Mahalla obod — ko‘ngil obod

Bugun mamlakatimizning barcha go‘shalarida eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik shukuhi kezib yuribdi. Yaqinda Qibray tumanidagi “Iftixor” mahallasidagi mo‘’jaz to‘yxonada mahalla ahli bilan mustaqilligimizning yigirma besh yilligi bahonayi sabab diydorlashib, bunga yana bir karra amin bo‘ldik.

 

Bu yerda hamma o‘z ishi bilan band. Tadbirkorlar mahalladoshlariga himmat ko‘rsatib, ibratli ishlarga bel bog‘lagan. Bir-biridan ko‘ngil so‘rashga vaqt topgan qo‘ni-qo‘shnilar qadrdon, qiyomatli do‘st bo‘lib ketganini samimiy ko‘rishib-so‘rashishlaridan ham sezsa bo‘ladi. Elu yurt, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarning boshini qo‘shib, shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lgan mahalla raisi hoynahoy keksa bir otaxon bo‘lsalar kerak, deb o‘ylagandik o‘zimizcha. Holbuki, yaqinda saylangan mahalla oqsoqoli Eminjon Xayrullaev yoshi qirqlardan oshgan bo‘lsa-da, g‘ayrati ichiga sig‘maydi. Mahalladagilar mo‘ljaldagi kishi oqsoqol etib tayinlanganidan xursand.

– Bundan yigirma besh yil burun mahallalarimiz qanday ahvoldaligini siz jurnalistlar  yaxshi bilasizlar, – deydi Eminjon aka. – Odamlar dardini aytishga iymanardi. Huquqi poymol bo‘lganlar bilan hech kimning ishi bo‘lmagan. Mana, endilikda mahalla milliy qadriyat sifatida e’zoz topdi. Sharqona, o‘zbekona urf-odatlarimizning o‘ziga xosligini hatto xorijliklar ham e’tirof etmoqda. Mahallamizda bir ming to‘qqiz yuz to‘qson nafar aholi yashaydi. Serfarzand oilalar ko‘p. Guzarimizda o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan xususiy tadbirkorlar, korxonalar va ishlab-chiqarish tsexlari ham mavjud. Ular bilan maslahatlashib,  ishsizlarni band qilishga yordam berayapmiz. Kam ta’minlagan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan keksalar va nogironlar doimo diqqat markazimizda.  Bolalar bayrami munosabati bilan tadbirkorlarimizdan Xayriddin Shamsiev yigirma uch nafar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga yog‘, un, shakar mahsulotlarini tarqatgan bo‘lsa, Klara Otajonova ularning o‘n olti yoshgacha bo‘lgan farzandlarini kiyim-kechak bilan ta’minladi. Dilshod Husanov esa to‘rtta  xonadonga bittadan qo‘y hadya qildi. Muhayyo Rustamova ham to‘yxonasida qanchadan-qancha yosh oilalarni mustaqil hayotga qadam qo‘yishi uchun savobli ishlarga qo‘l urmoqda. Xullas, mahallamizda  to‘y, ma’raka, yig‘inlar ahillikda o‘tkaziladi. Rejalarimiz ko‘p. Ayni paytda mahalla guzari va bolalar sport maydonchasini zamon talablari darajasida qurish harakatidamiz. 

Bag‘rikeng, saxovatpesha, mehnatkash, bir-birlari bilan ahil bu mahallada “Ko‘pga ber, shu qatorida menga ham…” deb elu yurt yumushlariga shay turgan mehr-muruvvatli insonlar ko‘p. Aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar, savdo do‘konlari, go‘zallik saloni va novvoyxonalar obodlik va farovonlik timsoli.

– Mahallamizda ziyoli, o‘qimishli oilalar ko‘p. Mehr-oqibati, lafzi halolligi bilan ishonchimizga kirgan, – deydi mahalla maslahatchisi Zulfiya Rahimjonova. – Katta hayot tajribasiga ega onaxonlarni yosh oilalarga mas’ul qilib qo‘yganmiz. Shuning uchun uydagi gaplar ko‘chaga chiqmaydi. Oilaviy qo‘ydi-chiqdi masalalariga kelsak, bizda yarashtirish komissiyasi faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla noziri nafaqat aholi tinchligini ta’minlash, balki oilaviy munosabatlarda ham huquqiy yordamini ayamaydi. Xotin-qizlarimiz biror ishning boshini tutishiga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ular hunar o‘rganish bilan birga, o‘g‘il-qizlarini risoladagiday tarbiyalashmoqda. Muhimi, mahallamiz yildan-yilga chiroy ochib bormoqda. Meva-cheva, poliz va go‘sht-sut mahsulotlari o‘zimizdan chiqadi. Bizga faqat shikoyat arizasi yoki biror muammo bilan emas, insoniylik  yuzasidan  murojaat qilganlar ham bor. Mana bugungi bayramda eng yaxshi xonadon egalari, tadbirkorlar va nuroniy otaxonu onaxonlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Bunday  rag‘bat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.      

Toshkent shahriga baqamti bo‘lgan fayzli mahalladagi o‘zgarishlar ko‘zimizni quvontirdi. Ayniqsa, qalbi mehrga to‘la mehmondo‘st xalqimizning yaxshi kunlarida birga bo‘lish… xush kelar ekan kishiga. Qarang, eng namunali xonadon egalaridan biri Azima opa Mirahmedova oltmish kishiga o‘z xonadonida ekilgan gullarning urug‘i, ko‘chatidan ulashibdi. Yana bir keksa onaxon bir qancha kelinlarni yoniga olib, ko‘rpa tikishni o‘rgatibdi. “Iftixor” mahallasidan o‘zgacha iftixor bilan qaytar ekanmiz, 

El netib topgay menikim,

Men o‘zimni topmasam,

deganlarida hazrat Navoiy naqadar haq ekanlariga yana bir bor amin bo‘ldik. Shu yerda gapni muxtasar qilib, yurtimizda mana shunday obod mahallalar, himmati baland, insonparvar odamlar ko‘payaversin, deymiz.    

 

Adiba UMIROVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =