E’TIBOR SIZGA‚ E’TIROF SIZGA‚ USTOZLAR

Ota-ona borki, farzandini yaxshi shart-sharoitlarga ega ta’lim-tarbiya maskanlarida o‘qishini istaydi. Buning uchun mamlakatimizda izchillik bilan islohotlar olib borilmoqda.  Bugungi suhbatdoshlarimiz ham Toshkent viloyatining ta’lim tizimida umrini sharafli kasbga bag‘ishlagan, bugungi dorilamon kunlar shavqida el-yurt farzandlariga saboq berayotgan o‘qituvchi va murabbiylardir.

– Mening baxtim shunday kasbni tanlaganim bo‘lsa kerak, – deydi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni sohibi Huri Solieva. – Chunki, bolalarni sevmagan odam bu kasbda ishlashi qiyin. Ertalabdan sevimli sinfimga, ko‘zlari beg‘ubor bolajonlarim qoshiga shoshaman. Bu majburiyatdangina emas, balki shu quralay ko‘zlarning menga bo‘lgan ishonchi, mehridandir. O‘ttiz yildan ziyod pedagogik faoliyatim davomida turli yillarda, sharoitlarda ishlashga to‘g‘ri keldi. Lekin taqqoslaganda, istiqlol yillaridagi o‘zgarishlar, qulayliklar tahsinga loyiq. Mamlakatimizda ta’lim sohasida yaratilgan ulkan imkoniyatlar sharofati bilan  o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaxshi sharoitlar yaratildi. Ilgari faqat o‘quvchi tinglagan bo‘lsa, bugun u dars jarayonida birdek ishtirok etishi, ustozi bilan jonli muloqotga kirishishi, sinf­doshlari bilan mavzu yuzasidan munozara qilishi mumkin. Aytmoqchimanki, hozirga kelib maktablarda nafaqat tash­qi ko‘rinish, balki dars o‘tish uslub va metodlarida ham yangilanish bilan birga tub islohotlar bo‘l­moqda. Qolaversa, xizmatimiz, kamtarona mehnatimiz hukumatimiz tomonidan doim e’tiborda bo‘lib kelayotganligidan mamnunman. Shu yil “O‘zbekis­ton Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni bilan taqdirlanganligimni eshitib, beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Bu shaksiz quvonch yoshlari edi.

Ko‘p o‘quvchilarim bugun turli kasb-korlarda elimiz xizmatida. Ular ichida o‘qituvchilarning ko‘pligi, institutlarda, kollej va litseylarda dars berayotganligi kasbimga  mehrimni yanada oshiradi. Shunday paytlarda mehnatim zoe ketmaganligidan xursand bo‘laman.

Chirchiq shahridagi 34-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyursangiz, bu yerda bolajonlar uchun barpo etilgan rang-barang o‘yin maydonchalari, turli ertak qahramonlari maketi, cho‘milish uchun mo‘ljallangan hovuzcha, bularning bari sizni bir zum sohir bolalik damlariga qaytaradi.

  Bugungi bolalar juda zukko, talabchan, – deydi mazkur maktabgacha ta’lim muassasi mudirasi Zahro Saitova. – Ularning istaklari, qiziqishlarini inobatga olgan holda,  har bir tarbiyachi o‘z ustida ishlashi, izlanishi zarur. Gohida jajji o‘g‘il-qizlarning tarbiyachi opalariga berayotgan savollariga beixtiyor guvoh bo‘lib qolaman. Tarbiyachi bilimli, zamon bilan hamnafas bo‘lsa, hozir­­javoblik bilan bolakayning yoshi va istagiga mos tarz­da javob qaytaradi. Mamlakatimizning iqtidorli, mustaqil fikrli avlodi shunday tarbiya maskanlari quchog‘ida kamol topayotganligidan faxr­lanib ketaman.

Bu yil yangi o‘quv yili oldidan bizning MTM yangi o‘quv va yotoqxona jihozlari bilan ta’minlandi. Bolalarning xavfsizligi uchun videokameralar o‘rnatildi. Shu bilan birga, kichkintoylarimizning salomatliklarini asrash maqsadida avgust oyida chuqur tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, bolalarimiz turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi. Shu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, bolajonlarimiz “Sog‘­lomjon-polvonjon” musobaqasining shahar miqyo­sidagi bosqichda 1-o‘rin, viloyat bosqichida esa 2-o‘rinni egallashdi. Tarbiyachimiz Madina Odilova “Yil tar­biya­chisi” ko‘rik-tanlovida shahar va viloyat bosqichlarida faxrli birinchi va ikkinchi o‘rinlarni oldi. Hozirda ingliz tili, raqs va gimnastika to‘garaklari tarbiyalanuvchilarimizning o‘z qobiliyatlarini namoyish etishi uchun faoliyat yuritmoqda. 

Hazrat Navoiy bobomiz juda nafislik bilan:

“Haq yo‘lida kim senga  bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin  yuz ganj ila” deya ustozlarning sharafiga hurmat bajo keltirgan edi.

Darhaqiqat, inson hayotda qanday darajaga erishmasin u ustozi va maktabidan qarzdordir. Yangi o‘quv yili Chirchiq shahridagi 14-sonli umumta’lim mak­tabi o‘quvchilari uchun yanada fayz­li va quvonchli bo‘ldi. Boi­si, bu yil maktab binosi qaytadan rekonstruktsiya qilinib, o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.

– Davlat tomonidan maktab tizimiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda, – deydi maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Inna Veretins­kaya. – Buni yildan-yilga o‘quvchilarimizning bilim darajasi oshayotganligidan, turli fan olimpiadalarida, musobaqalaridagi yutuqlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Bugun o‘qiyman, izlanaman degan o‘quvchiga barcha imkoniyatlar yetarli. 

Mamlakatimizda yoshlarning ham jismonan, ham ruhan  yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Ayniqsa, sportga qaratilayotgan e’tibor tufayli dunyo  sport arenalarida yurtimiz bayrog‘ini yuqori shohsupalarga olib chiqayotgan sportchilarimiz dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning o‘z o‘rni borligini isbotlamoqda.

– Yoshlar har bir yurtning istiqbolini belgilagan. Ayniqsa, sog‘lom, hurfikrli va vatanparvar yoshlar har qanday millat sharafini yuksaltiradi, – deydi Chirchiq shahridagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Abdurauf Yakubov. –  Maktabimiz o‘quvchilari shaxmat, boks, dzyudo bo‘yicha o‘tkaziladigan turli sport bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib keladi.  Ularning har bir zafarli odimi bizga kuch va g‘ayrat, yoshlarda esa havas uyg‘otadi. O‘ttiz yilga yaqin pedagogik faoliyatimda juda ko‘plab sportchilarni tarbiyaladik. Ozmi-ko‘pmi ularga yunon-rum kurashi bo‘yicha saboq berdim. Bugun ular mustaqil davlatimiz dovrug‘ini olamga yoyib, xalqimiz yuzini yorug‘ qilishmoqda. Shulardan biri Elmurod Tasmurodov joriy yilda Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiada bahs­larida faxrli uchinchi o‘rinni oldi. Bu nafaqat maktabimiz uchun, balki butun xalqimiz uchun katta sharaf va g‘ururdir.  

Ha, shogirdlari haqida ko‘ksi faxrga to‘lib gapirayotgan ustozning ko‘nglidan o‘tayotgan hayajonni sezish qiyin emas. Abdurauf aka bu yil davlatimiz tomonidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni bilan taqdirlandi. Bu ham bo‘lsa, Vatanimizda mehnat qilayotgan, shogirdlarga o‘rnak bo‘lib, xalq olqishini olayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning xizmati besamar ketmasligini yana bir karra tasdiqlaydi.

“1-oktyabr o‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan xal­qimiz farzandlariga ta’lim berib, ularning ongu shuurini ezgu tilaklar bilan bo­yitayotgan fidoyi ustozlarimizni chin dildan tabriklaymiz.

 Nargiza ASADOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =