OQSOQOL VA UNING MASLAHATCHILARINI SAYLASHDA FUQAROLAR HUQUQI

Tarixdan ma’lumki, yurtimizda jamoa bo‘lib yashashning sinalgan shakli mahalladir. Mahallada istiqomat qiluvchi odamlar faqat qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalari bilangina emas, balki ichki tartib-qoida, ma’naviy-axloqiy normalar, urf-odatlar, an’analar, umumiy manfaatlar va majburiyatlar bilan ham bog‘liqdirlar. 

Ayrim xorijiy mamlakatlarda odamlar ijtimoiy kelib chiqishi, irqi va boshqa toifalaridan kelib chiqib, «aslzodalar kvartali», «kambag‘allar kvartali», «qora tanlilar kvartali» va hokazolarga bo‘linib yashayotganligining guvohi bo‘lamiz. Biroq shuni aytish lozimki, bizning Vatanimizda aholining turli ijtimoiy tabaqalari bir mahallada yonma-yon yashab kelmoqda.

Xususan, milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bora, shaharcha, qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarishning hududiy birliklari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yildi.

Mazkur fuqarolar yig‘inlarining raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari ikki yarim yil muddatga saylanishlari Bosh Qomusimizning 105-moddasida belgilangan.

Aytish joizki, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash borasidagi fuqarolarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan kafolatlarni yanada kengaytirish maqsadida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan e’lon qilingan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi»da qator qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.

Jumladan, Kontseptsiyada «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi qonunga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha oqsoqollar va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini, fuqarolar ijtimoiy faolligini kuchaytirishda mahallaning ahamiyati va roli oshirilishini ta’minlaydigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan edi.

Shunga muvofiq, 2013 yil 22 aprelda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Mazkur Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirilib, unda saylovning oshkoraligini ta’minlashga, ularni tashkil etish va o‘tkazishda davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirishga, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)uning maslahatchisi lavozimiga nomzodlarning kasbiy sifatlariga bo‘lgan qo‘shimcha talablarni belgilaydigan muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ular:

– yangi tahrirdagi Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddatlari aniq ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oliy Majlis Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi;

– saylovlarning muqobillik asosida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Masalan, o‘tgan davr mobaynida o‘tkazilgan saylovlarda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga 1 ta o‘ringa o‘rtacha 3 ta nomzod ishtirok etdi;

– saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida Oliy Majlis Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tuzilishi va ushbu komissiyaning vakolatlari belgilandi;

– saylov tashkilotchilarining xolisligini ta’minlash maqsadida saylovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlari tarkibiga nafaqat fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning maslahatchilari, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa xodimlarini, balki fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlarning, fuqarolar yig‘ini organlari boshqa xodimlarining yaqin qarindoshlarini ham kiritish mumkin emasligi belgilandi;

– oldingi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibiga faqat fuqarolar yig‘inining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritilgan bo‘lsa, endilikda xalq deputatlari tegishli tuman (shahar) Kengashining deputatini ham kiritilishi belgilandi;

– fuqarolar yig‘ini raisi(oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgardi. Xususan, ushbu lavozimga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarda yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerakligi belgilandi;

– nomzodlar haqidagi axborot saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosiga va guzarlarga osib qo‘yilishi zarurligi belgilandi. Bu esa, saylovchilarning qaysi nomzodga ovoz berishlari haqida fikrlab olishlari uchun imkoniyat yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida» yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu sohadagi saylov tizimini yanada demokratlashtirishga, saylovlarning xolis, ochiq va samarali o‘tishiga hamda bularning natijasi o‘laroq tegishli hududda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarining eng munosiblarini saylab olishga xizmat qiladi.

Jahongir SHIRINOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =