Meni deb ochilmish baxtning chiroyi…

Sanobar MEHMON

 

JUNUN MEVALARI

Juda baland parvozlaganda u yozganidaki:

 

Tariqatlar charchatdi meni,

Ma'rifatlar charchatdi meni…

 

Bu jununiy iqrorga ishonmay bo'ladimi?

Ruhi Ishq bilan og'rigan shoiraning she'rlari menga negadir Furug' Farruxzodni eslatgandek bo'laveradi. Ehtimol, ularning har ikkisi ham o'ta dardli, Ishqparast bo'lganligi uchundir. Furug'ning boshdan oxir ishqiy she'rlari bir qarashda soy tubida yotgan xarsanglarday vazmin ko'rinsa-da, ichki bir shiddat bilan yozilganini his etib turasan. U o'ta sarkash. Sanobar Mehmonda esa ajib bir turkiy orifona jo'shqinlik bor. Uning yozganlarini beixtiyor kuylashing mumkin.

“May bo'lkim faqat, ahli junun no'sh aylasin”… Bu Sanobar nomli oshiqning shiori.

U qanday yozishni biladi. Tuyg'ulari, hissiyotlari an'anaviy she'r qoliplariga sig'may qolganda, she'rning temir andozalarini buzgani rost. Bu sarkashlik uning beg'ubor she'rlariga yarashadi. Uning dil og'riqlari o'ta samimiy va qaynoq.

Domla Najmiddin Komil hali hech kim payqamagan talabaning she'rlarini surishtiradi. Daftar hoshiyalarida, kitob muqovalarida uzuq-yuluq yozilgan she'rlarni ko'chirish ajoyib shoir Asqar Mahkam chekiga tushadi. Bu o'ziga xos mujda edi.

Shundan so'ng Sanobar: “O'n yillar she'rdan uzoqlashdim”, deb yozadi. Ishongimiz kelmaydi. Aksincha, u she'r olamining ichiga yanada chuqurroq kirgan. Oshiqning o'n yillik sukuti kamida saratonda momaqaldiroq gumburlashini eslatadi.

Bugun Sanobar bir-biridan jo'shqin, bir-biridan dardli she'rlari asnosida muxlislar ko'ngliga kirib borayapti.

Alisher NARZULLO

 

* * *

Gul etar, gulgun etar,

Qatlimni charx beun etar.

Buncha mani afsun etar —

Hiyloya oshig' bo'lmisham.

 

Qonimda qaynar so'zlari,

Jonimda o'ynar gizlari.

Voh-vohki jodu ko'zlari —

Yaldoya oshig' bo'lmisham.

 

Ayt, kimni bu dard yiqmagay,

Do'st banda hech yo'liqmagay.

Hargiz savodim chiqmagay —

Imloya oshig' bo'lmisham.

 

Kuydim boqib, kuydim boqib,

Suydim boqib, suydim boqib,

So'ng mavjida ketdim oqib —

Daryoya oshig' bo'lmisham.

 

Voh, qanday bu ishq nobino

Qildi, aqli-hushdin judo.

Maxtumquli, aylang duo —

Tarsoya oshig' bo'lmisham.

 

Bag'ringni och, yig'lay to'yib,

Yor naqsh chekar, dilni o'yib.

Dod!

Shuncha bog'larni qo'yib —

Sahroya oshig' bo'lmisham…

 

Hajrida yonganda jim,

Keldi falakdin ming ilm,

Ey, Sanobarkim, qadim —

Savdoya oshig' bo'lmisham.

 

* * *

 “Yor-ey”,  dedim, yorliqqa

Imo meni keltirdi.

Bu qadimiy borliqqa

Xudo meni keltirdi.

 

Keldim, o'rtanib keldim,

Senga o'rganib keldim,

Men seni tanib keldim,

Vido meni keltirdi.

 

Boshdan-oyog'im junun,

Boshdan-oyog'im funun,

Senday bemorim uchun

Shifo meni keltirdi.

 

Men keldim, rozim bilan,

Dilda Ishq sozim bilan,

Qadimiy nozim bilan

“Havvo” meni keltirdi.

 

Seni sevganim yolg'on,

Bu dard qildi sargardon,

Qolu balodan qolg'on

Savdo meni keltirdi.

 

Keldim, bilmasdan keldim,

Senga kelmasdan keldim,

Men axir oshiq erdim,

Bejo meni keltirdi.

 

Men chekdim riyozatlar,

Sen qilding malomatlar,

Bu sirli xolu xatlar —

Imlo meni keltirdi.

 

Kel endi, ey Sayyidim,

Ko'ngling ko'ngil ummidim,

Qabul bo'lgach sujudim —

Duo meni keltirdi.

 

Hamd ayt, Tangri —Hotamga,

Yosh to'ldirdi diydamga,

Senday noshud odamga —

Ato meni keltirdi.

 

Qolu balodan qolg'on

Savdo meni keltirdi,

Seni senga tanitsin deb —

Mavlo meni keltirdi!!!

 

* * *

Rangin dunyongizda menga nima bor,

Kiyganim adrasmi yo ipak shoyi?

Ruhimda yig'laydi darveshona mung —

Men bir xirgoyiman, hazin xirgoyi.

 

Ishqim Xudoyimga bitgan maktubim,

Boshimda ming savdo, dilbar savdoyi.

Kel, menga shivirla, azizim —

Men bir xirgoyiman, go'zal xirgoyi…

 

Sen bilan birgaman, ey pokiza so'z,

Garchand, yuragimda sukut anvoyi.

Hargiz anglamading, sezmading, afsus —

Men bir xirgoyiman, qadim xirgoyi.

 

Mensiz sabil qolar kuylaring, evoh,

Ohanging almoyi-aljoyi.

Tangrim senga mendan bergandi saboq —

Men bir Xirgoyiman, buyuk xirgoyi.

 

Yam-yashil til bilan roz aytdi Bahor,

G'unchalarga yoqdi shamolning poyi.

Buncha “nag'ma”larga, aytgin, nima bor —

Men bir xirgoyiman, sodda xirgoyi.

 

Ko'zlarimda yig'lar go'zal hodisot,

Men xusnning shohi, mehr gadoyi.

Bag'rimdan qon yanglig' kuy sizar hayhot —

Men bir xirgoyiman, buyuk xirgoyi.

 

Shaklidan ming chandon go'zal shamoyil,

Ruhida bazm etar sirlar anvoyi.

 

Siz bir kuylab ko'ring, degaysiz qoyil —

Men bir xirgoyiman, suyuk xirgoyi.

 

Chig'anoqqa kirib, durga aylangan,

Zulmatni mahv etib, nurga aylangan.

So'ngra yerga tushib,

she'rga aylangan —

Men bir xirgoyiman, nafis xirgoyi.

 

Bir nurman, falakdan yerga yog'ilgan,

Meni deb, ochilmish baxtning chiroyi.

Sening hajring bilan ruhim bo'g'ilgan —

Men bir xirgoyiman, munis xirgoyi.

 

Sen sira o'ksima, devona dilim,

Bir qo'shiq bo'lamiz, ishqday anvoyi.

Pichirla, sevgilim, kuyla, sevgilim —

Men bir xirgoyiman, latif xirgoyi.

 

Nafas yanglig' yutdim ishqingni qoyim,

Ruhimga shavq kelmish, sirli-yovvoyi.

Bir buyuk avjlarga ko'tar, Xudoyim —

Men ham xirgoyiman, sokin xirgoyi.

 

Bir suyuk mavjlarga ko'tar, Xudoyim —

Men bir xirgoyiman, buyuk xirgoyi.

 

* * *

Men osmon, sen osmon, yerdir arolig',

Jonimni beraymu ko'zi qarolig',

Bu ne hijron bo'ldi, bu ne judolig' —

Xudo ikkimizni birlashtirarmu?

Nayqamishlar kabi sirlashtirarmu?

 

Sen ketma, ketmog'ing ayon bo'lsa-da,

Ortingdan keturman

qayon bo'lsa-da,

Bu zamon ayrolig' zamon bo'lsa-da —

Tangriga ayt, bizni birlashtirsin-da,

Nayqamishlar kabi sirlashtirsin-da.

 

Men keldim, xazonday sarg'arib keldim,

Bilmaysan, bir mushfiq, bir g'arib keldim,

Dunyoga men seni axtarib keldim —

 

Endi Olloh bizni birlashtirmasmu?

Nayqamishlar yanglig' sirlashtirmasmu?

 

Shu damdan o'zgayam damim bor mani,

Ko'zingday qop-qora g'amim bor mani,

Kel, to'ldir, ming bitta kamim bor mani —

Koshki, Xudo bizni birlashtirsaydi,

Nayqamishlar misol sirlashtirsaydi!

 

Ishqimni ishqingga belab olarman,

Hajringda vaslimni elab olarman,

Men seni mahshardan tilab olarman —

Rabbim, oxiratda birlashtirganda,

Nayqamishlar kabi sirlashtirganda.

 

Ket, charx! Menga senday gardun kerakmas,

Ishq kerak, o'zga hech mazmun kerakmas,

Menga sen keraksan,

Majnun kerakmas —

Laylolar holidan sirlashtirgaymu?

Parvardigor bizni birlashtirgaymu?

 

Men osmon, sen osmon,

erdir arolig',

Jonimni beraymu, ko'zi qarolig'…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − four =