Samarqand, Registon: “Sharq taronalari” davom etadi!

Dunyo xalqlari san'at ustalarini 1997 yildan buyon Samarqandda birlashtirgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali yana ko'hna shaharga qaytmoqda.

Darhaqiqat, musiqa, qo'shiq inson qalbida eng nafis tuyg'ularni uyg'otuvchi, kishini ruhlantirib, ezgu ishlarga boshlovchi qudratli kuch. Til, millat tanlamaydigan navolar tarjimonsiz, hech bir vositasiz inson yuragiga kirib boradi. Dillarni dillarga, ellarni ellarga bog'laydi. Tinchlikni, madaniyatni, ma'naviyatni targ'ib etadi, insoniylikni ulug'laydi.

Joriy yilning 25-30 avgust kunlari qadimiy va hamisha navqiron kentda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o'tkaziladi.

Turli millat va elatlarni san'at orqali birdamlikka chorlaydigan, dunyo xalqlari milliy kuy va qo'shiqlari tarannum etiladigan musiqa anjumanida shu paytgacha sayyoramizning barcha qit'alaridan vakillar ishtirok etgan. Joriy yil ham qatnash­chilar avvalgi yillardagidan kam bo'lmasligi kutilmoqda. Bu yilgi festival ham an'anaga muvofiq betakror Registon maydonida o'tkaziladi.

“Sharq taronalari” festivali oxirgi marta 2019 yilda o'tkazilgandi. Madaniyat vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, fes­tival COVID-19 pandemiyasi sababli to'xtab qolgan edi.

Joriy yilgi festivalda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.

“Festival o'tkazilishidan asosiy maqsad — milliy musiqa san'atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an'analarini asrash hamda rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo'nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, shuning­dek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do'stlik va o'zaro bag'rikenglik g'oyalarini targ'ib qilishdan iborat. Bugunga kelib “Sharq taronalari” nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan ham joy olib ulgurdi. Ishtirokchilar va festivalda qatnashish istagini bildirayotgan davlatlar sonining yildan-yilga oshishi hamda dastur saviya­sining yuqorilab borayotgani bunga yaqqol misoldir”, — deyiladi Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabarida.

Tadbir dasturiga asosan, festivalning ochilish marosimi 26 avgust kuni bo'lib o'tadi. 27-28 avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg'unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tadi. 27−29 avgust kunlari soat 19:00 da festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilar o'rtasida ko'rik-tanlov o'tkazilib, xalqaro hay'at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari baholanadi. 30 avgustda xalqaro anjumanning yopilish marosimi bo'ladi va g'oliblar taqdirlanadi.

Tanlov nizomiga ko'ra, g'oliblar ikkita yo'nalish bo'yicha aniqlanadi, ular tashkiliy qo'mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

“Gran-pri” — 10 000 AQSh dollari (xalqaro hay'at qaroriga muvofiq, munosib nomzod topilmaganda

“Gran-pri” berilmaydi);

I o'rin (har bir yo'nalish bo'yicha) 2×5000 — 10 000 dollar;

II o'rin (har bir yo'nalish bo'yicha) 2×3500 — 7000 dollar;

III o'rin (har bir yo'nalish bo'yicha) 3×2000 — 6000 dollar.

Shuningdek, tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamg'armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay'at a'zolari hamda muxlislar e'tirofiga sazovor bo'lgan qatnashchilar “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e'tirofiga sazovor bo'lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg'u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo'yicha maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 − two =