Oilani saqlab qolish…

uning himoyachisi yolg'iz o'zingiz!

Yoshlik — navqiron fasl. Talabalik, o'yin-kulgi, g'am-tashvishdan yiroq damlar. Ota-onam mening tahsil olishim uchun deyarli barcha narsalarni muhayyo qilib qo'ygan. Singlim ikkimiz ham bo'y yetib qolganimizga qaramay, onam erta sahar turib, hovli sathi, darvozaxona va yo'laklarni chinniday supurib-sidirib, nonushtani tayyorlab, bizni uyg'otardi.

Dugonamning to'yida bir yigit bilan tanishib qoldim. Keyinchalik u bilan do'stlashdik. Oradan vaqt o'tib, do'stligimiz ko'ngil ishiga aylandi. Biz ham oila qurdik.

Oila tutish men tasavvur qilganchalik oson ish emas ekan. Kutilmaganda hayot shunday “sovg'a”larni taqdim etarkanki, yetti uxlab tushingga ham kirmaydi. Ota-­onam bizning qiynalmasligimiz uchun qanchalik harakat qilganligini kech anglab yetdim. Ular biz uchun hamma sharoitni bekamu ko'st muhayyo qilgan. Ammo kelin bo'lib tushgan xonadonimda muhit umuman boshqacha edi. Har kuni kartoshka palov. Muzlatkichni ochaverib qiynalib ketardim. Bilaman, ichida hech vaqo yo'q. Ba'zan ota uyimga qaytib ketgilarim kelardi. Onamga aytsam: “Sabr qil, hammasi yaxshi bo'ladi. Agar qiynalmasang, oila — oila emas. Dastlab bizning ham hech narsamiz bo'lmagan. Yaxshilab o'ylab ko'r, “Chiqqan qiz chig'iriqdan tashqarida”, degan mashoyixlar. Bu gaplaringni otang eshitsa, nima bo'ladi? Ko'ngil qo'yib oila qurgansan. O'rtaga sovuqlik tushadi, o'zing kirib-chiqadigan eshigingni qattiq yopma”, deb tergadilar. Aslida, onamning gaplari to'g'ri ekan.

Qiynalib yurgan kunlarimning birida kreditga tikuv mashinasi olish xayolimga kelib qoldi. Ammo qanday olaman? Yana oyijonimga maslahat soldim. “Nima qilasan mashinani? Tikish qo'lingdan kelarmikan? Uyda qo'lingga nina ushlamagan qizsan”, dedilar. Men eplashimni aytdim. “Unda olamiz”, dedilar.

Bir haftadan so'ng tikuv mashinali bo'ldim. Xotin-qizlarning bejirim ko'ylaklarini tika boshladim. Dastlab 4-5 ta tikib, savdo bilan shug'ullanadigan dugonamdan iltimos qildim, sotib berdi. Xaridorlarim ko'paya boshladi. Sotilgan ko'ylaklardan ikkitasining puliga yana mato olib, qolganini ro'zg'orga ishlatdik.

Oilada xo'jayinimdan bo'lak hech kim ishlamasdi. Zora yordam bo'lar, degan umidda g'ayrat bilan ko'ylak tikishga kirishdim. Vaqti kelib, savdogarlarning o'zlari menga buyurtma beradigan bo'lishdi. Oyijonim ham qarab turmadilar. Xullas, ish ko'paydi. Daromad ham shunga yarasha. Ko'chamizdagi uquvli ayollarni ham bu ishga jalb etdim. Ular ham ishli bo'lganidan xursand.

Boshida rosa qiynaldik. Mashaqqatsiz biror nimaga erishish mushkulligini his qildim. Uch oy deganda yaxshigina daromadga chiqib oldik. Oilamizning moddiy ahvoli avvalgiga nisbatan ancha yaxshilandi.

Qaynukalarimni ham mehnatga o'rgatdim. Har kungi kartoshka palovimiz oshga, turli-tuman noz-ne'matga aylanib, dasturxonimizga fayz kirdi. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qildik. Urinishlarimiz samara berdi: xonadonimizda tikuv sexi ochdik. Ishsiz xotin-qizlarni tikuvchilikka jalb qildik.

O'ylab qarasam, o'shanda hayotimning parokanda bo'lishiga bir baxya qolgan ekan. “Jahl qilganda javob, xursand bo'lganda va'dalar bermang, tushkunlikka tushganda esa qaror qabul qilmang” deb bejiz aytishmagan ekan.

Oiladagi barcha kelishmovchiliklar ko'pincha yo'qchilikdan kelib chiqadi. Boshida turmush o'rtog'im bilan judayam ko'p janjallashardik. Iymonning kuchini sinash uchun eng katta imtihon — bu tilni tiyish ekan. Bularni kech angladim.

Hammasi yaxshi bo'ladi, deb o'zingizni ovutmang, siz harakat qilmaguningizcha hech narsa yaxshi bo'lmaydi. Muhimi, harakat, ishonch, baxt, bir-biriga bo'lgan muhab­bat tuyg'ulari bo'lmasa, oila parokanda bo'ladi. Men ham harakat qilmaganimda, onamning gaplariga quloq solmaganimda, oilaning muqaddas qo'rg'on ekanligini tushunish u yoqda tursin, anglay olmasdim ham…

Ba'zan yetishmovchilik sabab kimningdir oilasi buzilganini eshitsam, shular ko'z o'ngimdan o'tadi.

Onajonim aytgan ana shu gaplarni takrorlagim keladi…

Xurshida ABDUSATTAROVA,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 5 =