ONA DIYORIMIZ — XORIJLIK JURNALISTLAR NIGOHIDA
Bugun har bir soha xodimi uchun dunyo eshiklari keng ochiq. Xorijda malaka oshirish deysizmi, chet ellik hamkasblar bilan tajriba almashishmi, imkoniyat yetarli. Azaldan bobokalonlarimiz ham Buyuk Ipak yo‘li orqali qator davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hadisini olgan. Mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan hozirgi kunda bunday imkoniyatlar ko‘lami yanada kengaydi. Birgina yaqin hamkorimiz — Xitoy xalq respublikasi bilan o‘zaro manfaatli aloqalarimiz mustahkamlanib borayotgani bunga misol bo‘la oladi. Bunday munosabatlar jurnalistlar o‘rtasida ham o‘rnatilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va uyushmaning Farg‘ona viloyat bo‘limi hamkorligidagi taklifga asosan XXR Shensi provintsiyasi jurnalistlaridan bir guruhi mamlakatimizda bo‘ldi. Avval poytaxtda uchrashib, so‘ng Toshkentning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilgan mehmonlarimiz Farg‘ona, Samarqand va Buxoro viloyatlariga ham tashrif buyurdilar. Ular O‘zbekiston musulmonlar idorasi, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston — Xitoy biznes va texnologiyalar uyushmalarida ham bo‘ldilar.
– Bizning O‘zbekiston haqida o‘qib bilganimiz kam ekan. Mamlakatingiz tasavvurimizdagidan ko‘ra ancha ko‘rkam, odamlari mehnatkash va mehmondo‘st, yoshlari iqtidorli ekan, – deydi Shensi provintsiyasi xalq hukumati teleradiokorporatsiyasi bo‘lim mudiri Se Nan. – Ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘lidagi Farg‘ona bog‘lariga oshufta bo‘lib qoldik.
Xitoylik hamkasblarga biz viloyatimiz iqtisodiy imkoniyatlari, ishlab chiqarish korxonalari, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, tarixiy obidalari, ustozoda hunarmandlari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratib berdik. Har bir uchrashuv ular uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Viloyatimiz iqtisodiyotidagi yillik o‘sish ko‘rsatkichlarini sharhlab berganimizda, ular bunday natijalar dunyodagi o‘nga yaqin mamlakatgagina xosligini alohida ta’kidladilar.
Farg‘ona shahri qiyofasi, keng, yam-yashil maydonlar, kashtanlar xiyoboni, yangi bunyod etilgan inshootlar, suv sporti saroyini ko‘rib, ko‘zlari quvnadi.
– Shensi provintsiyasida 38 million aholi yashaydi. Markazi Sian shahri, ko‘chalari tor, odamlar doim shoshib yuradi. Farg‘onadagi Ahmad Al-Farg‘oniy bog‘ida, San’at saroyi xiyobonida bo‘lganimizda, ko‘ksimizni to‘ldirib toza havodan nafas oldik va sizlarga havasimiz keldi, – deya so‘zini davom ettiradi Se Nan.
Mehmonlar Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlaridagi obodonchilik, odamlardagi hayotdan mamnunlik, yoshlarning ertangi kunga ishonchi va qat’iyligini ko‘rib, hayajonlarini yashira olmadilar.
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi Matbuot markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Se Nan quyidagicha ma’lumot berdi:
– Shensi televideniesi 20 ta kanalda ko‘rsatuvlar olib boradi va u Xitoy mamlakati hududini qamrab olgan. Ikkita sun’iy yo‘ldosh orqali ko‘rsatuv namoyish qiladigan telekanalga ham egamiz. Uning ko‘rsatuvlarini dunyodagi 80 dan ziyod mamlakatda tomosha qiladilar. Biz O‘zbekistonda tasvirga tushirgan lavhalarni ana shu telekanallar orqali namoyish etamiz.
– “Shensi jibao” gazetasi uchun turkum maqolalar yoza boshladim, – dedi shu nashr bo‘lim mudiri Szya Yuyfen. – Ijodiy uyushmaning jurnalistlar malakasini oshirish tajribasi maqolalarimdan biriga mavzu bo‘ladi. Biz O‘zbekistonda tsenzura bekor qilinib, tom ma’noda so‘z va matbuot erkinligiga erishilgani, jurnalistik faoliyatni tashkil etish va axborot olishni kafolatlaydigan qonunlar ishlab turganini katta qiziqish bilan o‘rgandik. Bu borada demokratik tamoyillar mustahkam qaror topgan yurtingiz boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘larli mavqega erishibdi.
Shensi provintsiyasi Samarqand viloyati bilan birodarlashgan. XXR OAV vakillari ushbu ko‘hna shaharda bo‘lganlarida xitoylik investorlar bilan hamkorlik o‘rnatgan tadbirkorlar bilan uchrashdilar. “Zarafshon” gazetasi tahririyatida esa yosh jurnalistlar mahorat maktabi tinglovchilari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotda qatnashdilar.
– Men bu yurtning tarixi buyuk ekanini, dunyo taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarni yetishtirib berganini bilar edim. Samarqand taxtigagina emas, yulduzlar saltanatiga ham sultonlik qilgan Mirzo Ulug‘bek, asarlaridagi insonparvarlik g‘oyalari tufayli ijodi umumbashar mulkiga aylangan Alisher Navoiy, Xitoy xalq tibbiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Abu Ali Ibn Sino kabi zotlar nomi mening vatanimda ham ulug‘lanadi. O‘tgan bir hafta davomida biz tarixigina emas, kelajagi ham buyuk yurtni kashf etdik. Bunday fikrni faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarga tayanib aytayotganim yo‘q. Aslida, dunyodagi global inqiroz davrida yalpi ichki mahsulot hajmining uzluksiz 7-8 foiz o‘sishiga erishish iqtisodiy islohotlari mustahkam asosga qurilgan mamlakatdagina ro‘y berishi mumkin. O‘zbekiston esa hammani hayratga solib, shunday natijalar ko‘rsatyapti.
Men qaerda bo‘lmay, dunyoqarashi keng va toza, intiluvchan va iqtidorli yoshlarni uchratdim. Ulardagi ikki xususiyat meni hayratda qoldirdi. Birinchisi, ular ilmga chanqoq, xorijiy tillarda erkin fikr almashadilar, dunyo voqealariga shaxsiy munosabatlari bor. Ikkinchisi – iqtidor. U sportchi yoki hunarmandmi, tadbirkor yoki talabami, chuqur bilim va qobiliyatga ega.
Yana bir jihatni e’tirof etmoqchiman. O‘zbekistonda xorijiy investorlarga eng qulay imkoniyatlar yaratilgan ekan. Biz safar chog‘ida xitoylik investorlar bilan ham uchrashib suhbatlashdik. O‘zbekistonga Xitoydan ko‘plab investorlar kelishi bu yerdagi huquqiy asoslar bilan birga o‘zbek hamkorlaridagi halollik, deb aytishdi ular. Endi ayting, ilm-fan, iqtisod, sanoat va qishloq xo‘jaligi taraqqiy topgan, tashqi siyosatda harbiy bloklarga qo‘shilmaslik yo‘lini tanlagan O‘zbekistonning kelajagi buyuk bo‘lishi muqarrar voqelik emasmi?!
Biz Xitoyning qadim poytaxti Sian shahridanmiz. Mening shahrimda ham ming yillik obidalar bor. Ammo Samarqandda, Registon maydonida bo‘lganimda, buyuklik degan tushunchaning yana bir qirrasini his etdim. Bugunki, u o‘zga zamon odamlarini hayratga solyaptimi, o‘z vaqtida bu maydon qanchalar salobat va ulug‘vorlik kashf etgan ekan?! Ayniqsa, “Tillakori” madrasasidagi oltinrang nafis chizgilar, “Sherdor” madrasasidan taralayotgan kuch-qudrat ramzi, ilm, taraqqiyot o‘chog‘i bo‘lmish Ulug‘bek madrasasidagi sizni abadiyat qonunlarini tasavvur va tahlil qilishga chorlovchi ruh aql-zakovatimizni zabt etdi. Men Buxoro ko‘chalarini kezar ekanman, ziyo Sharqdan taralgan deganlarida shu zaminni nazarda tutganmikanlar, deb o‘ylanib qoldim. Taassurotlarimni qog‘ozga tushirarkanman, oldimga qat’iy maqsad qo‘ydim. Hozir O‘zbekistonda turib yoza boshlagan “O‘zbekistondan maktublar” turkum maqolalarimda o‘zim ko‘rib, his qilgan voqelik, tuyg‘ularni vatandoshlarimga shundayligicha yetkazaman. Zero, ming yilliklar avval bizlarni Buyuk Ipak yo‘li bog‘lagan bo‘lsa, hozir ikki mamlakat rahbarlari qabul qilgan hamkorlik shartnomalarining yanada mustahkamlanishiga hissamni qo‘shaman, – dedi mehmonimiz Szya Yuyfen.
ShXTga a’zo davlat rahbarlarining O‘zbekiston raisligida shu yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi anjumani arafasida xitoylik hamkasblarimiz Shensi provintsiyasi markazi Sian shahrida “Mustaqil O‘zbekiston manzaralari” mavzuida fotoko‘rgazma tashkil etadigan bo‘ldilar.
Jurnalistlar, ijod ahlining yaqinlashuvi, shubhasiz xalqlar, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Muhammadjon OBIDOV,
O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist