JURNALIST SO‘ZI: TALQIN, TAHLIL, TANQID

2016 yilning birinchi choragida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan tahliliy-tanqidiy materiallar haqida

Joriy yilning ayni shu davrida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallarni tahlil qilar ekanmiz, avvalo ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi muhim voqea va o‘zgarishlar, markazda va joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aniq misollar, fakt va raqamlar asosida muntazam yoritib kelinayotganini ta’kidlash lozim.

 Bu haqda fikr yuritganda, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2016 yilning mamlakatimizda «Sog‘lom ona va bola yili» deb e’lon qilinishi, shu munosabat bilan qabul qilingan davlat dasturining ma’no-mazmuni, asosiy yo‘nalishlari, ularni hayotga joriy etish borasidagi amaliy ishlarga ommaviy axborot vositalari eng muhim va asosiy mavzulardan biri sifatida e’tibor qaratayotganini qayd etish o‘rinlidir. Jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan tayyorlangan «Ona suti — bebaho ne’mat», «Sog‘lom avlod shakllanishining muhim omili» kabi maqolalarda bu mavzu hayotiy misollar, tahliliy fikrlar orqali atroflicha va keng yoritilgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning «Oila davrasida» gazetasining 7 yanvar sonida chop etilgan «Nasl-nasabi toza avlod» sarlavhali maqolasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, navqiron avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib, hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar etib voyaga yetkazish bo‘yicha yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida fikr yuritilib, «Sog‘lom ona va bola yili» davlat dasturining maqsad va vazifalari haqida, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish har bir ongli yurtdoshimizning insoniy burchi ekani to‘g‘risida jonli fikrlar, teran xulosalar bayon qilingan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonovning «O‘zbekiston ovozi» gazetasining 12 mart sonida e’lon qilingan «Baxt shohsupasi» sarlavhali maqolasi ham kuyunchaklik bilan yozilgan bo‘lib, hech shubhasiz, gazetxonlarni befarq qoldirmaydi. Unda mamlakatimizda kelajak avlodlarimiz taqdirini o‘ylab, bolalar sporti va umuman, sport sohasida, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlanib, bunday sa’y-harakatlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati sobiq mustabid tuzum davrida aholi, ayniqsa, qishloq ahli salomatligiga bo‘lgan salbiy munosabat, og‘ir turmush sharoitlarini bugungi hayotimizdagi o‘sish-o‘zgarishlar bilan qiyoslash asosida har tomonlama chuqur tahlil etilgan.

Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimizda uzoqni ko‘zlab o‘tkazilayotgan islohotlar, dunyoda «O‘zbek modeli» degan nom bilan tan olingan taraqqiyot yo‘limiz hozirgi kunda o‘zini to‘la oqlab, katta ijobiy natijalar bermoqda. «Narodnoe slovo» gazetasining 18 fevral sonida e’lon qilingan «Novыy etap kachestvennogo rosta natsionalnoy ekonomiki» sarlavhali maqolada shu haqda fikr yuritilib, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan hozirgi paytda mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanayotgani, bunda yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning muhim va ustuvor tamoyili etib belgilangani, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani hal qiluvchi rol o‘ynayotgani fakt va raqamlar orqali ko‘rsatib berilgan.

Yurak qo‘ri, harorati bilan yozilgan tahliliy chiqishlar haqida so‘z yuritganda, «Sharq yulduzi» jurnalining joriy yildagi birinchi sonidan o‘rin olgan «Zumrad diyor» sarlavhali maqolani tilga olish maqsadga muvofiqdir. Unda mustaqillik yillarida tarixiy shaharlarimizni obodonlashtirish, ularning hududidagi noyob me’moriy obidalarni tiklash, asrab-avaylab saqlash borasidagi, jumladan, Shahrisabz shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida hikoya qilinadi.

Bunday teran mazmunli publitsistik materiallarni «Guliston» jurnalida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, jurnalning 1-sonida 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Mening o‘g‘lim Vatan himoyachisi» deb nomlangan sarlavha ostida davra suhbati ishtirokchilarining fikrlari chop etilgan bo‘lib, unda askarlik libosini kiyib, el-yurt oldidagi yigitlik burchini ado etayotgan jasur o‘g‘lonlarimizning ota-onalari armiya xizmati farzandlarining yurish-turishi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini qanchalik o‘zgartirib yuborgani haqida faxrlanib hikoya qilishadi.

«Qalqon» jurnalida e’lon qilingan «Milliy armiyamiz — g‘ururimiz timsoli» sarlavhali publitsistik maqolada esa Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar, uning saflarida xizmat qilish bugungi kunda har bir yosh yigit uchun muqaddas orzu, shon-sharaf ishiga aylangani xususida gap boradi.

Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida jamiyatimiz taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan, islohotlarni amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan kamchilik va nuqsonlar, ularning sabablari tahlil qilinib, ushbu muammolarni hal etishga tegishli mutasaddi idoralar va keng jamoatchilik e’tibori qaratilmoqda.

Ma’lumki, istiqlol yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim-tarbiya sohasidagi ulkan yutuqlarimiz ham mamlakatimiz rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Lekin, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim joylarda bu ustuvor masalaga, afsuski, e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lish, loqaydlik holatlari kuzatilmoqda. Buning tasdig‘ini «Qadriyat» gazetasining 13 fevral sonida e’lon qilingan «Bolalar ta’limiga e’tibor shumi?» sarlavhali maqola misolida ko‘rish mumkin. Ushbu maqolada Farg‘ona viloyati, Buvayda tumani, Tosharab qishlog‘idagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatida uchrayotgan muammolar kuyunchaklik bilan tilga olinadi.

Davlatimiz tomonidan katta-katta mablag‘lar evaziga, ezgu maqsadlar uchun barpo etilgan kasb-hunar kollejlarida bugun olib borilayotgan darslar, o‘quv mashg‘ulotlarida o‘quvchilarning qanday ishtirok etayotgani, bilim va kasb-hunar asoslarini qanchalik puxta egallayotgani, o‘qituvchi va pedagoglarning malaka va tajribasi, salohiyatini oshirish bugungi kunda eng muhim masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Shu borada uchrayotgan kamchiliklar «Oila davrasida» gazetasining 25 fevral sonidagi «O‘qituvchi shevada dars o‘tsa, uning bozorchidan farqi qoladimi?», Qashqadaryo viloyatida nashr qilinadigan «Voha» gazetasining 11 fevral sonidagi «Kollej o‘quvchisi darsda emas…», «O‘xshash manzara: o‘quvchi qizlarning taqdiri va yana davomat haqida» maqolalarida, shuningdek, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari teleradiokompaniyalarining telekanallari orqali 9 va 20 yanvar kunlari efirga uzatilgan ko‘rsatuvlarda tanqid qilingan.

Respublika axborot vositalarida yoshlarni «ommaviy madaniyat» niqobi ostidagi salbiy ta’sirlardan asrash, turli zararli g‘oyalardan ogoh etish, ularda giyohvandlik, terrorizm, odam savdosi kabi illatlarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish maqsadida ko‘plab maqolalar, radio va teledasturlar tayyorlanmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston» telekanalida 18, 20 yanvar kunlari efirga uzatilgan «Munosabat» tok-shousida, «Qiyomatga qolgan qarz», «Nigoh» ko‘rsatuvlarida jamiyatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash, doimo hushyor va ogoh bo‘lish masalalari yoritilib, pul ishlash maqsadida chet elga borib, turli buzg‘unchi kuchlar va oqimlar ta’siriga tushib qolgan, Pokiston, Suriya kabi davlatlarda qabohat botqog‘iga botgan bir guruh kimsalarning ayanchli qismati haqida hikoya qilinib, ulardan xulosa chiqarish zarurligiga jamoatchilik e’tibori qaratiladi.

Surxondaryo viloyati, Muzrabod tumani hokimligi nashri bo‘lgan «Muzrabod» gazetasining 14 yanvar sonida chop etilgan «Oq va qorani ajrata olmaganlar» sarlavhali maqolada, «Qarshi» telekanali tomonidan 14 fevral va 5 mart kuni namoyish qilingan «Qo‘shtirnoq ichidagi bayram», «Giyohvandlik — asr vabosi» kabi ko‘rsatuvlarda ham aholi, avvalo, yoshlar jirkanch va xavfli illatlardan ogoh bo‘lishga chaqiriladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «…hozirgi kunlarda ham bizning tanlagan yo‘limizga shubha tug‘dirish, kechagi davrni ko‘rmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlarni yo‘ldan ozdirishga, istiqlolimizning ma’no-mazmunini soxtalashtirishga, bizni yana eski qolip va tobelikka qaytarishga urinadigan kuchlar va harakatlar kam emas». Bu yovuz xavflardan xalqimizni, ayniqsa, hayotiy tajribasi yetarli bo‘lmagan yosh avlodimizni ogohlantirish, ularga qarshi mafkuraviy va informatsion kurash olib borish har bir jurnalistning professional burchi hisoblanadi.

Ushbu monitoring natijalari chorak davomida ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-ma’rifiy mavzularga e’tibor yanada kuchayganidan dalolat bermoqda. Ayniqsa, o‘zligimiz timsoli, ongu tafakkurimiz, ma’naviyatimiz asosi sanalgan ona tilimizga munosabat haqidagi materiallar ko‘payib borayotgani diqqatga sazovordir. Xususan, «Yoshlar» radiokanalida 17 yanvarda efirga uzatilgan «Men va odamlar» dasturida mamlakatimizda davlat tilini qonunda belgilangan asosda yanada ravnaq toptirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birga, joylarda o‘zbek tilining bugungi yuksak o‘rni va ahamiyatini pasaytiradigan, chalasavodlik, imlo xatolari bilan yozilgan afisha va reklamalar, avtoulovlardagi yozuvlar tanqid qilinadi.

Shu o‘rinda afsus bilan aytish kerakki, ayrim matbuot nashrlarimizda ham til qoidalarini bilib-bilmasdan buzish holatlari uchrab qolmoqda. Masalan, ayrim maqolalar so‘ngida muallifning ismi va familiyasidan yoki O‘zA nomidan keyin nuqta qo‘yishni o‘ziga xos «g‘alati mashhur»ga, ya’ni hammaga ma’lum xatoni qoidaga aylantirishga urinish holatlari kuzatiladi. Holbuki, maktab darsliklarida «tugallangan fikrni ifoda etadigan jumladan so‘ng nuqta qo‘yiladi» degan qoida bor. Ayonki, O‘zA ham, muallifning ismi-familiyasi ham tugal fikrni ifoda etmaydi. Ular faqat nomni bildiradi, xolos.

Ba’zi nashrlarimizda esa «ona yurt», «ona Vatan», «talaba yoshlar», «o‘quvchi yoshlar» kabi iboralar tarkibidagi so‘zlar o‘rtasiga o‘rinsiz ravishda chiziqcha (defis) qo‘yib yozishdek jiddiy kamchilik kuzatilmoqda.

Keyingi paytda atrof-muhit muhofazasi, obodonchilik masalalari ham ommaviy axborot vositalarimizning diqqat markazida bo‘lib kelayotganini ta’kidlash lozim. Xususan, «Toshkent oqshomi» gazetasining 18 fevral sonida chop etilgan «Bir kelib keting mahallamizga…» sarlavhali maqolada poytaxtimizning ayrim mahallalaridagi noxush holatlar, kommunal xizmat ko‘rsatish, turar-joy massivlari ozodaligini ta’minlash borasidagi muammolar fotolavhalar orqali yoritilgan.

Qayd etish kerakki, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladigan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlarning sifati haqida ham tanqidiy materiallar berib borilmoqda. Xususan, elektr, gaz va ichimlik suvi ta’minotidagi uzilishlar,  kommunal xizmat sohasidagi boshqa muammolar haqida ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar e’lon qilindi. Ayniqsa, «Toshkent» telekanalida, Buxoro va Navoiy viloyatlari teleradiokompaniyalarida «Ochiq muloqot» mavzusida efirga uzatib kelinayotgan ko‘rsatuvlarni alohida qayd etish lozim. Mazkur ko‘rsatuvlarda tilga olingan muammolarga bevosita studiyada rahbar hodimlarning e’tibori qaratilayotgani, tanqidiy lavhalar, ularda ko‘tarilgan masalalar tegishli shahar va tuman hokimlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida tahlil etilayotgani tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.

«Samarkandskiy vestnik» gazetasining 13 fevral sonidagi «Kogda v SVP budut svet i teplo?» sarlavhali maqolada kommunal xizmat sohasidagi kamchiliklar tanqid qilingan. Odamlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida yurtimizning eng chekka qishloqlarida ham zamonaviy qishloq vrachlik punktlari barpo etilayotgani, ammo ularning ba’zilarida elektr, gaz va isitish tizimi faoliyati talab darajasida emasligiga mutasaddi tashkilotlar e’tibori qaratilgan.

Samarqand viloyati hokimligi nashri bo‘lgan «Zarafshon» gazetasining 12 mart sonida e’lon qilingan «Kovlashda ustalar, ta’mirida chetdalar» sarlavhali maqolada Samarqand shahridagi ayrim yo‘llarning bugungi ahvoli tanqid qilingan. Bu mavzu «Andijonnoma» gazetasining 16 yanvar sonida chop etilgan «Rezina etik kiyvoling» sarlavhali maqolada ham o‘z aksini topgan. «Qashqadaryo» gazetasining 28 yanvar sonidagi «Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r yoki yana «stoyanka»lar haqida» sarlavhali maqolada jamoat joylaridagi avtomobillar to‘xtash maskanlarida yuzaga kelayotgan qonunbuzarlik holatlariga e’tibor qaratilgan.

Buxoro viloyatining «Istiqlol» telekanalida 7 yanvarda efirga uzatilgan «Soliq qonunchiligiga bir nazar» ko‘rsatuvida plastik kartochkalar bilan savdo qilish masalasidagi muammolarga diqqat qaratilgan. Unda joylardagi bozor va savdo do‘konlarida plastik kartochkalar bilan xarid haqini qabul qilish paytida asossiz ravishda qimmatlashtirib yuborayotgan «uddaburon»larning qilmishlari haqida fikr yuritilib, bunday holatlarga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xabar beriladi. Ayni vaqtda bu boradagi kamchilik va qallobliklarning oldini olishda xaridorlarning qat’iyati, o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilib, ularni qattiq himoya qilishi, har tomonlama faol bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi.

Ma’lumki, so‘nggi paytlarda mamlakatimizda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan elektron hukumat tizimini rivojlantirishga oid me’yoriy-huquqiy baza davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Xususan, aksariyat davlat tashkilotlari Internet tizimidagi o‘z veb sahifalariga ega bo‘lib, ular orqali xalqimizga keng miqyosda zarur axborotlar taqdim etilmoqda.

Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat boshqaruvi organlaridan biri mahalliy hokimliklar hisoblanib, bugungi kunga kelib yurtimizdagi barcha viloyat va shaharlar hokimliklari o‘z rasmiy saytiga ega. Biroq ayni paytda ularning aksariyati nomigagina faoliyat yuritayotgani kuzatilmoqda. «Pravda Vostoka» gazetasining 17 fevral sonida chop etilgan «Saytы ne radi galochki…» sarlavhali maqolada Toshkent, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Andijon viloyatlari hokimliklari saytlaridagi ma’lumotlar tahlil qilinib, bu boradagi muammo va kamchiliklar atroflicha yoritilgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonuni fuqarolarning davlat organlariga murojaat etishi tartibini yanada takomillashtirganiga qaramasdan, bu sohada ham ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani «Samarkandskiy vestnik» gazetasining 6 yanvar sonida chop etilgan «Rassmotreli i reshili, no tolko… na bumage» sarlavhali maqolada o‘z ifodasini topgan. Unda Bulung‘ur tumani hokimligida fuqarolarning ariza va shikoyatlari hatto 40 kun davomida ham ko‘rib chiqilmagani aniq misollar orqali bayon qilingan.

To‘y va ma’rakalar — millatimizga xos azaliy qadriyatlardan biri. Joriy yilning dastlabki choragida ommaviy axborot vositalarida to‘ylarimiz, oilaviy marosimlarimizning milliy an’analarimizga mos bo‘lishi, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish, ularni ixchamlashtirishga qaratilgan ko‘plab tahliliy materiallar e’lon qilindi. Xususan, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 21 yanvar kuni efirga uzatilgan «Nigoh» ko‘rsatuvida to‘ylarimizda hech qanday hayotiy asosga ega bo‘lmagan, sun’iy ravishda o‘ylab topilgan, ortiqcha marosimlar ko‘payib borayotgani, to‘y va tadbirlarni oqilona, ixcham, o‘zaro kelishgan holda, yoshlarga namuna bo‘ladigan, ularning esida qoladigan darajada mazmunli o‘tkazish lozimligi haqida so‘z yuritiladi, behuda chiranish, dabdababozlikka chek qo‘yish masalalari jamoatchilik muhokamasiga havola etiladi.

Hozirgi kunda shahar va qishloqlarimizda avtomobillar tobora ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, haydovchilar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari tez-tez sodir etilmoqda. Buning natijasida ko‘ngilsiz voqealar, hatto fojiali holatlar yuz bermoqda. Namangan viloyat teleradiokompaniyasining «Agar ogohsen…», Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining «Talqin», Andijon viloyat teleradiokompaniyasining «Hushyorlikni unutmang!» dasturlari, «Toshkent» radiokanalining «Bevosita muloqot» kabi eshittirishlarida aynan shu dolzarb masala bo‘yicha jurnalistlar, yo‘l harakati xavfsizligi idorasi xodimlari, oddiy haydovchi va yo‘lovchilarning fikrlari bayon qilingan.

Bugungi kunda hayotimizda ba’zan uchrab turadigan firibgarlik va poraxo‘rlik kabi illatlar, ularning oldini olish masalasi ham jurnalistlarimiz nazaridan chetda qolmayapti. «Surxon yoshlari» gazetasining 16 mart sonidagi «Bozorning buzilgan «posangi»si yoxud tadbirkorga nega to‘sqinlik qilindi?», «Adolat kuchi» gazetasining 10 mart sonidagi «Poliklinikadagi «sirli uchburchak», «Iste’molchi-Potrebitel» gazetasining 24 fevral sonidagi «Bozordagi ozorlar» sarlavhali maqolalarda bu mavzu hayotiy misollar bilan, huquqshunos mutaxassislarning xulosalari asosida yoritilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi tomonidan 15 yanvar kuni efirga uzatilgan «Adыllik aynasы» ko‘rsatuvida ham sodir etilgan jinoyat bo‘yicha sud hukmidan, odil jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarish, to‘g‘ri yo‘lga qaytish uchun berilgan imkoniyat — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi Oliy Majlis Senatining qarori va unig ijrosi to‘g‘risida fikr yuritiladi.

Yuqorida keltirilgan misollar jamiyatimizda tub demokratik yangilanish va modernizatsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan hozirgi vaqtda ommaviy axborot vositalari hayotning ichiga tobora chuqur kirib borayotganidan dalolat beradi. Bu haqda so‘z yuritganda, Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida bayon qilingan quyidagi fikrlarini esga olish o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylaymiz: «Bugungi kunda har qaysi matbuot xodimi kasb mahoratini egallash bilan birga, o‘z hayotiy printsiplariga ham ega bo‘lishi, haqiqat uchun kurashishga intilishi, shu yo‘lda qat’iyat va shijoat ko‘rsatishi, lo‘nda qilib aytganda, vijdon amri bilan yashashini zamonning o‘zi talab qilmoqda».

Mana shunday hayotiy munosabat bugungi kunda har bir jurnalistning faoliyatida asosiy mezonga aylanib borayotgani e’tiborlidir. Kelgusida bunday intilish va harakatlar yanada kuchayishiga ishonamiz. Bu borada mazkur monitoring natijalarining ijodiy jamoalarda, hamkasblarimiz o‘rtasida  muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli amaliy xulosalar chiqarilishi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

O‘zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi qoshidagi Monitoring guruhi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − two =