Kiyimingiz yarashiqlimi, o‘g‘lonlar?
So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida kiyinish madaniyati to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozilib, ko‘rsatuv va eshittirishlar berilayotir. Ularning aksariyatida qizlarning kiyinishi “nishon”ga olinmoqda. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Bugun barcha yigitlar ham kiyinish madaniyatiga amal qilyaptimi? Ular egnidagi libosiga bir qur nazar solib, qanday kiyim kiyayotganligi xususida fikr yurityaptimi?
Shu kabi savollar atrofida mushohada yuritish maqsadida ayrim mutaxassis va yoshlarning fikr-mulohazalariga quloq tutdik.
— Insonni boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan alomatlardan biri libosdir, — deydi psixolog Otabek Muxtorov. — Kishining kiygan kiyimi uning dunyoqarashi, ichki madaniyati va individual psixologiyasidan dalolat beradi. Ayrimlar o‘zi ideal deb bilgan insonlarga yoxud mashhur kishilarga taqlid qilib kiyinadi. Ayollar libosiga o‘xshash bichimda tikilgan kiyimlarni egniga uyalmasdan kiyib olgan erkaklarni ko‘rganda, yuzimiz beixtiyor oriyatdan qizarishi bor gap. Erkaklarning, ayniqsa, o‘smir yigitlarning o‘ta tor, yupqa va kalta kiyimlar kiyishi zamirida maqtanchoqlik, o‘zini va badanini ko‘z-ko‘z qilish kabi o‘tkinchi hoyu havaslar yotadi. Bunday liboslar kiyishga qiziquvchan yigitlar psixologiyada og‘ishgan ruhiyat sohiblari deb ataladi. Bu kabi illatlar albatta, tashqi ta’sir natijasida yuzaga keladi. Ota-onalar farzandlarining kiyinishiga jiddiy e’tibor qaratsalar har tomonlama maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yigitlar orasida allatovur narsalarni kiyib yurish holatlarining uchratganiga san’atkorlarning ham “hissa”si bor, deb o‘ylayman. Kontsertlarda qiziqchilarning odamlarni kuldirish maqsadida ayollar libosini kiyishdan ham qaytmasliklari, turfa qiliqlari yoshlarga salbiy ta’sir etishi ayni haqiqat. Kiyinish madaniyati borasida buyuk mutafakkir va allomalar ham fikr-mulohazalarini bayon etishgan. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida: “Erkaklarning o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun ko‘proq sharmandalikdir”, deya ta’kidlab o‘tgan.
— Oxirgi paytlarda kino aktyorlar va mashhur san’atkorlarga taqlid sifatida adras va atlaslardan tikilgan kostyum kiyib olgan yigitlarga ko‘zimiz tushmoqda, — deydi Andijon davlat universiteti talabasi Guljahon Rustamova. – Ular bunday “moda” yigitlik g‘ururi va sha’niga dog‘ tushirishini yaxshi bilishmaydi, nazarimda. Ko‘p hollarda sizdan o‘n besh, yigirma metr oldinda qizil va pushti aralash ko‘ylak, tor tikilgan yirtiq, ko‘k shim va turli ranglar uyg‘unlashgan poyabzal kiyib ketayotgan insonni ko‘rib, uning qiz yoki yigit ekanini anglolmay qolasiz. O‘zbek o‘g‘lonlari azaldan mard va jasur sifatida o‘zgalarga ibrat bo‘lib kelgan. Ochig‘ini aytsam, qizlarga ham ana shunday haqiqiy dovyurak, “belida belbog‘i bor” yigitlar yoqadi.
Islom dinida erkak kishining ayol kishiday, ayol kishining erkak kishiday libos kiyishi man etilgan. Rasullulloh (s.a.v.) aytganlaridek, “Kimki bir qavmga o‘zini o‘xshataversa, u o‘sha qavmdan bo‘ladi”. Demak, inson har kimga ko‘r-ko‘rona taqlid qilavermasligi lozim.
—Ko‘cha-ko‘yda qulog‘iga zirak, barmog‘ida uzuk, bo‘yniga yoki bilagiga tilla zanjir taqqan, egnida esa tushunarsiz rasm va yozuvlar solingan futbolka, yoxud mayka kiyib olgan yigitlarni ko‘rib qolamiz, — deydi oliy toifali urolog O‘tkirbek Sotvoldiev. – Ba’zan bunday holatlar o‘smirlar tugul yoshi bir joyga borgan kishilarda ham uchrab turadi. Mutaxassislarning olib borgan tadqiqotlari natijalariga ko‘ra balog‘at yoshidagi o‘smirlarning sog‘lom ulg‘ayishida ular kiyayotgan kiyim ham muhim o‘rin tutishi ma’lum bo‘ldi. Masalan, havoni yaxshi o‘tkazadigan matolar tana haroratini mo‘’tadil saqlasa, past va o‘rta poshnali oyoq kiyimlar qomatning yaxshi rivojlanishiga xizmat qiladi. Ko‘rinishidan chiroyli va ixcham bo‘lgan tor shim va belni siqib turadigan turli kiyimlar badanni ezib, me’da siqilishiga olib keladi. Oqibatda jig‘ildon qaynaydi, qizilo‘ngach zararlanadi. Yana shunisi ham borki, tor kiyim kiyish ko‘z nuriga yomon ta’sir qiladi. Chunki bo‘yin orqali ko‘zlarga ham kislorod va oziq moddalarga to‘yingan qon boradigan tomirlar siqiladi. Binobarin, kiyim bo‘yindagi tomirni siqib turganidan ko‘zning oziqlanishi sekinlashadi. U yerga qon bemalol yetib bora olmasligi oqibatida odamning ko‘zlari toliqadi. Shuni unutmaslik kerakki, bo‘yindagi tomirlar nafaqat ko‘zlarni, balki miyani ham oziqlantiradi. Agar shu tomirlar o‘z vazifasini to‘la-to‘kis bajarmasa, oqibati nima bo‘lishi tayin. Shuningdek, o‘ta tor ichki kiyim va shim yigitlarning sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kiyinish madaniyati eng avvalo, oilada shakllanadi. Demak, har bir ota-ona bu masalaga jiddiy yondashib, farzandiga o‘rnak bo‘lishi zarur.
Libos inson kayfiyati, ruhiyati, ma’naviyati, qolaversa, qay darajada tarbiyali ekanini belgilab beradi. Shunday ekan, egningizdagi libosingizga nazar solib turing, aziz yoshlar. U sizga yarashiqlimikin?
Mirolim ISAJONOV