TIL BILGANGA DUNYO KENG

O‘qituvchi darsning mustahkamlash bosqichida o‘quvchilarni kichik guruhlarga ajratib, har bir guruhga topshiriq berib, ularni faollikka undayotgan paytda sinf eshigi ochildi. Kechikkan bir o‘quvchining uzr aytib, ruxsat so‘ragani eshitildi. Muallim darsning eng muhim jarayonida bo‘lgani, fikri bo‘lingani va nihoyat o‘quvchining mas’uliyatsizligini o‘ylab uzrni inobatga olmadi. Unga guruh rahbariga uchrashib, tushuntirish xati yozib kelishini aytdi.

 Shu pallada o‘qituvchining xayoliga turli fikrlar keldi. O‘ziga o‘zi goh yaxshi qilding, endi o‘quvchi mas’uliyatni his qiladi, darsga kech kelmaydi, ayniqsa, tushuntirish xatidan keyin ancha hushyor tortib qoladi, deya o‘yladi. Yoki o‘quvchiga qo‘shimcha topshiriq berib, darsning davomiga bo‘lsa ham jalb qilish kerak edimikan, deya o‘ziga tanbeh berdi. Shu asnoda uning ko‘z o‘ngidan o‘zi o‘quvchi bo‘lgan davrlar kinotasmaday o‘tdi. 70-80 yillardagi maktablarning ahvoli ancha xarob edi. U yashagan Kattasoy qishlog‘ida ikkita maktab bo‘lib, ikkisi ham bir qavatli, qishda zaxroq bo‘lardi. Kuz va bahor oylarida esa maktabda o‘qish deyarli bo‘lmasdi. Kuzda maktab o‘quvchilari sabzavot, paxta yig‘im-terimiga jalb qilinardi. Bahorda pilla tozalash uchun xonadonlarga borib ko‘maklashardilar… Natijada mavzular ham chala o‘zlashtirilar edi. O‘qituvchi shularni o‘ylar ekan, keyingi darsda, albatta, qiyoslash orqali sobiq tuzum va mustaqillik yillaridagi ta’lim haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot berishni diliga tugdi. Ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. Keng, yorug‘, barcha sharoitlar muhayyo etilgan sinfxonasida o‘z fikrlarini mustaqil bayon etib, faollashgan o‘quvchilarni kuzatib dili ravshan tortdi…

Darhaqiqat, istiqlol tufayli barcha sohalarda yuksalish, rivojlanish avj oldi. Jumladan, ta’lim tizimimizda ham quvonarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bugun mamlakatimizda kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida bilimli va ma’naviyatli yosh avlodni shakllantirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mustabid tuzum davrida ta’lim sohasida o‘zbek tili va tarixi kamsitilgani sir emas. Undan tashqari, ta’lim beruvchi darsni boshqaruvchi birdan-bir shaxs edi. Ta’lim oluvchilar esa sustkash tinglovchilar edi, xolos. Bunday sharoitda o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi nihoyatda qiyin kechar, ularning mustaqil fikrlash imkoniyati chegaralanib qolar edi.

Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin fuqarolik jamiyatini qurish, avvalo, ta’lim tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq kechadigan jarayon ekani ma’lum bo‘ldi. Yurtboshimiz rahnamoligida ta’lim tizimida yangi darsliklarni zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘z vaqtida ishlab chiqish va joriy etishni ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarish uchun ta’limni jadallashtirish zarurati tufayli ta’lim texnologiyalari o‘quv jarayoniga tatbiq etila boshlandi.

Bugungi kunda pedagogik texnologiya oqimi deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarga tez tarqalgan, uni o‘qitishning faol metodlarini qamragan majmua deyish mumkin. Respublikamizning pedagogik olim va amaliyotchilari ilmiy asoslangan holda O‘zbekistonning ijtimoiy pedagogik sharoitiga moslashgan ta’lim texnologiyalarini amaliyotga qo‘llashga intilmoqdalar. YuNYeSKOning ta’rificha, ta’lim texnologiyasi ta’lim modellarini optimallashtirish maqsadida inson va texnika resurslarining o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda, butun o‘qitish va o‘zlashtirish jarayonini yaratish, qo‘llash, aniqlash tizimidir. Demak, oddiy pedagogikadan ilg‘or pedagogik texnologiyaning farqi shunda ekanki, ta’lim jarayoni ta’lim oluvchining shaxsiga qaratilgan. Faollashtiruvchi metodlar, zamonaviy axborot vositalaridan foydalanilgan holda o‘quv maqsadiga erishishni kafolatlaydigan ta’lim berish jarayonidir.

Respublikamiz oliy ta’limida ham integral texnologiyalar samarali qo‘llanilmoqda. Xususan, Toshkent davlat agrar universitetining xorijiy tillar kafedrasida zamonaviy metodlar yordamida integral, ya’ni yaxlit, bir butunlikni aks ettiruvchi ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu izlanuvchanlik, ijodkorlik ruhiyatini mujassam etgan ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qituvchilar ham, talabalar ham faollashadilar, mustaqil ravishda xorijiy tillarni o‘zlashtiradilar. Darvoqe, xorijiy tillarni o‘zlashtirish jarayoni oson kechmaydi. Yaxshi natijaga erishish uchun ta’lim beruvchining puxta tayyorgarligi bilan birgalikda darsni oldindan to‘g‘ri loyihalashtirilishi, o‘quv vositalarini va usullarini aniq tanlay bilishi muhimdir. Maqsad aniq bo‘lsa, dars natijasi ham kafolatlanadi.

Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim tizimida chet tillarining yangi o‘quv dasturi, davlat ta’lim standartlari asosida bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Xorijiy tillar kafedrasini 2006 yildan buyon boshqarib kelayotgan tajribali ustoz Ulfatoy Abdullaeva boshchiligida bir qancha yangi uslubiy qo‘llanmalar, metodik tavsiyalar, lug‘atlar chop etildi. Bu didaktik qo‘llanmalar yordamida nafaqat talabalarga, balki universitetda faoliyat yuritayotgan barcha professor-o‘qituvchi, ustozlarga ham chet tillaridan saboq berilmoqda. Agrar universitetining tajribali ustozlari M.Hamidov, T.Hamidova tomonidan yaratilgan nemis tilidagi “Deutsch fur alla” o‘quv qo‘llanmasi magistrlar uchun, “Deutsch” o‘quv qo‘llanmasi bakalavr uchun dars jarayonida samarali qo‘llanilmoqda. M.Hamidov, T.Hamidova, U.Abdullaeva muallifligidagi “Sixteen” o‘quv qo‘llanmasi talabalarni xorijiy tillar darslarini yaxshi o‘zlashtirishida qo‘l kelmoqda. Selektsiya va urug‘chilikka oid atamalarning nemischa-inglizcha-ruscha-o‘zbekcha lug‘ati agrar sohasi mutaxassisliklari talabalari uchun eng muhim manba bo‘lib xizmat qilayotir. 2015-2016 o‘quv yili mobaynida xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan ilmiy maqolalar, tezislar chop etildi. Xorijiy davlatlar matbuotida 10 dan ortiq maqolalar nashr etildi.

Ushbu dargoh xorijiy tillar kafedrasida nemis, ingliz tillari o‘rgatiladi. Iqtidorli talabalarga qo‘shimcha mashg‘ulotlar muntazam olib boriladi. O‘quv dargohida chet tili bilimdonlari uchun “Debat” klubi tashkil etilgan. Bu klub a’zolari va Germaniyaning Bovariya o‘lkasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili iqtidorli talabalar ushbu o‘lkaga borib ham o‘zlarining sohaviy mutaxassisliklari bo‘yicha tajriba oshiradilar, ham til o‘rganishga oid bilimlarini mustahkamlaydilar.

Ta’lim beruvchi har bir ta’lim oluvchi shaxsiga yo‘naltirilgan holda dars o‘tgandagina talabada mustaqil fikrini bildira olish, o‘z bilimlarini amalda qo‘llash kabi sifatlar paydo bo‘ladi. Agrar universitetning 1-bosqich talabalari Akbar Ahmedov va Firdavs Pratov oliy o‘quv yurtlariaro o‘tkazilgan konferentsiyada ingliz tilida taqdimot o‘tkazib, yig‘ilganlarda yaxshi taassurot uyg‘otdilar. Ularning “Healthu life” ma’ruzasi keyinchalik ilmiy maqola sifatida ommaviy axborot vositalarida chop etildi.

Bundan tashqari xorijiy tillar kafedrasida yosh o‘qituvchilarga o‘z kasbiga ijodiy yondashuv yuzasidan to‘g‘ri yo‘nalish berib kelinmoqda. Yaqinda ish boshlagan Jahongir Matyoqubov o‘zining iste’dodini, izlanuvchanligini namoyon etishga ulgurdi. U yaratgan mul’timedia 2-sinf nemis tili darsligiga ilova sifatida respublikamizning barcha maktablaridagi o‘quv jarayoniga tatbiq etilmoqda. Yosh o‘qituvchi ayni paytda universitetda bir qancha interfaol metodlarni qo‘llab, dars samaradorligiga erishayotir.

— O‘zim yaratgan “ChAF” metodi bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari o‘quv tizimida ommalashtirildi, — deydi u. — Bu innovatsion texnologiya orqali dars jarayonining barcha bosqichlarini to‘liq qamrab olish mumkin. Masalan, chaqirish, anglash, fikrlash so‘zlarining bosh harfidan olingan bu metodda chaqirish so‘zi bilan bog‘liq bosqichda o‘tilgan mavzuni takrorlash, ya’ni bilimlarni chaqirib olish bilan bog‘liq o‘yin texnologiyasi qo‘llaniladi. Anglash so‘zi esa yangi mavzuni anglab, o‘zlashtirib olishga qaratilgan bosqichdir. Fikrlash jarayoni yangi mavzuni mustahkamlashga qaratilgan ko‘pgina didaktik vositalarni qamrab oladi.

Muxtasar aytganda, xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchilarining  ahil-inoq, yangilikka intiluvchan jamoa sifatida shakllangani o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham aks etadi. Bu jamoa yaqinda “Sog‘lom ona va bola yili”  davlat dasturini talabalar orasida keng targ‘ib qilish uchun tadbir o‘tkazdilar. Bahs-munozara shaklida o‘tgan ushbu tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.  

Malika AHMYEDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =