Oyning o'n beshi

Hayot zarbasi

 

Hayotning to'satdan keladigan zarbalari oldida shirin turmushi parokandalikka uchrab, yaqinlarini yo'qotishi oqibatida tushkunlikka tushib o'ziga kela olmagan, yo'lidan adashgan ayollarimiz qancha. Ayniqsa, bu yo'qotish tog'dek suyanch va tayanch bo'lgan umr yo'ldosh bo'lsa. Hech kimning boshiga tushmasin. Har jihatdan bekamu ko'st yashab, hayotning faqat quvonchli, yorqin taraflarini ko'rib yurgan odamga ham ma'naviy, ham ruhiy zarba bo'lishi tabiiy hol.

 

Yorug' kunlarga umid…

 

Ko'zlari qisiq, sochlari kalta bo'lsada bu Shoiraga yarashiqli edi. Ilmni o'ziga hamroh bilib, hamisha izlanishda, o'rganishda yurardi. Shu asnoda o'sdi, ulg'aydi, aqliga aql, husniga ham husn qo'shilib bordi. Har bir ishda his-tuyg'uga emas, aksincha aqlga tayanib ish ko'rdi. Oliy o'quv yurtida ingliz filologiyasida tahsil olib yurgan kezlarida ortiqcha hoyu-havas, yasan-tusanga emas ilm olishga intilar, kelajakka rejalar tuzar edi. O'z kasbining yetuk mutaxassisi bo'lishni orzu qilar edi.

Ilmli va salohiyatli kadr oliy o'quv yurti professor-o'qituvchilari e'tiboridan chetda qolmadi. Uni ishga olib qolishdi. Yoshgina o'qituvchi barchaning tilida edi. Uning tengdoshlari turmush qurish, yaxshi joylarga kelin bo'lish tashvishi bilan yurgan vaqtda ham ilmga oshno bo'ldi. O'tirgan qiz o'rnini topar, deganlaridek o'zi kabi o'qigan yaxshi yigit bilan turmush qurdi. Turmush o'rtog'ining ishi yaxshi bo'lgani uchun Shoira faqatgina uy-yumushlari bilan band bo'ldi. Bu orada bir o'g'il ikki qizni dunyoga keltirdi. Hammasi risoladagidek bo'lib, ayol uchun hayotda nima ehtiyoj kerak bo'lsa, erishishni orzu qiladigan narsa bo'lsa barchasi mujassam edi.

Biroq to'satdan ham turmush o'rtog'i, ham o'zi uchun yopishgan dard uning hayotdagi suyanchini yorug' olamdan olib ketdi. Oqibatda har bir inson kabi Shoira ham tushkunlikka tushib, dunyo ko'ziga qorong'u bo'lib qoldi.

— Turmush o'rtog'im vafot etgan bo'lsa-da, doimo uning tabassum ila boqib turgan siymosi ko'z oldimda gavdalanaveradi. Ba'zan uning kulishlari, hazilkashligi, zukkoligi, so'zamolligi, iqtidorini o'g'limda ko'rsam, chaqqonligi mehnatkashligi, ishga sidqidildan yondashuvini qizlarimda ko'raman. Uni kech topdim-u erta yo'qotdim, ammo bir asrga tatigulik mazmunli hayot kechirdik, har kunimiz bayram edi go'yo. U ketgach kimning kim ekanligini bildim, ungacha do'st kim-u, dushman kim ajrata olmagan edim. Boshimizga tushgan bu savdo o'lganlardan emas, aksincha ayrim tirik odamlardan ehtiyot bo'lish lozimligini tushuntirib qo'ydi. Yoshligimdan quvnoq, sho'x shodon xarakterga ega bo'lsam ham bu yo'qotish mendan mana shu xislatlarni tortib oldi.

Turmush o'rtog'ing o'rnini tug'ishganing ham bosa olmas ekan. U o'zini davlat ishlari uchun fido qilgan rahbarlardan biri edi. Yilma-yil mansabi oshib poytaxtga — ishlashga ketdi. Ammo har lahza holimizdan xabardor bo'lib turar edi. Ko'proq texnika jihozlariga qiziqqani uchun uydagi hamma texnik vositalarni tez-tez almashtirib, zamon bilan hamnafas yashashga intilar, bizni ham shunga chorlar edi. Shu sababmi o'g'lim dasturchilikka qiziqadi nazarimda. Salohiyatli kadrdan ayrilgan jamoa ahli ham uning qabri ziyoratiga tez-tez kelib, bizdan xabar olib turishadi. Demak, o'zimni qo'lga olishim, farzandlar kelajagi uchun ham yashashim lozimligini tushunib yetdim. Bunda yaqinlarimning, maktab jamoasining, do'stlarimning xizmatlari katta. Ular menga hamisha yelkadosh, g'amxo'r va maslakdosh bo'lib, “Oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa, o'n beshi yorug'” bo'lishiga qayta umid uyg'otdi.

 

Elga xizmat

 

O'ylab qarasa oliy ma'lumotli ingliz tili o'qituvchisi. O'qituvchilik sohasida ham bir necha yil faoliyat olib borgan. Qolaversa, bugun yurtimizda xorijiy tilni o'rgatishga ham, o'rganishga ham shaxsan Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning o'zi keng imkoniyatlar yaratib bergan bo'lsa. Shu asnoda uyiga yaqin bo'lgan umumiy o'rta ta'lim maktabiga ishga kirdi. O'qituvchilik o'z ustida tinimsiz ishlashni, tinimsiz izlanishni, o'zini qiynashni, lozim bo'lsa ijtimoiy muhitdan bir qadam oldinda bo'lishni talab etadi. Shundagina o'quvchilar seni qabul qiladi, ular xohlagan bilimni bera olasan. O'zing­­ni ham jamoa oldida hurmating oshadi. Shu kabi tamoyillarga amal qilishga harakat qildi. Qisqa muddatda oliy toifali o'qituvchi bo'ldi. El-ulusga qo'shildi. Jamoa oldida ham e'tiborga tushdi. Hurmati oshdi. O'quvchilarni nafaqat maktabda, bo'sh vaqtlarida uyida ham ingliz tilini o'rgatib kelmoqda. Yurtboshimizning “najot ta'limda, najot tarbiyada, najot bilimda” degan g'oyasini hayotining shioriga aylantirib, uni yosh avlodga ham singdirishga harakat qilib kelmoqda.

 

Farzandlar iqboli uchun

 

— Mening bu ikkinchi hayotim desam adashmagan bo'laman. Buni farzandlarim uchun ularning yorqin kelajagi uchun bag'ishlashim shart. Ular uchun ham ota, ham onaman. Avvalgiday olib kelingan narsalarni sarflash bilan emas, aksincha sarflanadigan narsalarni o'zim topib, shunga yarasha sarflayman. Farzandlarimga otasi tomonidan o'rgatiladigan narsalarni ham o'rgatishga majburman. Farzandlarimni jamiyat hayo­tiga munosib insonlar bo'lib qo'shishga ko'maklashish asosiy maqsadim. Ularning o'ksimasligi uchun qo'limdan kelgan barcha ishni amalga oshirishga harakat qilyapman.

Ushbu fikrlardan ayolning aql orqali mushohada qilayotganligini anglash qiyin emas. Agarda ushbu o'rinda his-tuyg'u ustunlik qiladigan bo'lsa, fikrlar ham boshqacha bo'lar edi, nazarimda. “Eshik ko'rgan emas, beshik ko'rgan” sifatida turmush qurish uchun “og'iz” solganlarida turmushga chiqib ketgan bo'larmidi.

Bugun oramizda turmush o'rtog'i bo'la turib ham egri yo'lga kirib ketgan ayollar borligi achinarli. Millatning buguni va ertasi, farzandlar baxtu iqboli onalarimizning aqliga, farosatiga chambarchas bog'liq. Shu sababdan agar “o'g'il farzandni o'qitsang bitta insonni, qiz farzandni o'qitsang butun oilani o'qitibsan”, — kabi purhikmatlar bejiz shakllanmagan.

Albatta, turmushning “musht”iga, uning to'satdan keladigan “zarba”lariga dosh bera oladigan insonlargina bor imkoniyatlardan unumli foydalanish orqali birovga qaram bo'lmasdan hayotda o'z o'rnini topadilar. Kelajak avlod uchun sabr, bardosh, matonat, jasorat, ma'rifat namunalarini ko'rsatib ketadilar. Shunday insonlar bilan zamondosh bo'lganingdan faxr tuyg'usini tuyub, hayotga ishtiyoqing yanada ortib, elga xizmat qilishni saodat bilib yashaging keladi.

Bahrom BOYMURODOV oqqa ko'chirdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =