“OTASIGA RAHMAT!”

— My lovely grandmother, how are you? I love you, — deya Marjonaxon buvisining bo‘ynidan mahkam quchoqladi va ko‘chaga yugurib ketdi.

— Voy, tillaringdan o‘rgilay, buncha shirin gapirmasa, voy, bo‘ylaringga jonim qoqindiq, — dedi Rohila aya nabirasini kuzatib qo‘yar ekan, qo‘shnisiga mamnuniyat bilan qarab.

— Qo‘shni, nabirangiz nima dedi o‘zi? Ancha tushunib qolibsizmi ingliz tilini? — dedi qo‘shnisi jilmayib.

— Tushunaman-da… Sevimli buvijonim, yaxshimisiz, men sizni yaxshi ko‘raman dedi-da, o‘rgilay. Nabiramning dars tayyorlashini har kuni kuzatib o‘tiraman. Qiziqib ketganimdan ko‘p so‘zlarni o‘rganib ham oldim. O‘qituvchisi biram yaxshi-ey, biram mehribon-ey. Otasiga rahmat, qizimga alohida e’tibor berib, ancha narsa o‘rgatdi.

Ko‘cha-ko‘yda ingliz tilida “chug‘urlashib” ketayotgan qaqajonlarni ko‘rib faxrlanib ketasan kishi. Bobo-buvilar, ota-onalarning quvonchini-ku tasvirlash qiyin. Darhaqiqat, bugun jonkuyar ustozlar sharofati bilan chet tillarini biladigan, bemalol gapira oladigan yoshlar soni ortib bormoqda. Mana shunday o‘z kasbining fidoyilaridan biri Manzura Begimovadir.

Ustozlarning murg‘ak qalblarga chizgan naqshi bir umrga muhrlanadi va hayotning har jabhasida bo‘y ko‘rsataveradi. Maktab sari qo‘yilgan ilk qadamlar hayajonga to‘la bo‘ladi. Shu sababli birinchi o‘qituvchimizni doim eslaymiz, e’zozlaymiz. Qo‘llarimizdan ushlab sabr bilan o‘qishni o‘rgatgan, har qanday xarxashayu, bolalikning sho‘xliklarini o‘z o‘rnida qabul qilib, farzandidek ayagan ustozlarimizning hayotimizdagi o‘rni beqiyos, albatta.

Yosh bolaga nimanidir o‘rgatish, nimagadir qiziqtira olish juda mushkul. Endigina o‘yinchoqlaru turli o‘yinlar og‘ushidan chiqib kelgan bola, albatta, birdan intizomli, bilimli bo‘lib qolmaydi. Bu natijaga erishish uchun o‘qituvchidan katta mahorat talab etiladi. Unga o‘zining tilida gapirish, mehribonroq, shirinso‘zroq bo‘lish, bilmaganlarini sekin-astalik bilan tushuntirish uchun o‘qituvchiga anchagina matonat kerak bo‘ladi, albatta. Manzura opa ana shunday matonat egasi. Uning darsida bolalar o‘zlarini erkin, uylarida o‘tirgandek his qiladi. Darsda muloqot ingliz tilida olib boriladi.

— Chet tilini mukammal o‘rganishga ahd qilgan bolajonlarning ko‘zlaridagi ishonch menga shijoat bag‘ishlaydi, — deydi Manzura Begimova. — Davlatimiz tomonidan ingliz tili o‘qituvchilariga yaratilgan imkoniyatlarga, bildirilgan ishonchga munosib bo‘lishga harakat qilyapmiz.

Bugun yurtimizning chekka-chekka tumanlarida, qishloqlarida ham ta’lim muassasalari zamonaviy texnologiyalar bilan ta’mirlanib, o‘qish-o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Manzura Begimova ham Koson tumanidagi 85-maktabda boshlang‘ich sinf­larga dars beradi. U 1993-1998 yillarda Sa­mar­­qand davlat chet tillar institutining ingliz filologiyasi fakultetida o‘qib, tumandagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi litsey-internatga ishga qabul qilingan. Qobiliyatli, yosh mutaxassis tez orada yaxshi o‘qituvchi sifatida tanildi. Faoliyati davomida o‘zining faniga bo‘lgan qiziqishlari va izlanishlari tufayli ko‘plab fan olimpiadalariga o‘quvchilarini tayyorlab, yuqori natijaga erishdi.

Ustoz uchun o‘quvchilarining yuksak marralarni egallayotgani, olimpiadalarda zafar quchayotganini ko‘rish katta baxt. 2015-2016 o‘quv yilida uning o‘quvchisi Sevinch Hayitova “Mitti olimpiada”ning tuman bosqichida qatnashib, faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Manzura Begimova nafaqat boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi, balki namunali trener sifatida ham hamkasblari orasida o‘z o‘rniga ega. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining trener-o‘qituvchilar tayyorlash kursini namunali tamomlab, sertifikatga ega bo‘ldi. U ingliz tili trener-o‘qituvchisi sifatida 2013 yil aprel oyidan to hozirgi kunga qadar yosh mutaxassislarga “Boshlang‘ich sinflarda chet tillarni o‘qitish metodikasi”ni o‘rgatish yuzasidan trening kurslarini o‘tib kelmoqda. Uning kurslarini tuman ingliz tili o‘qituvchilari orziqib kutadi. U har mashg‘ulotda o‘quvchiga yanada samaraliroq, yanada sifatliroq dars o‘tishning yangicha metodlarini hamkasblariga o‘rgatishga harakat qiladi. O‘zi o‘rgangan, qo‘llab kelayotgan metodlarni boshqalarga ham ilinadi.

Yurtimizda hech bir mehnat, jonkuyarlik rag‘batsiz qolmaydi. Manzura Begimova o‘tgan o‘quv yilida qilgan sa’y-harakatlari va izlanishlari tufayli “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shukurki, mamlakatimizda mana shunday kamolotga yetaklovchi mehridaryo, intiluvchan ustozlar ko‘p. Demak, kelajak avlodning istiqboli porloq, ertasi charog‘on.

 Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 9 =