Kengliklariday ko‘ngli keng, qal’alariday mehri cho‘ng xalq
Go‘zal va betakror, o‘xshashi yo‘q-betimsol O‘zbekistonimiz oltin uzukka qiyos qilinsa, Qoraqalpog‘iston shu uzukning yoqut ko‘ziga mengzagulikdir.
Ko‘z ilg‘amas kengliklar bag‘rida yastanib yotgan bu qadimiy tabarruk g‘azna haqida juda ko‘p va xo‘b yozilgan. Bu bepoyon go‘shaning qaynoq quchog‘ida tug‘ilib, o‘sib, ulg‘ayib, adabiyotimiz tarixiga o‘zlarining muborak nomlarini diltortar izhorlari bilan qayd etgan Kunxo‘ja Ibrohim o‘g‘liyu Berdaq va Ajiniyozdan tortib, Ibroyim Yusupovu To‘lapbergan Qayipbergenov, shuningdek, Jiyanboy Izbosqonov, O‘rozboy Abdurahmonov, Yangiboy Qo‘chqorov, Baxtiyor Genjamuratovgacha va boshqa taniqli ijodkorlarimizning o‘z tabarruk, qadimiy va navqiron ota makonlari haqida yozganlari ko‘pchilik ixlosmandlarning qalb mulkiga aylangan.
Quyosh butun borliqni o‘zining munavvar nurlari bilan charog‘on etganidek, istiqlol degan oliy ne’mat malakatimizning barcha go‘shalari qatori tabarruk Qoraqalpog‘istonni ham yanada nurafshon va fayziyob etdi.
Bu qutlug‘ maskanning barcha tumanlari kabi qadimiy va navqiron Ellikqal’aning, uning ismi jismiga mos bo‘lgan markazi — Bo‘ston shahrining qiyofasi tubdan o‘zgarib, yangicha qiyofa, yangicha mazmun kasb etganligi ham g‘oyat quvonarlidir.
O‘ziga xos ohanrabosi, fayzu tarovati, ajib ilhombaxsh jihatlari bo‘lgan bu diltortar tuman haqida ulug‘ ustozlarimizdan oshirib bir narsa deyish amri mahol. Biroq u yerda bo‘layotgan bunyodkorliklar haqida yozmaslik ham, qaynab turgan ilhomga bepisandlikdan boshqa narsa emasligi ko‘p qatori meni ham bezovta qilmay qo‘ymadi.
O‘zim yoqtirgan joylarni, ko‘nglimga yaqin odamlarni ko‘rish tugul xayolimdan o‘tkazsam ham o‘zgacha zavq, ajib bir huzur og‘ushida o‘zimni bag‘oyat sarmast, allanechuk shodumon his qilaman, bunday joylarga, bunday odamlarga intilaman, oshiqaman. Bamisoli ohanraboday o‘ziga tortuvchi bu yanglig‘ serjozib joylar, o‘z mehnati bilan kimsasiz sahrolarni betimsol kentlarga aylantirayotgan qo‘li gul odamlarga talpinaman.
Ellikqal’a atalmish go‘shani ko‘pchilik ixlosmandlar qatori tez-tez qo‘msab turishimga garchi ortiqcha izoh joiz bo‘lmasa-da, bir fikrni aytmaslikdan o‘zimni tiyolmasam u yerni ko‘rgan-bilganlar ajablanmasligi tabiiy. Ya’ni ilgarilari Orolbo‘yi deganda yerlari sho‘rlanib, qurigan Orol bag‘rida ekologik falokat iskanjasida yashovchi odamlarni tushungan, ular hayotiga o‘zimcha achinish tuyg‘usi bilan qaragan bo‘lsam, bu kengliklar bag‘rida ilk bo‘lgan kunimdan, ayniqsa, qumliklar bag‘rida tom ma’noda bo‘ston yaratgan mard, tanti, olijanob, kengbag‘ir ellikqal’aliklarning serjozib davralarining oshufta ishtirokchilaridan biriga aylanganganman.
Mamlakatimiz miqyosida qo‘lga kiritilayotgan olamshumul ishlar, eng muhimi, yangi davr yangi odamlarni tamoman o‘zgartirganini, ular ongi, qarashlarida bunyodkorlik, ahillik, hamjihatlik muhitini yaratganligini, millatlararo totuvlikning yanada jipslashganini barcha xalqlar, jumladan azaldan yondosh, qondosh, jondosh qoraqalpoqlar bilan ibratga arzigulik do‘stona munosabatlarni yanada kuchaytirganini qalban his etdim.
Ana shunday yuksak tuyg‘ular og‘ushida ko‘hna va navqiron Qoraqalpog‘iston tuprog‘iga qadam ranjida qilar ekanmiz, bu xalqning yuksak ruhiyatini adabiyot atalmish sehrli xilqatning abadiyatga daxldor bitiklarining mualliflaridan biri — ulug‘ shoirimiz Ibroyim Yusupovning otashnafas hofiz Otajon Xudoyshukurovning serjarang tori va ovozi bilan qalblar mulkiga aylangan “Esar Jayxun shamollari” dilnomasi quloqlar ostida jaranglaganday mutaassir qiladi kishini. Ulug‘larning ruhi qo‘llabmi, Ko‘hna Jayhunning ohangdor, ammo biroz mungli tuyulganday xonishi ilhom beribmi yana she’r quyilib keladi.
Amu to‘lqinlariga oshufta bo‘lib, ushbu she’rga nuqta qo‘yib ulgurmasimdan hamrohlarimdan biri ohista shivirlab:
Bu yil o‘tgan yilga qaraganda ham suv anchagina ko‘paygan, bu degani – sholi ko‘p ekiladi, guruch serob bo‘ladi, degani. Oshxo‘r xalqqa bundan ortiq yana nima kerak, axir?! Qarangki, bu yil Ellikqal’ada bug‘doy rejasi qariyb 150 foizga bajarilibdi. Kengliklar bag‘rida yetishgan, tilimi tilni yoradigan qovun-tarvuzlarni ko‘rib dil yayraydi, ko‘z quvonadi, tanlar huzur topadi.
Mana shunday tuyg‘ular ta’sirida tevarak atrofda bo‘layotgan ibratga molik bunyodkorliklarga mahliyo bo‘lib shirin xayollar og‘ushida yo‘limiz davom etadi. Odamni quvontiradigan joyi shundaki, mustaqillik baxsh etgan bunyodkorona ruhni nafaqat respublika miqyosida balki birgina Ellikqal’a tumanida olib borilayotgan diqqatga sazovor olamshumul ishlar timsolida ham ko‘rish, mamlakatimiz rahbarining xalq farovonligini ko‘zlab olib borayotgan siyosatini izchil hayotga tatbiq qilinayotganini his etish qiyin emas.
Vatan ostonadan boshlanadi, deganlaridek, Ellikqal’aga kirayotganimizni eslatuvchi tumanning o‘zigagina xos hashamatli darvozasining o‘zidayoq bu jannatmonand go‘sha tarovatini sezish, ohanrabo nafasini his etish qiyin emas.
Har qadamda davrimiz ruhi, istiqlol shukuhini anglatuvchi pannolarda, uchragan odamlarning muomalasida, yo‘l bo‘ylarida tabassumni chehrasiga jo qilgan gullar xandasida esa bu hududda ma’naviyatga, madaniyatga e’tibor barq urib turibdi.
Qishloqda tug‘ilib o‘sganimiz boisdanmi biz aksariyat hollarda bir narsaga ko‘nikib ketganmiz. Ya’ni pilla, g‘alla, paxta mavsumlarida garchi ilgarigi tuzumda o‘rnatilgan tartib bo‘lsa ham bu paytlarda to‘y qilish, boshqa tadbirlarni o‘tkazishga hamon biroz istihola qilish to‘la barham topgan deb bo‘lmaydi. Hatto biron bir masalada tuman yoki qishloq rahbariga uchrash ehtiyoji bo‘lsa, ko‘pchilik dala ishlari qizib turgan paytda rahbarga ro‘baro‘ bo‘lishga iymanadi. Chunki ko‘pchilik biryoqlama kampaniyaboz rahbarlarning yuragiga qil sig‘maydi. Biroq Ellikqal’ada bizga xush yoqqan holatlardan bittasi shuki, bu yerda hamma soha kompleks rivojlanishda: rahbardan tortib oddiy fuqarogacha o‘z yumushi bilan band. Dehqon dehqonchilik, bog‘bon sohibkorlik, shifokor muolaja, qo‘yingki har bir sohada bab – baravar izlanish, intilish, ertangi kunga umidvorlik tuyg‘usi hukmron. Iqtisodiy soha bilan bir vaqtning o‘zida ijtimoiy soha ham hamishalik e’tiborda, hamma sohada o‘sish, hamma sohada taraqqiyot. Makroiqtisodiy ko‘rsatkich, byudjet-soliq siyosati, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi, sanoatni rivojlantirish, qo‘yingki, hamma soha komleks taraqqiyot yo‘lida. Birgina misol: tumanda joriy yilning o‘zida 3124 ta ishchi o‘rni yaratilgani tadbirkorlik sohasida kichik korxonalar va mikrofirmalarni, yakka tadbirkorlarni, fermer va dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish, kengaytirish, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini rivojlantirishga e’tiborning samarali mahsulidir.
Daromadga yarasha buromad, deganlaridek, Guldursun ovulidagi 500 o‘rinli hashamatli to‘yxona, Ellikqal’a ovulidagi savdo majmuasi, Amirobod ovulidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi, Guliston ovulidagi minimarket, Nurimmat Qurbonov fermer xo‘jaligidagi har mavsumda 350 mingdan ortiq jo‘ja yetishtiradigan broyler tsexi o‘z faoliyatini boshlab, elning koriga yarayotganidan quvonmay bo‘ladimi?! Xullas, xoh u iqtisodiy, xoh u ijtimoiy, xoh u ma’rifiy, xoh u madaniy, xoh u adabiy, qo‘yingki, hamma sohaga birday yuksak talabchanlik bilan yondoshuv tumanda kompleks rivojlanish yo‘lida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning bosh omili bo‘lmoqda. Tumanda barcha ishlarning o‘z maromida ketayotganini xohi pilla, xohi g‘alla, xohi paxta mavsumi bo‘lsin, bu yerdagi o‘zigagina xos an’analar “Aqchako‘l ilhomlari” “Otajon Xudoyshukurov xotira kunlari”, “Muhammad Yusuf she’riyati haftaligi” singari qator tadbirlar o‘z maromida davom etayotganligi har qanday kishiga huzur bag‘ishlashi tabiiy. Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlangan “Uchib borayotgan qushning bir qanoti moddiyat bo‘lsa, bir qanoti ma’naviyat” degan obrazli iboralari hamma go‘shalarda, jumladan, mazkur tumanda ham qo‘l kelayotganini bu yerda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘idan yaqqol ilg‘ash qiyin emas. Fidokorona mehnat, uning ortidagi katta daromad, bu daromadlar evaziga qilinayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari, shubhasiz, keng omma qalbida o‘z mehnati, yutuqlaridan g‘ururlanish tuyg‘usini uyg‘otishi tabiiy. o‘ururi yuksalgan xalq orasidan yetuk insonlar, dovruqdor bilimdonlar, taniqli san’atkorlar, sportchilar yetishib chiqadi. Shu yerda voyaga yetib, tumandagi 12 sonli maktabni tugatib, Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tugallagach, Shvetsiyaning Stokgolm shahridagi Qirollik universitetida ta’lim olgan va mexanika yo‘nalishida magistrlik diplomini olgach, o‘zi o‘qigan oliygohda 3 yil faoliyat yuritib, shu davr mobaynida 2 ta xalqaro konferentsiyalarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etgan, ayni paytda Germaniyaning Shtutgart shahri Fonxaym universitetida doktoranturada tahsil olayotgan o‘oyibjon Sharipov, tumandagi 2-ixtisoslashgan maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent avtomobil yo‘llari institutini va uning magistraturasini bitirgach, Xitoyning Si chuan shahridagi Janubiy Jiatong universitetida avtomobil va temir yo‘llari muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturada tahsil olayotgan Bekzod Yusupov, shu maktabning sobiq o‘quvchisi, ayni paytda O‘zMUning mexanika-matematika fakul’tetini byudjet asosida tugallagach, bakalavr ta’limini olib, yana Chexiyaning Plzem shahridagi o‘arbiy Chexiya universitetida magistraturani imtiyozli diplom bilan tugatgach, doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, Malayziyadagi MIMOS texnologik va innovatsion g‘oyalar kompaniyasida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlayotgan Hikmat Saburov kabi davrimizning yetuk intellekt sohiblarini misol sifatida ko‘rsatish kishi qalbini faxr-iftixorga to‘ldirmay qo‘ymaydi.
Quvonarli tomoni shundaki, davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va davlatga sotish borasida muvaffaqiyatga erishilganda soha vakillariga yo‘llaydigan tabrigida hurmat bilan qayd etiladigan tumanlar qatorida hamisha elliqal’aliklarning borligini ko‘rib, bu kabi yutuqlarning sir-asrori ularning bir yoqadan bosh chiqarib ishlayotganligida, ularga to‘g‘ri rahbarlik qilib, to‘g‘ri yo‘nalish berilayotganligida ekanini chuqur his etish, o‘z yurtidan yetishib chiqqan ulug‘larni ulug‘lash, ular xotirasini hamisha e’zozlash yaxshi samara keltirishini ilg‘ash mumkin.
Shu bois ham bu yerda bo‘lgan ijodkor borki, istiqlol atalmish eng ulug‘, eng aziz ne’mat butun O‘zbekistonimizni, jumladan, uning et bilan tirnoqday ayrilmas, tarkibiy qismi bo‘lgan Qoraqalpog‘istonni nurafshon etayotganidan bahravorlik tuyg‘usi bilan yana-da to‘lib toshadi, kengliklariday ko‘ngli keng, qal’alariday mehri cho‘ng xalqdan ilhom oladi, ularni tarannum qiladi. Olam-olam she’rlar bitadi.
Ziyoviddin MANSUR,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi