“KEP QOLING, KEP QOLING, SIGARETA KONFETLAR BOR”

– Buvajon, menga pul bering. Atigi uch ming so‘m, — dedi sakkiz yoshli  nevara yalinchoqlik bilan.

– Xo‘sh, uni nimaga sarflaysan? Bilsam bo‘ladimi? – so‘radi bobo sinchkovlik bilan.

– Sigaret-konfet olaman.

– Qanaqa konfet? Nima deyapsan o‘zi? Sigaret-konfet deganing nimasi?

– Sigaretdaqa sigaret-da!

Bobo bilan nevara yetaklashib do‘konga ketishdi.

Siz ham bu suhbatni o‘qib, hayratlangandirsiz, albatta. Nahotki, bolalarimiz aqlini tanib-tanimay, bobosidan sigaretga pul so‘rashsa? Shuncha shirinlik turib, nega bola aynan sigaret-konfetga ruju qo‘ymoqda? Nahotki, uning ko‘rinishi bolani shunchalik rom etgan bo‘lsa? Uni kimlar ishlab chiqar­yapti? Nima maqsadda?

Albatta, bunday savollarning  paydo bo‘lishi tabiiy.

Keling, ularga javob topish uchun bobo va nabiraga ergashib, ko‘chadagi do‘konlarni aylanamiz.

Buni qarangki, shahrimizdagi ayrim savdo markazlari, do‘konlar va qandolat mahsulotlari sotiladigan ulgurji savdo rastalarida bu singari sigaretnusxa konfetlarni istagancha sotib olishingiz mumkin. Narxi ham arzongina. Ammo 200, 300, 500 so‘mda narxlangan “tamaki”lar qaerda xaridorgirroq bo‘lsa, o‘sha yerda qimmatroq sotilayotgan ekan. Xayriyatki, bu – biz o‘ylagandek o‘sha zararkunanda emas, tamaki ko‘rinishidagi vitaminli shirinlik ekan. Vitamin, xolos!

Ammo bizni endi uning tashqi ko‘rinishi tashvishga soldi. Nega deysizmi? Sigaret ko‘rinishidagi bu uzunchoq, ichida mayda bo‘lakchalardan iborat shirinlik — “555 – Yan Tang” va “555 – Ajom” nomli vitaminlar bolalarning sevimli shirinligiga aylanib ulguribdi. Jumladan, maktab o‘quvchilarini kuzatganimizda, qo‘lida vitaminni xuddi tamaki tutatayotgan kishidek ushlab yurishibdi. Axir ularning yoshi kattaroq akalari, amakilari, otalari ham sigaretni shunaqa tutatishadi-da! Lablari orasiga qistirib, o‘rnak bo‘lishgan-da!

Mutaxassislarning fikricha, inson umri davomida egallaydigan bilimning ko‘p qismini yetti yoshgacha olar ekan. Bugun o‘yinchoq sigaretani labiga qistirib, o‘yin bilayotgan bolakay, ertaga tamaki chekishni tabiiy qabul qilishi aniq-ku! Chunki uning miyasida buni qanday ushlash haqidagi axborot allaqachon shakllanib ulgurgan bo‘ladi.

Mahsulotini shu yo‘l bilan ommalashtirmoqchi bo‘lgan “bilimdon” tadbirkor, nahotki, masalaning bu tomonini o‘ylab ko‘rmagan. Aslida, bu “uchar tadbirkor” kim? Savolga aniqlik kiritish uchun avval mahsulotning yorlig‘ini qidirdik. Afsuski, biror joyida na fabrika manzili va na uning tarkibi yozilgan. So‘ng iste’molchi sifatida mahsulotni keltirib beradigan odamlarni surishtirdik. Bilganimiz, bozordagi ulgurji savdo do‘kon sotuvchisining javobi bo‘ldi: “Taxminan, Olmazor tumani tomonlarda ishlab chiqarishadi…”

Bugun nima iste’mol qilayotganimiz, ularning sog‘ligimizga foyda-ziyoni qanday, degan savollar har bir xaridor va ishlab chiqaruvchi uchun birday muhim, albatta. Farzandlar salomatligi esa eng birlamchi masalalardan biri. Shu bois ularning to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini bilish, to‘g‘ri tashkil etish mas’uliyat talab qiladi kishidan. Zero, bolalar oziq-ovqatidagi me’yordan ortiq gazli ichimliklar, fast-fud va qandolat mahsulotlari tarkibidagi shakar miya faoliyatini sekinlashtiradi. Miya faoliyatidagi aminokislotalarni parchalaydi. Biz tilga olgan “vitaminlar”ning esa tarkibi ham noma’lum. Balki, ular farzandlarimiz hayoti va sog‘ligi uchun zararlidir. Qolaversa, mahsulotning ancha arzonligi ham shubha tug‘diradi kishida.

Mamlakatimizda har xil ko‘rinishdagi sanitariya-gigiena talablariga mos keladigan shirinliklar ishlab chiqarilmoqda. Narxi biroz qimmat bo‘lsa-da, sifati kafolatlangan mahsulotni xarid qilish xaridor uchun ham, tadbirkor uchun ham foydadan holi  bo‘lmaydi. Ammo bu mahsulotlar ham sifati, ham qoldiradigan noxush taassuroti bilan biz o‘ylagandan ko‘ra xavfliroq, nazarimizda…

Bugun butun insoniyat kashandalikka qarshi kurashayotgan bir paytda ayrim kishilarning o‘ylamay (balki o‘ylab!) qilayotgan ishlariga kim chora ko‘radi? Nahot, bu “egasiz” mahsulot bozor rastalarida bemalol tura­­ver­sa-yu, hech kimni bezovta qilmasa? “Hoy, bu kimniki, qaerdan keldi?” deydigan kimsa topilmasa?!  Bozorlarimiz bedarvoza emasdirov, faqat ularning e’tiborini masalaning mohiyatiga chuqurroq kirib borishlariga qaratmoqchi edik, xolos.

– Kep qoling, kep qoling sigareta-konfetlar bor.

 Muhammadali MAMADALIYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − five =