Maqsadlar mushtarak – yo‘llar mushtarak
Bugun “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yoshlarni yurt ravnaqi yo‘lida birlashtirish bilan birgalikda, ulardagi iste’dodni yuzaga chiqarish borasida asosiy ko‘makchiga aylanib ulgurdi. Minglab o‘zbek o‘g‘il-qizlarini atrofida jamlagan tashkilot yurtimiz bo‘ylab ijodiy loyihalar, turli ko‘rik-tanlovlar, yirik festivallarni o‘tkazib kelmoqda.
10—13 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekitonim!” shiori ostida o‘tkazilgan “Istiqlol farzandlari” festivalida yurtimizning 300 ga yaqin iqtidorli yoshlari to‘plandi.
Festival ishtirokchilarda eng yuksak tuyg‘u — Vatan tuyg‘usini teranroq his qilishlariga qaratilgani bilan ahamiyatli. Undagi tadbirlar yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida yurtimizda olib borilayotgan davlat siyosatidan xabardor qilish, ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish, yoshlarni yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan kadrlar sifatida kamol toptirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Festival davomida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, xalqaro olimpiadalar, sport musobaqalari, tashkilotning yirik loyihalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishdi. Festivalning birinchi kuni ishtirokchilar “Mustaqillik va ezgulik” monumentiga gul qo‘ydilar.
Kechagi kun saboqlari bilan qurilgan kelajak poydevori mustahkam bo‘ladi. Insoniyatning avlodlarga qoldiradigan merosidan maqsad ham shu aslida. Shu ma’noda biz ajdodlarimiz qoldirgan osori-atiqalar, qadriyatlarni nafaqat asrab-avaylashimiz, balki ularni teran tushunishimiz kerak.
Tadbir davomida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohat uyushtirildi. Muzeyning 3D formatdagi taqdimoti ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. E’tiborlisi, bu dastur orqali uzoq masofadan turib ham muzey eksponatlari bilan tanishish mumkin. “Temur tuzuklari” kitobi yuzasidan o‘tkazilgan muloqot ham ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Namangan viloyatidan kelgan ishtirokchi — stol tennisi bo‘yicha sport ustasi Dilafro‘z Azimova tadbirning ilk kuni taassurotlari bilan bo‘lishdi:
— Bilasizmi, dadam: “Men ham chempion bo‘lishni juda istaganman. Bizning vaqtimizda ham iqtidorli yoshlar ko‘p bo‘lgan. Ammo bugungidek sport inshootlari, o‘quv dargohlarini qurib, ko‘plab imkoniyatlarni yaratib, “Yoshlarga men o‘zimga ishongandek, ishonaman!” deb g‘amxo‘rlik qiladigan yurtboshi bo‘lmagan”, — deydilar. Bugun ana shu imkoniyatlardan foydalana olgan tengdoshlarimiz e’tibordan chetda qolmayapti. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati mening kichik muvaffaqiyatlarimni yuqori baholab, Namangan yoshlari qatorida “Istiqlol farzandlari” festivaliga chorladi. Festival juda ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Mustaqillik maydoni, Amir Temur muzeyiga qilingan sayohat, yangi do‘stlar bilan tanishuv — hammasi ajoyib. “Kamolot” maqsadlarimga erisha olish imkoniyatini va eng muhimi o‘zimga bo‘lgan ishonchni berdi!”
Kun davomidagi bilimlar, harakatlar, zavqli lahzalar Milliy akademik drama teatri aktyorlari ishtirokidagi “Qizil olma” spektakli namoyishidan olingan madaniy hordiq bilan yakun topdi deb bo‘lmaydi. Chunki yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan bu harakatchan yoshlar “O‘zbekiston” mehmonxonasida ham o‘zaro suhbatlarni davom ettirishdi.
11 avgust kuni festival ishtirokchilarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Konstitutsiyaviy hamda Oliy sudga tashrif buyurishdi. Yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida “Mamlakatimizda qonuniylikni, huquq-tartibotni mustahkamlashda yoshlar hissasi” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Festival davomidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Ozodlik havosidan to‘yib nafas olgan xalq o‘z yo‘lidan hech qachon qaytmaydi” va “Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir” nomli kitoblari taqdimoti yoshlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Ishtirokchilarning nafaqat bilimlarini oshirish, balki ularga madaniy hordiq baxsh etish maqsadida ham bir qancha uchrashuv va tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda olingan “Istiqlol farzandlari!” nomli mahsus tok-shou ishtirokchilarni o‘zbek jurnalistikasi bilan yaqindan tanishtirdi. “Oyqiz ertagi” kinofilmi, “Qizil olma” spektakllaridan olingan zavq va taassurotlar ham bir olam bo‘lgani shaksiz. Festivalning yakunlovchi gala-kontserti 12 avgust kuni “Turkiston saroyida yosh ijrochilar va ijodiy jamoalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Vatan madhi, xalqimiz baxti va bugunning farahli lahzalari kuyga solingan taronalarda ishtirokchilar ertangi kunga bo‘lgan ishonch, yurtga sadoqat tuyg‘ularini his qilgan holda jo‘r bo‘ldilar. Uch kun davomida o‘tkazilgan “Istiqlol farzandlari” fesivali ko‘ngillarda mustaqillik deb atalmish buyuk ne’matga shukronalik, bugungi kunga minnatdorlik va ertangi kunning ishonch tuyg‘ulari bilan limmo-lim o‘tdi.
Feruza XAYRULLAEVA,
“Hurriyat” muxbiri