Oilalar tinch bґlishi uchun…

So'nggi yillarda “Kelin qaynonasi bilan janjallashib, uyiga ketib qolibdi”, “Falonchining kelini qaynonasini qo'shnilarga yomonlabdi”, “Pistonchining kelini qaynonasining zulmiga chiday olmay o'zini osib qo'yibdi”, degan xabarlarga duch kel­yapmiz. Bu muammo jamiyatimizning og'riqli nuqtasiga aylanib ulgurdi.

Muammoning asl ildizi nimada? Har bir oilada qiz farzand voyaga yetar ekan, kelajakda u o'zga oilaga kelin bo'lishini o'ylashimiz kerak. Bo'lajak kelinlarga aksariyatimiz noto'g'ri tarbiya berib qo'ymoqdamiz. Natijada ko'pgina kelinlar qaynonani o'ziga raqib sifatida ko'radi.

Qiz bolaning tarbiyasida ba'zi onalar, buvilar o'zlari bilmagan holda: “Bu ahvolda qaynonangdan gap eshitib o'lib ketasan”, “Shoshmay tur, turmushga chiqsang, mening qadrimga yetasan”, “Qaynonang kuningni ko'rsatadi”, deb qizlarimiz ongida qaynonaga nisbatan salbiy tushuncha hosil qiladi. Ayrim onalar: “Qizimga shunday gapirsam, aytganimni qiladi”, deb o'ylashadi. Vaholanki, uyni ozoda tutishni, taom tayyorlashni chiroyli gaplar bilan ham tushuntirsa bo'ladi: “Mazali ovqat pishirsang, hamma seni duo qiladi. Borgan xonadoningda bizga rahmat eshittirasan. Hali sen eng ozoda, orasta kelin bo'lasan. Hamma seni hurmat qiladi”, kabi.

Shuni ham aytib o'tishimiz kerakki, bugungi kunda serial va kinolarimizda yomon, zolim, o'g'lini kelinidan rashk qiladigan qaynonalar obrazi ko'p tasvirlanmoqda. Bunday filmlarni ko'rgan qizlar: “Hayotda shunaqa bo'lar ekan-da, menga shunday qaynona uchrab qolsa-chi?” degan xavotirda qaynona bilan birga yashashdan qo'rqishadi. Besh qo'l birdek bo'lmaganidek, hamma yaxshi yoki yomon bo'lavermaydi. Kelindan ko'ngli to'lmaydigan, kun bermaydigan, o'g'liga yomonlaydigan qaynonalar ham yoki buning aksi bo'lgan kelinlarimiz ham bor. Biroq azaldan momolarimiz kelinlari yangi xonadonga o'rgangunlaricha qo'llab-quvvatlab, uy yumushlarini ham sabr bilan o'rgatib kelishgan. Bugun ham bunday qaynonalarimiz bisyor.

Bugun yurtimizda qizlarimiz uchun kelinlikka tayyorlov kurslari mavjud. Ammo qaynonalar maktabi yoki kurslari deyarli yo'q hisobi. Har bir tumanda, mahallalarimizda qaynonalar maktablari tashkil etilsa, ya'ni bo'lajak qaynonalarimizga “uy yumushlarini kelinlarga qanday tushuntirish kerak, kelinga munosabatda qanday yo'l tutish lozim” kabi masalalar o'rgatilsa, yaxshi bo'lardi.

Hozirgi kunda har bir qaynona yoki kelin bilimli bo'lsa, bir-birining aybini yashirib, yaxshisini oshirib yashasa, o'sha xonadonda baraka bo'ladi. Oila ham ahil bo'ladi. Bunday xonadonda voyaga yetgan farzandlardan jamiyatimiz ham naf ko'radi. Qolaversa, tinch va farovon oilalarning ko'payishi o'z navbatida ajrimlar sonining ham kamayishiga zamin yaratadi.

Madina EShQO'ZIYEVA,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 13 =