Tog'a va jiyan

Davra ham sovidi, qishloq gurunglari burungi tarovatini yo'qotib, g'iybatu hasratdan iborat bo'lib qolibdi. Oldingi donishmand keksalar yo'q-da, dunyo ko'rgan, issiq-sovuqni o'tkazgan… Ularning gurunglari o'zgacha salobatli, ma'no-mazmunga to'la bo'lardi. Shularni xayoldan o'tkazar ekan, beixtiyor “Bitta keksa menmi? Haliyam “gul”lardan ko'z uzolmaysan, pora olasan?!” deb achchiq kinoya qildi-da, ichida kulib qo'ydi. Bolalik manzillari uni pokdomon kunlariga qaytargan, o'zini ayamasdi. O'sha bobolar “Dunyo yuzaga chiqadi, hamma hoyu havasning orqasidan chopadi…” deguvchi edi, o'sha kunlar keldi, chamasi.

Oltmishdan “etagi tegmay” sakrab o'tgan domla shaxt o'rnidan turdi-da, yuziga fotiha tortib, davrani tark etdi. Uy egasi mulozamat qilib o'tirmadi, uning o'rni ham emas edi, vaqt allamahal bo'lgan, ko'plar bir uyquni urgan edi. Tashqari musaffo va havo yengil edi, bir hovli o'tib, qo'noq uyiga yetib keldi. Domla Toshkentda ishlaydi, to'y-ma'rakalarni kanda qilmay, qishloqqa kelib turadi. Bugun ham yon qo'shni — jiyanning kelin tushirish to'yi boshlandi, hovli egalari hamma jovva o'shaqda.

Atrof osuda, faqat hovli to'ridagi xonaning chirog'i o'chmagan, g'ala-g'ovur eshitilardi. Jo'n bir qiziqish bilan o'sha tomon yurdi, xijolatpazlik bo'lmasin deb, deraza orqali mo'raladi. O'n chog'li o'smirlar — nabiraning sinfdoshlari bo'lsa kerak, davra bo'lib uyushgan, o'yinning zavqidan borliqni unutib, qarta urishardi. Ichki qiziqish bilan domla bir zum turib qoldi va bolalarning boloxonador gap-so'zlari qulog'iga chalindi, ular bir-birini masxara qilar, so'kinar, turtishar, xullas, davra pana-pastqamda kun ko'ruvchi “qora sharpa”lar mashvaratidan farq qilmasdi. Azbaroyi burch (u yoshlarga ma'ruzalar o'qiydi va kelajak uchun o'zini mas'ullardan deb biladi) taqozosi bilan bu salbiy holatdan ko'z yumishni xiyonat deb bildi, ham o'z salohiyatini namoyish etishni istadi, zulmatni ma'rifat nuri bilan charog'on qilish niyatida asta tomoq qirdi. Davra ehtirosga berilganidanmi, bu zarif sharpaga parvo ham qilmadi, balki eshitmadi. “Qishloq bolalarining yuzi ham qotib ketibdi”, o'yladi poytaxtlik voiz, so'ng dadil bo'lishga intilib:

— Hormanglar, yigitlar, — dedi. Davra bir qalqidi-da, yana joyiga tushdi. Chala-yarim “Salom, ass…, keling” degan so'zlar eshitildi, ammo o'yin to'xtamadi, aksincha, tekin tomoshabin paydo bo'lganidan ilhom olgan o'smirlar yana ham avjni balandroq oldi. Bunaqasini kutmagan domla bir oz o'ng'aysizlandi, ammo chekinishni oriyati rad etdi hamda salmoqli ohangda, bir oz yon berib:

— Dam olayapsizlarmi? — dedi mulzam va beixtiyor: — Kitob ham o'qiladimi? — deb yubordi.

Davrada masxaraomuz yengil kulgi ko'tarildi. Domla qizardi, ammo qorong'ida bu ko'rinmadi.

Shovqin avjidan tushmas, hech kim pinagini buzmasdi. Domla zarbani kuchaytirmoqchi bo'ldi, bevosita mavjud ahvoldan kelib chiqib, bir oz o'dag'aylab:

— Qarta o'yin qimorday gap, yaxshi emas, — dedi.

— E, — dedi xuddi “ko'z bormi?” degandek qilib bir bola to'rroqdan, u, chamasi, davraboshi edi, — biza shunchaki o'yin o'ynayapmiz… nimasi yomon ekan?

— Bundan ko'ra kitob o'qib, darslar yuzasidan gaplashsanglar bo'lmaydimi? — domla o'zining dalillari qoni jo'shib turgan bu o'smirlar qarshisida tosh bosmayotganini seza boshladi. Ularning yuzi emas, qulog'i ham qotib qolgandek edi.

— Biza hozir dam olayapmiz. Dam olishga haqimiz bormi?

Hamma kulib yubordi. Bu yana o'sha bola edi, bo'ynini cho'zib gapirardi.

— Sen juda aqlliga o'xshaysan, kimning o'g'lisan? Bu yoqqa chiq! — domla kutilmagan vaziyatdan o'zini yo'qotdi, beixtiyor xuddi dars tayyorlamagan bolani doskaga chorlagan o'qituvchi yo'lini tutdi-yu, davomidan nima qilishni o'ylab o'tirmadi. Do'q qilsam, bola pisib, joyida o'tirib qoladi, deb kutgandi. Aksincha, “davraboshi” dast o'rnidan turdi-da, aylanib, domlaning qarshisida paydo bo'ldi.

— Mana, nima qilasiz?

(Keyinroq shu holatni sinf rahbariga aytib berdi, muallim “Kalla qo'yib olmadimi?” dedi beparvo iljayib. O'qituvchilar allaqachon o'quvchidan musht yeyishga o'rganib qolgandi chog'i). Bolaning kiprigi ham qilt etmas, cho'chish, qo'rqishdan asar ham yo'q edi. Domla butunlay kalovlandi. Arang o'zini qo'lga olib:

— Men sizlar kelajakda yaxshi odam bo'linglar, deb aytayapman. Kap-katta yigitlar ekansizlar, nima qilishni o'zlaring bilasizlar, — deya oldi. Katta odamning ovozi qaltirab chiqishi o'smirlarga ta'sir qildi, shekilli, davraga jimlik cho'kdi. Fursatdan foydalanib, domla ko'zir kartasini ochdi: — Qur'ondan keyingi asosiy qo'llanmani yozgan yurtdoshimiz Imom Buxoriy “Ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmaydi ham” deganlar.

Hamma jimib qolgandi, birdan chiyillagan ovoz sukunatni buzdi:

— Qur'onni Imom Buxoriy yozmagan…

Bu mezbon jiyanning o'g'li “jiyancha” edi. Domlaning qattiq jahli chiqdi. Bola yaxshi eshitmay, aynan din tarixidan ma'ruza o'qiydigan ustozni savodsizlikda ayblayotgandi. Bir oz muvozanatini yo'qotgan domla:

— Sen menga tanbeh berayapsanmi? Men shunday dedimmi?

Endi munozaraning mavridi o'tgan edi. Domla agar sehrgar bo'lsa ham bir-ikki tanbeh bilan davraning kayfiyatini yaxshi tomonga burib yubora olmasligini tushundi va murosa yo'liga o'tib, yig'lamsiragandek “Bolalarim…” deb boshlab, baribir pand-nasihat qildi, hovuridan tushgach, derazadan uzoqlashdi. Xalq o'z tilida “shantaj” deb nom qo'yib olgan usul bilan jiyancha uni “nokaut” qilgan edi. Domla ketgach ham o'yin o'sha alpozda davom etdi, chamasi; ancha vaqtgacha shovqin tinmay turdi. O'smirlar qachon tarqalgani noma'lum, domla g'ussaga botib, alamzada uyqu asiriga aylangan edi.

Ertalab jiyanchani huzuriga chaqirtirdi, u g'olibona kirib keldi, go'yo o'rinsiz haqorat eshitgan odamdek to'rsayib turdi. Domla uning ko'nglini ovlashga urindi, yaxshi gaplardan gapirdi, oxirida o'zining “Imom Buxoriy — muhaddis” deb nomlangan risolasini sumkasidan chiqarib berdi. Bu bilan “Men Qur'onning ilohiy kitob ekanini, Imom Buxoriyning esa payg'ambarimizning shariatlarini to'plaganini juda yaxshi bilaman” demoqchi bo'ldi.

— Bu kitobni yaxshilab o'qi. Kelgusi safar kelganimda so'rayman, — dedi ta'kidlab. Jiyancha miq etmay, xomushligi ham tarqalmay chiqib ketdi.

Uch oy o'tib, domla yana qishloqqa so'nggi qo'ng'iroq tadbiriga keldi. Jiyanchani chaqirib, “Kitobimni o'qidingmi?” dedi. “O'qimadim” dedi bola surbetlarcha. “Kitobni qaytar!” dedi zarda bilan domla. Hayal o'tmay, kitob qo'liga tegdi. Domla qayrilib ko'chaga chiqdi va… kitobini yuziga bosib, yig'lab yubordi.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =