Mazmunga boy amaliy taklif va tavsiyalar

Mustaqilligimizning 25 yillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda milliy va xalqaro hamkorlar tomonidan tashkil etilgan media-kunlar yakun topmoqda.

 

Nodavlat teleradiouzatuvchilarning ijodiy va texnik xodimlari uchun chin ma’nodagi tajriba maydoniga aylangan media-kunlar doirasida Samarqand, Toshkent va Farg‘ona shaharlarida yirik media-loyihalar o‘tkazilib, unda xalqaro tashkilotlar, Germaniya, Frantsiya, Litva, Bolgariya, Chexiya, Rossiyadan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar ishtirokida yozgi media-kemp, turli taqdimotlar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazildi. 

Jumladan, YuNISYeF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar studiyasini tashkil etishga qaratilgan seminar-trening ham bo‘lib o‘tdi. 

— Seminarning ikki asosiy maqsadi bor. Birinchisi, bolalar hayotiga oid ijtimoiy media-loyihalarni yaratish, ikkinchisi, bolalar teledasturlarini yanada rivojlantirish, sifatini yaxshilashdir, – deydi, tashkilotning kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi, murabbiy Barbara Franklin.

Yana bir muhim tadbirlardan «Mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiyalash jarayonida nodavlat elektron OAVning rolini oshirish: O‘zbekiston tajribasi» mavzusidagi xalqaro seminar mamlakat hayotida muhim ahamiyatga molik voqea bo‘lib qoldi. Unda keng jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlarning mohiyati va qonuniy o‘zaro bog‘liqligi, OAVning jamiyatdagi roli va ahamiyatini oshirish borasidagi milliy qonunchilikning takomillashtirilishi, shuningdek, elektron OAVning nodavlat segmentini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi. 

Xalqaro va xorijiy amaliyotchilar, ekspert va mutaxassislar, jumladan, Latviya Seymi deputati, «Latviya uchun qalb qo‘ri bilan (“Dlya Latvii ot serdtsa») parlament guruhi raisi Inguna Sudraba, Janubi-sharqiy Yevropa OAVni rivojlantirish bo‘yicha ekspert, Yevropa Kommunikatsiyalar bo‘yicha direktorlar jamiyati assotsiatsiyasi (EACD) a’zosi Ognian Zlatev (Bolgariya), Osiyo — Tinch okeani teleuzatuvchilar Ittifoqining Bosh kotibi Javad Mottagi (Malayziya), YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha Venadagi vakili Daynyus Radzyavichius, Germaniya mahalliy telekompaniyalar assotsiatsiyasi prezidenti Rene Falkner va boshqalar tadbirda global ochiq axborot jamiyatini shakllantirish sharoitlarida raqobatbardosh media-bozor tashkil etishning formalari, usullari va asosiy qoidalari to‘g‘risida o‘zlarining aniq amaliy taklif  va tavsiyalarini taqdim etishdi.

Ishtirokchilar kecha Samarqandda rejalashtirilgan tadbirlarni o‘tkazib, bugun Toshkentga qaytishadi. Ular poytaxtimizda mamlakatimiz milliy nodavlat teleradiouzatish sohasining infratuzilmasi rivojining hozirgi holati va istiqbollari, nodavlat elektron OAVning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati va texnik imkoniyatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tadbirlar an’anaviy «Ozod yurt to‘lqinlari» media-festivali bilan davom etadi. 

Shuningdek, Avgust media-kunlari doirasida 18 avgust kuni “Ruxsor” TRK qoshida faoliyat olib boradigan “Marg‘ilon TV”ning yangi binosi ochilishi munosabati bilan safar va milliy hamda xalqaro ekspertlar, mamlakat nodavlat teleradiostantsiyalari rahbarlari va vakillari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida sayyor seminar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Nigina HAKIMOVA,

O‘zEOAVMA muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + one =