GIYOHVANDLIK VOSITALARI YO‘Q QILINDI

Poytaxtimizda narkobiznesga qarshi kurashish davomida musodara qilingan giyohvandlik vositalarining navbatdagi to‘plamini yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan hamda giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda 1 tonna 438 kilogramm giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi.

 

Tadbirda mutasaddi idoralar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

O‘zbekistonda giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat tizimi shakllangani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda bu ofatga qarshi kurashuvchi alohida tizim ish olib bormoqda. Sohaga oid faoliyatni davlat darajasida muvofiqlashtirish uchun idoralararo organ – Davlat komissiyasi faoliyat yuritmoqda. 

Narkobiznesga qarshi kurashishda BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konventsiyasi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston 1995 yilda ushbu konventsiya va narkotiklarga qarshi kurashish borasidagi boshqa xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Mamlakatimiz ularda belgilangan vazifalarni to‘la bajarib kelmoqda.

Milliy qonunchiligimizda giyohvandlikka oid jinoyatchilikning oldini olish va unga chek qo‘yish, bu borada huquq-tartibot idoralari hamkorligi, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash va boshqa muhim masalalarning huquqiy asoslari yaratilgan. 

– O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal. – Ayniqsa, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan profilaktik ishlar aholini giyohvandlik ofatidan himoya qilayotgani e’tiborga loyiq. Bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan va samarali natijalarga erishayotganimizdan mamnunmiz. 

Xalqaro ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda Afg‘onistonda ko‘knori yetishtiriladigan maydonlar 183 ming gektarni, ishlab chiqarilgan opiy miqdori 3300 tonnani tashkil etgan. Bu mamlakatda narkovaziyat murakkabligacha qolmoqda.

– 2015 yilda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan narko-trafikka qarshi kurashishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi, – deydi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati matbuot markazi katta xodimi Lola Yo‘lchiboeva. – Bu jarayonda giyohvand moddalarni mamlakatimizga olib kirish yo‘llarini berkitish, ularning nafaqat mamlakatimiz ichida noqonuniy muamolada bo‘lishi, balki hududimiz orqali tranzit qilinishiga chek qo‘yish, uyushgan jinoiy guruhlarni yo‘q qilishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni  nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ma’lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2015 yilda 6 ming 600 dan ziyod narkojinoyat fosh etilgan. Ulardan yarmini narkotik moddalarni o‘tkazish-sotish tashkil qilgan bo‘lsa, qolganlari kontrabanda, giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirish, bangixonalar tashkil etish va boshqa turdagi narkojinoyatlardir. 

2015 yilda mamlakatimizda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishida bo‘lgan jami 2 tonna 510 kilogramm miqdordagi narkotik moddalar musodara qilingan. Ularni asosan geroin, opiy, gashish, marixuana, ko‘knori kabilar tashkil etgan. 

Og‘ufurushlar yurtimizga narkotiklarni asosan Tojikiston va Qirg‘iziston or-qali olib o‘tishga urinmoqda. Amudaryo orqali Surxondaryo viloyatiga, janubiy-sharqdan Samarqand va Sirdaryo viloyatlariga hamda shimoliy-sharqdan Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatiga olib kirishga urinish hollari kuzatilayotir. Toshkent viloyatining Bekobod tumanida MXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 16,7 kilogramm geroin va 4,5 kilogrammdan ortiq opiy musodara qilingan. Yuk poezdlarini tekshirish natijasida 45 kilogrammga yaqin gashish va 27 kilogrammdan ortiq geroin giyohvandlik vositalari aniqlangan va musodara qilingan. 

O‘zbekistonda 2015 yilda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni amalga oshirganligi uchun ushlangan shaxslarning 138 nafarini chet el fuqarolari tashkil etgan. Ulardan 364 kilogramm narkotik vositalar, 1,4 mingdan ortiq psixotrop tabletka va boshqa narkovositalar olinib, musodara qilingan. 

 “Qora dori – 2015” operatsiyasining keng qamrovli tadbiri davomida  0,51 gektar maydonda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklar ekilganligi aniqlangan. 0,21 gektar maydonda yovvoyi nasha o‘simligi yo‘q qilingan.  

Ichki ishlar vazirligi tomonidan 5 mingdan ortiq narkojinoyat aniqlanib, qariyb 1 tonna 60 kilogramm narkotik vositalar musodara qilingan. Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan 407 narkojinoyat aniqlanib, 1 tonna 95,6 kilogramm narkotik vositalar musodara qilingan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan narkotik va psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq 425 holat aniqlangan. Natijada 435,4 kilogramm narkotik va boshqa psixotrop tabletkalar musodara qilingan.

Bosh prokuratura tomonidan huquq-tartibot idoralari tergov olib borgan  narkotik vositalari bilan bog‘liq 4 ming 573 jinoyat ishi nazorat tariqasida o‘rganilgan. Sudlar tomonidan 4 ming 578  shaxsga nisbatan narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan.

Narkologiya sohasi    mutaxassislari tomonidan  aholining turli qatlamlari orasida ko‘plab ma’ruza, seminarlar o‘tkazilayotgani, ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqishlar qilinayotgani giyohvandlikning oldini olishga xizmat qilmoqda. 

Mamlakatimiz mutasaddi idoralari va tashkilotlari vakillarining malakasini hamda professional ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xalqaro loyihalar doi-rasida o‘tkazilgan seminar, trening va o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda 223 mutaxassis qatnashdi. 

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha bosh-qarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarining muvofiqlashtiruvchi idoralari bilan muntazam ravishda narkovaziyatga oid ma’lumotlar  almashinuvi amalga oshirilmoqda.

Sudlarda ashyoviy dalil sifatida ko‘rsatilgan narkotik vositalarni maxsus pechlarda yoqish orqali yo‘q qilish amaliyoti mamlakatimizda 1994 yildan buyon qo‘llanib kelinmoqda. O‘tgan vaqt davomida mamlakatimizda jami 55 tonna 438 kilogramm giyohvand vositalar yoqib yuborildi va buning natijasida millionlab insonlar hayoti asrab qolindi. 

 

Norgul ABDURAIMOVA,

O‘zA muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 4 =