QOBIL INSON

Har bir insonning jamiyatda, mahalla-ko‘y, ish joyi, oilasi, umuman hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qiluvchi omillar ko‘p. Ularning har biri haqida uzoq so‘z yuritish mumkin, albatta. Ustozlarni men ana shu toifadagi fidoyi insonlar qatorida deb bilaman. Zero, xalqimizda “Ustoz, otangdek ulug‘” deb bekor aytishmaydi.  

 

Taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekovni qirq yildan buyon yosh avlodga saboq berib, kelajagimiz bunyodkorlarini Vatanga muhabbat, urf-odat va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga, turli soha xodimlarining malakalarini oshirish, dunyoqarashlarini kengaytirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan elparvar, samimiy insonlardan biri, desam mubolag‘a qilmayman.     

Taqdir taqozosiga ko‘ra, Qobilbek aka bilan dastlab radioda eshittirishlar, keyinchalik televidenieda ko‘rsatuvlar tayyorlash baxti nasib etdi. Istiqlolning ilk yillari… Vatanimiz mustaqilligini tan olgan mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilib, qator chet davlatlar rahbarlarining yurtimizga, Prezidentimiz boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining xorijiy o‘lkalarga tashriflari ko‘paygan, nufuzli xalqaro tashkilotlarda yirik anjumanlar o‘tkazib turilgan davr. Ularda ko‘rilayotgan dolzarb masalalar mazmun-mohiyati va ahamiyatini radiotinglovchi va teletomoshabinlarga yetkazish, tushuntirish teleradio jurnalistlaridan, sharhlovchilardan teran fikr yuritishni taqoazo etsa, Yer yuzining turli nuqtalari va qo‘shni Afg‘onistondagi keskin vaziyat, qarama-qarshilik, nizo va ziddiyatlar siyosiy hushyorlik va ogohlik davr talabi edi (bu hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, albatta). O‘z sohasining chuqur bilimdoni Qobilbek Karimbekov bilan radio to‘lqinlari orqali tinglovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish va ularning savollariga atroflicha javob berish jarayoni har bir radiojurnalist uchun mahorat maktabini o‘taganligi aniq. 

Ana shunday qizg‘in bir pallada, ya’ni 2000 yillarga qadar O‘zbekiston televideniesida chet davlat rahbarlarining yurtimizga tashrifi munosabati bilan efirga jonli tarzda 30-40 daqiqalik ko‘rsatuvlar berish tajribasi qo‘llangandi. O‘zbekistonning Germaniya, Rossiya, Xitoy, Indoneziya kabi davlatlar bilan turli sohalardagi hamkorligi, kelajakdagi aloqalar istiqbollari, mamlakatimiz rivoji, xalqimiz farovonligi uchun olib keladigan manfaatlariga bag‘ishlangan ko‘plab bunday ko‘rsatuvlar bevosita Qobilbek akaning tashabbusi, g‘ayrat-shijoati tufayli efir yuzini ko‘rdi. “Siyosat olamida”, “O‘zbekiston va jahon”, “Xalqaro sharhlovchilar davrasida”, “Dunyo hafta ichida” kabi ko‘rsatuvlar men uchun ham katta maktab vazifasini o‘tadi.       

Q.Karimbekovning poytaxtimizdagi nomdor oliy o‘quv yurtlaridan birining o‘qituvchi-professorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida qatnashganim esimda. Yuzdan ziyod kishini tashkil etgan jamoada hayotini ilm-fanga, malakali kadrlar yetishtirishga bag‘ishlagan katta tajriba egalaridan tortib, ular izidan borayotgan ko‘plab yoshlar bor edi. Juda qizg‘in kechgan ushbu tadbirda ustozning ilm ahlidan tushayotgan yurtimiz, mintaqamiz, dunyo tinchligi va xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy va chuqur ma’noli savollariga bergan jo‘yali javoblari barchani hayratga solganligini ko‘rdim. Xayolimdan «qani endi vaqtim bemalol bo‘lsa-yu ana shunday uchrashuvlarda tez-tez ishtirok etsam”, degan o‘y o‘tdi. U kishi faoliyati bilan bog‘liq bunday hayotiy misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bildirgan ojizona fikrlarim, keltirgan misollarim taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov haqida yozmoqchi, aytmoqchi bo‘lganlarimning o‘ndan, hatto yuzdan biri, desam mubolag‘a bo‘lmas. Zero, qalbiga ezgulikni jo qilgan, odamlar o‘rtasida ma’naviyat tarqatayotgan insonlar haqida har qancha yozsak, gapirsak oz.  

G‘afur JAMOLOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 18 =