Hayot gullarini so'ldirmang!

Qo'limda ne-ne orzu-umidlar bilan turmush qurgan ikki yoshning ajrashish to'g'risida sudga bergan da'vo arizasi. Kelin qaynonasining kamsitishlariyu zug'umlari jon-jonidan o'tib, ikki oylik homilasi bilan ko'ch-ko'ronini olib, ota-onasinikiga ketib qolgan. Dunyoga kelgan olti oylik farzandining munchoq ko'zlari ota diydorini ko'rmagan. Onasining so'zini ikki qilmaydigan o'g'il sevib uylangan xotini farzand kutayotganligini bila turib, bir marta ham hol so'ramagan.

“Nega turmushning quvonchu tashvishini, baxtli va baxtiyor onlarini birga totmay turib, farzandli bo'lganingizda ajrashishga qaror qildingiz?” — so'radim yigitdan. “Onamni mensimagan xotin bilan yashamayman”, — dedi er o'ta loqaydlik bilan.“Kelinning ro'zg'or tutishi, muomalasi kimga yoqmadi: sizgami yoki onangizga?” “Onamga yoqmagandan keyin menga ham yoqmaydi-da. “Alohida yashasangizlar bo'lmaydimi?” “Men ota-onam bilan yashayman”. “Unda nega uylandingiz?” Yigit boshini xam qilgancha o'yga cho'mdi. “Farzandingizni yetim qoldirish gunohidan qo'rqmaysizmi?” U miq etmadi.

Mahalladagilardan olingan ma'lumotlar va savol-javoblardan ma'lum bo'ldiki, qaynona o'zining kelinlik yillarini unutib qo'ygan, kelinini qizidek ko'rib, bilmaganlarini o'rgatishni, yaxshi gap bilan yo'l-yo'riq ko'rsatishni, maslahatlashib ish ko'rishni xushlamaydigan, “mening aytganim bo'ladi” deydiganlardan ekan. Shuning uchun u sudga chaqirilmadi. Oilasidagi voqeadan voqif bo'lgan qaynota bosiqlik bilan, oila a'zolarining ko'ngliga ozor bermay, o'rtadagi tushunmovchilikni bartaraf etsa olam guliston edi. Buning uchun u qat'iyatli, so'zi bilan ishi bir, kattayu kichikka o'rnak bo'lishi kerak.

Albatta, oila qurayotgan yigit ham turmushning pastu balandi, og'ir-engili, achchiq-chuchugi borligini, paydo bo'ladigan muammolarni aql, tadbirkorlik va sabr-toqat bilan hal etishni o'z zimmasiga oladigan, qaynona-kelin o'rtasidagi ikir-chikirlarni qizishmay, “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan inson dinidan chiqar” degan maqolga amal qilib ish tutsa, oila totuv va mustahkam bo'ladi. Ikki yoshga ana shularni uqtirib, kechirimli va mustaqil fikrli bo'lishga, kek saqlamaslikka, yo'l qo'yilgan xatolardan to'g'ri xulosa chiqarib, ibratli oila bo'lishga da'vat etib, yarashish uchun ma'lum muhlat berib, xayrlashdim. Ammo yosh oilani shu ko'yga solgan qaynonaga beriladigan “axir, o'zingiz ham kelin bo'lgansiz-ku, farzandlaringiz oilasini buzishdan sizga nima naf?” degan savol xayolimdan ketmadi.

Bilib bosilgan tikon

Nikohini bekor qilish to'g'risida ariza bilan murojaat qilgan Zohida (ism o'zgartirildi) ismli ayol sudga kelmadi. Mahalla faollarining aytishlariga qaraganda, u farzandlarini onasiga qoldirib, Turkiyaga sayohatga ketganmish. Sud ikki haftaga qoldirildi. Eri bilan ajrashishga qaror qilgan ayol Turkiyada nima qilib yuribdi? Oilasi jar yoqasida turganda chet elda dam olish ko'ngliga qanday sig'di? Olti yoshli qizi bilan uch yoshli o'g'lini o'n-o'n besh kunga onasiga qoldirish-chi? Bunga chidashning o'zi bo'ladimi? Nahotki bundan eri bexabar bo'lsa? Onasi-chi, nega onasi: “Hoy qizim, bu eshitgan quloqqa yaxshi emas. Dam oladigan bo'lsang, o'zimizda ham yaxshi joylar ko'p. Bolalaring bilan borsang bo'ladi-ku”, demadi? Ota-chi? “Yaxshi o'ylabsan. Borsang-boraver. Bolalaringdan xavotir olma, o'zimiz ko'z-quloq bo'lib turamiz”, dedimikan? Bu savollarning har biriga javob izlar ekanman, gulday ikki bola taqdiri meni ko'proq o'ylantira boshladi…

Bugun sudning navbatdagi majlisi. Zohida ikki bolasi bilan zalning bir chetida, eri bir chetda o'tiribdi.Ayolning havolanib ketgani, erini mensimayotgani yaqqol sezilib turar, maqsadi yarashish emas, ajrashish ekanligini ko'zlari aytib turardi. Tomonlarni navbat bilan eshitdik. Zohida erining e'tiborsizligidan nolidi. Nazarimda, u Turkiyadagi besh yulduzli mehmonxona bilan o'z uyini taqqoslagan, oilada turmushning mushti ko'ringanda darhol ajrashishga qaror qilganga o'xshardi. Eri tijorat ishlari bilan band bo'lgani bois oilasiga yetarlicha e'tibor berolmayotganligini tan olib, bundan buyon xotini va farzandlarini e'zozlashga, mehr-muhabbatli bo'lishga so'z berdi. Ayni paytda u xotini tuhmat qilayotganligini ham yashirmadi. Shu orada Zohidaning Turkiyada sayohat qilib kelgani ochilib qolib, eri to'nini teskari kiyib oldi. Endi bir kun emas, bu ayol bilan bir soat ham yashamayman deya sud zalini tark etdi. Tikonni bilib bosgan Zohida uning jabri qanchalik azobli bo'lmasin, niyati amalga oshganidan baxtiyor edi.

Sud jarayoni davomida o'g'il otasining qo'lini mahkam ushlab turgani ko'z oldimdan ketmay, agar er-xotin ajrashsa, opa-uka yetim bo'lib qolishlarini o'ylab, yurak-bag'rim ezilib ketdi. Bu otani ham befarq qoldirmas. Shuni o'ylab, nima bo'lganda ham, ikki bola uchun oilani saqlab qolish kerak degan niyat bilan olti oy muhlat berdim. Tajribamda shunday bo'lgan. Sud bergan muddat va imkoniyatlar bejiz emasligini to'g'ri tushungan va farzandlarining kelajagini o'ylab, yarashgan, sud eshigiga kelib, qilmishlaridan uyalgancha rahmat aytib ketgan oilalar bo'lgan. Zohida ham ikki farzandini o'rtaga qo'yib, eridan uzr so'rab, bir-birlarini tushungan holda inoq yashab ketsalar ajabmas.

Hammasiga telefon aybdor

Avvaliga olti oy, keyin uch oy muhlat berilgan oila yana sud zalida. Ularning he yo'q, be yo'q, kutilmaganda ajrashishga qaror qilganlarini eshitgan borki, “tavba-tavba”lab yoqa ushlashdi. Ishongandan ishonmaganlar ko'p bo'ldi. Mahalla faollari og'zi to'lib maqtadi. Hatto har yil chet ellarga sayohat qilib kelishlari ham havas bilan e'tirof etildi. Xullas, oila haqida ijobiy fikrlar aytildi. Ammo xotinning telefonidagi yozishmalaru suratlar janjalli bahslarga nuqta qo'ydi. Oila qo'rg'onining buzilishiga asos bo'ldi. Bu meni ham lol qoldirdi, qalbimni larzaga soldi. Ikki bolaning ota-onasini yarashtirish yo'lidagi sa'y-harakatlarim zoe ketayotganday tuyulaverdi. Shunday paytda ota olti yoshli o'g'li o'zining farzandi ekaniga gumoni borligini aytib, otalikni aniqlash uchun ekspertiza o'tkazishni so'radi. Bu dard ustiga chipqon bo'lib, oila a'zolari munosabatlarini yanada chigallashtirishga xizmat qilardi. Shunga qaramay, bolalar ota-onaning ayri-ayri yashashlarini mutlaqo istamas, buni tasavvur ham qilolmas edilar. Endigina o'ttiz to'rt yoshni qarshilagan ayol siri fosh bo'lgach, “Bizni yarashtirishga urinmang. Men baribir bunday er bilan bir uyda yashamayman!” deya bolalarini yetaklab, jahl bilan chiqib ketdi. Men esa “Ajrashish ikkovlaringizga ham obro' keltirmaydi. Afsus va azob changalidan chiqolmay qolasiz. Bas, ajrashishga shoshilmang! Qizishmang! Bir-biringizni tushunishga harakat qilsangiz, yutqazmaysiz. Eng muhimi, oila qo'rg'onining buzilishiga, aziz farzandlaringizning mitti qalblarini yaralab, ularning yetim bo'lishiga sira-sira yo'l qo'ymang!” deya, bu oilaga yana imkon berdim. Bu yog'iga – vaqt hakam.

Shahnoza SUVANOVA,

Fuqarolik ishlari bo'yicha

Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 3 =