Qo'shni devori qalinmi, yuragimizniki?

Bolaligimda uylar devor yoki turli panjaralar bilan berkitib to'silmagan edi. O'rtada to'siq bo'lmaganidanmi, odamlarning bir-biriga bo'lgan mehri ham chegara bilmas edi. O'sha davrlar ajoyib va sermazmunligi bilan xotiralarda qolgan.

Qo'shnilar o'rtasida qarzga berilgan non qaytarilganda ming  xijolat bilan olinar edi. Ertalabdan kechgacha bir-birimizning uyimizga borib o'ynalar, och qolganimizda esa katta laganga ovqat suzilib, o'rtada yeyilardi. U davrning go'shtsiz ovqatlarida ham o'zgacha ta'm bor edi, nazarimda. Yoki ulg'ayib shunday tuyulyaptimi ekan?

Kelin bo'lgach, boshqa muhit, boshqa tutum, xullas, hammasi boshqacha. Qo'shnilarning uylari baland devorlar bilan o'ralgan, aqalli narsa so'rab chiqilmaydi. Ishoning, 5 yildirki, hamon qo'shnilarimni tanimayman. Orada baland devor bor, lekin orani o'rab turgan sukut, befarqlik, tanimaslik devori undan-da baland va qalinroq!

Eshitishimcha, oldin bir qo'shnimiz qo'shnilariga ishonmay yosh farzandini uyda yolg'iz qoldirib, o'zi ta'ziyaga ketadi. Qaytgach, o'z uyida gazdan zaharlangan farzandining ta'ziyasini beradi.

Bugun shaharlarda ko'p qavatli uylar devorlari qo'shnilarni yaqin qilmay, aksincha, ajratib qo'yayotgani ham bor gap. Ba'zi bir mahallalarda qotillik yuz berganidan OAV orqali xabar topamiz. Sizningcha, begona joydan kelib shu ishni qiladimi? O'z atrofidagilar qiladi yoki yordam beradi. Bunday jinoyatlarning aksariyati arzimagan muammo ustida janjallashgan qo'shnilar o'rtasiga tushgan nizolar natijasida ham sodir bo'layotgani sir emas.

Qo'shnichilik qadriyatining so'nishiga sababchi bo'layotgan birinchi omil ijtimoiy madaniyatimizning tanqisligi, virtual suhbatlar, urbanizatsiya, ya'ni shaharlashuv. O'zaro raqobatlar — “kim zo'r?” degan bahslar ham mehr masofasini uzoqlashtirmoqda. Ishonchsizlik va qo'rquv bu qadriyatlarning yanada  yo'qolishiga olib kelmoqda. Afsuski, jamiyatdagi jinoyatchilik, firibgarlik yoki ijtimoiy ishonchsizlik ko'plarni ehtiyotkorlikka, yopiq, biqiq yashashga undaydi.

Yaxshi va yomon kuningizda eshikni birinchi taqillatadigan inson bu — qo'shnidir. Bugun bolalarimiz “qo'shnichilik” degan so'zni nafaqat lug'atdan, balki amalda ham o'rganishi kerak. Agar bu qadriyat so'nsa, jamiyat individualizm botqog'iga chuqurroq botadi.

Payg'ambarimizning muborak hadislarida ham qo'shnilar bilan ahil, ittifoq bo'lib yashashga undaladi. “Qo'shnining haqi” degan tushunchalar unut bo'lib ketmasligi kerak. Aytaylik, yon qo'shnisi juda muhtoj bo'lsa-da, buni ko'rmaslikka olib, o'z uyida shohona ziyofatlar uyushtirayotgan, aql bovar qilmas isrofgarchiliklarga yo'l qo'yayotgan  ayrim odamlarda insof, diyonat xislatlari qaerdan bo'lsin? Bunday oilalarda voyaga yetayotgan farzandlar-chi, o'zidan boshqani o'ylaydigan mehr-muhabbatli, muruvvatli kishilar bo'lib yetishadimi?

Afsuski, bunday emas. To'qlikka sho'xlik qilib yashaydigan yoshlar o'zgalarning dardini his qilishmaydi. Manman va takabbur nusxalarga aylanishadi. Eng yomoni, ular hayot deb atalmish sinovli dunyoda xayrsiz hayot kechiradilar. Ko'pincha ana shu hayotning qattiq jazolariga bejiz duchor bo'lmaydilar ham.

Shunday ekan, qo'shni bilan iliq munosabat yurtdagi tinchlikning, mehrning, ijtimoiy birdamlikning asosi bo'lishi kerak. Yo'qsa — eshiklar yopiq, yuraklar sovuq bo'ladi.

Siz-chi, qachon oxirgi marta qo'shni eshigini qoqdingiz?

Marjona HAYTBOYEVA,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − twelve =