Jahon kinoyulduzlari Toshkentda jam bo'lishdi

O'tgan hafta Toshkent yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qildi. Joriy yilning 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari “Ipak yo'li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali butun dunyo kinoijodkorlarini bir maydonda birlashtirdi.

Uchinchi bor o'tkazilgan mazkur xalqaro festivalning ochilish marosimi poytaxtimizning Kinochilar uyida bo'lib o'tdi. Dastlab, dunyo va o'zbek kino san'ati yulduzlari “qizil yo'lak”dan o'tishdi.

Mahalliy va xorijlik kino san'ati ustalari, taniqli aktyorlar va aktrisalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur nufuzli tadbirning ochilishida Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov davlatimiz  rahbarining kinofestival ishtirokchilariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. 

Qayd etish kerakki, ushbu kinofestival O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi qaroriga asosan qayta tiklangan.

Albatta,  sohadagi  bunday o'zgarish va e'tibor keyingi yillardagi  islohotlar bilan bog'liq. Prezidentimiz tomonidan kino san'atining ravnaqiga alohida e'tibor qaratilayotgani sababli, milliy kinematografiyadagi o'zgarishlar bugun o'z samarasini bermoqda. Shu o'rinda,  davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan Kinochilar uyi ta'mirlandi va “O'zbekfilm” konserni rekonstruk­siyadan so'ng yangicha qiyofa kasb etdi.  Qisqa vaqt ichida “Renessans kino uyi” qad rostlagani va  kino fondi qayta tiklanganini ham alohida ta'kidlash lozim.

Guvohi bo'lganimizdek, Rossiya, Qozog'iston, Isroil, Xorvatiya, Yaponiya, Polsha, Fransiya, Latviya, Chili, Koreya, Estoniya, Germaniya, Portugaliya, Singapur, Ukraina va boshqa 30 dan ortiq davlatdan kelgan kinoijodkorlar yurtimizda jam bo'lishdi.

Shuningdek, uning doirasida 8-Evropa kinofes­tivali, Turkiy davlatlar va MDH davlatlari kinoforumi, “O'zbek dublyaji 85 yoshda”, “Kino 5 kunda” tanlovi, o'zbek kinosining 115 yilligiga bag'ishlangan milliy tadbirlar, Italiya filmlarida kiyilgan kostyumlar ko'rgazmasi, kinoteatrlarda xorij kino kunlari, seminar-trening­lar, mahorat darslari, taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, retrospektiv kinonamoyishlar o'tkazildi.

Biz festival davomida bir qator dunyo kino yulduzlari va o'zbek san'ati vakillarining fikrlari, anjuman taassurotlari bilan qiziqdik:

Kevin SPEYSI, Gollivud yulduzi, ikki karra “Oskar” mukofoti hamda AQSh aktyorlari gildiyasi, “BAFTA”, “Oltin globus” va Toni mukofotlari sovrindori:

– Mamlakatingiz boy kinematografiya tarixiga ega, shuning uchun siz uni ko'proq o'rganishingiz va amaliyotga tatbiq qilishingiz kerak. Hammasi rejissyorning tomoshabinga nimani ko'rsatmoqchi ekanligini, tomoshabinga qanday ma'lumotni yetkazmoqchi ekanligingizni tushunishidan boshlanadi. Yuqori sifatli film suratga olish va muvaffaqiyatga erishish uchun barcha jamoa a'zolarini yig'ish va muallifning film haqidagi g'oyasini muhokama qilish kifoya. Rejissyorning vazifasi – butun sahnani xuddi kartina kabi ko'rish, aktyorlar esa rejissyor suratidagi ranglardir. Palitrani yaratish va uni turlicha jilo bilan boyitish – bu yuksak san'at.

Natalya VARLEY, Rossiyada xizmat ko'rsatgan artist:

– Biz o'zbek kinoijodkorlari bilan uzoq yillik hamkormiz.  Men o'zim ham Shuhrat Abbosovning “Olovli yo'llar” va Uchqun Nazarovning filmlarida rol ijro etganman. Shu sababli,  Toshkent shahri men uchun ham qadrli. Mazkur kinofestival barcha ishtirokchilar uchun o'zaro fikr almashish va sohadagi yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Frederik DIFENTAL, fransiyalik mashhur kinorejissyor va aktyor:

– Avvalo, meni yurtingizda iliq kutib olishganlaridan juda mamnun bo'ldim. Fransuz filmlari O'zbekistonda sevib tomosha qilinishini eshitgandim, ammo meni bunchalik hurmat qilishlarini umuman kutmagandim. Buning uchun sizlarga tashakkur deyman. Bilasizmi, men hozir yosh o'zbek kinoijodkorlarining ko'zlarida “chaqnash”ni ko'ryapman. Sizlar hali yuqori marralarni zabt eta olishingizga ishonaman.

Sharlotta ADRIAN, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi:

– Biz mamnuniyat bilan O'zbekistondagi 8-Evropa kinofestivalini ochmoqdamiz. Bu yilgi kinofestival muhim voqea bilan tarixga kiradi – Yevropa kinofestivali Toshkent xalqaro kinofestivalining uzviy qismiga aylandi. Biz Kinematografiya agentligiga ushbu ahamiyatli madaniy tadbirni tashkil etishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildiramiz.  Uzoq yillar davomida Yevropa Ittifoqi madaniyatlar almashinuvini qo'llab-quvvatlamoqda va O'zbekiston aholisi uchun Yevropa madaniyatiga, jumladan, kinematografiyasiga keng yo'l ochmoqda. Bu yil Yevropa kinofestivali birinchi marta Toshkent xalqaro kinofestivalining bir qismi sifatida o'tmoqda. O'zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga, Kann kinofestivali sovrindori bo'lgan “Qulash anatomiyasi” filmini taqdim etgani uchun Fransiya elchixonasiga ham  minnatdorlik bildirmoqchiman.

Elizaveta BOYaRSKAYa, taniqli rus teatr va kino aktrisasi, Rossiyada xizmat ko'rsatgan artist:

– Afsuski, O'zbekistonda faqatgina uch kun bo'lamiz, lekin bugunning o'zida “O'zbekfilm”ga tashrif buyurishga ulgurdik, birinchi navbatda, tiklangan kinostudiya haqida ma'lumot berishdi, u hozir ajoyib, zamonaviy kino maydoniga o'xshaydi. O'zbekistonda premyera qilinadigan filmlar taqdimotini tomosha qilish imkoniga ega bo'ldik. Qiziqarli, rang-barang filmlar, mualliflik filmlari, ommabop va tarixiy blokbasterlarni ko'rdik.

Firdavs ABDUXOLIQOV, O'zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori:

– Ikki yil avval Prezidentimiz tomonidan Toshkent kinofestivalining tiklanishi o'zbek madaniy hayotining tom ma'nodagi timsoli bo'lmoqda. Joriy yilda 52 davlatdan tashrif buyurgan 300ga yaqin mehmonlar orasida rejissyor, aktyor va prodyuserlar bilan birgalikda, ishonchli hamkorlar bor. 30ga yaqin davlatlar bilan hamkorlikda kinoloyihalar amalga oshiryapmiz. Bu yil festival doirasida Xudoybergan Devonov tomonidan suratga olingan dastlabki filmning 115 yilligi, o'zbek milliy dublyaj san'atining 85 yilligi va Toshkent kinofestivalining 65 yilligi kabi muhim voqealarni birlashtirishga harakat qildik.

Shohida UZOQOVA, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan  artist:

– Ushbu kinofestival dunyo kino darg'alarini, taniqli aktyoru aktrisalarni bir maqsadda birlashtirdi. Shu sababli, biz ijodkorlar ushbu nufuzli tadbirni katta bayram sifatida nishonlaymiz. Qolaversa,  bu o'zbek kino san'ati rivojida muhim o'rin egallaydi.

To'rt kunlik kinofestival doirasida rang-barang va juda qiziqarli dasturlardan iborat jami 200 ga yaqin tadbirlar o'tkazildi. Jumladan, Markaziy Osiyoning buyuk kinoijodkorlari Malik Qayumov, Nabi G'aniyev, Komil Yormatov, Baken Qidikeevaga bag'ishlangan fotoko'rgazmalar, mamlakatimiz yoshlari uchun jahon kino ustalari ishtirokida 60 dan ortiq   mahorat darslari  va ijodiy uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Albatta, har bir narsaning boshlanishi bo'lganidek, yakuni ham bo'ladi. Nufuzli festivalning tantanali yopilish marosimi 2 oktyabr kuni Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasida bo'lib o'tdi.

Albatta, ko'hna va hamisha navqiron Samarqand uzoq yillik tarixiy shahar bo'lib, ko'plab e'tiborga molik qadamjolarga ega. Kinofestival mehmonlari ham Samarqandga safarini shahar bo'ylab sayohat qilishdan boshlashdi. Anjuman yopilish marosimidan avval, jahon va O'zbekistonga mashhur kinoyulduzlar maxsus tashkil etilgan qizil yo'lakdan o'tdi. Tadbirda 400 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda fransiyalik mashhur aktyor, o'zbek tomoshabinlariga, ayniqsa, “Taksi” filmidagi roli bilan juda yaxshi tanish bo'lgan Sami Naseri, “Etti”, “Amerikacha go'zallik” filmlari bilan mashhur amerikalik Kevin Speysi ham qatnash­­di. Tadbir Speysining so'zi bilan boshlandi.

Marosimda Markaziy Osiyo filmlari tanlovi g'oliblari e'lon qilindi. Unga ko'ra Tojikistonning “Fortuna” filmi Festival direksiyasining maxsus sovriniga, qozog'istonlik rejissyor Maksim Akbarovning “Sahro” kinokartinasi eng yaxshi deb­yut nominatsiyalariga loyiq ko'rildi. Dastan Aybek (“Shuvoq hidi”) eng yaxshi aktyor, Talaaykan Abazova (“Esimda”) eng yaxshi aktrisa, Darxon Tulegenov (“Aka-ukalar”) esa eng yaxshi rejissyor deb topildi. Hakamlar hay'atining maxsus mukofoti Adilxan Erjanovning “Ademokaning sabog'i” filmiga nasib etdi. Eng yaxshi film nominatsiyasida o'zbekis­tonlik rejissyor Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi g'olib bo'ldi.

Shundan so'ng, qatnashchilar uchun Samarqand shahri haqida tayyorlangan videolavha namoyish etildi. Shuningdek, “Matonat” hujjatli filmi rejissyori Shuhrat Mahmudov va “Samarqandda qovun tarovati” kinokartinasi rejissyori Ali Hamroyevlar taqdirlandi. Keyin esa Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov so'zga chiqib, barchani omadli o'tkazilgan yana bir festival bilan tabrik­ladi. Tadbir davomida Jahon kinosi rivojiga qo'shgan hissasi uchun rejissyorlar: rossiyalik Aleksandr Sokurov, gruziyalik Irakliy Kvirikadze va italiyalik Pietro Marchellolar taqdirlandi.

G'oliblarga “Ipak yo'li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining maxsus statuetkasi va esdalik sovg'alari topshirildi. Mehmonlarga taniqli xorijiy va o'zbek estrada yulduzlari tomonidan shou-konsert taqdim etildi.

Islom EGAMBERDI o'g'li,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =