Qanoatsizlik ortidagi kulfat

Kishilik jamiyati erkagu ayoldan paydo bo'lgan. Ayol zoti hayotda onamiz, jufti halolimiz, opa-singlimiz, qizimizdir. Ayol kishi, avvalo, ona sifatida qadrlanadi. “Jannat onalar oyog'i ostida”, deb marhamat qilinadi.

Shariatga ko'ra, ayol turmush o'rtog'iga itoatsizlik qilsa, avvalo, unga chiroyli nasihat qilish, bu ta'sir qilmasa, yotog'ini alohida qilish, bu ham kor etmasa, unga ozor bermaydigan darajada urishga izn beriladi.

Erkaklar ham o'z ayollari bilan go'zal muomalada bo'lishi, tinch-totuv turmush kechirishi lozim.

Fahm-farosatli, zukko ayol erining mol-mulkini ko'z qorachig'iday asraydi. Erining borida ham, yo'g'ida ham hurmatini joyiga qo'yadi. Pardozni ko'chaga chiqqanda emas, eri ishdan kelishiga qiladi. “Eringga e'tiborli bo'lgin, chunki u sening uchun yo jannating yoki do'zaxingdir”, deya bejiz aytilmagan.

Maqolamizning kirish qismini shu yerda muxtasar qilamiz.

Turli oila mojarolari izidan yo'lga tushamiz.

Uchrashuv

Ayol ko'zini ochsa, soch-soqoli oppoq, uzun oq liboslari o'ziga yarashgan, fayzli, nur yuzli nuroniylar ro'parasida turibdi.

— Siz kimsiz, men qaerdaman?

— Sen tush ko'rmayapsan! U dunyodagi hayoting tugadi. Sen endi chin dunyoga yetib kelding. Oxirat hayoting boshlandi. Biz vijdon ko'zgusimiz.

— Vijdon ko'zgusi?! U nima degani, tushuntirib bera olasizmi?

— Bu manzil oxirgi yo'lning boshlanishi.

— Nima, men o'ldimmi?

— Foniy dunyo tili bilan aytganda, sen vafot etding!

— Men o'lmadim! Nega men o'lishim kerak? Men o'lmaganman!

— Nega hayron bo'lyapsan, nima, hech o'lmayman, deb o'ylagan edingmi?

— O'lim haq ekanini yaxshi bilaman, negadir shoshib qoldim. Kasalxonada tush ko'rayotgan edim, ancha tuzalib ham qolgan edim.

— Uning shartlarini yolg'iz Alloh biladi.

— Endi nima bo'ladi, savol-javob boshlanadimi?

— Boshlandi, desak ham bo'laveradi. Olgan har nafasing va gapirgan so'zingdan tortib, butun umringning hisobini berasan!

— Yo'g'-e, qanaqasiga?

— Hisoblashishga tayyormisan?

— Tayyorman, ammo rosa qo'rqib ketyapman. Yetarli darajada Allohga qul bo'la olmadim. Menga yana bir marta imkoniyat, hayot taqdim etilsa, yaxshi inson bo'lishga va'da berar edim.

— Dunyoda yaxshi inson bo'lishing uchun senga ko'p fursat va imkon berilgan edi. Sen ulardan to'g'ri foydalana olmading.

— Men qo'limdan kelguncha mo'mina bo'lishga harakat qildim, lekin boshimga shunday sinovlar keldiki…

— Demak, o'zingni o'ldirmoqqa ahd etding!

— Boshqa ilojim qolmagan edi.

— Jon Allohning omonati emasmi?

— To'g'ri, ammo boshimga kelgan shuncha mushkulotdan keyin o'zimni qo'lga ololmadim.

— Ammo Allohning o'zi seni qutqardi.

— Agar o'zimni o'ldirmaganimda nima bo'lardi?

— Jon ne'mati insonga uning o'zi xohlagani uchun emas, Alloh irodasi bilan taqdir qilinadi.

— Ammo men qurbon bo'ldim. Chiroyli oila qurish imkoniyatini boy berdim.

 

Ularning turmushi chiroyli boshlandi. Dang'illama bo'lmasa-da, mo''jazgina hovliga kelin bo'lib tushdi. Izma-iz ikki farzandli bo'ldi. Tashvish ham shunga yarasha ortib bordi. Xotin uyda bolalar tarbiyasi, er esa ro'zg'or tashvishi bilan band, oyda topgani uchma-uch yetadi. Kelin ota uyida erka o'smaganmi, turmushdagi kamchiliklar asabiga tega boshlaydi. Arzimagan narsalarni bahona qilib, ota-onasinikiga ketishni odat qiladi.

Uchrashuv

— Eringdan, oilangdan ko'ngling nega birdan sovidi?

— Yetishmovchilik sabab. Uyimizga haftada bir-ikki kilo go'sht kirardi, homilador paytimda ham, keyin ham ko'nglim tusagan narsani yemaganman, dasturxonimiz hech qachon but bo'lmagan.

— Sabr qilish lozim edi. Bular uyga ketib qolishga sabab bo'lolmaydi.

— Erim kelishgan yigit, xushtorlari shunga yarasha, degan gumonga borganman.

— Shubha iymonni yemiradi, eshitmaganmiding? Eringni necha marta qo'lga tushirgansan?

— Poyloqchilik qilmaganman, ammo rashkim baland edi, bu rost.

 

Erining birgina singlisi bor. Avvaliga apoq-chapoq yashagan yanga va turmushga chiqmagan qaynsingilning oralari keyin buziladi. Ikki haftada ota-onasi ziyoratiga kelib, yangasining qosh-qovog'iga bazo'r chidardi.

Uchrashuv

— Men kelin bo'lib tushganimda qaynsinglim universitet talabasi edi. Tabiatan qizg'anchiqman, u esa mening shaxsiy buyumlarimni so'rashdan hech tiyilmasdi. Yo'g'imda esa xonamni titar, ko'ngli istagan narsasini olib ketar edi.

— Qo'li ochiqlik, murosa, degan gaplar bor edi u dunyoda. Mol-dunyo kimlardan qolib ketmaydi. Buyumlaring kamayib qolarmidi o'shanda?

— Yo'q, aytdim-ku, qizg'anchiq o'sganman, deb.

— Oilang tinchligi uchun u bilan murosaga borishing kerakligini bilmasmiding?

— Bilardim, lekin g'ururim yo'l qo'ymasdi.

 

Bir safar farzandlarini olib, uyiga arazlab ketgani holda bir yilga yaqin qoldi. Ota-ona boshchiligida katta guruh uch mashinada kelinning ko'ch-ko'ronini ko'tarib, xonadonni huvullatib ketdi. Kelinning ketib-kelishiga ko'nikkan qo'ni-qo'shnilar hayron, lol. Ajrashaman, bolalarni o'zim boqib olaman, deb turib oldi. Yigit ham uning yo'lini to'smadi, ko'ngli sovigan er xotinining ketidan bormadi. Janjal chiqarmaslik uchun hatto qaynona uyiga farzandlarini ko'rishga ham bormadi. O'zi pishirgan osh, aylanib ham, o'rgilib ham o'zi yesin, dedi. Bu orada ajrashish uchun sudga ariza berishga ham ulgurdi.

Uchrashuv

— Har oilaning o'z siri bor. Uydagi gapni ko'chaga olib chiqmaslik, erni sharmanda qilmaslik taqozo etiladi.

— To'g'ri, bu masalada ham afsusdaman.

— Er-xotinning orasini isloh qilish eng savobli amal. Ota-onang ajrashish ishiga shunchalik yengil qaradimi?

— Ular mening gapimga ishonishar edi. Erim meni muntazam urar, haqoratlar, xo'rlar edi, deganman.

— Aslida-chi?

— Rosti, erim mehribon inson, farzandlarini suyardi. Menga qo'l ko'tarmagan. Ayollar bilan yurardi, deb tuhmat qilganman.

— Ajrashish, taloq qo'yish Arshni larzaga keltiradi. Sudga murojaat qilishning boisi nima edi?

— Ajrashib bolalarimga aliment undirish, erimni sharmanda qilishni o'ylaganman.

— Durust emas. Oilang bag'rida och qolayotganmiding?

— Yo'q, uni jazolamoqchi edim!

— Shuning uchun eringning ishxonasiga borib, shikoyat qilgan ekansan-da?

— Alamimni ichimda saqlash qiyin bo'lgan og'ir paytlar edi.

— Sen ma'rifatli ayol bo'la turib, mahkamada ham eringning sha'niga bo'hton ag'darding.

— Go'llik qildim, o'shanda undan tezroq qutulishni istagan edim.

— Sud yarashish uchun ma'lum vaqt berdi.

— Bu vaqtga kelib aqlim kirdi, keyin sudga boshqa murojaat qilmadim.

 

Beling to'la bola, farzandlaring katta bo'lib, o'zlari seni topib oladi, degan mo'ysafidlarning gaplariga kuyov ko'nmadi, farzandlarini yetim qilgisi kelmadi.

Kelin o'z xonadoniga qaytgach, shirin turmush uzoqqa cho'zilmadi. Sal o'tmay, yana eski “ashulalar” boshlandi — ro'zg'orda kamchiliklar, farzandlarga kiyim-kechak yetishmasligi, erning ishga erta ketib, kech qaytishi. Yana rashk, erining to'g'ri qadam tashlamayotgani haqida o'ylab topilgan hikoyalar davom etdi.

Uchrashuv

— Bir marta ta'ziringni yeb qaytding, keyin yana eski hunaringni boshlading…

— Farzandlarim sog'lom ulg'ayishini, ko'zi to'q bo'lishini istagan edim.

— Ota-onangga “erim uradi, suradi”, deya yomonlashdan tiyilmading.

— Birovning orqasidan gapirish, birovga tuhmat qilish odat tusiga kirib qolgan ekan, o'zimni boshqara olmadim.

— Atrofingda senga nasihat qiladigan yaqin do'st, qarindoshlaring yo'qmidi?

— Ota-onam, qarindoshlarimning uncha-muncha gaplariga quloq solmasdim, hayotimni o'zim hal qilaman, degan tushuncha bilan yashadim, qaysarlik qildim.

— Hozir ham pushaymon emassan, shundaymi?

— Ko'zim ochilgandek. Kamchiliklarni tuzatishga imkon berilsa, unday qiliqlarimni qaytarmagan bo'lardim. Erimni hech qachon xafa qilmasdim.

 

Yigit moli yerda, erning ishi yurishib ketdi. Jamiyatdagi e'tibori yuksaldi. Kelin poshshaning yegani oldida, yemagani orqada. Eski uyini buzib, yangisini tiklab oldi. Mebellar almashdi. Farzandlar oliy ma'lumotli, keyin uyli-joyli bo'lishdi. Etaklari nevaralarga to'la boshladi.

Xizmat yuzasidan er xorijga tez-tez chiqib turar, har safar noyob, kamyob narsalar ko'tarib kelardi. “Uy ombori” toza, asl buyumlar bilan to'ldi.

Uchrashuv

— Ayol fahm-farosati bilan eriga huzur bag'ishlashi, xonadoniga fayz-barakot keltirishi kerak. Sen esa eringning asabini qayrash bilan o'tding.

— Afsusdaman.

— Mol-mulkini asrash o'rniga uni sarflash bilan ovora bo'lding. Uning roziligini olmasdan mulkni huda-behudaga sochding. Ayol kishi erining iznisiz birovga hadya berishi joiz bo'lmaydi, degan hikmatning teskarisini qilding.

— Erim o'shanday paytlarda “mening xabarim bo'lsa, halol” deguvchi edi. E'tiborsizlik qildim. Hadya berib, kimlarnidir sevintirdim, ammo erimni xafa qilib qo'yganimni endi tushunyapman.

— Eringga itoat qilmay, dono, zukko ayol maqomiga erisholmading. Uning toqatidan ziyod narsalarga majbur qilmaslik kerak edi.

— Erimning kayfiyatiga qaramay, o'rinsiz savollardan tilimni tiya olmaganim, gina saqlab haftalab, oylab unga qovoq-tumshuq osganim, ko'nglini olishga harakat qilmaganimni nazarda tutayotgan bo'lsangiz, haqsiz, aybimga iqrorman.

— Ana, endi asosiy mavzuga yaqinlashdik. O'z uyida tinchlik-xotirjamlik topmagan er osoyishtalikni boshqa joydan izlab qolishi, shariatga to'g'ri kelmasa-da, bor gap.

— Hammasi o'sha telefonimga kelgan “SMS”dan boshlandi, ketidan Telegram kanalga yuklangan suratlar meni quyushqondan chiqarib yubordi.

— Nahotki 25 yilda ham eringni tanib ololmagan bo'lsang?

— U kishining menga xiyonat qilmasliklariga ishonardim, albatta. Ammo o'sha kuni…

— Ering ishdan qaytganda bafurja gaplashib olsang bo'lardi. Telefonda jerkib gaplashganing yetmaganidek, ishxonasiga nima uchun bording?

— Haqiqatni izlab…

— Xo'sh, topdingmi uni?

— Voqeaning asl sababini o'rganmasdan qiziqqonlik qildim. Menga har narsa ayon, deb bilibman. Shuning uchun pichoq ishni bitirishi kerak, deb xom o'ylabman.

— Bir gunohsiz odamni o'ldirmoqning badali nima ekanini bilasanmi?

— Bilmayman.

— Bir insonni o'ldirgan butun insoniyatni o'ldirgan bilan barobardir. Bu oxiratda abadiy otashda yonmoq deganidir.

 

Rashk ilohiy tuyg'u, mo'min kishiga xos xususiyat. Ammo mo''tadil, vasvasa darajasiga o'tmagan rashk yaxshi sifatdir. Rashk bilan shubha-gumon farqlanadi. Gumonga borib, ayol o'zining umriga zomin bo'ldi. Boshqa ayolga pichoq o'qtalib, uni yurak xurujiga mubtalo qildi. O'zini xazon qildi. O'rtada farzandlar yetim qoldi. Onali yetim — gul yetim, otali yetim — shum yetim.

Uchrashuv

— Yanglish ish qildim. Ko'p pushaymonman.

— Sen bu yerda yolg'on gapirmading, to'g'risini aytmaganingda, rostini senga ayttirishar edi. Odamlar jahannamga sababsiz tushmas ekan, shundaymi?

— Shunday.

— U dunyoga sig'magan zulmni jahannam tozalaydi.

— Endi mening ahvolim nima bo'ladi?

— Sen o'zing nima deb o'ylaysan?

— Bilmayman.

— Avvalo sendan kundalik ibodatlarni so'rashadi.

— Imkon qadar bajarishga harakat qilganman.

— Bu juda muhim.

— Agar qolganlarini bajarolmagan bo'lsam-chi?

— U zamon Haq rizosi uchun qilingan amallar yordamga keladi…

 

“Islomda insonga sajda qilish yo'q, agar bo'lganida, ayollarning erlariga sajda qilishlarini buyurgan bo'lardim”. Ushbu hadisning-da ma'nosi ayon: ayol eriga itoatda yashamog'i, boriga toqat qilmog'i kerak. Boshqa hadisi shariflarda ayol kishi farzlarni ado etib, eriga itoatda bo'lsa, jannatning istagan eshigidan kirishi aytilgan. Erga itoat qilish ayol kishining qadrini pastlatmaydi, aksincha, bu uning qadrini ulug'laydi. Axir xotiniga itoat etgan erga jannat va'da qilinmadi-ku.

Shuningdek, erkakning ham ayoliga nisbatan mas'uliyati bor. Ayol kishining yeb-ichishi, kiyinishi va uy-joy bilan ta'minlanishi uchun erkak mas'ul, bu erkakning zimmasida. Oilani moddiy jihatdan ta'minlash erkakning vazifasi. “Ayollar erkaklarning tug'ishganlaridir”, deb bejiz aytilmagan.

Hayot sir-sinoatlarga to'la. Haqiqiy baxt his-tuyg'ularni jilovlashdan, er-xotinning ehtiyoj va majburiyatlarga hurmat hamda mas'uliyat bilan yondashishidan, gina-kuduratga berilmay, arazlashmasdan, yaxshi-yomon amallarga sabr qilishidan iborat emasmi?

Er-xotinning o'zaro kelishib, bir-birini tushunib yashamog'ida katta naf, ezgulik bor: ajrimlar bo'lmaydi, bolalar yetim qolmaydi, jamiyatga xotirjamlik inadi…

Abror G'ULOMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + four =