Izlanishlar samarasi quvonarli

Xivada an'anaviy “Qovun sayli” festivali bo'lib o'tadi

Ha, qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida shu yilning 9, 10, 11 avgust kunlari o'tkaziladigan “Qovun sayli” festivaliga katta tayyorgarlik ko'rilmoqda.

Xorazm viloyatining poliz mahsulotlari va meva yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo'jaliklari va dehqonlari o'zlari yetishtirgan mazasi tilni yoradigan tabiat ne'matlarini, o'zlarining qalb qo'ri bilan parvarishlagan shirindan-shakar qovunlarini namoyish etish taraddudida faoliyat olib borishmoqda. “Qovun sayli” festivaliga respublikamizning turli hududlaridan hamda xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi kutilmoqda.

— Xo'sh, bu yilgi “Qovun sayli”da har yilgidek takroriy mahsulotlar namoyish etiladimi yoki yangi izlanishlar yuz ko'rsatadimi?

Suhbatdoshimiz — Urganch davlat universiteti tabiiy va qishloq xo'jaligi fanlari fakulteti “Meva-sabzavotchilik” kafedrasi mudiri, qishloq xo'jaligi fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent — Sanjarbek Sa'dullayevga yuqoridagi va boshqa savollar bilan murojaat qildik.

— Bizning Urganch davlat universiteti jamoasi, ya'ni tabiiy va qishloq xo'jaligi fanlari fakulteti tomonidan har yili bo'lib o'tadigan “Qovun sayli” festivalida quvonchli yangiliklar bilan yettinchi marta qatnashish maqsadida bir qator izlanishlar olib borildi.

Urganch davlat universitetining “Meva-sabzavotchilik” kafedrasi qoshida “Qovunchilik” bo'limi tashkil qilingan. Bu tashabbusni shaxsan Prezidentimizning o'zlari taklif qilgan edilar. Shu taklif asosida 2019 yili “Qovunchilik” bo'limi faoliyati yo'lga qo'yildi. Bo'limda bevosita 4 ta — “Etishtirish va agrotexnologiya”, “Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash”, “Qovun navlarini qayta ishlash” va “Texnik ta'minot” sektorlari ish olib bormoqda. Universitetning yosh ilmiy tadqiqotchilari o'zlarining tajribalarini o'tkazib turibdilar.

“Qovun sayli” festivaliga 40 ga yaqin qovun namunalarini olib chiqishni rejalashtirdik.

Biz ushbu shirin ne'matlarni yetishtiruvchi fermer xo'jaliklari, dehqonlarga faqat qovun navlarini emas, balki tavsiya sifatida bir nechta o'quv qo'llanma, uslubiy qo'llanma, darslik va tavsiyanomalarimiz bilan ham yordam beramiz, o'zaro fikrlashamiz. Ular tavsiyanomalardan o'zlariga ko'nikma olib, taklif va tashabbuslarga rioya qilib, betakror mazali qovunlarni yetishtirishadi.

Bundan tashqari, mazkur festivalda universitetning kimyo-texnologiya fakulteti jamoasi qovunning qayta ishlangan 40 ga yaqin mahsulotlari bilan ishtirok etadilar.

Viloyatimiz hokimi Jo'rabek Rahimov bizning faoliyatimizdan juda mamnun bo'lib, qovun mahsulotlarini, navlarini yanada ko'paytirish bo'yicha topshiriq berganlaridan so'ng qovun murabbosi, qovun qoqi, qovun jemi, qovun sharbati, qovundan tayyorlangan muzqaymoq, qovundan tayyorlangan marmeladlar va boshqa noyob mahsulotlar yaratildi. Ularni ham festivalga olib chiqib, mehmonlarga namoyish etish rejamiz bor.

2022 yilda “Qovun genofondini saqlash, eksportbop navlarni ajratish hamda yetishtirishning ayrim texnologiyasi elementlarini takomillashtirish” (Xorazm viloyati sharoitida) mavzusida dissertatsiyamni yoqladim. Dissertatsiya mavzuimning asosiy negizi Xorazm qovunlarining yo'qolib borayotgan navlarini qayta tiklash, eksportbop navlarini ajratish, kelajak avlodga qadimgi navlarni to'la-to'kis yetkazishdan iboratdir.

2024 yil fevral oyida dotsentlik diplomiga ega bo'ldim. Hamma izlanishlarimiz qovun yetishtirish bo'yicha amalga oshirilmoqda.

Ilmiy yangiliklarga keladigan bo'lsak — sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda qovunning 3 ta yangi: “Oftob”, “Iftixor”, “Gandimiyon” navlarini ixtiro qildik. Hozirgi kunda ular uchun patentlar olingan va ishlab chiqarishga tatbiq qilinmoqda. Shu bo'yicha 3 ta patent bilan professorlik unvonini olish niyatim bor.

Umr bo'yi eslab yuradigan yana bir quvonchli voqea — 2023 yilda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish nasib etdi.

“O'zbekiston” telekanalida qovunchilik sohasi haqida gapirganimni Prezidentimiz ko'rgan ekanlar. Xorazmga tashriflari davomida Davlatimiz rahbari bilan uchrashib, 10 daqiqa muloqotda bo'ldim, suhbatda qovun yetishtirishda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, eksportga yo'naltiriladigan yangi navlar ustida ish olib borishga va'da berdim. O'zaro suhbat jarayonida birga rasmga tushdik.

Oradan ko'p o'tmay, Prezidentimiz o'sha birga tushgan rasmlarimizni imzo qo'yib jo'natganlar. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov, viloyat hokimining qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari O'ktam Masharipov, “Xorazm faxri” klasteri rahbari Otabek Qurbonov, fermer ayol, mahalla fuqarolar yig'ini raisi suratga tushgan.

— Siz boshliq jamoaning bugungi ilmiy izlanishlari haqida qanday fikr bildirasiz?

— Ikki nafar magistrimiz — Rus­tamboy Ahmedov, Munisa Sobirova qovun navlarini yetishtirishda o'stiruvchi moddalardan foydalanish biotexnologik tarkibi bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Urganch davlat universitetining Urganch tumanidagi Yuqorido'rman qishlog'i hududida 17,2 gektar maydonda joylashgan tajriba xo'jaligida o'zlarining tajribalarini sinovdan o'tkazishyapti. Bu yil ikkinchi marta amaliyotda sinab ko'rishmoqda. Ular tez orada magistrlik dissertatsiyasini yozib tugatadilar. Yangiliklarni, yangi loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etadilar.

Bundan tashqari, kafedramizning tajribali o'qituvchisi Dadaxon Abdullayev mustaqil tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda. Dadaxon qovun navlarini o'stiruvchi preparatlardan foydalanib, gidrogel polimer asosida qovunga ishlov berishni targ'ib qilmoqda. Bu taj­riba hali bizning viloyatda yangicha uslub, yangicha qovun yetishtirish texnolo­giyasi. Pushtalarga, ya'ni urug'larni ekish mobaynida gidrogel polimerlardan foydalanishning natijasi ijobiy bo'lishi haqidagi tajriba viloyatimiz iqlimiga juda asqotadi. Gidrogel polimer — qovun ildizida uzoq muddat namligini ushlab turadi. Polimer ishlatilganida qovunning suvga bo'lgan talabi sal qisqaradi, samaradorligi ham juda yaxshi bo'ladi. Qovunga qancha kam suv bersak, shunchalik shirin bo'ladi. Polimerlardan foydalanishimiz yangi ilmiy metodik izlanishlardan biri bo'lganligi quvonarlidir.

— Kelgusidagi rejalaringiz?

— Kelgusida Xorazm vohasida yetish­tirilgan qovunlarimizni uzoqqa tashishga chidamli bo'lgan navlarni yaratishdan iborat. Faxrlanib aytadiganimiz — “Gurvak” navli qovunimizning shirasi tilni yoradi. Ammo uning po'stlog'i yupqa bo'lganligi uchun uzoqqa tashishga yaroqsiz hisoblanadi. Shuning uchun kelgusida uzoq yo'lga tashishga chidamli, po'stlog'i qalin, shirasi gurvaknikidek shirali navlarni yaratishni, ya'ni gurvak bilan chatishtirilgan, qalin po'stoqli yangi nav­larni ixtiro qilish bosh maqsadlarimizdan biridir.

“Qovun sayli” festivaliga yangidan-yangi boshlamalar, o'zgarishlar va yangiliklarni tadqiq qilayotgan, ilmparvar jamoalarning yutuqlari nafaqat ko'zlarni, ko'ngillarni ham quvontiradi!

Izlanishlar samarali! Demak, qovunchilik ilmi yanada rivojlanadi! Bu yo'lda fidoyilik bilan harakat qilayotgan iqtidor egalarining izlanishlari barokatli bo'lg'ay!

Feruza TANGRIBERGANOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 15 =