Bir kosa osh

Kimnidir yo'qlab, ko'rgani borish uchun qandaydir bayram yoki muhim sana bo'lishi shart emas. Biz o'zbeklarda odamgarchilik, mehr-oqibat degan tushunchalarning sodda ko'rinishlaridan biri bu qon-qarindoshlardan, tanish-bilish, yaqinlardan ko'ngil so'rab borish ekanligini bolalikdan barchamiz kattalardan ko'rib-bilib o'rganganmiz.

Shu sababli ham to'rtta og'ayni bir bo'lib maza-matrasiz, hech bir maqsadsiz, behuda ko'cha kezaverishdan ko'ra, qaysidir keksaroq yaqinimizning holidan xabar olish, hech bo'lmaganda bayram kunlari ikki dona non olib, ko'rgani borish bizga ko'proq huzur-halovat, ruhiy yengillik bag'ishlaydi.

Axir, ish, turmush yana boshqa-boshqa tashvishlar aslo tugamaydi. Odamdan esa faqatgina yaxshilik qoladi. Mayli, hech kimga moddiy yordam ko'rsata olmassiz, qandaydir sovg'a ko'tarib borishga ham qurbingiz yetmas, ammo bularning vajidan g'animat odamlarning diydoridan, shirin suhbatidan o'zingizni olib qochishingiz yaramaydi. Sizni intizor kutadigan insonlar uchun bir bor ko'rinish berishingizning o'zi har qanday sovg'adan afzal. Har holda shunday deyishadi. Lekin ba'zida bunday bo'lmasligi ham mumkin ekan. Keling, yaxshisi so'zimni o'zim guvohi bo'lgan bir voqea bilan davom ettirsam.

Ayni hozirgidek bayram nafasi hali sovib ulgurmagan kunlarda qarindoshimiz bo'lgan keksa bir onaxonni ko'rgani borardim. Yoshi anchayin o'tib, uydan ko'chaga chiqolmay qolgan, doim eshikka termulib o'tiradigan bu onaxonning duosini olish bizlar uchun katta bir mukofotday edi. O'ziga to'q, anchayin badavlat, tadbirkor o'g'illarning onasi bo'lgan bu keksa ayol bizning qo'limizga qarab qolmagan bo'lsa-da, har gal onam osh damlaganlarida yoki boshqa biror tansiqroq taom tayyorlaganlarida ular uchun albatta bir kosa chiqarar edilar. Singlim, ularning uyidan kosani bo'shatib qaytarkan uzundan-­uzoq duo qilganlarini onamga yetkazib xursand bo'lardi. Ukam esa, “aya ular bizning ovqatimizga qarab qolishmagan-ku, nima uchun har doim o'zimizdan avval shu onaxonga ovqat suzaverasiz” deb savol berardi. Onam bo'lsa, to'g'ri, ular biz chiqaradigan narsalarga muhtoj emas, biz ham bu bilan kambag'allashib qolmaymiz. Ammo bu ularga hurmatda o'g'lim deb tushuntirgandek bo'lardilar.

Ha, onamizning gaplari yuz foiz to'g'ri edi. Shuning uchun ham biz ukamga o'xshab bunaqa savollar bermas, onamni bunday ishlardan qaytarmasdik. Qachonki, ko'nglimizni qattiq ranjitadigan bir hodisaga guvoh bo'lmagunimizcha.

Har qanday bayram oldidan Toshkentdan viloyatga qaytgach, har gal qiladigan birinchi ishim onamning qistovi bilan o'sha onaxonni yo'qlash bo'ladi.

Kunlardan birida odat bo'yicha o'sha onaxonning uyiga yo'l olar ekanman onam ikki kun avval singlimdan ularga bir kosa osh kiritganini, qaytishda o'sha oshning bo'shagan kosasini olib qaytishimni uqtirdi. Yana qo'limga hovlimizdagi mevalardan tayyorlangan uch litrlik bonkada sharbat va tandirda yangi yopilgan issiq non va somsalardan o'rab berdi. Bordim, keksa onaxon kelganimdan rosa quvondi. O'qishimni, ishlarimni so'rab, meni ham duo qildi. Qaytishda onam aytgandek ikki kun avval singlim olib kelgan oshning kosasini so'radim. Shunda xonadon kelini hozir kosani bo'shatib chiqaman, kecha ro'parada turgani uchun qizlar o'zimizning kosa deb o'ylab bir nima solib qo'yishgan ekan deb kirib ketdi. Birozdan keyin esa, o'sha kosani ko'tarib tomorqa tomon yurgandek bo'ldi. Ne ko'z bilan ko'rayki, kosada hali biror marta ham qoshiq tegmagan, ikki kun turib aynish arafasiga kelib qolgan osh bor edi. Kelin oshni tovuqlarga to'kib, uyga kirdi-yu, kosani qo'limga tutqazdi.

Ming xil xayollar bilan o'ylanib uyimizga kirishim bilan singlimdan kecha qanaqa ovqat olib borganini so'radim. Ustiga bir bo'lak go'sht, bittadan kartoshka va behi solingan edi degan so'zlarini eshitib rosa xafa bo'ldim-u, hech kimga indagim kelmadi. Biroq shu vaqtda ukam kelib, ha aka siz ham biz kiritgan oshni tovuqlarga to'kib berishganini ko'rib qoldingizmi deganida ichimdan bir nima uzilgandek bo'ldi.

Onamning keksalarga hurmat deb savobtalablikda qilgan ishiga ularning bildirmay bo'lsa-da, qilib kelgan munosabati, qolaversa, ovqatning uvolidan qo'rqmaganliklari meni darg'azab qildi. Shunday bo'lsa-da, bizning uydan ovqat olib kirishgani eslaridan chiqib qolgani uchun qolib ketib, aynigandirda deb o'zimni ham ukamni ham yupatmoqchi bo'ldim. Lekin ukam: “yo'q, bizning o'rtamiyona damlangan oshimiz ularga to'g'ri kelmas ekan, qizlari shunday deganini o'zim eshitganman” deganidan so'ng alamim yanada ortdi. Qani endi bularni onamga aytib, o'sha xonadonga ovqat kiritishdan ularni qaytara olsak. O'zimizning xafa bo'lganimiz yetmagandek, onamiz ham ranjimasin deb bu haqda og'iz ochishdan o'zimizni tiydik.

Oradan vaqtlar, yana bir qancha bayramlar o'tdi. Bu yil ham yangi yil bayrami oldidan o'sha keksa onaxonni yo'qlashga bordim. Ammo bu safargi taassurotim umuman boshqacha bo'ldi. Bir paytlar ishi yurishgan bu xonadon o'g'illari kasod bo'lib, oilaning kelin va qizlari ham ancha tejamkor bo'lib qolishgandi. Keksa onaxon bo'lsa, bolalarim boylik kelgan kunlarda ko'p isrofgarchilikka berilganliklari uchun Alloh ularni sinovga tortdi. O'zlari xor qilgan narsalarga endi zor bo'lishyapti deb o'tirgandi.

Bu safar o'zim bilan olib kelganim bir kosa osh qo'limdan olindi-yu, dasturxonga qo'yildi. Bilishimcha o'sha kuni bu xonadonda qozon osib ovqat qilinmagan ekan. Holatni ko'rib, suyunishimni ham kuyunishimni ham bilmay qoldim.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − ten =