O‘YLAMAY GAPIRGAN…

Ko‘pning huzurida gap aytishdan avval kishi xo‘p mushohada qilishi, aytajak gaplarini tillo tarozida bir-bir tortishi kerak. To‘g‘ri, ayrim amaliy holatlarda ikkinchi bir jo‘yali yo‘l topilmasa, tavakkalchilik ham ish berib qolishi mumkin. Ammo gapni tegsa boshiga, tegmasa yonboshiga tarzida tavakkal gapirib bo‘lmaydi. Nega endi bo‘lmas ekan, deb so‘rashingiz, e’tiroz bildirishingiz ham mumkin. Unda yig‘in, davralarda o‘ylab-netib o‘tirmasdan, tavakkaliga gapirib ko‘ring-chi, qanday bo‘larkan!

 

Darvoqe, bu mulohazalarni bekorga aytmayapmiz. Bir sabab bilan gap aytishga jazm qildik. Mamlakatimiz miqyosida xayrli ishlarni olib borayotgan So‘fi Olloyor jamg‘armasi raisi Ravshan hoji Mirzaev kuyunchaklik bilan shunday deb qoldi:

— Yaqinda (2016 yil avgust oyida) Surxondaryo viloyat televideniesi orqali bir ko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirib g‘alati ahvolga tushib qoldim. Gap shundaki, sherobodlik bir musavvir gap orasida So‘fi Olloyor manzilini ziyorat qilgani, u yerda tiklangan maqbara haqida gapirarkan, dunyodan umuman bexabar ekanini oshkor qildi, deb o‘ylayman. U aytdiki, ziyoratgohda tiklangan maqbara asrlar davomida yaxshi saqlangan. Axir, bu maqbara XXI asrda, aniqrog‘i, 2009 va 2010 yillar mobaynida bunyod etildi-ku! Dastlabki yili mustahkam poydevor qo‘yildi. Poydevor yerga yaxshi joylashdi. Keyingi yili kuzda esa qurib bitkazildi. Balandligi 12,5 metr bo‘lgan maqbarani xorazmlik ustazodalar sulolasi — Soibnazar Ibrohimov va uning aka-ukalari, shogirdlari (o‘n bir kishidan iborat) barpo etishdi. Televizor orqali gap aytgan rassom agar hushyor, e’tiborli, sinchkov odam bo‘lganida edi, yodgorlikning o‘zimiz yashab turgan asrda bunyod etilganiga iqror bo‘lardi. Men hayron qolamanki, haliyam gurung, davralarda duppa-durust odamlar So‘fi Olloyor maqbarasi yaxshi ta’mirlangan ekan, degan gapni aytishadi. Axir, maqbara ta’mirlanmagan, balki yaqinda bunyod etilgan, deya takror va takror aytaman ularga. O‘tmishimizga, boy tariximizga e’tiborliroq bo‘lsak, yaxshi bo‘lardi. Menimcha, tarixiy manzillarga, qutlug‘ ziyoratgohlarga shunchaki borib, shunchaki qaytmaslik kerak. U yerdagi ma’lumotlarni so‘rab-surishtirib, ayni yerda makon tutgan zot haqida muayyan ma’lumotlarga ega bo‘lmoq zarur. Masalan, Samarqanddagi har bir qadamjo haqida o‘zbek, rus, ingliz tillarida ma’lumotlar mavjud. Agar esdan chiqadigan bo‘lsa, yon daftarga yozib qo‘yilsa, undan-da yaxshiroq bo‘ladi.

Darhaqiqat, otaxonning achinish va kuyunchaklik bilan gapirishida jon bor edi. Ko‘pchilik odamlar ichki bir intilish yoxud shunchaki yengil qiziqish tufayli mamlakatimiz, viloyatimiz hududidagi ulug‘ ziyoratgohlarga, aziz bobolarimiz manzil tutgan joylarga boradilar. Ayrim yoshlarning esa ziyoratgoh hududida odob saqlamaganliklariga ham guvoh bo‘lamiz. Nazarimizda, ularning ayrimlari ziyoratni sayrdan, ko‘ngilochar tomoshadan farq qilmayotgandek taassurot qoldiradi. Yoki bo‘lmasa, ziyoratgohlar va qadim qabristonlar yonida duppa-durust odamlarning qo‘y, echki, hattoki ho‘kiz so‘yishib, ziyofatxo‘rlik qilishayotganiga takror va takror guvoh bo‘lamiz. Qabristonda (falon avliyo boboga atab) mol so‘yish, yoshu qari jam bo‘lib, ziyofatxo‘rlik qilish aslida udumimizda ham, muqaddas dinimizda ham yo‘q narsadir. Gohi-gohi qiziq holatni kuzatasiz: bir tanishingiz shunday manzirat qilib qoladi: “Ertaga tush paytida Termiz otaga o‘ting, bir mol aytganmiz, choy ichib qaytasiz”. Qiziq holat: siz qabr boshida choy ichasiz, go‘sht yeysiz, sho‘rva ichasiz va bu narsaning otini ZIYoRAT deb atashadi. Bu savob ham, ziyorat ham bo‘lmaydi. Bu shunchaki qorin to‘ydirish, nafsni qondirish bo‘ladi.

Ziyoratlar masalasida yana bir holat kuzatiladi: ko‘pchilik odamlar ixlos bilan ziyoratga boradi. Ammo borib ziyorat qilgan ulug‘ zotning aslida kim ekanligi bilan deyarli qiziqmaydi. Deylik, al-Hakim at-Termiziy kim bo‘lgan? Yoki bo‘lmasa, Kokildor ota, yoki Sulton Saodat, yoxud Xo‘ja Mavlonai Zohid kim bo‘lgan? Bular haqida deyarli ma’lumotga ega emas. Masalan, ayrim kishilar ommaviy axborot vositalari orqali ham, gap-gashtaklarda ham buyuk qomusiy olim al-Hakim at-Termiziy bilan islom olamidagi benazir muhaddis olim Imom Abu Iso at-Termiziyni chalkashtirib gap aytadilar. Axir, bu ikki buyuk bobomiz jahon ilmi tarixidagi haybatli aysberglardir. Ularni bir-biriga mutlaqo o‘xshatib bo‘lmaydi. Har ikkalalari o‘z yo‘llarida ulug‘likka doxil odamlardir. Shuning uchun ham xalqimizda tilga e’tibor, elga e’tibor, degan gap yuradi.

Bitta tarixiy haqiqat barchamizning ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi. Mamlakatimiz rahbariyatining sa’y-harakati, bevosita tashabbusi bilan yurtimizdagi deyarli barcha qadimiy obidalar, ziyoratgohlar, qadamjolar ta’mirlandi, obodonlashtirildi. U yerda qaror topgan ulug‘larning kim ekanligi, tarjimai holi haqidagi manba, ma’lumotlar to‘planib, peshlavhalarga, kitoblarga bitildi. Deylik, Surxondaryo viloyatidagi qay bir ziyoratgohga bormang, ana shunday yorug‘ manzaraning shohidi bo‘lasiz. Demoqchimizki, buyuk ajdodlarimiz haqida imkon qadar dalil va ma’lumotlar berilgan. Bu ma’lumotlar siz va bizning bilishimiz uchun  ham amalga oshirilgan.

Xulosa shuki, tariximizga, ulug‘ o‘tmishdoshlarimiz, buyuk bobolarimizga katta  hurmat va e’tibor bilan munosabatda bo‘laylik.

 

Mahmud ABULFAYZ

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 1 =