TALAB VA IMKONIYATLAR

“Axborot xizmati” atamasining paydo bo‘lganiga judayam ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ya’ni vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar tizimida bu xizmatning ayni kundagi o‘ziga xos o‘rni va ahamiyatini esa “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun yuksak darajaga ko‘tarib qo‘ydi.

 

Ushbu qonun davlat boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligini, ya’ni ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, maqsadidan keng jamoatchilik yoki har bir fuqaro, shuni istasa, xabardor bo‘lishi mumkin ekanini zaruriyat sifatida kun tartibiga qo‘yayotgan, demokratik tamoyillarni o‘ziga mujassam etgan o‘ta muhim hujjatdir. Quvonarli jihati, Axborot xizmati atamasi aynan shu qonunda o‘zining batafsil ifodasi, tal-qini va bahosiga ega bo‘ldi. 

Qonunning 24 moddasidan  10 tasi Axborot xizmatining maqomi va vazifalarini belgilab beradi.

Davlat hokimiyati va bosh-qaruvi organlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalarini bajaruvchi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlovchi tarkibiy bo‘linmasi yoxud ushbu vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxs bo‘lmish Axborot xizmati ommaviy tadbirlarni tashkil etish, axborot xabarlarini (press-relizlar, byulletenlar va hokazolarni) tarqatish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytida ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni joylashtirish va yangilab borish yo‘li bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini ko‘radi. Axborot xizmati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatishning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa usullaridan ham foydalanishi mumkin.

Axborot xizmatining faoliyatini tashkil etish tartibi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi.

Ayni ushbu moddaning faoliyatimizga daxldorligini e’tiborga olib, Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati misolida bu ishlarning qay darajada ro‘yobga chiqayotgani, bunda qaysi jihatlarga e’tibor ko‘proq qaratilayotganiga to‘xtalib o‘tsak.

Poytaxtimizning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rnini tariflashga ortiqcha hojat bo‘lmasa kerak. Bir so‘z bilan aytganda, millionlab aholiga ega bo‘lgan shaharda turli millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Kommunal, transport, maishiy-madaniy xizmatlar, obodonlashtirish, qurilish sohalaridagi jarayonlar keng ko‘lamli axborotlar almashinuvi zaruratini talab etadi. 

Ma’lumki, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi har yili yo‘llarda rejali ravishda ta’mirlash ishlarini olib boradi. Agar shu yumushlarning bir oylik jadvali hokimlik sayti orqali avvaldan e’lon qilib borilsa, ko‘pchilik ko‘rsatilgan vaqt davomida o‘sha ish olib borilayotgan ko‘chalarni bilib, imkon qadar boshqa yo‘llardan yurishga harakat qiladi. Bunday amaliyotni o‘z vaqtida  yo‘lga qo‘yganimiz uchun ham transport egalari oldindan xabardor bo‘lib, yo‘nalishlarni qiynalmay o‘zgartirishyapti. Ortiqcha tirbandliklarning oldi olinib, yo‘lovchilarning vaqtlari besamar ketmayapti. Bu oddiy misol.

Yoki kommunal xizmatlar borasidagi hamkorlik haqida. Har yili kuz-qish mavsumi poyoniga yetgach, ya’ni aprel-may oylariga kelib poytaxt kommunalchilari yanagi kuzga tadorikni boshlashadi. Chunki poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarning soni yuzlab va ularga issiqlik, elektr, gaz, issiq va sovuq suv yetkazib berish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Ayniqsa, eskirib borayotgan massivlarda muammolar ham ko‘paygan. 

2011 yildan e’tiboran barcha tumanlar hokimlarining aholi bilan ochiq muloqotlari tashkil etila boshlandi. Bunday muloqotlar televidenieda, keyin bevosita tumanlarda yuzma-yuz uchrashuvlar tarzida yozib olish yo‘li bilan tashkil etilgan bo‘lsa, keyinroq bevosita, ya’ni jonli efir orqali amalga oshirilmoqda.

Ustuvor masala sifatida kommunal xizmatlar bo‘yicha aholining talab va istaklarini o‘rganishga xizmat qiluvchi ushbu muloqotlar, birinchidan, bu boradagi ishlarning real ahvolini yanada yorqinroq ko‘rsatib bergan bo‘lsa(bu ayni hokimliklarning manfaatli joyi), ikkinchi, eng muhim jihati, aholidan tushgan murojaatlar o‘sha yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturlarida mujassam topadi. Bu — o‘sha qonundan ko‘zlangan bosh maqsad – davlat hokimiyati organlari qabul qilayotgan qarorlarda fuqarolar ishtiroki, ularning manfaatlari aks etishining hayotiy ijrosiga aylanadi. Amalda mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan bevosita efir shaklidagi ochiq muloqotlarda yuzlab yurtdoshlarimizning so‘rovlari o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Bu murojaatlar ham, qonunda ko‘zda tutilganidek, fuqarolarning yozma, rasmiy murojaatlariday kuchga teng, demak, o‘tgan uch yil davomida bunday murojaatlar soni bir necha barobarga oshishiga, eng quvonarlisi esa, ularning ijroga qaratilishiga erishildi.  

Mazkur qonun qabul qilingach, e’tibor berilsa har qaysi yo‘nalishdagi tashkilot va idoralar matbuot anjumanlarini o‘tkazib boshladilar. Ilgari jurnalistlar va jamoatchilik bilan uchrashuvlardan hadiksirab turadigan ba’zi rahbarlar ham qonun talabidan kelib chiqib endi bunday muloqotlarga o‘zlarini chog‘layaptilar. Shuni e’tiborga olish lozimki, matbuot anjumanlari misol uchun tuman hokimlari ishtirokida yoki biror boshqarma rahbari ishtirokida o‘tkazilsa, unda muayyan davr mobaynida ustuvor yo‘nalishlarda qilingan ishlar haqida taqdimotlar tayyorlash maqsadga muvofiq. Bizda birinchi bor o‘tkazilgan matbuot anjumanlarida, hatto mazkur anjuman qahramoni bo‘lgan rahbar o‘z tumani yoki boshqarmasi haqidagi pasport ma’lumotlarini ham taqdim etdi. Chunki, ba’zida arxitektura bilan qurilish tashkilotini, yo‘lsoz bilan transportchining vazifalarini aniq-tiniq farqlamaydiganlar topiladi. Anjumanlarning fakt va raqamlarga boy, qiziqarli bo‘lishida Axborot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari vakillarini unga ma’lum ma’noda tayyorlab borishlariga ham ko‘p narsa bog‘liq. Tomdan tarasha tushgandek, mikrofon ko‘tarib kelgan muxbir qayoqda-yu, soha haqida jo‘yali savol berib faollik ko‘rsatgan muxbir qayoqda. Anjuman tafsilotlarining gazetalar, televidenie va radioda qay darajada yoritilishi ham ayni o‘sha tayyorgarliklardan ko‘rinadi.

O‘tkazilgan o‘nlab matbuot anjumanlarini tahlil qilib, bir istihola — mazkur qonun davlat boshqaruvi organlari, hokimliklarga talablar qo‘ygani holda, bu ishlarning pirovard natijasi uchun  ommaviy axborot vositalari vakillarining mas’uliyatini ham bir qadar oshirsa, foydadan xoli bo‘lmas ekan, degan xayolga kelasan kishi.

Press-reliz masalasida bir chimdim fikr. Kezi kelganda, alohida ta’kidlash lozimki, Axborot xizmati xodimlari press-relizdan oqilona foydalanishlari juda muhim. Unda gap faqat o‘tadigan tadbir haqidagi “biografik” ma’lumotdangina iborat bo‘lib qolmasligi lozim. Siz ushbu bir parcha qog‘oz bilan mavzuni yoritmoqchi bo‘layotgan jurnalistga yo‘llanma berayotganingizni unutmang.

Agarda press-relizda “hech gap” bo‘lmasa, bilingki, tadbiringizning yoritilishi ham shu darajada bo‘ladi. Real holatda ko‘pgina tadbirlarga tashrif buyurgan televidenie va radio muxbirlari tezkor intervyuni olishadi-yu, lavhasi uchun yetarli tasvirlarni to‘plab navbatdagi tadbirga shoshilishadi. Chunki u bir kunda bir nechta voqelik haqida material tayyorlashga mas’ul. 

Demak, ularga sifatli, mukammal, maqsadingizni ravon ifoda etuvchi,  o‘tkazilayotgan tadbirning ahamiyati, dolzarb-ligi, qamrovi va boshqa jihatlariga qarab bir varaqgina emas, balki undan bir necha barobar katta hajmdagi press-reliz hozirlab qo‘ying. Unda raqamlar, ishtirokchilarning ismi sharifi, ko‘tarilayotgan mavzuning ahamiyati, manzil kabi ma’lumotlar lo‘nda, aniq, tushunarli holda yozilgan bo‘lsin.

Axborot xizmati vakillari har bir tayyorlangan, taqdim etilayotgan axborotlarning rostligi, jamoatchilikka xolis yetib borishi, unga to‘g‘ri fikr uchun turtki berishini avvalo, o‘zi tushunishi va unga harakat qilishi shu jihatdan o‘ta muhimdir.  

Ba’zida ayrim tashkilot rahbarlari Axborot xizmati vazifasini asl kasbi iqtisodchimi, muhandismi, matematik bo‘lgan “gazeta o‘qiydigan “mutaxassis”ga yuklab qo‘ya qolishadi. Ortiqcha “bosh og‘rig‘i” qilib mutaxassis izlab ovora bo‘lgisi kelmaydi. Ammo, bu — baayni, professional san’atkor qolib havaskor qo‘shiqchining mumtoz ashula aytib turganiday gap. 

Matbuot anjumanini o‘tkazish bilan ish bitadi, deb o‘ylamang. Tadbirlarning yoritilishi monitoringi shuni ko‘rsatmoqdaki, avvalo bunday monitoring juda zarur. Uni nechog‘li qiziqarli, sifatli, ma’lumotlarga boy qilib o‘tkazganingiz u haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan materiallardan bilinadi. Bilingki, tashrif buyurgan jurnalist mudrab o‘tirgan, uni qiziqtira olmagansiz, press-relizingizdan ham jo‘yali gap chiqmagan… Demak, keyingi gal nimalarga ko‘proq urg‘u berish kerak, qay bir gaplar ko‘pchilikni uncha qiziqtirmayapti, balki shakliy o‘zgartirishlarga ehtiyoj bordir – o‘sha monitoring buni sizga bildiradi.

Endi Axborot xizmati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro izchil hamkorlikning o‘rni haqida. 2014 va 2015 yillarda o‘tkazilgan matbuot anjumanlarimizda tayyorlangan taqdimotlarning ma’lumot va faktlarga, yangiliklarga boyligi o‘zimizni qanchalik quvontirgan bo‘lsa, ular bo‘yicha jurnalistlar tomonidan berilgan ba’zi savollarning sayozligi, ayniqsa ayrim muloqotlarning ommaviy axborot vositalarida juda jo‘n yoritilgani masalaga chuqurroq yondoshishga chorlaydi, albatta. Takror bo‘lsa ham aytish joizki, ba’zida yosh, o‘zini intiluvchan hisoblab yurgan muxbirlar ham bunday tadbirlarni yoritishda ularning o‘tkazilgani haqidagi xabar bilan kifoyalanishadi. Aslida tashkilotchilar uchun bu muhim emas. Muhimi, aytilmoqchi, yetkazilmoqchi bo‘lgan yangilik, axborot, ma’lumotni jamoatchilikka vaqtida, tushunarli, qiziqarli qilib yetkazish-ku. 

Gazetalar, internet saytlari, telekanallarning informatsion dasturlaridagi “kuxnya” sizga tanish bo‘lishi juda muhim. Ba’zida o‘ta dolzarb mavzuda bo‘ladigan muloqotlarga aynan falonchi muxbirni jo‘natishlarini so‘rab qolamiz. Ma’nosi tushunarli.

Hokimliklar har qanday ma’lumot yoki axborotni yetkazishda uning pirovard natijasini bosh planga qo‘yishi shubhasiz. Agarda tashkilotning biror vakili televideniega chiqib, hurmatli o‘rtoqlar, ko‘chalarni iflos qilmang, tozalikka rioya eting, deya jar solsa, uning qanday samara berishini aytish qiyin emas. Ammo, malakali rejissyor tomonidan maxsus stsenariy asosida olingan ijtimoiy rolikning ta’sir quvvati bo‘lakcha bo‘lishini tajribadan ko‘rdik. Uch-to‘rt yoshli bolakay o‘yinchoq mashinasida tuppa-tuzuk ko‘rinishdagi kattalar tomonidan tashlab ketilayotgan sigaret qutisi, muzqaymoq qog‘ozi kabilarni yig‘ib, maxsus urnaga olib boryapti. Buni ko‘rib o‘sha kattalar ham izza bo‘lishyapti va darrov o‘zlarini to‘g‘rilashyapti. 

Yoki ko‘p qavatli bir uyning yo‘lagidagi noxush ahvol boshqa bir namunali yo‘lak bilan qiyoslab ko‘rsatilyapti. Yo‘lakni toza tutish, uni bo‘yoqlab, chiroyli qilib qo‘yish katta mablag‘ talab qiladigan olamshumul yumush emas. Bu kabi ko‘plab ijtimoiy roliklar nafaqat televidenie kanallarida, balki kabel televidenielarining reklama bloklari hamda tashqi reklama monitorlari orqali muttasil namoyish etib borilmoqda. Bilasizmi, ham kabel televidenielari, ham tashqi monitorlarning auditoriyasi keng va albatta, bu roliklarga e’tibor tezda sezildi.

Hokimlik Axborot xizmatiga o‘sha rolikdagi yo‘lakning ta’mirlangani tasvirlari olib kelinib, uning namoyishini to‘xtatishni so‘rashdi, mahallalarimizdagi uchrashuv va muloqotlarda ko‘chalardagi monitorlar namoyishlariga ijobiy munosabatlarga duch kelamiz. Demak, axborot tarqatish manbalari ro‘yxatini ko‘paytirish ham mumkinga o‘xshaydi. Aynan avtotransport sonining ko‘payishi hisobiga radio va ayni jamoat transportida reklama bilan shug‘ullanib boshlagan tadbirkorlar bilan ish olib borish ham yaxshi samara berishi tayin.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar tobora rivojlanyapti. Aslida biror gazetaga jo‘yali maqola yozolmasligi mumkin, ammo ijtimoiy tarmoqda faol, ko‘pchilikka maslahatgo‘y bo‘lishdan tortinmaydigan “jonkuyar” hamyurtlarimiz ham topiladi. Chunki u kabilarning bu boradagi mas’uliyatini hech kim jilovlab o‘tirmaydi-da. 

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va ularga munosabatlarni kuzatib, hali oldi-qochdi gaplar, shov-shuvlarga o‘ch, qiziquvchan, birov nima, desa ortidan ergashishga moyil bo‘lgan kishilarning bisyor ekaniga duch kelasan kishi. Bu hammani hushyor bo‘lishga undaydigan jiddiy masala. 

Yaqinda shunday faol yurtdoshlarimizdan biri o‘zi rahbar bo‘lgan nodavlat tashkiloti tomonidan hokimlikka “muhim” masalada xat yuborganini o‘z ijtimoiy sahifasi orqali e’lon qildi. Hokimiyatning bunga munosabati ko‘pchilik uchun qiziq, muallif balki o‘sha “qiziq”qa ishongani uchun ayni shaklni tanlagan ko‘rinadi. Afsuski, javob qonunda belgilangan muddatda u kishining tashkilotiga yetib bormaydi.

 “Ajabo, hokimiyatda kimlar ishlaydi o‘zi”, “demak, murojaatlarning hammasiga munosabat shu ekan-da” kabi turli xulosalar, taxminlar-u, tal-qinlar paydo bo‘lganiga ajablanmadik. Keyin “qahramon”imiz yanada “olovlandi”, shaxsan hokim nomiga yana bir bor xat yo‘llab, unda mahalliy hokimiyat rahbarining qonunning falon-pismadon bandlarini buzganligiga sha’ma qildi, bu xatiga tezda javob yo‘llashi zarurligini uqtirib ham o‘tdi.

Albatta, bu holatni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Haqiqatdan ham, javob yuborilmagan bo‘lsa, shubhasiz, “kuyunchak” va “fidoiy” tomon haq bo‘lib chiqardi. O‘rganib chiqilganida, javob xati murojaat kelib tushganidan so‘ng qonunda belgilangan muddatda o‘sha “tarixiy” noma tepasidagi manzilga jo‘natilgan bo‘lib chiqdi. 

Xat hamda uning buyurtma qilib yuborilganini tasdiqlovchi to‘lov qog‘ozi nusxasi tezda tashkilotning elektron manziliga jo‘natildi. Chunki u tomon javob unga yetib borgachgina, uni ommaga e’lon qilishni va’da qilgan, va tabiiyki, ko‘pchilikning e’tiborini ham tortgan edi. Ammo, ajablanarli jihati, javob xati “da’vogar” tarafning yuqoridagi sahifasida e’lon qilinmadi. Ushbu hurmatli hamyurtimizning hokimiyatni tartibga chaqiruvchi xatini o‘z sahifalariga joylashtirib “ochko topgan” ba’zi saytlarimiz mas’ullari ham haligacha ushbu ko‘chirmani olib tashlaganliklari yoki uning aslida noto‘g‘ri ekanini e’tirof etganliklari yo‘q. 

Narsalarni o‘z nomi bilan atagan ma’qul. Jonkuyarligi va yuksak olijanobligi bilan nom chiqarish ilinjidagi o‘sha faol yurtdoshimiz, ming afsuski, bu bilan ko‘pchilikda hokimiyatga nisbatan noto‘g‘ri munosabat uyg‘otishga “erishdi”. Demak, Axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda faol qatnashib, odamlarning u yoki bu boradagi asosli yoki asossiz fikrlarini o‘rganib borgani, xabar topib, kerak joyida bunga munosabatini bildirib turgani durustroq ko‘rinadi.

Darvoqe, ba’zida nima uchun bizning saytlarimiz xorijdagilar kabi zo‘r emas, degan e’tirozlarga ham duch kelamiz. Bu bizning no‘noqligimizdan, malakasizligimiz, bilimsizligimizdan, deyishga shoshilamiz. Biroq, o‘sha ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgan saytlarni boyitib borish uchun o‘nlab mutaxassislar ishlashini e’tiborga olmaymiz. Rostdan ham, aslida qiziqarli, odamlarni o‘ylashga, mushohada qilishga, fikrlashga chorlay oladigan materiallar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lavermaydi, axir. 

Axborot xizmati, deganda bir qarashda besh-olti shtat birligi, sohani pishiq egallagan, muayyan sohalarni puxta biluvchi mutaxassislari, o‘z foto va video, montaj texnikalari, zamonaviy kompyuterlari va albatta, internet bilan tezkor ishlaydigan guruhni tasavvur qilamiz. Davrning shiddati, tezkorligi, axborotlar oqimining oshib borishi va albatta, jarayonlarning ko‘lamidan kelib chiqsak, xizmatlarning bunday quvvatga ega bo‘lib borishi bugungi kun talabidir.

Nazarimda, so‘nggi paytlarda Axborot xizmatlarini, avvalo, xizmat darajasida shakllantirish, moddiy-texnik negizini mustahkamlash, ularga malakali mutaxassislarni ishga olish masalasi takror-takror kun tartibiga qo‘yilayotganining mohiyatida ham ayni shu maqsadlar mujassam bo‘lsa ajab emas.

 

Husan ERMATOV

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 18 =