“Xazina”dan ayrilgan odam

Bir muallimni bilardim. Bilimdon va xokisor odam edi, rahmatli. Butun umrini qishloq bolalariga savod o'rgatishga baxshida etib yashadi. Nafaqaga chiqib ham tinch yurmadi. Qishlog'ini obod qilish uchun yelib-yugurdi. Odamlarning dardi bilan yuqori idoralarga borardi. O'zini emas, o'zgalarni o'ylab umr kechirdi.
O'sha muallimning bir odati bor edi. Ilmning, kitobning shaydosi edi. O'zi ham ko'p kitob o'qir, kitob yig'ardi. Uyida kutubxona tashkil qildi. Ba'zida to'ylarda, gurunglarda kimdir mol-dunyosi, qo'y-echkisi bilan maqtansa, muallim esa bisotidagi kitoblardan, ilmu urfondan so'zlardi.
Muallimning yolg'izgina o'g'li bor edi. Yolg'izligi sabab erkaroq o'sdi. Qishloqda birinchi bo'lib velosiped mingan, Moskvaga sayohatga borgan, “Artek”da dam olgan ham O'lmasboy edi. O'qishi o'rtamiyona bo'lsa-da, muallimning hurmati uchun o'qituvchilar uch baho o'rniga to'rt, to'rt baho o'rniga ko'zlarini yumib besh baho qo'yishar, buni bolapaqir bilsa-da, bilmaslikka olardi.
Nihoyat, O'lmasboy maktabni bitirib, shaharga o'qishga jo'nadi. Muallim o'g'lining bilimi sayozligini bilar, ammo ba'zi birovlarning: “Ana, otasi muallim bo'lsa ham, uyida bir dunyo kitobi bo'lsa-da, falonchi ham o'qishga kirolmadi”, degan gap-so'zlaridan qochib, yig'ib yurganlarini sumkaga joylab, bir paytlar maktabda o'qitgan shogirdi — fakultet dekanining uyiga qimtinibgina bordi. Domla uni suyunib kutib oldi. Hatto o'zining vaqt topib, muallimini yo'qlab borolmaganidan afsusda ekanligini aytib uzr so'radi. Muallim o'sha kecha shogirdining mehmoni bo'ldi. Domla ham sezgir edi. Gap ohangidan muallimining ichidagi dardini bilib oldi va qo'lidan kelguncha ko'maklashishga roziligini aytarkan, gap orasida dedi:
— Ustoz, sizdan pul olsam, nima degan odam bo'laman?
— Bilaman, Abdishukur, bilaman, lekin hamma ham sendek emas-da, qolaversa, bitta o'zing bilan ish bitmaydi, meni deb boshing xam bo'lmasin…
Shogird indamay boshini egdi.
“Ha, quruq gap bilan bu zamonda ish bitirish mushkul” degan fikr o'tdi uning xayolidan.
Xullas, O'lmasboy domlaning yordami bilan talaba bo'ldi. Xushxabarni eshitgan muallim g'oz yurish qilib qishlog'ining ko'chasini bir aylanib keldi.
Hash-pash deguncha talabalik yillari ham o'tdi. O'lmas ham bir amallab diplomni oldi va qishlog'idagi maktabga ishga joylashdi. Uylandi, bola-chaqali bo'ldi. Taqdir ekan, otasi ham to'qsonni qoralab, yorug' dunyodan ko'z yumdi. O'limi arafasida o'g'liga uydagi kitoblarni avaylab asrashni, uni nabiralariga yetkazishni qayta-qayta uqtirdi.
Keyin esa ajabtovur davr keldi. Ilojini topgan borki, o'zini bozorga urdi. Ko'chalarni turli do'konlar bosib ketdi. Binoyiday ishlab turgan tashkilot va korxonalar inqirozga uchradi.
O'lmas ham maktabda ishlab yuraverdi. Aksiga olib, oylik maoshi ham juda kam. Otasidan qolgan uch-to'rtta qora-quralar esa allaqachon sotilib, bir sigiri qoldi.
Shu orada O'lmas yangi ulfatlar topdi. Ichkilikka ruju qo'ydi. Ro'zg'oridan baraka ketdi. Xotini bolalarini ergashtirib tez-tez otasinikiga ketib qoladigan bo'lib qoldi.
O'lmas esa do'konlardan qarz ustiga qarz olaverdi. Kunlarning birida do'kondorlardan biri kelib, bolalarining rizqi bo'lib turgan sigirini yetaklab ketdi. Ammo u qarzlaridan butkul qutula olmadi.
Bir kuni O'lmas ko'chada uyma-uy eski qog'ozlarni, ya'ni makulatura sotib olayotgan odamlarni uchratib qoldi va birdan xayoliga otasidan qolgan kitoblar keldi va ularni ergashtirib kelib, “tovar”ni ko'rsatdi. Ertasiga qog'ozfurushlar “KAMAZ” mashinasida kelishib, kitoblarni arzimas pulga olib ketishdi. O'lmas bu pulga bir xalta un va uch kilo yog' oldi va qolganini qarzini uzish uchun berdi.
Oradan chamasi bir oylar o'tib, uning uyiga shahardan otasining shogirdi bo'lgan Abdishukur domla mehmon bo'lib keldi va otasining kitoblarini so'radi. O'lmas ilojsizlikdan ularni sotib yuborganini aytishga majbur bo'ldi. Domla dedi:
— Shunchalikka borgan ekansan, menga xabar qilsang bo'lmasmidi? O'sha kitoblar uchun anovi “Neksiya”ni so'rasang ham bajonidil bergan bo'lardim…
O'lmas boshini changallab qoldi, uning ko'zidan alam yoshlari oqdi…
O'rolboy QOBIL