QADIM MAYYALAR DIYORIDA
Meksika qo‘shma shtatlari Shimoliy Amerika qit’asi janubida joylashgan mamlakat. Uning jami maydoni 1958,2 ming kvadrat kilometrni, aholisi 122,3 million kishi (2013 yil)ni tashkil etadi. Mexiko shahri mamlakatning yirik megapolisi va poytaxti hisoblanadi. Ma’muriy jihatdan mamlakat 31 ta shtat va 1 poytaxt federal okrugiga bo‘linadi.
Mamlakat hududining katta qismini balandligi 1000-2000 metrdan iborat Meksika tog‘ligi egallaydi. Meksikaning sohilga yaqin joylari pasttekisliklardan iborat. Tog‘larda rangli metall rudalari (mis, qo‘rg‘oshin, kumush, simob, kadmiy, volfram, oltin) bor. Ushbu diyorning iqlimi tropik iqlim hisoblanadi Xususan, yanvar oyida o‘rtacha harorat 10°—25°ni, iyulda esa 15°—30°ni tashkil etadi.
Mamlakatning janubiy sharqida daryolar anchagina, shimoliy-g‘arbida esa kamroq. Rio-Grande, Lerma, Balsas, Grixalva — Usumasinta mamlakatning yirik daryolari hisoblanadi. Meksikada nabototning 12 mingga yaqin turi bor; shulardan katta qismi endemik o‘simliklardir. Meksika tog‘ligining shimolida o‘ziga xos kserofil o‘simliklar, shuningdek, mimozadosh butalar o‘sadigan chala cho‘l va cho‘llar asosiy o‘rinni egallaydi. Tog‘likning janubida va past tekislik sohillarida boshoqlilar va sertikan butalardan iborat savanna o‘simliklari o‘sadi. Mamlakatning janubiy qismini ko‘proq tropik o‘rmonlar, sharqiy yon bag‘irlarini doimiy yashil o‘rmonlar ishg‘ol etgan.
Meksika tog‘ligi o‘rmonlarida qora ayiq, qizil silovsin, puma, savannalarida esa bug‘u, chumolixo‘r kabi yovvoyi hayvonlar uchraydi. Mamlakatda nabotot va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida 50 dan ko‘proq bog‘lar tashkil etilgan.
Aholining katta qismi meksikaliklar bo‘lib, ular indeets qabilalari va elatlari, Yevropa (asosan, Ispaniya)dan ko‘chib kelganlar va plantatsiyalarda ishlatish uchun keltirilgan afrikaliklardan iborat. Qolaversa, aholining yarmidan ortig‘i aralash nikohdan tug‘ilgan metis va mulatlardan iborat. Tub indeetslar o‘z tillari va madaniyatlarini qisman saqlab qolgan.
Mamlakatda shuningdek, ispanlar, basklar, nemislar, frantsuzlar hamda boshqa millat vakillari ham istiqomat qiladi. Meksikada rasmiy til ispan tili hisoblanadi. Meksikada Mexiko, Gvadalaxara, Monterrey. Leon, Syudad-Xuares kabi yirik shaharlar bor. Mamlakat juda qadimiy tarixga ega. Xususan, bu mintaqada qadimgi odamlarning yuqori paleolit (miloddan 20—15 ming yil avval) davridagi manzilgohlari topilgan. Tarixiy manbalar mazkur hududda turli davrlarda g‘arbiy yarim shardagi eng rivojlangan tsivilizatsiyalaridan biri mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Milodning boshlarida Markaziy Amerikaning shimoliy g‘arbiy qismida mayya qabilalari yashagan.
1517 yildan boshlab bu hududlarni ispanlar bosib ola boshladi. Mustamalakachilik yillarida ocharchilik va kasalliklar ko‘plab indeetslarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi va ichki bozorning vujudga kelishi, milliy ongning uyg‘onishi sababli 19-asrning boshlarida meksikan millati tarkib topa boshladi. Bu davlat 1945 yildan boshlab BMT a’zosi. Meksika 1991 yil 26 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan va 1992 yil 16 martdan e’tiboran u bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan.
Meksikani Lotin Amerikasidagi iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlardan biri, deyish mumkin. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24,5 foiz, qishloq, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilikning ulushi esa 9 foizni tashkil etadi. Meksika paxta, shakarqamish, kofe yetishtirishda hamda neft-gaz, kumush, qo‘rg‘oshin, oltingugurt qazib olishda dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Ish bilan band aholining 15,3 foizi sanoat sohasida faoliyat ko‘rsatadi. Konchilik, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, metallurgiya, qurilish, to‘qimachilik, oziq-ovqat mamlakatda muhim tarmoqlar hisoblanadi.
Verakrus, Tampiko, Minatitlan, Mexiko va Salamanka shaharlari neft kimyosi, Monterrey, Monklova, Mexiko atroflari qora metallurgiya, Verakrus, Kananea, Chiuaua shaharlari rangli metallurgiya, Mexiko, Toluka, Puebla shaharlari esa mashinasozlik va metall ishlash sanoatining asosiy markazlaridir. Mamlakatda energetika, qurilish ashyolari, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati ham yaxshi rivojlangan.
Ish bilan band aholining 27,8 foizi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Qishloq xo‘jaligi aholining ehtiyojini asosan ta’minlaydi va mahsulotining bir qismini eksport qiladi. Ekin maydonlarining 5,15 million gektari sun’iy sug‘oriladi. Eksport uchun paxta, kofe, ichki ehtiyoj uchun shakarqamish, makkajo‘xori, oq jo‘xori, bug‘doy, sholi, kartoshka va soya ekiladi. Bir qancha tropik va subtropik ziroatlar ham eksport ahamiyatiga ega. Chorvachiligida qoramol, cho‘chqa, qo‘y va echki asosiy o‘rinni tutadi.
Mamlakatda temir yo‘llarning uzunligi 26,4 ming kilometr avtomobil yo‘llari esa 242 ming kilometrdan ziyod. Barcha shtat va shaharlar havo yo‘llari orqali tutashtirilgan. Jumladan, Mexiko, Verakrus, Merida va Monterreyda katta aeroportlar bor. Asosiy dengiz bandargohlari: Verakrus, Mexiko, Tampiko, Salina-Krus.
Meksika chetga tayyor va chala tayyor buyumlar, shuningdek, neft va neft mahsulotlari, paxta, kofe, konchilik sanoati va rangli metallurgiya mahsulotlarini chiqaradi. Chetdan chala tayyor buyumlar, mashina va asbob-uskunalar, iste’mol mollari sotib olinadi. Asosan AQSh, Kanada, Yaponiya, Lotin Ame-rikasi va Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodliy munosabatlarni olib boradi. Mamlakatda turizm yaxshi rivojlangan.
OAV materiallari
asosida tayyorlandi.