Yolqinlanar, tovlanar atlasu adrasimiz
Bolaligimizda to‘rt tepkili atlasdan tikilgan ko‘ylak bizning shohona kiyimimiz bo‘lgan. Keyinchalik ham qizil, qora, sariq sakkiz tepkili, shuningdek, shaxmat, tovus nusxa yoxud “Xosiyatxon”, “Bargikaram” kabi kamalakdek tovlanadigan rangin atlaslardan bayramga ko‘ylak tiktirib, o‘zimizni malikalardek his qilardik. Ko‘cha-ko‘yda ayollarning bir husniga o‘n husn qo‘shadigan, tabiiy ipakdan to‘qilgan adras, beqasam kiyimlari yarashib turgan qizlar, kelinchaklarni ko‘rsak, ko‘zimiz quvnab, dilimiz yayraydi. Kelinlarning sepini ham atlassiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Atlas va adrasning vatani sanalmish Marg‘ilonda bu mato ancha mashaqqat bilan tayyorlangan. Ustalar katta yo‘l bo‘ylarida o‘sgan daraxtlarga tanda bog‘lab, atlasni gulovorlaganlar. Avval uning har bir bandini alohida bog‘lab, “abrband” qilib, turfa rangga bo‘yagach, bandlarini yechib quritganlar. Ipak matolar orasida eng mashhuri va qimmatbahosi bo‘lgan abrli atlas va xonatlas tayyorlanguniga qadar o‘ttizdan ortiq ish jarayonidan o‘tadi. Bu matolarning o‘ziga xosligi bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chizilganidandir. Ularning “Marg‘ilon”, “Navro‘z”, “Rasadxona”, “Bibixonim”, “Nog‘ora”, “Kiprik”, “Qirolicha”, “Panja”, “Kelinchak” kabi o‘nlab turlari bor. Ular to‘rt tepkili va sakkiz tepkili dastgohda to‘qiladi. Xususan, adras ranglari juda yorqin bo‘lib, qancha yuvilsa ham, ohori to‘kilmaydi.
Istiqlol tufayli milliy qadriyatlarimizga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Jumladan, milliy hunarmandchiligimizning noyob sohalari ham davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan unumli foydalangan ustalarimiz xalqimiz orasida unutilayozgan an’analarni tiklashga bel bog‘ladilar va o‘z maqsadlariga erishmoqdalar.
— Oilamiz atlaschilar sulolasining to‘qqizinchi avlodi, asosan, mato to‘qimachiligi texnikasini tiklash bilan shug‘ullanadi, – deydi Marg‘ilon shahar hunarmandlar uyushmasi rahbari Rasuljon Mirzaahmedov. – Otamiz ham Marg‘ilonda atlas ustasi sifatida tanilgan. Tarixda bizning mato to‘qimachiligimizda, asosan, adras, shoyi, beqasam matolari to‘qilgan. O‘tgan asrning 30—40-yillariga kelib arqog‘iga sun’iy ip otilgan sakkiz tepkili atlaslar ommalashib, adras iste’moldan chiqib ketgan edi. Bu atlaslar, tabiiyki, tanaga havo o‘tkazmas, adrasning tandasi ipak, arqog‘i ip bo‘lgani bois tanaga havoni yaxshi o‘tkazar edi. Otamiz nomoddiy madaniy merosimizni saqlab qolish maqsadida esdan chiqib ketgan o‘sha adras, shoyi matolarini muzeylardagi nusxalarga ko‘ra va yana kitoblarni titkilab qayta tiklashga erishdilar. Izlanishlar samarasi o‘laroq, men ham faqatgina ipakdan to‘qiladigan Buxoro alobaxmalini tikladim. Bu matoni Buxoro amirlari kiygan bo‘lib, endilikda yana urf bo‘lib boryapti. Bu xizmatim uchun 2005 yili YuNYeSKO sovrini bilan taqdirlanganman. Shuningdek, Boysunda, Xorazmda olacha, tugmabelbog‘ kabi milliy matolarni ham qayta tiklashga erishdik.
Ha, mustaqillik sharofati bilan jahon ahli qadriyatlarimiz bilan tanishdi, milliy to‘qimachilik an’analarimiz, matolarmiz dunyoga chiqdi. Xorijiy mamlakatlarda adrasga qiziqish ortdi. Mana, o‘n yildirki, R.Mirzaahmedov AQSh va Yevropa mamlakatlarida ko‘rgazmalari bilan qatnashib kelmoqda. Angliyalik dizaynerlar adras matosi bilan ishlashyapti. Milliy matolarimiz haqida risolalar yozilyapti.
Bir vaqtlar atlas to‘qib bozorda sotgani uchun qamoq jazosiga tortilgan, shogird tayyorlashdan qo‘rqqan hunarmand bugun emin-erkin ishlab, oila tebratmoqda, qo‘shimcha daromad topmoqda.
– 1983 yili sakkiz tepkili atlasni uyda to‘qib bozorda sotgani uchun, “senlar eskilik sarqitini targ‘ib qilayapsanlar” degan ayblov bilan dadam rahbarligidagi salkam ellik nafar to‘quvchini jazolashgan, — deb eslaydi R.Mirzaahmedov. – Bugungiday imkoniyatlar, imtiyozlar qayda edi, deysiz. Mustaqilligimizdan so‘ng milliy hunarmandchiligimiz rivoji yo‘lida qancha ishlar qilinmadi, deysiz. Eng muhimi, bizga erkinlik berildi. Buning uchun har qancha shukur qilsak, minnatdor bo‘lsak kam.
Oydin TEMIROVA