JANGGOHLARDA QOLGAN LOLALAR

Ikkinchi jahon urushi, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning xalqimiz uchun ham nechog‘li qimmatga tushgani haqida gapirar ekan, davlatimiz rahbari Islom Karimov, jumladan, shunday so‘zlarni ta’kidlab o‘tadi: “Urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni janglarda bevosita ishtirok etgan bo‘lib, 500 minga yaqin yurtdoshimiz shu urushda halok bo‘lganini, qanchasi bedarak ketganini, qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytganini hisobga olsak, bizning xalqimiz fashizm balosiga qarshi kurashga qanday hissa qo‘shganini tasavvur qilish qiyin emas”. 

Xotira eskirmaydi. Tarixni unutib bo‘lmaydi. Tarixni unutmaslik uchun esa uni bilish, bor haqiqati va mohiyati bilan anglab, yodda saqlash zarur. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi va kelajagi uchun bu nihoyatda muhim.

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Otam va Ikkinchi jahon urushi” turkumidan aziz o‘quvchilar e’tiboriga havola etilayotgan lavhalari ham sizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

1943 YIL. SARIOSIYO VOKZALI

Otam gurung bergan, o‘zi ko‘rgan, guvoh bo‘lgan urush yillari xotiralaridan bir mungli, dardli manzara hech esimdan chiqmaydi. Bu voqeani otam biz uyimizda qotgan nonlarni molga, kuchukka berayotganimizni ko‘rib, keyin dasturxon atrofida yig‘ilishib o‘tirganimizda gapni uzoqdan boshlab aytib bergan.

Nonga, nasibaga hech vaqt nopisand bo‘lmanglar, degandi otam. Odamzodning boshiga har balo tushishi mumkin. Urush ekan-da, 1943 yil yarador bo‘lib, gospitalda davolanganimdan so‘ng, yaram og‘ir ekan shekilli, uyga borib kelishimga ruxsat berishdi. Keldim. Yo‘lxaltamda yarimta bulka non bilan bir bonka dudlangan go‘sht. “Tushyonka” deydi-ku. Vokzalda jinjagi chiqib ketgan, yupun, mushtipar bir ayolga ko‘zim tushdi. Yonida bolasi ham bor, sag‘iradan ham battar ikkovi och-nahor, zor-zor termuladi. Bir menga, bir yo‘lxaltamga qaraydi. Qaraydi qaltiraydi, qaltiraydi qaraydi. O‘zimni tutolmadim. Yaralangan suyaklarim qayta o‘q yeganday zirqirab ketdi. Non bilan tushyonkani berdim. Kambag‘allar, bir qaqshaydi, bir qaltiraydi. Non tishlaydi qaltiraydi, qaltiraydi non tishlaydi. O‘zim daryo yoqalab taxtakunjara chaynab ketdim. Yo‘lovchilar bergan taxtakunjarani. Aytsam ishonmaysizlar. Itning boshiga solmasin u kunlarni, itning!…

1943 yil Sariosiyo vokzalida otam ishtirokida kechgan bu mahzun manzara, 1972 yil bundan qirq uch yil burun otam bizga ibrat uchun naql qilgan bu iztirobli holat og‘ir va mashaqqatli urush yillarining jonli, mungli kinolavhasiday bizning hayotimizga bir umrga naqshlanib qoldi.

Diydorlashuv va xo‘shlashuvlar dunyosida otamdan bir esdalik bo‘lsin deb, keyinchalik bu lavhani “To‘polondaryo bilan xayrlashuv” dostonimga kiritdim. Mening kechikkan she’riy tazarrularimni to‘g‘ri tushungaysiz, aziz o‘quvchi.

Tinchlikda kun kechirim,

Hayotim-chun bejirim,

Ota, meni kechiring!

Musaffo osmon uchun,

Millionlab qurbon uchun

Yasholdimmi E’tiqodni tiriklikka ko‘chirib?

Ota, meni kechiring!

Ko‘kragimga sanchiladi alamlarning xanjari,

Ko‘ryapman: Zor ketyapsiz  qo‘lingizda kunjara…

Ota, meni kechiring!

Kechiring, chun umringizning  bori dardu g‘am bo‘ldi,

Nega bugun non ko‘p, biroq mehru xotir kam bo‘ldi?

Nomu mansab, shonu shuhrat janglarida qurbonlar

Berib, nechun insonligin yo‘qotar bu insonlar?

Sahro bo‘lib o‘tganlarning yodi meni o‘rtaydi,

Daryo bo‘lib o‘tganlarning yodi meni o‘rtaydi.

Shuning uchun ko‘z oldimda to‘lib-toshib hozir ham

O‘taverar To‘polondaryo

Hech tuganmas Xotira.

2015 (1985)

BOLALIKDAGI BIR TUSH

 Otamning urush yillarida harbiy kiyimda tushgan biron surati ham saqlanib qolmagan. “Suratlar bor edi, derdi otam, hammasi har joyda yo‘qolib ketdi”. Faqat 1946 yilda Salomiddin akam bir yoshga to‘lganida Nura onam bilan uchovlari Volga bo‘yidagi qaysi bir shaharda tushgan surat bilan kostyum-galstukda tushgan yana bir rasmigina otamning 27-28 yoshlarda qanday yigit bo‘lganini, uning yoshlik-navqironlik chog‘laridagi ko‘rkam qiyofasini bizga bildirib turar, har gal uyimizda urush haqida gap ketganida, men otamning yelkasida avtomati, yovqur jangchi kiyimida tushgan biron-bir surati qolmaganidan ich-ichimdan afsus chekib, o‘zim orzu qilgan ushbu suratni tasavvurim fotokamerasida tushirib tiklab o‘tirar edim.

 Bir kuni qishlog‘imizga kino keldi. Bolalar qiy-chuv qilishib “O‘liklar va tiriklar” degan urush kino ekan! Zo‘r kino ekan!” deya bir-birimizdan suyunchi olgan, hammamiz tipirchilab betoqatlik bilan tezroq kunning kech bo‘lishiniyu kinoning boshlanishini kutmoqda edik.

 Keyin yillar o‘tib Toshkentga o‘qishga kirganimdan so‘ng o‘qib bilib olganim, taniqli rus yozuvchisi, maxsus harbiy muxbir sifatida urush janggohlarida jangchilar bilan bab-baravar qon kechgan Konstantin Simonovning “O‘liklar va tiriklar” asari asosida suratga olingan urush kino haqiqatan ham zo‘r ekan. Kinoni o‘sha kecha butun qishloq ahli cholu kampirlar, erkagu ayol, bola-baqra maktab ortidagi yalanglik ko‘kalamzorda jam bo‘lgancha tomosha qildi. Biz bolalar uchun bunday kinolar haqiqiy bayramga aylanar edi.

 Kinodan keyin, ertangi kundan boshlab bir hafta-o‘n kun davomida hammamiz kinodagi voqealar taassuroti bilan yurar, Sayfi, Juma Kazbekdan tortib Ro‘ziqul, Muxtorgacha maktabda bormi, alafdami yo cho‘milishga borgandami, faqat shu gurung Ro‘ziqul nemislarning avtomatini maqtab ketsa, Muxtor bizning pushkalar nemisning tanka-pankasi bilan majag‘ini chiqardi-ku, deb tortishar, Juma Kazbek bo‘lsa, pinagini buzmay, xuddi o‘zi o‘sha kinoning ichidan chiqib kelganday “E, hammasidan granata zo‘r, otib yuborasan-da, okopda mazza qilib yotaverasan” deya bilag‘onlik qilardi.

 O‘sha kecha uyga kelgandan keyin kinodan ancha-muncha ta’sirlanib besaranjom bo‘lib qolgan otamning “Bachchag‘ar, yaxshi kino olibdi-da, uyi kuysin Gitlerni, hammasi bo‘lgan gaplar shular, juda zo‘r ko‘rsatibdi-da, ammo-lekin urushda bundan battar bo‘lgan, kinosining bir joyidan xafa bo‘ldim-da, shuncha o‘zbaku, tojik, qozog‘u qirg‘iz juvonmarg bo‘lib urushgan edi, bittasiniyam ko‘rsatmabdi-da bachchag‘arlar!..” deya o‘ksinib aytgan gaplariga avvaliga uncha parvo qilmagan bo‘lsam-da, uxlashga yotganimdan keyin astoydil o‘ylay boshladim: “Haqiqatan ham, otam ham shu urushga borgan-ku, Narziqul tog‘a, Muhiddin amak, Badriddin amak hatto kamandiram bo‘lgan, nega bularni kinoda ko‘rsatmabdi” deganday savollar uyqumni qochirib yubordi. “Keyingi yangi seriyalarida ko‘rsatsa kerak-da, Juma Kazbek biladi, ertaga Juma Kazbekdan so‘rab olarman” deb yana kinodagi voqealarni ko‘z oldimga keltirgancha uxlab qolibman.

 …Qishlog‘imizni nemislar bosib olayotgan ekan. Hamma jangga otlangan. Biqinida matematika o‘qituvchimiz Parda Nazarov sinfxonamiz doskasiga bo‘r bilan qalin qilib chizganga o‘xshab plyus qo‘yilgan nemis samolyotlari qishlog‘imiz uylari uzra g‘iz-g‘iz uchib, bomba tashlab yotibdi, avtomat-pulemyotlaridan to‘xtovsiz o‘q yog‘dirayapti.

 Men kap-katta yigit, harbiy kiyimda, boshida qiya qo‘yilgan pilotkasi o‘ziga juda yarashib turgan, harbiy gimnastyorkasi ustidan ikki yelkasi osha charm tasma o‘tkazilgan, belidagi kamandirlar taqadigan kamarining o‘ng tomonida malla g‘ilofli pistolet, chap tomonida ikkita granata qistirilgan, qo‘lida o‘qdoni dumaloq, do‘lining ikki tomonidan loviyaga o‘xshash uzunchoq teshiklar ketgan avtomati, mening qo‘limda ham xuddi shunday qurol Asat jo‘ramning tomorqalari ortidagi Sangloq tomondan qazilgan okopda yotgancha Ro‘ziqullarning uyi tomondan hujum qilayotgan nemislarga qarata avtomatlarimizdan o‘q uzib yotibmiz. Otam boshingni chiqarma balam degancha, o‘qi tugab qolgan o‘qdonni almashtirarkan, bir mahal Muxtorlarning teraklari ortidan kalxatga o‘xshab bir nemis samolyoti pastlab bizga tomon yaqinlasha boshlaydi. Otam bir qo‘li bilan mening boshimni okopning ichiga bosarkan, avtomatidan qatorasiga samolyotga qarata o‘q uzadi. Tepamizga kelib qolgan samolyot bir qarsillaganday bo‘ladi-da, bitta parragi goh to‘xtab, goh aylanib motoridan qora tutun chiqargancha vang‘illab qasir-qusur qilib Qumzavod tomondagi qumtepalarga borib tumshug‘i bilan uriladi-da, portlab ketadi…

 Tushning davomi yo‘q. Uzilgan kino tasmasiday xuddi shu joyga kelganda to‘xtab qolgan. Sana o‘tgan asrning 69–70-yillari edi, men yo oltinchi yo yettinchi sinfda o‘qir edim. Oradan qirq besh yil, salkam yarim asrlik muddat o‘tibdiki, xuddi kechagina ko‘rganday u tush barcha manzaralariyu voqealari bilan, biror o‘zgarishsiz o‘shandoqqina ko‘z oldimda turibdi. Xuddi, o‘sha, biz bolalikdagi jo‘ralar katta zavq va hayajon bilan tomosha qilganimiz “O‘liklar va tiriklar” kinosining navbatdagi seriyasi suratga olinmagan qismiday mening xotiramda, hayotimu o‘y va iztiroblarim, sog‘inchlarim bilan armonlarimda davom etib yotibdi.

 Har gal otamni o‘ylab, eslar ekanman, urush yillari harbiy kiyimda tushgan surati yo‘q deb endi o‘kinmayman. O‘ris kinochilari kinosiga kiritmagan jangchi otam, a’zoyi badanida, suyak-suyaklariyu yurak-bag‘rida nemislarning o‘qlaridan dog‘lar qolgan armonli va dardli otamning, unga o‘xshagan ming-minglab qorako‘z va qoraqosh jangchilarning suratini men bolalikdagi bir tushim orqali tasmaga tushirib qo‘ydim, ularning aziz siymosini, o‘t-olovlar ichida kechgan, jangu jadallarda xazon bo‘lgan, qirg‘inlarda yonib ketgan yoshlik va navqironlik pallalarini o‘zim o‘ylaganchalik, o‘zim ko‘rmoqchi bo‘lganimday jonli va hayotiy qiyofada tiklashga urinib ko‘rdim.

 “O‘liklar va tiriklar”ni yozgan o‘sha jafokash adib Konstantin Simonov keyinchalik uzoq umr ko‘rib, o‘lim to‘shagida yotganida “Men o‘lganimdan keyin jasadimni kuydirib, kulimni ming-minglab jangchilar juvonmarg bo‘lib ketgan, gulday-gulday yigitlarning qoni to‘kilgan jang maydonlari uzra sovurib yuboring” deya vasiyat qilgan ekan. U janggohlarda har bahor son-sanoqsiz lolalar qatorida 450 ming qirmiz lola unib chiqadi. Qolgan lolalaridan ko‘ra qirmizroq, qolgan lolalardan ko‘ra dog‘liroq. Ona yurtiga tomon sal egilib silkinib turgan 450 ming lola 450 ming o‘zbekning bolasi, o‘zbek bolalari…

 7.11.2015 y.

S. SAYYID

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =