida mukofotlanadi.

Shundan so'ng yopilish marosimining badiiy qismi boshlandi. Unda turli millat va xalqlarning o'ziga xos kuy va qo'shiqlari yangradi. Jozibador raqslari ijro qilindi. Taniqli xonanda va raqqosalar tomonidan ijro etilgan “Lazgi” qo'shig'i yig'ilganlarni raqsga chorladi. Muxtasar aytganda, festivalning yopilish marosimi ham chin ma'nodagi musiqa va san'at bayramiga aylanib ketdi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Toshkent – Xiva – Toshkent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 10 =