OSIYO “ZUMRAD”I

Ikki yarim ming yillik tarixga ega bu davlatning paydo bo‘lish ildizi qadimgi paleolit davriga borib taqaladi. Uning nomi ba’zi manbalarda Myanma, ba’zilarida esa Birma deb yuritiladi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Bu mamlakat XIX asrda Britaniya hukumati tomonidan bosib olinganidan to  1989 yilga qadar Birma yoki Birma Ittifoqi deb atalgan. 2006 yilda rasmiy nomini BMT Myanma deb qabul qilganidan so‘ng mamlakat barcha manbalarda shu nom bilan yuritila boshlandi. Bu so‘z mahalliy aholi tilidagi “mya”, ya’ni “zumrad” so‘zidan olingan. Shuning uchun ushbu davlat boshqa xalqlar orasida Osiyo “zumrad”i nomi bilan mashhurdir.

Myanma qadimdan oltinga boy mamlakat bo‘lgani bois turli davlatlar uni qaram qilishga intilgan va bu hudud “Oltin shahar” yoki “Oltin tangalar shahri” nomi bilan insonlarga ma’lum bo‘lgan.

Mamlakatning barcha shaharlari qadimiy va o‘ziga xos. Naypyidav va Yandon Myanmaning eng yirik shaharlaridan bo‘lib, ular davlatning hozirgi va qadimgi poytaxtlari hisoblanadi. Naypyidav mahalliy aholi tilidan tarjima qilinganda “Qirollar zamini” ma’nosini anglatadi. Qadimgi poytaxti hisoblangan Yandon shahri esa Shvedagon Pagoda joyi bilan mashhur bo‘lib, u yerda Buddaning maqbarasi joylashgan. Taton, Pi kabi qadimiy shaharlarda arxeologik qazishmalar natijasida topilgan Budda ibodatxonalarining xarobalari va bronza buyumlarida hind me’morligi hamda san’atining ta’siri ko‘zga tashlanadi. Pagan shahrida esa kitoblar va qo‘lyozmalar saqlanadigan qadimiy kutubxonalar joylashgan.

Qadimiy manbalar guvohlik berishicha, bu zamin uch marta imperiyalik davrini boshdan kechirgan. Eramizdan avvalgi davrdan to milodiy XIII asrlarga qadar bu yerda hech qanday davlat yoki xalq shakllanmagan. XIII asrda yagona tub aholi qabilalardan tashkil topgan ilk Pagan davlati paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu hududda Kanbaular davlati va nihoyat XIX asrga kelib, Birma davlati vujudga keldi.

Myanma asosan, tog‘li mamlakat bo‘lib, hududining 60 foizini o‘rmon tashkil qiladi. Ushbu hududda 76 ga yaqin millat va elat yashaydi. Myanma, karen, shan, chin va boshqalar shular jumlasidandir. Yana aholi orasida hindlar, xitoylar va yevropaliklar ham bor. Aholi notekis joylashgan. Rasmiy tili myanma, dindorlari esa asosan buddaviylardir. Bundan tashqari, musulmon, hindu va xristianlar ham bor.

Madaniyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, teatr tomoshalari azaldan diniy marosim va xalq bayramlarining tarkibiy qismi bo‘lgan. Xalq sayillari va intermediya shakllari diniy udumlar va mehnat jarayonlaridan kelib chiqqan. Kino san’ati esa biroz kech XX asrga kelibgina shakllangan. 1918 yilda “Byorma film kompaniya”sining tashkil etilishi kino san’atidagi ilk qadam bo‘lgan.

Myanmada hozirgi kunga qadar odamlar orasida urug‘-qabilachilik munosabatlari saqlanib qolgan. Bu yerda hozir ham ko‘plab qabilalar istiqomat qiladi va ularning ichida eng yirigi Padaung qabilasidir. Ushbu qabilada qadimgi odat – ayollar bo‘yniga halqa taqib yurishi saqlanib qolgan. Uch yoshidan boshlab qizlarning bo‘yinlariga halqa taqib qo‘yishadi. Bu halqalar soni har yili bittaga ko‘payib boraveradi. Natijada ayollarning yoshi anchayin keksayganiga qadar ularning soni ko‘payib, bo‘ynining uzunligi 35-40 santimetrgacha uzayadi, halqalar og‘irligi esa to‘qqiz kilogrammga borib qoladi. Eng qizig‘i, halqalar zanglamaydigan metalldan ishlanadi. Shuning uchun umrbod taqilsa-da, asli holiday turaveradi. Faqat ayollarning ikki yelkasi pastga tomon tushib borar ekan.

Yana bir eng qiziq ma’lumot — dunyodagi eng katta kitob Myanmada saqlanadi. Bu kitob eramizdan avvalgi davrda yaratilgan bo‘lib, Kutadou ibodatxonasi yaqinidan topilgan. Tosh ustunlardan iborat bo‘lgan ushbu kitobning balandligi 1,5 metr, eni 1 metr, qalinligi esa 12,7 santimetrdir.

Mamlakatda sayohatbop joylar anchagina. “New York Times” gazetasining 2012 yilgi sonida yozilishicha, Myanma sayohat qilishga qulay davlatlar o‘rtasida dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Ushbu mamlakatda kemada sayohat qilish qulay va arzondir.

Myanmada noyob maymun turi yashaydi. Ular “qanqaygan burunli maymunlar” deb ataladi va dunyoning boshqa hech qanday joyida bu turdagilari uchramagani uchun ular mo‘’jiza hisoblanadi. Ularning burunlari qanqaygan shaklda bo‘lgani uchun yomg‘ir yog‘gan payt maymunlar aksirishni boshlaydi. Bu turdagi maymunlar 2010 yilda kashf qilingan va ular faqatgina Birmaning shimolida yashashadi.

 Ingliz tilidan Maftuna

XUDOYBYERGANOVA

Tarjimasi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =