Buxoro biennalesi: Jahonga eshik ochayotgan madaniyat
Buxoro asrlar davomida ilm-fan, hunarmandchilik va madaniyatning qudratli markazi bo'lib kelgan. Endi esa u yana bir bor jahon diqqat-e'tiborini o'ziga qaratmoqda: Buxoro xalqaro biennalesi orqali. Bu madaniyat va san'at bayrami Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o'tkazilayotgani bilan ham beqiyos ahamiyatga ega.
Joriy yilning 5 sentyabridan 20 noyabrigacha davom etadigan biennale “Recipes for Broken Hearts” — “Singan qalblar uchun malham” mavzusida o'tmoqda. U zamonaviy san'at, hunarmandchilik va gastronomiyani uyg'unlashtirgan ko'p qirrali yirik madaniy tashabbus sifatida tarixga kirmoqda.
Qirqdan ortiq mamlakatdan yetmishga yaqin rassom, ijodkor, hunarmand va oshpazlar ochiq osmon ostidagi muzey shahar — Buxoroda to'plandi. Xorijlik mehmonlar o'tmish va zamonaviylik uyg'unligidagi g'oyalarni namoyish etishsa, mahalliy ijodkorlar ham bu borada ulardan qolishmayapti. Asosiysi, har bir asarda yangicha nafas, noan'anaviy qarash va betakrorlik bor.
O'ziga xos “madaniy olimpiada”ga aylangan biennale tadbirlari Buxoroning eski shahar qismidagi 14 ta tarixiy ob'yektida o'tmoqda. Ular orasida yillar davomida yopiq bo'lgan Xoja Gavkushon majmuasi, Rashid madrasasi, Ayozjon, Ulug'bek tamakifurush, Ahmadjon va Fathullohjon karvonsaroylari ham bor. O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi tashabbusi bilan tiklangan bu obidalar endi zamonaviy san'at asarlari va installyatsiyalarga quchoq ochayotir.
Yorug'lik, ovoz, interaktiv texnologiyalar va turfa ob'yektlar asosida yaratilgan asarlar tomoshabinni hayratga soladi. Masalan, minglab idish-tovoq va choynaklardan barpo etilgan “uy”lar, baland obidalarga bo'ylashgan novvotlar paviloni kishini go'yo afsona olamiga boshlaydi. Har qadamda sizni turli xotiralar o'ziga tortadi: biri bolalikka yetaklasa, boshqasi kelajak haqida o'yga soladi. Shahar biennale olamiga to'la sho'ng'idi: bir maydonda konsert sadolari yangrasa, boshqasida rassomlar asarlari ko'z quvnatadi, yana bir yerda zamonaviy installyatsiyalar tomoshabinni o'ziga chorlaydi.
Bu jarayonlar ichida jadidchilik harakatiga bag'ishlangan sho''ba ishi alohida ahamiyat kasb etdi. Buxoroning ma'rifatparvar arbobi Usmonxo'ja Po'latxo'jayev yashagan hovlida o'tgan anjuman biennalega ilmiy-ma'naviy mazmun baxsh etdi. Dunyoning turli nuqtalaridan jadidshunoslar, olimlar va mustaqil jurnalistlar unda ishtirok etdi.
Ma'lumki, bu harakatning ildizlari Qrimda paydo bo'lgan. U zamonasining ma'rifatparvari Ismoilbek Gasprinskiy faoliyati bilan bog'liq. “Usuli jadid” maktablari va ma'rifat g'oyalari Turkistondan tortib Ozarbayjon, Afg'oniston, Turkiya, Erongacha quloch yozdi. Mahalliy konservatorlar va mustamlakachilar qarshiligiga qaramay, jadidlar ilm-ma'rifatni, zamonaviy fanlarni, matbuot va teatrni xalq ongiga singdirish uchun kurashdilar. Ularning g'oyalari millat uyg'onishining ma'naviy va siyosiy ilhomchisi bo'ldi.
— Jadidchilik turkiy xalqlarni uyg'otgan ma'rifat shamchirog'i edi. Millatni ilm bilan quvvatlantirish, haqni nohaqdan ajrata oladigan, o'zligini anglaydigan, kelajakka ishonch bilan qadam qo'yadigan avlodni tarbiyalashni maqsad qildi, – deya ta'kidlandi muhokamalarda.
Jadidchilik harakatini tadqiq qilishda yuzdan ziyod ilmiy maqolalari bilan tanilgan Temur Xo'ja o'g'lining xizmatlari beqiyos. Uning asarlari Turkiyadan tortib AQSh va Yaponiyagacha chop etilgan. Shu bois olimning merosi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy dunyo uchun muhim ahamiyatga ega. U anjumanning diqqat markazidagi asosiy mehmonlaridan biri bo'ldi.
Temur Xo'ja o'g'li Buxoroga kelganida ota uyining mehmonxonaga aylanganini ko'rib, o'tmish va kelajak haqida o'yga cho'mgan, o'shanda bu uy muzeyga aylanishini orzu qilgan. Oradan fursatlar o'tib, hukumat uyni tasarrufiga oldi va bu yerda muzey tashkil etishga kirishdi. Olim esa uni otasi nomida emas, balki butun jadidchilik harakati muzeyi sifatida ochishni taklif etdi. Bu g'oya davlat rahbarlari tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Ayni paytda fransiyalik me'mor loyihasi asosida G'oziyon ko'chasida joylashgan Usmonxo'ja Po'latxo'jayev uyida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
— Turkiston jadidchilik harakatining yirik markazlaridan biri bo'lganiga tarixning o'zi guvoh. Biroq mustabid tuzum yillarida xalq ongiga unga nisbatan salbiy qarashlar singdirildi. Yaxshiyamki, istiqlol tufayli milliy o'zlikka qaytilyapti, tarixiy haqiqatlar tiklanyapti. Eng muhimi, davlat siyosati darajasida jadidchilikka adolatli baho berilmoqda, – deydi Temur Xo'ja o'g'li.
Muzey tarkibida kutubxona va tadqiqot markazi ham tashkil etiladi. Olim esa Istanbulda otasidan qolgan 15 mingga yaqin kitobni shu kutubxona ixtiyoriga topshirish niyatida.
XIII asrda yashagan buyuk alloma Nosiriddin Tusiy qalamiga mansub “Axloqi Nosiriy” asarining 17-asrda ko'chirilgan qo'lyozma nusxasini uzoq yillar davomida asrab kelgan Temur Xo'ja o'g'li yaqinda ushbu noyob durdonani Buxorodagi qo'lyozmalar muzeyiga topshirdi. Bu holatni xalqimiz uchun tarixiy qimmatga ega tuhfa, desak mubolag'a bo'lmaydi.
— Bu sa'y-harakatlar, inshoolloh, jadidchilikni o'rganishni qo'llab-quvvatlashga, yangi tadqiqotlar yaratilishiga va uni dunyoga tanitishga xizmat qiladi, – deya so'zini yakunlaydi Temur Xo'ja o'g'li.
Darvoqe, biennale o'n hafta davom etadi. Tadbirlar doirasida betakror pavilonlar, ko'rgazmalar, taomlar festivali, she'rxonlik, musiqa va performanslar o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Xullas, madaniyat va san'at uyg'un ushbu nufuzli forum yurtimizni dunyo madaniy maydoni bilan yanada yaqinroq yuzlashtirishga xizmat qiladi.
Hamzabek TURDIYEV,
jurnalist.
