Turkman bulbuli

Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning 2024 yil 19 fevraldagi “Buyuk turkman şoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firoğiy tavalludining 300 yilligini keng nişonlaş töğrisida”gi qaroridan ruhlangan taniqli şoir va adib Tölqin EŞBEK yaqinda uluğ turkman şoiri Maxtumquli haqida yangi dostonini yozib tugatdi. Quyida ana şu asardan parça muştariylar hukmiga havola etilmoqda.

 

Turkman bulbuli

(Dostondan parça)

 

“Jayhun bilan Hazar bahri orasi,

Çöl ustida esar yeli turkmanning.

Gul-ğunçasi qaro közim qorasi,

Qora toğdan enar yeli turkmanning”.

Maxtumquli

 

Sahroyi ulusga aziz buloği,

Ora-sira karvonlar qönğiroği.

Taqirda yetişgan qovun, ğallasi,

Onalar şom çoği aytgan allasi.

Ammo şoir sözi bu elga totli,

U bir pahlavondir – dömbira otli!

Turkman manglayiga şoirlar bitgan,

Qançasi ötmişda yöqolib, yitgan.

Tanqis, noyoblikda sahro lolasi,

Elni huşyor etgan naʼra, nolasi.

Şoir Ozodiy bor, bor yana Maston,

Turdi şoir yozgan marsiya, doston.

Zunubiy, Öroz Xon, Maʼrufiy baxşi,

Aytişuv qilsalar eşitgan yaxşi.

Ança nazm qolgan Mullonafasdan,

Xoli aylar şeʼri qayğu-qafasdan.

Maxtumquli nazmi ularga darğa,

Mahdudlikni qilgay dildan badarğa.

Öz holiga qöyib fikru oyoqni,

Kezgandir Hind, Ozar ila Iroqni.

Maxtumquli nazmi qilgaç elni rom,

Turkman bulbuli deb qoldirgandir nom.

 

* * *

“Mağrur bölib kezma umring guliga,

Duç bölarsan bir kun xazon yeliga,

Yuz yil yaşab, tuşsang ajal qöliga,

Çapingdan öngingga boqqança bölmas”.

Maxtumquli

 

Atrek daryosida sohil seryovşan,

Kaftdakkina ovuldir Xojigovşan.

Bobo – Maxtumquli şunda musofir,

Örgangan har neki hunarga doir.

Dehqonçilik qilgan – qovunu ğalla,

Töqim tikkan qişda işsizlik palla.

Şunda bitta boşi ikkita bölgan,

Bolalari bilan ötovi tölgan.

Şeʼr aytgan dömbira çertib gohida,

Öğil-qiz yetişgan umr şoxida.

Bir öğlining Davlatmamaddir ismi,

Şeʼr bölgan hayotin katta bir qismi.

Taʼlim olgan joyi Xiva şahridir,

Oraliqda ulkan Amu nahridir.

Ovulga qaytganda uylab qöyişgan,

Turkmança töy qilib, tuya söyişgan.

Keyin farzandlarni bergan xudoyim,

Yaşagan hamişa deb “uyim-joyim!”

Maxtumquli ibn Davlatmuhammad,

Katta oilada uçinçi farzand.

Bobosining nomi unga qöyilgan,

Taʼbi nazmi juda erta tuyulgan.

Bobodan şeʼr ila dömbira meros,

Şoir Ozod nomi otasiga xos.

Ruhiy tarbiyada otasi – piri,

Mahliyo aylagan şeʼriyat siri.

Mol boqib, otaga tirgak bölgan ul,

Tayoqni mingandir bamisli duldul:

Ölanlar kuylagan barxanlar oşib,

Xayoli olamni olmoqqa şoşib.

Ön beş yoşlarida ona köz yumgan,

Kun böyi yiğlagan kötarmay ömgan.

Ilk şeʼri marsiya böldi onaga,

Qamalib olgança yakka xonaga.

Kuy çiqar kuygandan yoki suygandan,

Olim çiqar bilimga bino qöygandan.

Ota öz öğliga olgani taʼlim,

Katta mullolardan tutgan muallim,

Mablağ ila doim uni qöllagan,

Xiva tomonlarga qörqmay yöllagan.

Uluğ madrasadir bunda “Şerğozi”,

Yetişgandir qança olimu qozi.

Bozorida Xitoy, öruslar moli,

Marğilon adrasi, angor römoli.

Savdo ahli söylar turluk şevada,

Usta pöstindözlar bordir Xivada.

Izillaydi qişning şamol, sovuği,

Muzlab qolar hatto töqay tovuği.

Osma qovunlari yetgay to bahor,

Minorasi azon taratar nahor.

Yoş şoirning oşar ilmi, ilhomi

Şeʼrlarida erdi Firoğiy nomi!

Tunlari uxlamas şoir va çaroq,

Şeʼrlari tarqalar varoqma-varoq.

Ammo kelib qoldi şunda şumxabar:

Oila boşiga yoğilmiş xatar…

 

* * *

“Makon aylab uç yil yedim tuzingni,

Ketar böldim, xuş qol, gözal “Şerğozi!”

Ötkazdim qişingni, navröz, yozingni,

Ketar böldim, xuş qol, gözal “Şerğozi”.

Maxtumquli

(Xivadagi “Şerğozixon” madrasasi bilan xayrlaşuv)

 

Xivani bir körib töygan bormikan?

Özga joyni yana suygan bormikan?

Ustozlardan köngil bölurmi uzib,

Ketmoq mumkin faqat köngilni buzib.

Minoralar atlas kiygan koşindan,

Gul unar tuproqqa qöşib toşindan.

Asriy gujumlarning soyasi quyuq,

Qança zotlar çiqqan bu yerdan buyuk.

Ammo safar qarib, şumxabar yetdi,

Yoş şoir noiloj boş olib ketdi.

Afğon tomon ketgan ikki oğasi,

Boşdan judo misli qamiş qöğasi.

Elçi kasbi şunday xatarli yumuş,

Nasib ham etmabdi ularni kömiş.

Abdullo oğasi, Muhammadsafo

Yovuz duşmanlardan topdilar jafo.

Ikki ustunidan ayrilgan ota,

Közlari yiğidan boşlabdi bota.

Şoir öğil yetib kelgan hamoni,

Keksa otaning ham uzildi joni…

 

* * *

“Zamin yuzin siyoh tumon aylading,

Aytgil, falak, kimni omon aylading,

Firoğiyni, boq, beamon aylading,

Nomusim, iymonim – Ozodim qani?..”

Maxtumquli

(otasiga bağişlangan marsiya)

 

Birdan uç ayriliq şoirni ezdi,

Devonaday sahro bağrida kezdi.

Bu yoqda ukalar hali edi yoş,

Uylanmasdan katta oilaga boş.

Akalardan qolgan tirnoğu beva,

Tiriklikka qolgan na mol-hol, teva.

Bobosiday töqim tikar bigizda,

Ötirişu yotiş – naq qoq kigizda.

Uç-tört ovuldoşga berar dars, saboq,

Maoşiga oşdir oyda bir taboq.

Pöstin, töqim tikib qaynatar qozon,

Ğimir-ğimir faqat subhdan to azon.

Kaftdak dalasida tökar edi ter,

Yoş jiyanlar yiğlar: “Oğajon, non ber!”

Qirq hunar oz degan aynan şu özi,

Aqli tinmas, tinib ketsa ham közi.

Temirçiga – şogird, zargarga – tolib,

Şeʼr yozganda qöyar ozgina nolib…

 

* * *

“Ellarining donği doston,

Zilol suvu yaylovga kon,

Göklanglik – gözal Menglixon

Otlik dildordan ayrildim”.

Maxtumquli

 

Beşikkerti bölgan xola qiziga,

Köpam zor qilmagan edi iziga.

Yoşligidan bordi-keldi mölgina,

Oralari biror soat yölgina.

Birda yigit borar, birda kelar qiz:

Könglidagin aytmasidan bilar qiz.

Xivadan neça bor maktub yuborgan,

Çiroyli şeʼrlarin qöşib yuborgan.

Javoblar jönatgan gözal Menglixon,

Tilidan qöymagan masal Menglixon.

Uçraşsalar közlar çaqnar çaqinday,

Ikkisiga göyo visol yaqinday!

…Ammo qattiq böldi taqdirning qasdi,

Qisqa bölib qoldi şoirning dasti.

Xeş xeşga boqmagan bu qanday zamon?

“Kim qayda bölsang ham, bölsang bas omon…”

Qizning akalari uzatdi boyga,

Bu yerlardan juda uzoq bir joyga.

Şoir şeʼrlariga tökdi dodini,

Hargiz öçirolmas Mengli yodini.

Yurtçilik, yupunlik körsatdi kuçin,

U endi er bölar bevalar uçun.

Akasidan qolgan ayolni oldi,

Qöş farzandga töldi orqayu oldi.

Ammo farzandlari qolmadi yaşab,

Qişloğini ketdi oxir u taşab.

Yeçim topmas misol tiriklik çohi,

Botqoqdek qaʼriga çöktirar gohi.

Tanigin yöllarni oting borida,

Ellarni tanigin töning borida.

 

* * *

“Qismat bölmas, ketsam uzoq yöllarga,

Nasib qöymas, ketar yölim boğlar, hey!

Hayron Majnun bölib çiqay çöllarga,

Borib maskan tutay sizni toğlar, hey!”

Maxtumquli

 

Qölida hunari, dilida zori,

Yolğizning Ollohdir boşpanoh yori,

Yurtma-yurt yurardi şoir darbadar,

Körgan, bilganlari şeʼrida asar.

Buxoroda tahsil oldi, işladi,

Şu yerda bir muddat qolib qişladi.

Yana olislarga çorladi bahor,

Yöl bosdi gohida şundoq oç-nahor.

Afğonda akalar qabrin izladi,

Yana özni olis yölga xezladi.

Hindlar ölkasida ötkazdi yilni,

Keyin Farğonaga burdi u yölni.

Keyin Yassaviy deb Turkiston kezdi,

Söng esa Xivaning soğinçin sezdi.

“Şerğozi”da yana dars oldi bir yil,

Arğamçiga quvvat bölar emiş qil.

Keyin ovuliga burdi u yuzin,

Suv içdi teşgança Amuning muzin.

Biror yil qaraşib ota makonga,

Qöşildi yöl usti ötgan karvonga.

Ziyorat, tijorat, qisqasi sözni:

Dunyoni körsin va körsatsin özni!

Erondan söng ötdi Ozarbayjonga,

Şoir yetişgandi yuksak bir şonga.

Maşhur edi elda uning şeʼrlari,

Kutib olar edi turkiy ellari.

Hazar dengizining sohili böylab,

Yurar dömbirada şeʼrlarin kuylab.

Ozar oşiqlari bahslaşar birga,

Tarjimon kerakmas musiqa, şeʼrga.

Qoraqumdir magar qarşi qirğoği,

Ğarbiy sohil yaşil Köhi Qof toği:

Juda ham köp ekan daryosi, soyi,

Suv uzilmas sira ön ikki oyi.

Topsa ovuliga jönatar mol, pul.

Özini bu işda tutardi masʼul.

Ovuldan xat kutib, közi yöl poylar:

Har joyda manzili – karvonsaroylar.

Ötirgan – böyromiş, yurganlar – dayro,

Yöl unsa, dardlardan bölgaysan ayro.

Astraxan, Darband, Ganjani kördi,

Köhna Rum elida ança payt yurdi.

Iroqdan söng yetdi bahri ummonga,

Turkmanlar oçişar quçoq mehmonga.

Turkmanlar soçilgan yerning yuziga,

Öntasi yiğilsa xondir öziga!

Saljuqiy turklarning yaqin ajdodi,

Hamon ardoqdadir Tuğralning yodi.

Alp Arslon davridir özi bir kitob,

“Ğarbga!” – deya qilgan eliga xitob!

Keyin hukm surdi Usmoniy turki,

Ostida – tulpori, boşida – börki!

Yarim Ovröpani ilkida tutgan,

Ne şohlar ularni taʼzimda kutgan.

Şunday qardoşlarga havasi keldi,

Dilda esa firoq nafasi yeldi.

Yana yurti sari burdi yölini,

Dilni – Yorga, işga berib qölini!

 

* * *

“Har yigitning aslin bilay desangiz,

Maʼrakada ötirib-turişin köring.

Birov bilan oşno bölay desangiz,

Avval iqrorinda turişin köring”.

Maxtumquli

 

Yurib qança yot yurtlarda mastona,

Tortdi oxir qadrdon yurt, ostona.

Özga yurtning boği bilan boğçasi,

Öz yurtingning çumçuğiyu zoğçasi!

Tili ola oğzidagin oldirar,

Birlaşmagan aro yölda qoldirar.

Şoir qaytgaç, köngli lahza çoğ böldi,

Xaroblikdan ammo dili doğ böldi.

Beklar tortar yurtni turli tomonga,

Jang onida öq topilmas kamonga.

Uç tomondan örab olgan uç xonlik,

Xorazmu Buxoro va eronlik.

Sahro tuşgan turkmanlarning çekiga,

Xalq uyuşmas sira beklar kekiga.

Bir-biriga qiliç solgan, talagan,

Birlaşma, deb yovlar qalov qalagan.

Asl jangçi turkman eli azaldan,

Jang onida tap tortmaydi ajaldan.

“Men bilan böl!” – deydi uç yon barobar,

Uç tomonga tortar beklar sarosar.

Turdi Faroğiydek şoir Firoğiy,

Derdi: “Birlaşmasak, yenggaydir yoğiy!”

Şoir endi yurar ovulma-ovul:

“Birlaşgan xalq erur qudratli dovul!”

Bunyodkor mehnatga aytadi alqov:

“Yurtning katta yovi, avvalo, yalqov!”

Islomiy odobga çorlar ulusni:

Kiçik hurmat qilsin doim bölisni!

Lafziga sodiqlik er yigitga xos,

Bölmasa hammasi bölar eski tos.

 

Tölqin EŞBEK

 

2024 yil 27 fevral

 

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan