Qiz bola — misoli oq qand

Momolarimizning shunday so‘zlari bo‘lardi – qiz bola misoli oqqand. Gard tegsa darrov bilinadi. O‘sha joyini qirsang, kemtik bo‘lib qoladi, yuvsang erib ketadi. Shuning uchun qog‘ozga o‘rabgina asrash kerak…

 

Bugun ham onalar qizlariga ana shu hikmatning mag‘zini chaqishni o‘rgatyaptimi-kin?! Kelin qilish taraddudiga tushgan onalarning tashvishlanayotgani shunday savolga turtki berayotir. Zimmasida shu shirin tashvish bilan yurgan borki, uchragan tanishidan yaxshi qiz topib berishini so‘raydi. O‘zi oliy o‘quv yurtida ishlayotgan (qizlarni tanlash imkoni katta bo‘lgan manzil-ku!) dugonalarimiz ham kelin izlab yurganini eshitib hayron bo‘lasan kishi. Atrofing to‘la qizu, kelinlikka munosibi yo‘qmi, deb savol berasiz. “Menga aqlli, chaqqon, ro‘zg‘orbopi kerak-da”, deydi. Yon-atrofingizdagilar bunday talablarga javob bermaydimi, dugonalar! Nega kelin topish, sovchilik masalalari bunchalik chigallashib ketdi, deysan yana beixtiyor. Avvallari ikki kishi hal qilib kelgan ishni endi to‘rt-besh kishi zanjir bo‘lib, “cherez-cherez” amalga oshirib ham ish yetarlicha pishmayapti. Uylanadigan yigit ham “Oyi, mo‘minginasidan toping”, deya shart qo‘yadi. Bunyod bo‘ladigan yangi oilaning totuvligiyu farovonligida birgina oqila qizning o‘zi yetarli emasligini anglab, o‘zing-chi, shunday qizga munosibmisan, deb so‘raydigan sherimard ota-ona bitta-ikkita yo topiladi, yo yo‘q. To‘g‘ri-da, qo‘ng‘iz ham bolasini oppog‘im, der ekan. Harqalay, zamona zayli deya, bahona qilayotganimiz insoniy munosabatlar, qarashlar o‘zgardi. Birov biz ko‘rmaganni farzandlarimiz ko‘rsin, o‘zi istaganday yashasin, to‘yi ham o‘zi aytganday bo‘laversin desa, boshqa birov azaliy qadriyatlarimiz afzalligini uqtiradi. Ikki xil qarashdagi oila quda-anda bo‘lib qolgudek bo‘lsa, bu oila uzoqqa bormasligi aniq. To‘g‘ri, zamon ham, odam ham o‘zgaradi. Ammo ana shu o‘zgarish faqat moddiy farovonlik bo‘lib qolmay, bugun ko‘p bor takrorlayotganimiz ma’naviy yuksalish bo‘lgandagina oilaga ham, kelajak avlodga ham, jamiyatga ham foyda bera oladi. Buning uchun ajdodlarimiz hamisha intilib kelgan kompleks tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoq kerak…

Yaqinda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi o‘tkazgan “Istiqlolning istiqbolli oilalari” mavzuidagi anjumanda ana shunday dolzarb vazifalar xususida so‘z bordi. Bugungi kunda ushbu tashkilot oila masalalarini ilmiy-amaliy tadqiq qilish, oilaviy munosabatlarni yanada yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oila va nikohning barqarorligini ta’minlash, ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyatini yanada oshirish va mavjud muammolarning yechimini topishda samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning o‘zida markaz tomonidan 11 nomdagi buklet, 12 nomdagi risola, “Ayollar maslahat markazlari” uchun oltita uslubiy qo‘llanma hamda “Oila entsiklopediyasi” va “Qizlar entsiklopediyasi” kitoblari nashr qilindi. Ayniqsa, respublika miqyosida ilk marotaba yaratilgan, balog‘at yoshini boshdan kechirayotgan qizlar uchun mo‘ljallangan “Qizlar entsiklopediyasi” diqqatga sazovordir. Kitob xilma-xil mavzularga boy, rangli, zamonaviy dizayn uslubida yaratilgan bo‘lib, unda o‘smir qizlarda yuz berayotgan ruhiy va jismoniy jarayonlar, ularning milliy-ma’naviy-zamonaviy qiyofasi, ijtimoiy hayotdagi o‘rni haqida so‘z yuritilgan. Kitobdagi har bir mavzuga alohida yondashilib, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz ruhi singdirilgan. Undan qiziqarli ma’lumotlar, testlar, maslahatlar ham o‘rin olgan.

– Ushbu kitoblar oiladagi o‘ziga xos iqlim va muhitni shakllantirishga, shaxslararo munosabatlarni mo‘tadillashtirishga, oila a’zolarining psixologik salomatligini tiklashga qaratilgan, – deydi markaz katta ilmiy xodimi, psixologiya fanlari nomzodi Nigora Shomurodova. – Yurtboshimiz qizlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini tez-tez ta’kidlaganlari ham bejiz emas. Ularga millat genofondini shakllantiruvchi shaxs sifatida qarash orqali g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani ayni muddaodir. Taqdimoti o‘tkazilayotgan qo‘llanma, risola va entsiklopediyalar qizlarning tibbiy, ma’naviy, madaniy, huquqiy tarbiyasi uchun xizmat qiladi. Ularda o‘smir qizlarga ota-onalaridan yoki o‘rtoqlaridan ololmaydigan ayrim yo‘l-yo‘riqlar, maslahat va takliflar etik-estetik tarzda yetkazib beriladi. Insonning ongi va shuurini axborotlar xuruji bilan o‘rab olishga qodir bugungi globallashgan davrda kishilarning bir-biriga munosabatini milliy qadriyatlar orqali asrab qolish mumkin. Avvalo, yoshlarni o‘z yaqinlariga mehr-oqibat ruhida tarbiyalash, ularni oilaga tayyorlashga diqqatni qaratish lozim. Shu bilan birga, oila ustuni bo‘lmish otalar mas’uliyatini oshirish ham bugun muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. Ota mavqei, qadri bor oilada tinchlik, osoyishtalik, izzat-hurmat joyida bo‘ladi. O‘zbek oilasi deganda o‘z mavqei, salobatli so‘zi bilan ibrat bo‘ladigan ota, o‘z muomala madaniyati, xatti-harakati bilan farzandiga o‘rnak bo‘ladigan ona, oilasi, ota-onasi siymosida vataniga muhabbatli, fidoiy farzandlarga ega mo‘’jaz maskan tushunilishi kerak. O‘ylaymanki, ushbu entsiklopediya, risola va qo‘llanmalar ana shu vazifalarni ado etadi, ommalashib, har bir qizning kutubxonasidan o‘rin oladi va hayotda ularga asqotadigan muhim manbaga aylanadi…

 

X.FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + three =