2016 yil — Sog’lom ona va bola yili

Ota-bobolarimiz farzand tarbiyasini bir millat yoxud xalqning emas, insoniyatning taqdiriga daxldor hodisa deb hisoblashgan. Abu Rayhon Beruniyning besh-o‘n yoshlaridan yunon tilini o‘rgana boshlagani, o‘smirligidan ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullangani, Abu Ali ibn Sinoning o‘n olti yoshida yetuk olim bo‘lib yetishgani, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bobolarimizning iste’dodlarini bolalik chog‘laridan namoyon etishgani — o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgan voqeliklar emas. Ularning zamirida ajdodlarimizning farzand tarbiyasiga oid fenomenal qarashlari, bebaho yondashuvlari mujassamdir.

 

Necha ming yillik tarixga ega milliy pedagogikamizning jahon pedagogikasiga daxldor, dunyo ahli o‘rganishi lozim bo‘lgan jihatlari bisyor. Bu esa bugungi kun tadqiqotchilari oldiga yuksak vazifalarni qo‘yadi. 

Albatta, har bir ota-ona farzandining yetuk inson bo‘lib kamol topishini istaydi. Lekin ko‘pincha mas’uliyatni ta’lim muassasalariga yuklaydilar. Bolaga bog‘cha, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasasida berilgan bilim uning barkamol inson bo‘lib yetishishiga yordam berishi barchamizga ma’lum. Biroq so‘nggi tadqiqotlar inson miyasining imkoniyatlari nihoyatda kengligi, ta’lim va tarbiya bolaga qanchalik erta berilsa, samarasi shunchalik yaxshi bo‘lishini ko‘rsatmoqda. 

Yaponiyalik tadqiqotchi, bola rivoji va ruhiyatining bilimdoni Masaru Ibuka ta’limni go‘dakka tug‘ilganidanoq berish tarafdori. Uning fikricha, katta yoshlilar qiyinchilik bilan o‘rganadigan narsani, bolalar o‘ynab bilib oladi. Muhimi, ta’limni o‘z vaqtida bera boshlash zarur. Aynan ana shu “vaqt” qachon kelishini hammadan ham bolaning doimiy hamrohi bo‘lgan inson — ona yaxshi biladi. 

Masaru Ibukaning bolalar tarbiyasiga bag‘ishlangan “Uch yoshdan so‘ng kech…” kitobidan saralab olingan maqolalar yosh ota-onalar, bobo-buvilar uchun o‘z farzandlari va nevaralarini tarbiyalashda amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =