SAODAT DOVONI

Buvijon, yaqinda bizlar ham poezdda Toshkentga, undan «Afrosiyob» da Samarqandu Qarshi, Buxoro kabi shaharlarga sayohatga chiqamiz-a? Dovon yo‘li bitsa, olib borib tomosha qildiraman, — deb va’da qilgandingiz.

 Nabiralarimning bu intiqliklari kuni kecha Toshkent safari paytida bo‘lib o‘tgan yana bir suhbatni yodimga soldi. «Lasetti» tekis va ravon yo‘lda yelib borardi. Olis yo‘lda, hamrohlar bilan tanishib, gurunglashib ketish maroqli. Chamamda to‘qsonni qoralagan,chehrasi nurli, o‘zini Sobir ota, deb tanishtirgan oqsoqol lip-lip o‘tib, ortda qolayotgan obod manzillarning ko‘rku chiroyiga mahliyo bo‘lib, yosh boladay mashina oynasidan nigohini uzmay ketyapti. «Otasiga rahmat!» deb qo‘yadi, har zamonda. Otaxonni qandaydir xayol olib qochdi, shekilli, bir pasda mahzun bo‘lib qoldi.

– Ha otaxon, charchadingizmi, deyman?

– O‘, bolam-a, bolaligim esimga tushib ketdi. Dunyoga kebmanu, odamga o‘xshab yashamabman. Butun umrim dog‘u hasratda o‘tdi. Bolaligimdan biror yorug‘ kunni eslolmayman. Eslaganim, onamning qora chiroq yorug‘ida bedor charx yigirishi, yigirgan iplarini sotish uchun tong otmay, Marg‘ilonga otlanishi… Oltiariq bilan Marg‘ilonning orasi ozmuncha chaqirimmi? 8-9 yasharlik bola onamga ergashib, bu musibatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Bu bosh nimalarni ko‘rmadi, deysiz! Zog‘ora nonga qorni to‘ymay o‘tgan kunlarni unutib bo‘larmidi. Qahatchilik, qimmatchilik, ocharchilik, odamning hayoti, qadr-qimmati sariq chaqachalik bo‘lmagan qattol zamonlarni boshdan o‘tkazganman. O‘lmay shu yorug‘ kunlarga yetganimga, tinchlik, to‘kinchilik, ozodlikning ne’matlarini totayotganimga, nevara-chevaralarimning baxtu kamolini ko‘rayotganimga ming qatla shukr qilaman.

Otaxonning chiroyi yana ochilib ketdi.

– Nabiram Turin universitetida o‘qiydi. Uning sog‘inchi qo‘ymadi.

 Bir ko‘rib kelay, deb yo‘lga otlansam, «keksa odam, urinib qolasiz, yo‘l azobi — go‘r azobi», deb uydagilar qarshilik ko‘rsatishdi.

   Nabiram bo‘lsa buvajon, ikki-uch oy sabr qiling, hademay vodiyga qatnaydigan temir yo‘l qurilishi bitadi. Uchqur poezdga o‘tirsangiz, ko‘z ochib yumguncha Toshkentga olib kelib qo‘yadi», deb aql o‘rgatgan bo‘ldi. Sabrim chidamadi. Haliku, mashinada, butun O‘zbekistonni piyoda kezib chiqishga ham quvvatim yetadi, qolaversa, televizorda ko‘rsatishganda niyat qiluvdim, Yurtboshimiz tashabbusi bilan qurilgan yangi masjidni ham bir ziyorat qilaman, deb. Sayohat odamga kuch-quvvat beradi, yoshartiradi, deb hammalarini mot qildim. Axir yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra, deydilar. Yo‘l azobi — go‘r azobi, degan maqol allaqachon eskirib ketgan. Yo‘llarimiz ravon, tekis. Har qadamda o‘zimizning Andijon, Xorazmdan chiqqan mashinalar tulporday gijinglab turgan bo‘lsa?!

Fursatdan foydalanib otaxondan yoshini so‘radim.

– Hali yoshman, endi sakson beshdan ikki qadam o‘tdim, — otaxon kuladi.

Adashmagan ekanman.

— Yana uch qadamdan so‘ng to‘qson-da!

Otaxonning gaplaridan huzur qilib kelayotgan haydovchi yigit ham suhbatga qo‘shiladi.

– Bu yo‘llarning jigini ezayotgan yuklar vagonlarga ortilsa, ortiqcha chiqim, xarajatlar, asosiysi, tirbandliklar kamayadi, — deya u yengil mashinalarga yo‘l bermay balandlikka intilayotgan yuk mashinalariga ishora qildi. – Shu dovondan vodiyga temir yo‘l qurilarkan, Sardaladan boshlanib, Chodak qishlog‘igacha tog‘ni teshib tunel o‘tkazilarkan, degan xabarni eshitganimda bekor gap, menga cho‘pchak aytmang, deb gapirgan odamni og‘ziga urgandim.

– Qamchiq dovoni dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda, – mashinada birga ketayotgan shogirdim, O‘zbekiston milliy universiteti magistri, iste’dodli shoira Go‘zalxon Ergasheva bilag‘onlik qildi.

– Shunday balandlikda elektrlashtirilgan temir yo‘l qurish afsona bo‘lsa kerak degandim, haqiqatga aylanibdi, – dedi otaxon. – Davlatimizning qudratini, buyukligini qara-ya, bolam!

Qurama tog‘ining qoq belida qurilgan “Orzu” vokzaliga yetganimizda, otaxon haydovchidan 10 daqiqaga to‘xtashni so‘radi. Shunday yuksaklikda xalqimizning orzulari timsoliga aylangan vokzal binosining kutish zali, ona va bolalar xonasi zamonaviy tarzda, yuksak did bilan bunyod etilgan. Sobir ota vokzal qarshisida soqollarini tutamlagancha bir muddat turib qoldi… Kaftlarini yuziga surib, bunyodkorlarni duo qildi. Alqadi. Mashinaga o‘tirganimizda suhbatimiz yana davom etdi.

– Adashmasam, 1995 yillar edi. Ko‘p bor Toshkent — Andijon poezdida kelayotib, yuklarini qo‘shni mamlakat hududidagi bojxona nazorati paytida yo‘qotib, qo‘pollikdan, qolaversa, o‘g‘ri, kissavurlarga oldirib, dili qon bo‘lgan, xo‘rlanganlarning ohu zorlaridan yuragim ezilgan. O‘shanda bu kamsitilishlarning oxiri yo‘qdek, najot ko‘rinmas edi. Ko‘p o‘tmay dovon yo‘li qurilib ishga tushganda odamlar yelkalaridan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Ilohim ko‘z tegmasin. Tangri taolo ajri bilan xalqimizning asriy orzu-umidlari donishmand Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirildi.  Sobir ota jim bo‘lib qoldi. Uning xatti-harakatlarini kuzataman: soqollariga halqalanib tushayotgan ko‘z yoshlarini artib, qo‘llarini duoga ochadi:

– Allohim, Yurtboshimizning umrlari ziyoda bo‘lsin, xalqimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin! Tinchligimiz, hamjihatligimiz barqaror bo‘lsin!

– Ilohim, duolaringiz ijobat bo‘lsin. Agar temir yo‘l ishga tushsa vodiyning, vodiyliklarning hayoti  yanada o‘zgarib ketadi, otaxon. Bu qo‘shimcha ishchi kuchi, farovonlik, bozorlarimizning to‘kinligi, arzonligi degani. Tadbirkorlik, investitsiya, turizmga beqiyos imkoniyatlar eshigi ochiladi degani.

– Aytishlaricha mana shu tog‘lar orasidagi Dovon degan davlat bir vaqtlar uchqur otlari bilan mashhur bo‘lgan ekan.

– Qarang-a, – haydovchi yigit menga yuzlanadi. – Rivoyatmi bu?!

– Menimcha rivoyat emas, haqiqat. Yozma manbalarda qayd etilishicha, miloddan oldin Farg‘ona vodiysida yetmishdan ortiq katta-kichik shaharlar bo‘lgan. Ulardan birining nomi – Davan bo‘lgan ekan. Uning asosiy qismi, boshqaruv va ishlab chiqaruvchi kuchlari  sharqiy Farg‘onada o‘rnashgan. O‘zining geosiyosiy joylashuviga ko‘ra, mazkur hudud Baqtriya, So‘g‘d, Choch kabi tarixiy o‘lkalarning Xitoy bilan savdo, iqtisodiy va madaniy aloqalarida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan. Yana bir muhim hujjatda, Davandan har biri filday keladigan afsonaviy uchqur otlar keltirilgani va to‘g‘ri saroyga jo‘natilgani haqida yozilgan.

– Mustaqilligimiz tufayli o‘sha uchqur otlar uchqur poezdlar timsolida namoyon bo‘lgani yana bir mo‘’jiza emasmi? Dunyoda hali-hamon davom etayotgan moliyaviy iqtisodiy inqiroz paytida, Respublikamizda zamonaviy uylar, muhtasham inshootlar, yirik ishlab chiqarish korxonalari , elektrlashtirilgan temir yo‘llar, tog‘ ko‘ksini yorib tunnellar barpo etilayapti.

– Ustoz, Dunyo bejiz O‘zbekistonni baxtlar mamlakati deya e’tirof etmayapti, ekan-da, to‘g‘rimi? – Go‘zalxon menga yuzlandi.

– Yangi temir yo‘llar qurish, yagona temir yo‘l tizimi barpo etish dunyo okeaniga chiqadigan dengiz, xalqaro tranzit yo‘llaridan olisda va chetda bo‘lgan O‘zbekistonimiz taraqqiyotida, qolaversa, necha asrlar mobaynida Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan qadimiy Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘l Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. Navoiy — Uchquduq — Nukus — Sulton Uvaystog‘, Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on, Angren – Pop temir yo‘llari jug‘rofiy joylashuvi jihatidan xalqaro kommunikatsiya va dengiz yo‘llaridan olisda bo‘lgan O‘zbekistonni yanada yuksaltirish va iqtisodiy salohiyatini bundanda oshirishda g‘oyat muhim hisoblanadi.

Mashinadan bunyodkorlik ishlarining ko‘lamini kuzatib boramiz. Dovon yo‘llarida ish qizg‘in. Ulkan mashinalarning shovqini, yo‘lsozlarning qizg‘in mehnati, shijoatidan ko‘nglingizda shu buyuk yurtga kamarbastalik, unga munosib bo‘lish, bunyodkorliklarning ichida bo‘lish istagi jo‘sh uradi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyatining axborot xizmati rahbari Mirzo Murotov bilan bo‘lgan suhbatda tunnel qurilishi, bajarilgan ishlarning ko‘lami haqida so‘radim.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 iyundagi «Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilmoqda, – deya gap boshladi, M.Murotov biz bilan muloqotda.

– Davrimizning yirik qurilish inshootiga, bunyodkorlik maydoniga aylangan yangi liniyadagi temir yo‘lning uzunligi 123,1 kilometr, loyiha doirasida qurilayotgan tunnelning uzunligi esa 19,1 kilometrni tashkil etadi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida ushbu qaror asosida temir yo‘lchilar ishni rejali tashkil qilib, samarali ishlarni amalga oshirdilar. Buning natijasi o‘laroq, loyihaning tunneldan tashqari 104 kilometrida, ya’ni Angren stantsiyasidan tunnelning g‘arbiy va Pop stantsiyasidan tunnelning sharqiy tomonidagi kirish yo‘lagigacha bo‘lgan masofada barcha qurilish, elektrlashtirish, bunyodkorlik ishlari to‘liq tugatilib, 2015 yil avgust oyining oxirida ishchi poezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.

 Qurilishi murakkabligi bo‘yicha jahonda birinchi sakkiztalikdan, uzunligi bo‘yicha birinchi 13 talikdan joy olgan, MDH mamlakatlarida esa yagona qurilish hisoblangan tunnel qurilishi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, unda joriy yil 27 fevral kuni burg‘ulash, kovlash ishlari tugatilib, noyob inshoot ikkala tomondan tutashtirildi. Hozirgi kunda esa pardozlash ishlari davom etmoqda.

 Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘zimizning tajribali muhandislar, loyihachilar, temir yo‘l quruvchilarining ulkan mehnati tufayli, ushbu «Angren —Pop» elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l qurilishida 43 million kubometr tuproq ishlari hamda 16,3 millon kubometr burg‘ulash-portlatish ishlari bajarildi. Loyiha asosida 285ta sun’iy inshoot va cuv o‘tkazish quvurlari, 4 ta temir yo‘l stantsiyasi, 4 ta raz’ed va 2 ta vokzal qurib bitkazildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi tomonidan, umumiy uzunligi 2 ming 100 metrdan ortiq bo‘lgan 13 ta temir yo‘l ko‘prigi va 6 ta yo‘l o‘tkazgich, har birining uzunligi 280 metrni tashkil etuvchi 2 ta tunnel ko‘rinishidagi galereya, 15 ta temir-beton va 26 metrlik bitta metal konstruktsiyali hamda 80 metrlik bitta piyodalar ko‘prigi qurildi.

Ushbu ma’lumotlarni eshitib, shunday gigant qurilishni qoyilmaqom uddalayotgan mamlakatimiz temiryo‘lchilarining mahoratiga, qudratiga yana bir bor chin yurakdan tahsin aytib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

Hademay purviqor, haybatli tog‘lar bag‘rini titratgan elektropoezdlar, dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘laydigan, O‘zbekistonni yangi asrga ko‘prik soladigan, istiqboliga iqbol eshiklarini ochadigan bu temir yo‘l yangi tariximizning mo‘’jizakor solnomasiga aylanadi.

– Mashinadan bunyodkorlik ishlarining ko‘lamini kuzatib boramiz. Dovon yo‘llarida ish qizg‘in. Ulkan mashinalarning shovqini, yo‘lsozlarning qizg‘in mehnati, shijoatidan ko‘nglingizda shu buyuk yurtga kamarbastalik, unga munosib bo‘lish, bunyodkorliklarning ichida bo‘lish istagi jo‘sh uradi.             Suhbatdoshlarimiz saodat dovonining ushbu manzilida o‘z fikru xayollari bilan band edi. Har kimning ko‘nglida hayrat o‘ziga xos akslanar, faqat ko‘zlarimizdagina bir xil manzara – shukuhga to‘la nigohlarimizda shukronalik quvonchi barq urib turardi.

Enaxon SIDDIQOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 5 =