“DUGONALARING QURSIN…”

Oydin Dadamirzaeva (maqolada keltirilgan ism familiyalar o‘zgartirilgan) oilada bitta qiz farzand edi. Yoshligidan ota-onasi uni hech kimdan kam bo‘lmasin, deb barcha aytganlarini muhayyo etishdi. U 7-8 sinfda o‘qib yurgan kezlari  o‘zini sinfdoshlaridan ancha baland tuta boshladi. Ayniqsa, o‘zidan yuqori sinfda o‘qiydigan o‘g‘il bolalar davrasida bo‘lishni yoqtirar edi. Ko‘cha-ko‘ydagi gap so‘zlar oilaga ham yetib keldi. Otasi har qancha tergasa-da, u o‘z aybini tan olmasdi. 

 

Kollejga o‘qishga kirar-kirmas otasi Oydinni turmushga berdi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtasa qo‘ymas, deganlaridek, Oydin turmush o‘rtog‘ini ham ko‘zini shamg‘alatib, ahyon-ahyonda uydan chiqib ketar edi. Dastlab, eri bunga e’tibor bermadi. Qaynonasi esa, Oydinning har bir harakatini sinchiklab kuzatib turardi. Bir kuni Oydin ertalab uydan ketgancha yarim tunda qaytdi. Homilador ayolning yarim tungacha ko‘chada yurishi hech bir o‘zbek oilasiga ma’qul ish emas. Qaynona o‘g‘lini oldiga chaqirib, kelinining xatti-harakatlari, uning ortidan kelayotgan dugonalari shubhali ko‘rinayotganini aytdi. 

O‘g‘il bu narsalarni ancha oldindan bilishini, xotinining kimlar bilan uchrashib yurganidan xabardor ekanini ma’lum qildi. Kelinning qiliqlari oila sha’ni uchun uyat ekanligini bilgan er xotini bilan ajrashdi. 

Oydin uyga qaytgach, qizchali bo‘ldi. Ammo qiziga mehri  bo‘lmagani bois, chaqaloq  ikki oylik bo‘lmasdan onasiga tashlab «dugonalari» tomon oshiqdi.

Ozodlikka chiqqan «tungi kapalaklar» endi katta shahar tomon uchishni ma’qul ko‘rishdi. Ular 2009 yilda Toshkent shahar Chilanzor tumanida fohishaxona ochgan ayollar bilan tanishdi. Ijara uyda Oydin boshqa qizlar qatori mijozni qabul qilib yurdi. Oradan uch oy o‘tmasdan ichki ishlar xodimlari qizlarning noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganini daliliy ashyo ustida qo‘lga olishdi. 2009 yil 15 aprelda Oydin Dadamirzaeva va sheriklarini Chilonzor tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator bandlari bilan aybdor deb topib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, ayollar huquqlarini himoya qilish oliy qadriyat sanaladi. Oydin Dadamirzaevaning o‘ylamay bosgan qadamidan pushaymonligi va qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan qizi borligini e’tiborga olib, 2009 yil 31 oktyabrda Zangiota tumani sudi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «Amnistiya to‘g‘risida» gi qarori bilan o‘talmay qolgan jazodan ozod etdi.

Uyga qaytgan Oydin bir haftacha o‘zini ancha sipo tutdi. Biroq sheriklari uning qaytganini eshitishi bilanoq, yana chaqira boshlashdi. Oydin sodir etgan jinoyati uchun ming pushaymonligini bildirib jazodan qutulgan bo‘lsa-da, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi.

Endi o‘zi fohishaxona ochish tadorigida Toshkent shahriga qaytdi. Dastavval shaharning Yakkasaroy tumanida ijaraga uy topdi. O‘zi ro‘yxatda turadigan O‘rtachirchiqqa qaytib, fohishalikka moyil qizlarni  qidirdi. Ko‘r-ko‘rni qorong‘ida topadi, deganlaridek, Oydin tezda o‘ziga hamroh topdi. Avval fohishabozlik jinoyatini sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan, va amnistiya akti bilan ozodlikka chiqarilgan Alina Joldosbaevani ergashtirib ijaraga olingan uyga olib keldi. Ular erkaklarni jalb etish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yishdi. Internetda joylangan yalang‘och rasmlar tagida bog‘lanish uchun telefon raqamlari ham yozildi. Har kuni ularning domiga ikki-uch «laqma» ilinardi. Har bir mijozdan 150 000 — 200 000 ming so‘m undirilar edi. 

Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi, 63-uy, 31-xonadonda bo‘layotgan bu qing‘ir ishlar qo‘shnilarning tinchini buzdi. Axir kim ham qo‘shni uyda fohishabozlik bilan shug‘ullanishni bila turib, unga bee’tibor qaray oladi. Shu pod’ezdan bolalar, ayollar chiqib, tushishadi. Bunday jirkanch ahvol ulg‘ayayotgan farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir etmaydimi?

Uy boshliqlari va qo‘shnilar ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi SVOJJDLQK departamentining Yakkasaroy tumani bo‘limiga murojaat qilishdi. Departament a’zolari arizani tekshirish yuzasidan tezkor tadbir tashkil etdi. Yuqorida keltirilgan manzil bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda Oydin Dadamirzaeva, Alina Joldosbaeva hamda sheriklarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani sudi Oydin va Alinaga qonuniy jazo tayinladi. Shuningdek fohishabozlik uchun ijaraga berilgan uy  davlat hisobiga musodara etildi.

Bunyod MAHMUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK

Departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limi inspektori

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =