Harom luqma kasri
Pandemiya sabab uzoq safarlarga chiqishning imkoni bo'lmadi. Karantin tartiblari biroz yumshagach, o'shanda zarur yumushlar sabab poytaxtga qarab yo'lga chiqishga to'g'ri keldi. Tezyurar Afrosiyob poezdi vagonida bor yo'g'i 4-5 kishi edik. Buxorodan yo'lga chiqqan poezd bir zumda Qiziltepaga yetib keldi. U yerdan chiqqan yo'lovchilar orasida 50-55 yoshlar atrofidagi bemor kishini ikki tomonidan yordamlashib olib chiqishdi. Ayol va bemor bilan birga yana bir erkak kishi uchovlon sherik edilar.
Bemor kishining ranglari siniqqan bo'lishiga qaramasdan ovozi baland, po'pisa aralash, gapirishidan qaerdadir rahbar bo'lib ishlashi yoki qachondir kattakon ishda ishlagani sezilib turardi. U kishi men tomonga yovqarash qilib qarab qo'yar ekan, buyruq ohangida ovozini balandlatdi.
— Turing, siz o'rningizni bu bilan almashtiring, — o'zlari bilan birga chiqqan ayolni ko'rsatdi. Hali javob berib ulgurmasimdan ayol xijolat bo'lib oldimga keldi.
— Xafa bo'lmang, ko'rib turibsiz, Ilich akam kasal bo'lib injiqroq bo'lib qoldilar. Toshkentga olib ketayapmiz, — dedi past ovozda qulog'imga pichirlagandek.
“Xo'p-xo'p, bo'pti, o'ta qoling”, deb xasta odamning xohishiga qaradim. “Kasal” tinmay gapirardi. Hali hamrohlik qilayotgan singlisiga, hali ukasiga o'shqirar, telefonda kimlarnidir “tartib”ga chaqirardi. Navbat menga keldi chog'i, hayriyatki, sansiramasdan gap boshladi Ilich aka. (Nega, bunaqa ism?! Balki laqabidir, deb o'yladim. Chunki Vladimir Ilichdek qo'llarini shop qilgancha gapirarkanda…)
— Qani, gapiring-chi, qaerda ishlaysiz?
— Jurnalistman, — dedim. Lekin shu tobda biror nojo'ya gap aytib qo'ysa, sabrim yetarmikan, degan xayol miyamda charx urib o'tdi.
— Jurnolist, jurnolistlar… faqat quruq gapning odami. Ko'pchiligining cho'ntagi quruq. Chiroyli gapirishadi, tamom. Muk tushib kitob o'qishadi. Bizdayam bor bittasi. Pirnafas degan. Yil o'n ikki oy galstugi bo'ynida. Havo issiq demaydi, sovuq demaydi yugurgani yugurgan… Bizning qo'rg'onimizni oldida uyi kapaga o'xshaydi. Men … — shu payt og'riq tutdi shekilli “boy ota” ingrab qoldi…
— Aka-a, ko'p gapirib yubordingiz. Shifokorlar nima dedi, faqat tinchlik kerak sizga. Samolyotda ketaylik desam…
— Voooy, vooy, nima… samolyotda, 3 kishiga qancha pul ketadiiii, bilasanmi… o'zi?..
— Poezdga to'ladik-ku! Biz o'zimiz to'lardik, — dedi ukasi.
“Jim turing”, degandek singil ko'rsatkich barmog'ini labiga tekkizib ishora qildi kichik akaga.
Biroz o'ziga kelgach u:
— Qaerda qoluvdik, deya — suhbat davomini so'radi bemor. Go'yo menga juda zarur axborotni yetkazishi shartdek…
— Jurnalist qo'shningiz haqida gapirayotgan edingiz, — dedim ensam qotib.
— Ha, ha to'g'ri. Keyin man dedimki, uyimga kelim–ketim ko'p, sani hovlingdan uyalaman. Bizni qo'rg'onga yonma-yon turgan devoringni remont qilib beray desam, — qiynalib bo'lsayam kulishga harakat qilib, o'sha bechorahol qo'shnisining gaplarini rol ijro etayotgan aktyordek ko'zlarini ola-kula qilib tushuntira boshladi. — “Nima deyapsiz?! Men sizdek baxil, xudbin, iymonsiz odamga qo'shni bo'lganimni Allohning sinovi emas jazosi, deb bilaman”, deydi. Shunaqa chiranadiganlarga yo'qmanda, cho'ntakda hemirisi yo'g'u, g'ururiga o'laymi?
— Siz shunaqa o'ylaysizda, aka. O'sha Pirnafas jurnalistning uch farzandi ham davlat grantiga o'qishga kirdi. Birovning haqidan hazar qiladi. Mana, binoyidek xom g'ishtdan bo'lsa ham imoratini ko'tardi. O'g'li institutni bitirib, Angliyaga ketayotganmish… Sizniki-chi?! — dedi yonidagi ukasi jahli chiqib.
— Yana boshladingmi, — dedi aka qovog'ini solib. — Jiyaning ham o'qiyapti. Super kantraktda bo'lsayam. Yuridikni tugatsa, ana o'shanda ko'rasan… pul more bo'ladi… jiyaningda… Tavba! Bilaman Pirnafas bilan osh-qatiqsan. Mani nomimdan kechirim ham so'rabsan… Eshitdim.
— Yuring, opa, biz bo'sh joylarda o'tiramiz, — taklif qildi ayol. O'zim ham tomog'iga radio karnay qo'yilgandek baland ovozda gapirayotgan bu odamdan qutula olmay turgandim, darrov o'rnimdan turib ergashdim.
Akasining ahvoliga achinib har zamonda bir akalari tomonga qarab qo'yib gap boshladi hamrohim.
— Akamni pul, boylik, mansab shunaqa qattiq so'z qilib qo'ydi. Hayotlarini pul izdan chiqardi. Farzandlar tarbiyasiga qaray olmadilar. Erta tongda ketib yarim tunda qaytardilar. Yangam o'g'illarni pulga o'rgatib qo'ydi. Qizlar tantiq. Hammasi notinch. Mana, buyraklari bilan 7-8 yildan buyon qiynaladilar. Rahbarlikni topshir, deb qari otam qistaydilar. Ko'rib turibsiz akam pulga, mol-dunyoga, mansabga mehr qo'ydilar. Besh-oltita do'kon, avtobuslari bor. 200 gektar bog'i ham bor. Eng yomoni yaqinda farzandlari tengi qizni ikkinchi xotin qilib uylanib oldilar.
— E, yangangiz-chi, qarshilik qilmadilarmi? — dedim hayron bo'lib.
— Nima deyapsiz… Yangam o'zi sovchilikka borib, o'zi kuyov yangasi bo'lib to'ylar qilib olib keldi. Ha, endi kasal er unga kerak emas. Ishlari bitgan. Dang'illama hovlilar, mol-mulk bo'lsa bor. “Akangizni injiqliklarini ko'tarishga sira toqatim yo'q. Ana yosh xotinga uylab qo'ydim. Endi buyog'iga u qarasin”, deydi. Mana, bir oydirki akamni sog'liklarida oldinga siljish yo'q, ikki xotin o'rtasida sarson-sargardon. Lekin maqtanishdan qolmaydilar, — dedi uf tortib… — Akamda molu davlat, boylik, mansab, hamma narsa bor, ammo…(farosat ham yo'q ekan-da, dedim ko'nglimda) sog'liklari yo'q, — ko'zlari yoshlandi singilning.
O'yga tolaman. Mushtipar singil akasi chekayotgan azoblar Allohning jazosi ekanligini anglarmikan? Axir, “Tekin bir kun teshib chiqadi”, deb bejiz aytishmaganku donishmandlar. Boylik, hisobi yo'q pullar, qator-qator mashinalar, dang'illama hovlilaru, poytaxtdan uy, boz ustiga ikkinchi xotin o'z-o'zidan oddiy oylik maosh hisobidan emasdir-ku!
Bu harom turli nopok yo'llar bilan orttirilgan davlatmandlik ortida qanchadan-qancha odamlarning ishini “bitirib” berish uchun olingan poralar, tanish-bilishlar aralashgan imtiyozli kreditlar, yolg'on auksion savdolari, … yana bizga ma'lum, noma'lum qonunbuzilishlar, jinoyatlar, nohaqlikdan yuragi aziyat chekib, “ilohim…”, degan odamlar “oh”i bo'lsa kerak… Yo'qsa, Yaratgan bu kabi dardni berib sinovdan o'tkazmasmidi, deb dilimdan o'tkazaman.
Lekin vagonda bo'layotgan turli gurunglar, turfa fe'l-atvorli insonlar, ularning hayoti, muammolari, tashvishlariga beparvo poezd yeldek uchib borar, manzilga shoshardi…
Kuzatuvchi qiz Toshkentga yaqinlashganimizni aytarkan, ayol bemor akasi oldiga ketdi. Negadir, xayolimda yosh xotin haqida savol paydo bo'ldi. “Otasi tengi, bemor kishiga turmushga chiqishga rozi bo'lgan, boz ustiga ikkinchi xotinlikka ko'ngan, kundoshi bilan apoq–chapoq yosh ayol qanaqa inson ekan?”
Vagondan tushar ekanmiz, sheriklarimning sumkalarini ko'tarishga yordam berish istagida ayolning qo'lidan yengilroq paketini oldim.
— Qiziltepa tomonlarga yo'lingiz tushsa o'ting, jurnalist opa,— dedi inqillab Ilhom aka. (Keyin ismini o'zgartirgan ekanda..) Kulib qo'ydim. Yo'lakdan nogironlar aravachasini surib kelayotgan yigit oldida boshida kepka, kalta shim, harir kofta kiygan yoshgina juvon boyvachcha chol turmush o'rtog'ini kutib olishga chiqqan edi… Yosh xotini oldida esa soqol qo'yib olgan, ko'cha “havosi”dan bahramand “zamonaviy” yigitni ko'rib Ilhom, ya'ni aka Ilich asabiylashdi.
— Kim bu? — avzoyi buzildi uning…
— Tog'amning o'g'illari, begim… Akam bo'ladilar… — og'zidagi “zvachki”ni aylantirib, “aka”siga ko'zini qisib qo'ydi qiz…
Ilich aka negadir, tilini yutib qo'ygandek jim bo'lib qoldi. U tuzalib ketishi haqida o'ylayaptimi yoki mol-davlati joniga oro kirmasligini tushundimi, yoxud qilgan xatolarini xotirasidan o'tkazayaptimi, yengil-elpi hayotga o'rganib qolgan farzandlarining kelajagidan xavotirdamikan?.. Balki bir oy oldin Toshkentdagi uyini nomiga o'tkazdirib qo'ygan yosh xotini haqida o'ylayotgandir? Nima bo'lganda ham, qing'ir yo'llar bilan topilgan boylik buyurmas ekan-da! Molu dunyo sog'lik bo'lmasa hech narsaga arzimaydi, deyishganku keksalar. Bu hayot haqiqatiga guvoh edim.
Ammo yoshi 50 dan oshib, ana shu oddiy hayot hikmatlarini anglamagan, ehtimol anglasa-da, dunyoni yaxshi yashash, mol-dunyo bilangina o'lchaydigan bunday kaslar bu hayotda kam emasligi, bunday odamlarga gap uqtirib bo'lmasligi negadir yuragimni ezardi…
Mohira ShAKAROVA.