PLAGIAT, KOPIRAYT, RERAYT VA REPOST
Internetning shiddatli rivoji yangi tushunchalar bilan birgalikda mualliflik huquqiga rioya etmaslik, biror shaxsga tegishli asar, g‘oya, materialni o‘zlashtirish holatlarini keltirib chiqardi. Zamon zayli bilan tilimizga kirib kelgan tushunchalar ichida plagiat, kopirayt, rerayt, repost so‘zlari so‘nggi vaqtlarda ko‘p ishlatilmoqda. Mazkur tushunchalar internet jurnalistikasida yangi yo‘nalishlarni ham keltirib chiqarishga omil bo‘ldi. Xo‘sh, plagiat bilan kopirayt va reraytning farqi nimada? Nusxa ko‘chirish ma’nosini anglatadigan kopirayt birovning asarini o‘g‘irlash emasmi? Qayta bosish, ya’ni repostga materialni qayta chop etgan odam asar muallifiga tegishli mualliflik huquqining bir qismiga daxl qilmaydimi?
Mualliflik huquqi bevosita “plagiat” atamasi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin. Ushbu atama XVII asrning boshlarida ilk bor Yevropada qo‘llanila boshlagan. Rim huquqida “plagium” (so‘zma-so‘z tarjima qilinganda o‘g‘irlash) erkin kishini qonunga zid ravishda qul sifatida sotishni anglatgan. Dastlab adabiy asarlarni o‘g‘irlash — “plagium litterarium” deb, “adabiy o‘g‘ri” esa — “plagiator” deb nomlangan. Hozirgi kunda qo‘llanilayotgan “plagiat” atamasi esa frantsuzcha “plagiat” — “taqlid” ma’nosini anglatadi.
Plagiat o‘zganing asarini o‘zining nomidan nashr etishda, shuningdek, o‘zganing asaridagi muayyan qismlardan manbasini ko‘rsatmasdan foydalanishda namoyon bo‘ladi. Plagiatning majburiy belgisi – o‘zganing muallifligini o‘zlashtirib olish. “Plagiat” atamasini amaliyotda keng qo‘llanilayotgan “kontrafakt (soxta) nusxa” atamasidan ham farqlash zarur. Odatda “kontrafakt (soxta) nusxa” deganda intellektual mulk ob’ektiga nisbatan mutlaq huquq egasi (faqat muallif emas, balki ish beruvchi, asardan litsenziya asosida foydalanuvchi, patent egasi va shu kabilar)ning ruxsatini olmasdan undan tijorat maqsadlarida foydalanish tushunilsa, “plagiat” faqat o‘zganing muallifligini o‘zlashtirish, asarni o‘zining ijodiy mehnat mahsuli ekanini da’vo qilishda ifodalanadi.
Ommaviy axborot vositalarida plagiatning aniqlanish xavfi badiiy adabiyotga qaraganda birmuncha yuqoriroq. Biroq yuqorida qayd etilganidek, internetning keng imkoniyatlari va ko‘p o‘rinlarda jurnalistik materialga baho berayotgan kishilarning “muallif”ga “xayrixohliklari” natijasida, plagiatga yo‘l qo‘yish holatlari yuzaga kelmoqda. Albatta, bu jarayonda plagiat uchun birinchi galda muallif, ya’ni jurnalist javobgardir. Asosiy aybdor va amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxs — “adabiy o‘g‘ri”, “plagiat”, “soxta muallifdir”. Plagiatni baholashda boshqa tildan tarjima qilingan asarlarning qismlaridan foydalanish qoidalariga rioya qilish ham talab etiladi. Bu holatda tarjima to‘g‘riligi, muallif fikrlarining noto‘g‘ri tarjima qilinmagani uchun asarni tarjima qilgan shaxsning o‘zi javobgarlikni zimmasiga oladi va bu haqda so‘zboshida qayd etadi. Bundan tashqari, plagiat hammualliflikka majbur qilishda ham ko‘zga tashlanishi mumkin. Ya’ni asar muallifini majburlab u bilan hammuallif sifatida asarni chop etish, soxta hammuallif sifatida o‘zini e’lon qilish ham plagiat hisoblanadi.
“Kopirayting” tushunchasi ingliz tilidan “matnlarni yozish” deb tarjima qilinadi. Bu tushunchaga faoliyat hamda matn tipi ham kiradi. Kopirayting faoliyat sifatida o‘z ichiga biror-bir mavzu yuzasidan maqola yozishni bildirsa, matn tipi sifatida o‘ziga xos matnli materialni bildiradi (maqola, sharh, annotatsiya va hokazo). Kopirayter, bu mualliflarning noyob materiallarini ustidan qayta ishlaydigan yoki o‘zi ana shu noyob materiallarni OAV uchun yozadigan insondir.
Bugungi kunda kopiraytingning bir necha turlari mavjud: OAV uchun kopirayting, maqolalar, buyurtma asosida material tayyorlash. Reklama kopiraytingi (axborot-reklama va «sotiluvchi» turlarga bo‘linadi).
Axborot-reklama maqolalari saytlar kontentini to‘ldirish uchun yozilib, ular o‘quvchi uchun qiziqarlidir va yashirin reklamadan iborat bo‘ladi.
Sotiluvchi matn tovarlar va xizmatlarning afzalliklarini ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. U nafaqat tijoriy taklif mazmunini ochib beradi, balki xarid qilishga ham undaydi.
Matbuot-relizlari. Ma’lum bir auditoriyaga mo‘ljallangan OAVda yoritish uchun tayyorlangan axborot xatlari.
Blog postlar. So‘zlashuv tilida yozilib, biror-bir masalani muhokama qilishga undaydi.
SEO-kopirayting yoki robotlar uchun matnlar — internetda saytlarni ilgari surishning asosiy usuli. Bunday matnlarda kalit so‘zlar ketma ketlikda beriladi va qidiruv tizimlarida matnlarni topishni osonlashtiradi.
Maqolalar do‘koni uchun kopirayting (turli mavzulardagi tayyor maqolalar).
Albatta, har bir muallifning fikrini ifoda etish uslubi bor. Kopirayt matnlari uchun asosiy talablar quyidagilardan iborat: o‘ziga xoslik, orfografik va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, aniq va kreativ g‘oya.
Xo‘sh, har qanday auditoriya uchun qiziq bo‘lgan mavzuni qaerdan topish mumkin?
Hayotiy tajribangiz – bevosita sizni va atrofdagilaringizni qiynayotgan muammolar jamiyat uchun qiziq va dolzarb. Masalaning yechimini ko‘rsatish, hech bo‘lmaganda yechimini topish uchun yo‘naltirish, muvaffaqiyatingiz kaliti.
Kutubxona – bilimlaringizni kengaytirish va maqolangiz uchun mavzu topish uchun qulay joy.
Intervyu yoki telefon so‘zlashuvi – doimo sizni qiziqtirgan mavzu yuzasidan axborot bera oladigan insonlarni topsa bo‘ladi.
Internet ma’lumotlari – afsuski, tarmoqda ular ham ko‘p. Shuning uchun ham mavzuni aniqlagach, internetdan qo‘shimcha manba sifatida foydalanganingiz ma’qul.
Kopiraytingning asoschilaridan biri Jon Keyplz bo‘lib, uning “Reklamaning sinalgan usullari” nomli kitobi ilk marotaba AQShda 1932 yilda chop etilgan edi. Unda bevosita reklama matnlarini yozish borasida so‘z yuritilib, kopirayt reklama va tashviqot materiallarini yozuvchi shaxs sifatida ta’riflanadi. Sohada yorqin iz qoldirgan yana bir shaxs, Jozef Shugerman XX asrning oxirlarida Amerikaning eng yetakchi kopirayterlaridan biri sifatida tan olingan. Uning “Reklama matnlarini yozish san’ati. Yetuk Amerika kopirayter ma’lumotnomasi” ko‘pgina mamlakatlarda bir necha marotaba qayta nashr etilgan.
Kopiraytingdan farqli o‘laroq rerayting (ingl. rewriting) — mavjud matnlarni ulardan foydalanish uchun qayta ishlash demakdir. Kopirayting matnni boshidan yoza boshlasa, rerayting uni qayta ishlaydi. Matnlarni uslubiy jihatdan o‘zgartiradigan insonlarni rerayterlar deb atashadi. Rerayting mualliflik huquqini buzganlikda ayblamaslik uchun foydalaniladi. Ya’ni, maqoladan fakt va dalillar olinib, u qayta yoziladi. Rerayterlar matnni qayta ishlashda quyidagi usullardan foydalanadilar: so‘zlar o‘rniga ularning sinonimlarini ishlatish; to‘g‘ri gapni o‘zlashtirma gapga aylantirish; abzatslar joyini o‘zgartirish; tushuncha va so‘z birikmalarni to‘g‘ri kelganiga o‘zgartirish; matnni ma’no yuklamasiga ega bo‘lmagan iqtiboslar va so‘z birikmalarini o‘chirish orqali soddalashtirish va hokazo.
Qayta ishlangan matn maqola originalidagi ma’noni o‘zida saqlab qolishi zarur.
Internet jurnalistikasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan yana bir tushuncha bu repostdir (inglizcha re – “asos, yana bir marta”, post – “xabar berish”) — bu bir resursda biror bir xabarni qayta chop etishdir. Repostning vazifasi e’lon qilingan xabarga yana bir marotaba e’tiborni tortishdan iborat. Repostlar asosan ijtimoiy tarmoqlarda keng qo‘llaniladi. Bu foydalanuvchilar tomonidan matn muallifining mualliflik huquqini saqlagan holda axborot ulashishning bir turidir. Ilgarilari aksariyat veb-sayt ma’murlari internetdan matn, surat, videoni o‘g‘irlab, o‘z saytlariga joylashtirishgan bo‘lsa, repost orqali uning muallifini va manbasini ko‘rsatgan holda axborotni chop etish mumkin.
Xullas, ushbu atamalar har birining o‘z vazifasi va yuki bor.
Nargis QOSIMOVA