MA’NAVIY JASORAT IBRATI

 

Odatda, «jasorat» deganda biz Vatan himoyasi yo‘lida yoki turli ekstremistik qora kuchlarga qarshi kurashda favqulodda fidoyilik ko‘rsatganlarni tushunamiz. Yurtboshimiz asarlarida esa insoniy jasoratning yangi bir talqini yaratilgan. Bu ma’naviy jasorat masalasidir.

To‘g‘ri, ma’naviyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan adabiyot, san’at, ilm-fan namoyandalari, islom va tasavvuf arboblari o‘z kashfiyotlari, ezgu ish-amallari bilan mohiyatan ma’naviy jasorat egalari hisoblanadilar. Bu haqiqat ilmiy-ma’rifiy jihatdan Islom Karimov ta’limotiga asoslandi va keng muomalaga olib chiqildi. «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» nomli kitobning «Vatanimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori» sarlavhali to‘rtinchi bobining ikkinchi bo‘limi, balki ushbu asarning yakuniy-xulosaviy mohiyatini anglatuvchi qismi «Eng buyuk jasorat» deb nomlangan. Unda eng buyuk jasorat nima va u qanday bo‘lishi hikmatomuz fikrlar bilan asoslab berilgan.

«Yer yuzidagi barcha o‘lmas obidalar, insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan jamiki ulug‘ kashfiyot va ixtirolar, mumtoz san’at va adabiyot durdonalari, mardlik va qahramonlik namunalari odamzodning aql-tafakkuri, salohiyati va ma’naviy jasorati mahsu­lidir. Shuning uchun ham bu yorug‘ olamda eng buyuk jasorat nima, degan savolga, hech ikkilanmasdan, eng buyuk jasorat — bu ma’naviy jasorat, deb javob bersak, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘lamiz».

Bilamizki, I.Karimov shaxsiyati va ta’limoti o‘zida baynalmilallik, ilg‘or dunyo hamjamiyati bilan tenglashish harakatlari jihatidan o‘ziga xoslik, olamshumullik kasb etadi. U buyuk ajdodlarimiz qatorida o‘zga yurt va o‘zga millatga mansub ulug‘ siymolar hayoti va ularning yaratmalarini ham bilish, o‘rganish hamda o‘rnak olish, komil insoniy fazilatlarni shakllantirishda foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor beradi. Muhimi, bunday ma’naviy jasorat sohiblari barkamollik ibrati va tarbiyasi uchun tayanch bo‘ladigan asoslardir.

Yurtboshimiz antik davr yunon ilm-fanining «yuksak tafakkur va aql-zakovat timsoli bo‘lib kelayotgan» faylasuf Platonning o‘z ustozi Suqrotning vafotidan so‘ng katta qiyinchiliklar bilan, bor mol-mulkini sarflab Afina shahri yaqinida akademiya tashkil etganligini, bunday chinakam ma’naviy jasorati bilan yunon falsafasini, ilm-fan rivojini tanazzuldan asrab qolganligini alohida ta’kidlab ko‘rsatadi. Kitobda yana Xorazm Ma’mun akademiyasi va uning bag‘rida kamolga yetgan Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Xo‘jandiy, Ahmad ibn Muhammad Xorazmiy, Ahmad ibn Hamid Naysaburiy kabi olimlar faoliyati ham qayd qilingan.

«Ulkan ma’naviy jasorat sohiblari bo‘lgan bunday alloma zotlar, deya ta’kidlanadi mazkur risolada, — dunyoning qaerida yashamasin, ezgulik va ma’rifat yo‘lida doimo odamlarga ibrat bo‘lib kelgan». Shuningdek, bunday ma’naviy jasorati bilan insoniyatga barkamollik o‘rnagi bo‘lib kelayotgan zotlar qatorida o‘rta asrlarga mansub bo‘lgan «astronomiya sohasidagi ilmiy kashfiyotlari uchun tazyiq va ta’qiblarga uchragan Kopernik hamda keyinchalik uning izidan borib, johil va aqidaparast ruhoniylar tomonidan o‘tga tashlangan Jordano Bruno, qanchadan-qancha ta’na va malomatlarga giriftor etilgan Galileo Galiley kabi allo­malar­ning jasoratida ham haqiqatga sadoqat, e’tiqod uchun kurashning yorqin namunasi yaqqol namoyon bo‘lganini ko‘ramiz», deya qayd etadi donishmand Yurtboshimiz.

Hindiston ozodligining ulkan arbobi, nomining ma’nosi «buyuk qalb egasi» degan nom olgan Mahatma Gandi ham qadimiy yurt rahnamosi, donishmand faylasuf va olim sifatida ma’naviy jasorat sohibidir. Prezidentimiz Mahatma Gandidek ulkan davlat arbobining donishmandlik va aql-tafakkur bilan yo‘g‘rilgan ma’naviy jasoratini qisqa satrlarda g‘oyatda teran umumlashtirib bergan:

«Butun umr oddiy va kamtarona, lekin ezgu g‘oyalar yo‘lida tinimsiz kurashib yashagan bu zotning falsafiy-siyosiy qarashlarida insoniyat uchun ibratli jihatlar ko‘p. Jumladan, uning turli muammo va ziddiyatlarni kuch ishlatmasdan, tinch yo‘l bilan hal qilishga oid fikrlari dunyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda, ijtimoiy hamkorlik masalasida bugun ham o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotmasdan kelmoqda», deyiladi o‘sha manbada.

Mantiqan his qilamizki, qizil imperiya changalidan qutulib, o‘zining siyosiy va ma’naviy mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston va uning erkparvar farzandlari uchun hind xalqini ingliz mus­tamlakasidan xalos etgan Mahatma Gandining jasoratli tajribalari ham ancha-muncha qadrli bo‘lgan. Islom Karimov xalqimiz o‘z tarixi davomida sodir bo‘lgan har qanday to‘fon va suronlarni mardona yengib o‘tishida unga ma’naviy jasorat tuyg‘usi yordam berib kelayotganligini ijtimoiy salmoqdor umumlashma bilan ta’kidlaydi. Masalan, harbiy zafarlar, ulkan kashfiyotlar, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib jaholatga qarshi chiqishga undagan, il­homlantirgan beqiyos kuch ham ma’naviy jasorat ekani Prezidentimiz e’tiborida turadi.

«Shu nuqtai nazardan qaraganda, — deya uqtiradi muallif, — Urganchni bosqinchilardan himoya qilishda bayroq tutib jon bergan Najmiddin Kubroning qahramonligida, dun­yoni to‘fondek bosgan Chingizxon qo‘shiniga qarshi o‘n bir yil muttasil mardona kurash olib borgan Jaloliddin Manguberdining jangovar ruhida, yurtimizni istilochilardan ozod qilib, buyuk davlat barpo etgan Amir Temur bobomizning bunyodkorlik salohiyatida ham ma’naviy jasorat tuyg‘usi buyuk va ustuvor ahamiyat kasb etgani shubhasiz, albatta».

Bular kabi yuksak insoniy ulug‘vorlik ideallari bo‘lgan zotlar milliy istiqlol mafkurasi, komil inson tarbiyasi tizimida barkamollik­ning, ma’naviy jasoratning eng yorqin namunalari hisoblanadilar. Mana shunday ma’naviy jasorat sohiblari ekanliklari uchun ham Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek zotlarning sho‘ro siyosati hukmron davrda nomlari va jasoratlari qatag‘on qilingan edi. Chunki bu siymolar chinakam milliy vatanparvarlikning, erkin davlat bunyodkorligining, millat faxrining ramzi, asoschisi kabi mo‘’tabar tarixiy zotlardir.

Donishmand Yurtboshimizning ziyrak nigohidan ma’naviy jasorat­ning XX-XXI asr­lardagi ayrim namoyandalarining ibratli faoliyati ham chetda qolmagan. Bular — mashhur arxeolog olim, akademik Yahyo o‘ulomov, ayol nafosati va sadoqatining go‘zal namunasi bo‘lgan hassos shoira Zulfiya, taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinovlardir. Sho‘ro siyosati zug‘umlarini chekib bo‘lsa-da, xalq milliy tarixi va ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lmish mo‘’tabar maskanlarda sabot bilan qazilma — tadqiqot ishlarini olib borgan Yahyo o‘ulomov shaxsiyati ilmparvarlik, milliy-ma’naviy fidoyilik ramzi kabi bugun uning eli o‘z mustaqilligiga erishgan kunlarda yanada qadr-qimmat kasb etmoqda. Tarixiy tepaliklarga paxta ekishga yo‘l qo‘ymagan akademik Yahyo o‘ulomovning qattiq taz­yiqlarga uchrasa-da, o‘z nuqtai nazarida qattiq turganligi chinakam ma’naviy jasorat namunasidir.

«Men o‘ylaymanki, — deya mamnuniyat bilan qayd qilgan edi Islom Karimov, — adolatni hamma narsadan ustun deb biladigan, tarix va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etadigan, haqiqiy vatanparvar odamgina shunday mardlikka qodir bo‘ladi».

— 1991 yil 31 avgust sanasida qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik — XX asrda xal­qimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Aslidayam insoniy ulug‘vorlik idealining mukammal namunasi va ramzi muhtaram Yurt­boshimizning o‘zlari hisoblanadi. Binobarin, biz barkamollik ibratini, tarbiyaviy namunasini eng avvalo buyuk ma’naviy jasorat sohibi bo‘lgan u kishining salohiyatidan izlashimiz va ul zotning ta’limotiga tayanishimiz lozim bo‘ladi.

Islom Karimovning komil shaxs va adolatli Prezident sifatida jasoratli faoliyatining doirasi ancha keng, yorqin hayotiy voqealarga boy. Bular orasida mustaqillik dushmanlariga, turli buzg‘unchi va eks­tremistik kuchlarga qarshi dadil kurashdagi jasoratli harakatlar ko‘lami alohida ajralib turadi. 1990 yil 24 martda sobiq ittifoq respublikalari o‘rtasida birinchi bo‘lib Prezidentlik institutini tashkil etilishining o‘zi Islom Karimov ma’naviy jasoratining yorqin namunasi edi. Bunda O‘sh-O‘zganda, Far­g‘ona va Parkentdagi, Toshkent va Andijondagi bemavrid mojarolarni, qo‘poruvchilik harakatlarini bartaraf etishdagi, mus­taqillikka tajovuz qilgan eks­termistik qora guruhlar qutqusiga nisbatan mardona kelbat bilan qarshi turish harakatlaridagi Yurtboshimizning dadil va oqil faoliyati tahsinga loyiq. Bu jasoratli harakatlar dunyodagi taniqli siymolar tomonidan ham e’tirof etilishi diqqat tortardir. Mana, AQShlik siyosatshunos va jamoat arbobi Uendill Filipsning fikrlari:

— Agar Prezident Karimov o‘z faoliyati davomida faqat qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida O‘sh va O‘zganda bo‘lgan millatlararo dahshatli qirg‘inni to‘xtatganda ham minglab kishilar, ularning farzandlari va nabiralari xotirasida saqlanib qolishi mumkin edi. Farg‘ona va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi qonli to‘polonlar chog‘ida es-hushini yo‘qotgan olomonning yo‘liga g‘ov bo‘lgani uchun ham uni alqab, rahmatlar aytib yurgan kishilar qancha. Uning bugungi Tojikistondagi nisbatan oso­yishtalikka qo‘shgan hissasini qanday baholash mumkin?

Islom Karimov faqat shuni qilganida ham, tarix solnomachisi qalamini quyosh nuriga botirib, uning nomini boshlarimiz uzra moviy kengliklarga raqam etishi mumkin edi» (qarang: L.Levitin, S.Karlayl. Islom Karimov — yangi O‘zbekiston Prezidenti. Toshkent — 1996, 156-bet).

Darhaqiqat, Islom Karimovning tarix solnomachisi qalamini quyosh nuriga botirib, nomini moviy kengliklar uzra raqam qilishi mumkin bo‘lgan darajadagi bunday jasoratlari ancha ko‘p va salmoqli ekanligi ma’lum haqiqatdir.

Mustaqillik arafasidagi ona Vatan mavqei, xalq erki, milliy-ma’naviy qadriyatlar uchun amalga oshirgan xayrli ishlari Islom Abdug‘anievich Karimov hayotiy faoliyatining nurli jihatlarini tashkil etadi. Masalan bu borada 1981-1985 yillarda sobiq qizil imperiya xo‘jaliklarining «paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» degan qutqusi bilan qatag‘onga uchragan minglab begunoh kishilar, tadbirkor va xalqparvar rahbarlar nomining oqlanishi, ularning o‘z oilasi bag‘riga qaytishi bilan bog‘liq jasoratli harakatlar – Islom Abdug‘anievich jasoratlarining muhim qismini tashkil etadi.

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning dil so‘zlarida Yurtboshimizning bu boradagi jasoratli faoliyati mazmuni yorqin aksini topgan:

— Vatan ozodligi uchun kurashgan, shu yo‘lda jon fido etgan To‘marisu Shiroq, Muqannayu Mahmud Torobiy, Jaloliddinu Sohibqiron Amir Temur siymolari doimo dilimizda, xalqimiz ularga yuksak ehtirom ko‘rsatib kelmoqda. Nega deganda, bilamizki, ozodlik osmondan tushgan emas.

Buning dalili sifatida yaqin o‘tmishni, so‘nggi qatag‘on qurbonlarini eslash kifoya, deb o‘ylayman. Bundan o‘n besh yilcha muqaddam xalqimizni mute va oyoqosti qilish uchun ozmuncha tajovuz qilindimi, axir?

«O‘zbeklar ishi», «paxta ishi» degan uydirma ayb qancha oilani qon qaqshatib yubordi, sha’nimizni yer bilan bitta qildi. Odamlarni hatto «Men — muttahamman», «Men — poraxo‘rman» deyishgacha majbur etdilar. Bizni uyushgan jinoyatchilikda ayblab, butun dunyoga nomimizni yomonotliq qilmoqchi bo‘ldilar.

Xo‘sh, bunchalar haqorat, bunchalar xo‘rlik nima uchun edi?

Butun bir xalqning sha’nini toptab, uning ustidan bo‘hton hukm chiqarishga kimning haqqi bor edi?

Bu adolatsizlikdan maqsad — xalqning ruhini sindirish, g‘ururini poymol etish, o‘ziga, o‘z istiqboliga bo‘lgan ishonchini so‘ndirish edi. Ammo o‘sha notinch va murakkab davrda ham haqsizlikka qarshi qat’iy turib, mardonavor kurashgan, o‘z xalqini ko‘krak kerib himoya qilgan shaxslar bo‘lgan.

Islom Karimov Qashqadaryo viloyatida rahbar bo‘lib ishlab yurgan chog‘larida nohaq jabrlangan qanchadan-qancha yurtdoshlarimizni qat’iy jasorat bilan himoya qilganiga men guvohman.

Yodimda, bir safar qabuliga kirsam, u kishi juda horg‘in qiyofada o‘tirgan ekan, stol ustidagi bir taxlam qog‘ozni men tomonga surib qo‘ydi. Bu – nohaq qamalgan, qatag‘on etilgan sho‘rpeshonalar ro‘yxati edi.

— Bularning aybi nima? — dedi Islom Abdug‘anievich og‘riq va iztirob bilan. — Har birining oilasi, farzandlari, qarindosh-urug‘lari bor. Ularni badnom etishdan maqsad nima? Bu nohaqlikning oldini olish, adolatni qaror toptirish, ularni ozod etish kerak-ku!…

Islom Abdug‘anievich qo‘limga yana bir qog‘ozni tutqazdi. Bu — begunoh qamalganlarni zudlik bilan ozod etib, oila a’zolari bag‘riga qaytarish lozimligi haqidagi talabnoma edi. To‘g‘risi, «yuqori»ga yozilgan bu rasmiy xatni o‘qib, mening a’zoi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Chunki o‘sha vaqtda Moskvadan yuborilgan bu baloyu ofatga qarshi chiqish hammaning ham qo‘lidan kelavermas edi. Mabodo shunday odam topilgudek bo‘lsa, uni sindirib tashlash markaz uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmasdi.

— Bu ishlaringiz uchun jazolashlari mumkin! — deb, xayolimga kelgan fikrni beixtiyor aytib yubordim.

— To‘g‘ri, lekin tomoshabin bo‘lib ham o‘tirolmayman, — dedi Islom Abdug‘anievich qat’iyat bilan. – Yaqinda huzurimga bir ayol arz qilib keldi. Uning ham erini qamab qo‘yishibdi. Og‘ir mehnatdan qavarib ketgan qo‘llariga razm solib, barmoqlarida uzukning izini ko‘rdim. Keyin so‘rab bilsam, tishining kavagida asrab yurgan qimmatbaho buyumlariga qo‘shib, taqib olgan uzuk va ziragigacha «desantchi»lar yechib olishibdi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bunday bedodlikka chek qo‘yish uchun men oxirigacha kurashishga tayyorman…

O‘shanda Islom Karimov o‘z xalqi, o‘z millati uchun har qanday mushkul yumushni o‘z zimmasiga olishga tayyor matonatli inson ekanini yurakdan his etganman. Qonsiragan imperiya, yursang — nega yurasan, to‘xtasang — nega to‘xtaysan, tursang — nega turasan, deb boshimizga tegirmon toshini aylantirayotgan bir paytda shunday qat’iyat ko‘rsatish, zamona zayliga qarshi chiqish oson bo‘lgan emas. Buning uchun xalqparvarlikning o‘zi kifoya qilmas edi, buning uchun odamga bitta yurak kamlik qilardi.

Islom Karimovni hayotning o‘zi tarix sahnasiga olib chiqdi. U faqat Yo‘lboshchi sifatida emas, balki jasoratli shaxs sifatida ham har birimiz uchun ibrat namunasidir.

 

Abdug‘affor XON,

O‘zbekiston — Turkmaniston do‘stlik jamiyatining faoli,

adabiyotshunos olim,

tarjimon

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + eighteen =