G‘OYADAN IJROGACHA”

O‘zbek — Xitoy savdo uyi mazkur shior ostida o‘n yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Yaqinda savdo markazida xitoylik tadbirkorlar va markaz xodimlari hamda jurnalistlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 O‘zbek – Xitoy savdo uyi (O‘XSU) o‘n yildan buyon tadbirkorlarga g‘oya berish va uni amalga oshirish uchun turli xizmatlar ko‘rsatib keladi. Ular  konsalting xizmatlari, texnologik uskuna, xomashyo va materiallar haqida ma’lumot izlash, O‘zbekistonga mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish, logistika, sug‘urta, lizing, ishlab chiqaruvchining uskunalarga beradigan kafolatini ta’minlash, turli shaharlarda joylashgan hamda ikki va undan ortiq buyurtmachiga tegishli bo‘lgan yuklarni bir yerga jamlash, yuklar tashuvini amalga oshirish, ularni yo‘l tasodiflariga qarshi sug‘urtalash, bojxona rasmiylashtiruvi va eksport hujjatlarini rasmiylashtirish kabilarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga texnikalarni ta’mirlash, ularni o‘rnatib berish shoxobchalariga ham ega. Ayni payt savdo markazida o‘ttizdan ortiq korxona hamda xizmat ko‘rsatish shirkatlari mavjud. Bundan tashqari O‘XSU Xitoyning Palfinger Sany, Zoomlion, JAG, Lonking, GB Power va boshqa yirik ishlab chiqarish muassasalarining rasmiy dileri hisoblanadi.

O‘XSU ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tayapti desak, yanglishmaymiz. Chunki xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan O‘XSU o‘rtasidagi uzoq yillik aloqalar yurtimiz tadbirkorlariga texnologik liniya, xomashyo va maxsus texnikalarni ishlab chiqaruvchi tomonidan qo‘yilgan birlamchi narxda sotib olish imkoniyatini berib, xizmat ko‘rsatish kafolatlari, sifat nazoratini ta’minlashga xizmat qilayotir. Shu kungacha O‘XSU tomonidan besh mingdan ortiq tadbirkorga ikki mingga yaqin ishlab chiqarish liniya va uskunalari hamda shu miqdordagi maxsus texnik vositalari yetkazib berildi. Natijada ko‘plab hamyurtlarimiz o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yib, minglab kishilar  ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Kompaniyaning oxirgi amalga oshirgan muhim ishlaridan biri Qo‘qon shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yevroprint” qadoqlash korxonasiga gofrakarton ishlab chiqarish uskunasini yetkazib bergani bo‘ldi. Uskuna yordamida karton qog‘ozdan turli hajmdagi qutilarni yasash mumkin. Undan fermer va bog‘bonlarimiz mahsulotlarini xorijga eksport qilishda foydalanishadi. Shu kunlarda uskunani o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. O‘rnatilgach, o‘ttiz nafardan ziyod yurtdoshimiz ish bilan ta’minlanadi.

– Biz tadbirkorlarga bir yarim mingdan ortiq turli biznes loyihalarini taqdim etishimiz mumkin, – deydi O‘zbek — Xitoy savdo uyi Uskuna va qurilish texnikasi departamenti boshlig‘i Mansur Rahimov. – Bu orqali ular o‘z qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib, to‘qimachilik yoki qurilish, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda bizneslarini yo‘lga qo‘yishlari mumkin. Bu jarayonda biz o‘z shiorimizdan kelib chiqib, ularning rejasi to‘liq amalga oshguncha yordamlashamiz. Agar moliyaviy tomondan ko‘mak kerak bo‘lsa, markazimizning o‘zida lizing kompaniyalari ham bor. Ular har doim tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashga shay. Bundan tashqari ellikdan ortiq hamkorlarimiz bo‘lib, bu bizga faoliyatimizni yanada kengaytirish imkonini beradi. Endilikda, dilerlik shartnomalarini yanada ko‘paytirish, tadbirkorlarni Xitoy korxonalariga va turli xalqaro ko‘rgazmalarga qatnashishlarini tashkil etish borasida ham ish olib borilmoqda. 

– Bugungi uchrashuvdan mamnunman. Chunki ikki davlat vakillari o‘rtasidagi bunday aloqalar har taraflama samarali bo‘lishi tayin, – deydi LUOYANG CIMC LINYU AUTOMOBILE CO.LTDning O‘zbekistondagi vakili Ma Venyue. – Yurtingiz ishbilarmonlar uchun qulay imkoniyatlar makonidir. Chunki bu yerdagi tadbikorlar uchun yaratilgan sharoitlar biz xorijliklarni befarq qoldirgani yo‘q. Shuning uchun bir necha yildan buyon O‘zbekistonda samarali faoliyat yurityapmiz. Bizning korxonamiz og‘ir yuk mashinalari va turli qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaradi. Yurtingizda esa ulkan bunyodkorlik, qurilish ishlari olib borilayotgani sabab bunga ehtiyoj bor. Bu jarayonda korxonamiz texnikalari ana shu ehtiyojni qondirib, qurilish shirkatlarining ishonchini oqlab kelayotgani, ulardan keng miqyosda foydalanilgani kishini quvontiradi. Shu bois mijozlarimiz soni ham yil sayin ortib borayotir. Bunda albatta O‘zbek — Xitoy savdo uyining ham katta hissasi bor. Kelgusida hamkorligimizni yanada mustahkamlab, bundan-da yaxshi natijalarga erishish niyatidamiz.

Shuningdek, uchrashuvda mehmonlar savdo uyida faoliyat yuritayotgan turli korxonalar bilan yaqindan tanishib, savollariga javob oldilar.

 Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =