MUSTAQILLIK — ULUG‘ NE’MAT

Dunyoda ikki yuzdan ortiq davlat, minglab xalq va elatlar mavjud. Ular orasida O‘zbekiston deya atalmish go‘zal va betakror mamlakatning o‘z o‘rni va nufuzi, o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li borligi qalbimizga iftixor bag‘ishlaydi.

 Mustaqilligimiz biz uchun Ona kabi mo‘’tabar, nonday aziz va qadrlidir. Tarixi bir necha ming yillar bilan bo‘ylashadigan, jahon tamaddunining tamal toshini qo‘ygan, ilm-fani, san’ati, madaniyati, ulkan madaniy va ma’naviy merosi, olimu fuzalolari bilan dong taratgan xalqimiz o‘z istiqlolini osonlikcha qo‘lga kiritgani yo‘q. Yaqin o‘tmishda — qariyb bir asr davomidagi mustamlaka holatidagi holat, ungacha ham haq-huquqlari poymol etib kelingan xalqimiz qaddini, ruhini hech qanday kuch bukolmagan, so‘ndirolmagan. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, 1990–1991 yillarda Navro‘z bayrami qayta tiklangani, Ramazon va Qurbon hayitlari bayram hamda dam olish kunlari deb e’lon qilingani xalqimizning asriy orzu va armonlari ro‘yobga chiqishi, milliy qadriyatlarimiz tiklanishi yo‘lidagi dastlabki yirik qadamlar bo‘lganini alohida ta’kidlash zarur. Mustaqillikka erishilishi bilan dastlab uning kafolati bo‘lmish Konstitutsiyaning qabul qilinishi, mamlakatni modernizatsiyalash milliy davlatchiligimizni barpo etish yo‘lidagi zalvorli qadam bo‘ldi. Teran tarixiy ildizlarimiz, ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarimiz, ajdodlarimizning huquqiy merosi, xalqimizning orzu va intilishlari chuqur singdirilgan Konstitutsiyamizning hayotiy negizi juda mustahkamdir. O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish bosh vazifa etib belgilanib, mamlakat siyosiy hayotida ko‘ppartiyaviylik muhiti qaror topdi, nodavlat tuzilmalar, jamoat tashkilotlari va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati takomillashtirildi, sud-huquq tizimida, ommaviy axborot vositalari, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 1992 yilda mamlakatimizning besh tamoyilga asoslangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. Iqtisodiyotning eksportga yo‘naltirilgan sohalari – energetika sektori, oltin qazish, rangli metallurgiya, avtomobilsozlik, yengil sanoat, gaz-kimyo sanoatini rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratildi. Yurtimizda sanoatning avtomobilsozlik, elektronika kabi yangi tarmoqlari yo‘lga qo‘yildi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi importni qisqartirish va minglab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi. O‘zbekiston dunyoda asosiy paxta yetishtiruvchi mamlakatlardan biridir. Ammo 1991 yilgacha xomashyoning tayyor va yarim tayyor mahsulotlarga aylantirilishi hajmi 7-10 foizdan ortmagan. Mustaqillik yillarida o‘nlab to‘qimachilik korxonalari modernizatsiya qilindi va yangilari barpo etildi. Ushbu korxonalar bugungi kunda nafaqat kalava va mato, balki tayyor trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarmoqda.

Yurtboshimiz aytganlaridek, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart. Ularni komil insonlar etib voyaga yetkazish, baxti va kamoli uchun hech narsani ayamaslik davlatimiz va jamiyatimizning ustuvor vazifalaridan etib belgilangani o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi, maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining hayotga tatbiq etilishi ta’lim sifati va mazmun-mohiyatini tubdan yaxshilash imkonini berdi. Bugun mamlakatimizning olis qishloqlarida ham qad ko‘targan zamonaviy maktab, litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bu ezgu ishlarning bari Vatan kelajagiga, millat istiqboli yo‘lidagi g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Sog‘liqni saqlash sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimizda inson umri, uning sihat-salomatligi oliy qadriyat sifatida amalda ulug‘lanayotganidan yana bir dalolat. Tizim moddiy-texnik bazasining muttasil yaxshilanishi, yetuk mutaxassislar tayyorlashga e’tibor va tibbiyot xodimlarining har tomonlama moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi natijasida sohada ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimining milliy modeli shakllantirildi. Barcha viloyatlar markazlarida kattalar va bolalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aholiga dastlabki tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimi isloh qilindi.

El-yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi ishonchli qo‘llarda. O‘zbekiston o‘zining hududiy yaxlitligini saqlashga, o‘zini mudofaa qilish, mustaqilligini asrashga qodir davlat. Istiqlol yillarida mutlaqo yangi asosda, son jihatdan ixcham, zamonaviy, har qanday sinovlarni yengishga qodir milliy Qurolli Kuchlarni tashkil etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kun talablariga javob beradigan tezkor, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, jangovar qobiliyat va tayyorgarlikka ega, har qanday yovuz kuchga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan milliy armiyamiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Mamlakatimizning qulay geosiyosiy o‘rni, uning birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlarini inobatga olgan holda olib borayotgan har tomonlama chuqur o‘ylangan, mustaqil va izchil tashqi siyosati davlatimizning jahon xalqaro hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi, xalqaro maydonda mamlakatimiz obro‘-e’tiborining ortib borishini ta’minladi.

O‘zbekiston BMT, Islom konferentsiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi ko‘plab xalqaro tashkilotlar, ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ishida faol ishtirok etib kelmoqda.

Mustaqillik xalqimizga, millatimizga o‘zligini teran anglash, ming yillar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ma’naviy-madaniy merosdan bahramand bo‘lish imkonini berdi. Mustaqilligimizning turli yillarida millatimizning buyuk farzandlari — Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Abduxoliq o‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturudiy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Imom Termiziy, Xoja Ahror Valiy singari ulug‘ zotlarning tavallud sanalarini alohida nishonlash hamda boy ilmiy, diniy-ma’rifiy merosini keng ommalashtirish va o‘rganish, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Marg‘ilon singari qadim va muazzam shaharlarning xalqaro miqyosdagi yubileylari o‘tkazilishi, «Avesto»ning 2700 yilligi, «Alpomish»ning 1000 yilligi, Xorazm Ma’mun akademiyasi 1000 yilligining keng nishonlanishi, albatta, bevosita istiqlol davri bilan bog‘liq.

Sobiq ittifoq davrida asosan agrar, xomashyo yetkazib beruvchi respublikaga aylantirilgan O‘zbekiston bugungi kunda eksportga yo‘naltirgan iqtisodiyoti bilan jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. Energetika, rangli metallurgiya, yengil sanoat, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, gaz-kimyo, elektronika sohalarida dunyodagi yetakchi davlatlar bilan raqobatlashadigan darajaga erishdi.

Bozor munosabatlariga o‘tishning eng murakkab davrida yirik ishlab chiqarish majmualarining barpo etilgani tom ma’noda bunyodkor el matonati va jasorati namunasidir. Qizilqum fosforit, Buxoro neftni qayta ishlash, Asaka va Samarqand avtomobil, Qo‘ng‘irot soda, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodlari, Sho‘rtan gaz-kimyo majmui kabi o‘nlab yirik korxonalarning qisqa muddatlarda qurib foydalanishga topshirilishi, Jizzax, Angren xalqaro logistika markaziga asos solinishi, Navoiy erkin iqtisodiy industrial zonasining bunyod etilishi, «General Motors Powertrain» (yiliga 225 ming dona VDONS yangi avlod avtomobil dvigatellari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona), «O‘zavtosanoat» AK bilan Germaniyaning «MaN Truck & Bus AG» kompaniyasi hamkorligida Samarqandda «Jv MAN Auto Uzbekistan» qo‘shma korxonasida MAN katta yuk avtotransport vositalari ishlab chiqarish zavodining ishga tushirilishi haqiqatdan ham o‘zbek mo‘’jizasi sifatida e’tirof etilib, hech kimdan kam bo‘lmagan, hech kimga qaram bo‘lmagan jonajon Vatanimizni yana bir bor dunyoga tanitdi. Asr qurilishlari nomini olgan 2012 yilda Surg‘il koni bazasida hatto dunyo mezonlari bo‘yicha ham noyob bo‘lgan loyiha qiymati 25 milliard dollardan ziyodni tashkil etadigan Ustyurt gaz kimyo kompleksini barpo etilishi, Angren-Pop temir yo‘lining qurilishi haqiqatdan ham asrimizning buyuk voqeligidir. Iqtisodiyotning kommunikatsiya va transport tarmoqlarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilishi tufayli Farg‘ona vodiysidagi «Qamchiq» dovonida amalga oshirilgan ishlar, «Navoiy – Uchquduq – Miskin Sulton Uvaystog‘ – Nukus, Toshguzar – Boysun – Qumko‘rg‘on» yo‘nalishlarida temir yo‘llarning qurilishi yoki MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib 2011 yilda foydalanishga topshirilgan Ispaniyaning «Ratentes Talgo» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Toshkent – Samarqand», «Toshkent – Qarshi» yo‘nalishlarida tezyurar poezd qatnovi yo‘lga qo‘yilganligi, havo transportini zamonaviylashtirish, yangi aeroportlarni jahon andozalariga mos keladigan darajada qurish va rekonstruktsiya qilish, avtomobil yo‘llarining minglab kilometri rekonstruktsiya qilingani va qurilgani, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilgan islohotlar asrlarga tatigulik voqealar sirasiga kirib, bunyodkor, mehnatkash xalqimizning buyuk ishlarga qodirligini amalda isbotladi. Mustaqilligimizning o‘tgan salkam yigirma besh yilida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, erishilgan natijalarni sharhlash, tahlil qilish uchun yillar kamlik qiladi. Har bir voqea, har bir jarayon, har bir soha — katta tarixdir. Davlatimiz rahbarining «Hech bir soha mamlakatni sport sohasidek mashhur qilolmaydi», degan iborasi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Bugungi kunda jahon, qit’a musobaqalarida yurtimiz bayrog‘i tez-tez ko‘tarilib, madhiyamiz yangramoqda.

O‘tgan yillar davomida o‘nlab sportchilarimiz Olimpiada o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan bo‘lsa, yuzlab o‘zbek yigit-qizlari jahon va qit’a miqyosida oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lib, O‘zbekistonni dunyoga tanitmoqdalar.

Bularning barchasi avvalo sport sohasiga davlat darajasida e’tibor berilayotgani bo‘lsa, ikkinchi tomondan, dunyo tajribasida namuna vazifasini o‘tovchi, millat salomatligini mustahkamlash, har tomonlama barkamol avlodni kamol toptirishga xizmat qilayotgan uch bosqichli sport tizimiga mustahkam asos solinib, maktab o‘quvchilari o‘rtasida «Umid nihollari», kasb-hunar kollejlari hamda akademik litsey talabalarining «Barkamol avlod» hamda oliy o‘quv yurtlari talabalarining «Universiada» kabi musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilib, muntazam o‘tkazib kelinayotganligi mustahkam poydevordir. Shuningdek, bolalar hamda xotin-qizlar sportiga alohida e’tibor berilayotganligi, shubhasiz, o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda 1 ming 300 dan ortiq sport inshootlari barpo etilib, ularning barchasi zamonaviy talablarga javob beradigan tarzda jihozlangani hamda moddiy texnik bazasi muttasil yaxshilanib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.

2008 yildan boshlab dunyo mamlakatlarini o‘z ichiga qamrab olgan jahon-moliyaviy inqiroziga qaramay, yurtimiz barqaror va izchil rivojlanish yo‘lidan bormoqda.

Ayniqsa, yurtimizda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, qurilish va bunyodkorlik ishlari tahsinga sazovor. Bugun O‘zbekistonning istalgan tomoniga yo‘l olib, shahar qaerda tugab, qishloq qaerdan boshlanishini bilib bo‘lmaydi. Chunki qishloqlarga olib boradigan ravon va charog‘on yo‘llar, yurtimizning chekka-chekka go‘shalarida ham alohida sifatli xizmat ko‘rsatib kelayotgan zamonaviy marketlar, internet xonalari, guzarlar, qishloq vrachlik punktlari, go‘zallik salonlari, to‘yxonayu restoranlar qishloqlarga ham yangi, hech bir shahardan qolishmaydigan qiyofa bag‘ishlamoqda. Shaxsan Yurtboshimizning tashabbusi bilan barpo etilayotgan namunaviy loyiha asosidagi uy-joylar esa har qanday jahon sifati hamjamiyati tomonidan munosib andozalariga javob bera oladi. O‘zbekiston erishayotgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Xususan, Jahon iqtisodiyotiy forumi tomonidan e’lon qilgan reytingda keyingi uch yilda iqtisodiyoti eng tez rivojlangan davlatlar orasida mamlakatimiz yuqori o‘rinni, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da vatanimiz 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallagani esa har birimizning qalbimizni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.

Mustaqillikning shonli va zafarli yillarida xalqimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar son-sanoqsiz va ularning har biri asrlarga tatigulikdir. Bularning bari betakror va yagona jonajon O‘zbekistonimizning buyuk kelajak yo‘lidan sobitqadamlik bilan dadil odimlayotganidan darak beradi.

 Bahrom SOLIEV,

“Qorovulbozor tongi” gazetasi muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =