BERUNIY ESHITMAGAN NAG‘MALAR
O‘zbek san’ati o‘ziga xosligi, ildizi chuqur va mustahkamligi bilan dunyo san’at muxlislari e’tirofini qozongan. Birgina “Shashmaqom” ohanglarini olaylik. Uni tinglaganda Sharqu o‘arb xalqlari birdek mutaassir bo‘ladi. Bu nimadan? Nega “Munojot”ni tinglagan frantsiyalik muxlisning ko‘ziga yosh keladi? Yoxud “Cho‘li iroq”ni olaylik. Nega u yangray boshlasa, millati, tili va e’tiqodidan qat’i nazar, kishilar o‘yga toladilar? Ularni ijro etadigan xonandayu sozandalarning mahorati o‘z yo‘liga. Hamma gap san’atning o‘tmish bilan nechog‘lik aloqadorligida, asrlar silsilasida rivojlanib, sayqallanib kelganligida, uning sohibi bo‘lmish millatning buyuk qalbida bo‘lsa kerak.
Mana shunday xalq farzandi bo‘la turib, og‘zidan nima chiqayotganini o‘zi fahmlay olmaydigan, san’at desa likillab o‘yin tushishniyu siyqasi chiqqan ritmga mos almoyi-aljoyi jumlalarni takrorlashni tushunadigan “san’atkor”larni (o‘zi bundaylarni san’atkor deyishga ham uyalasan.) eshitib, afsus, ming afsus, deysan, kishi.
“E, qo‘y, shularni gapirib nima baraka topdim”, “Ularga gapirding nimayu, devorga gapirding, nima?”, “Bundaylarga so‘z aytish hayf” deyish ham to‘g‘ri emasdek. Ular dastidan oilaviy o‘tirib yayrab bir na televizor ko‘rib bo‘ladi, na radio tinglab. San’atkor nomini olgan odam ham shunday didsiz, saviyasiz, tarbiyasiz bo‘lishi mumkin ekan-da!..
Keling, so‘zlarimiz quruq bo‘lib qolmasin, mulohazalarimizni hayotiy misollar bilan davom ettiramiz.
BEMA’NILIKNING
CHEGARASI BORMI?
Hali uchga ham to‘lmagan o‘g‘lim o‘zi to‘zg‘itib yuborgan narigi xonadan o‘qdek otilib xontaxta ustiga chiqdi-yu, oyoqlarini gursillatib o‘yinga tusha ketdi. Uni mahliyo etgan ohang qaysi ekan, degan o‘yda oshxona eshigidan mo‘raladim. Televizorda “…Voy asalim, Guli, ko‘ylaklari gulli…” deb goh to‘rttasi, goh beshtasi boshini likillatayotganiga ko‘zim tushdi. Farzandim ham ularning bu qilig‘ini beixtiyor takrorlayotgan edi. Jajji qo‘lchalari tepada, oyoqlar hamon xontaxtani dupillatar, bosh esa o‘sha klipdagidek u yondan-bu yonga borib kelmoqda.
Ko‘pqavatli uyda yashaydiganlarga bu holat tanish: “Hozir qo‘shni chiqadi, tush pastga…” dedim xavotir bilan. Yo‘q, kaminalari kech qolgan ekan, eshik qo‘ng‘irog‘i asabiy jiringladi. Kutganimdek, pastgi qavatdagi qo‘shnimiz… Undan eshitadiganimni eshitib qaytsam, hali ham raqs davom etyapti. Yo tavba, deb yubordim beixtiyor, bolaginamning qulog‘i qachon bunday telbavor ohanglarga o‘rganib qoldi ekan?..
QILIG‘INGGA
O‘T TUSHKURLAR…
Ota-bobolarimiz azaldan yosh avlodga tarbiya berib, har ishda o‘rnak bo‘lishga intilishgan. Ayniqsa, yigitchalar o‘zlariga mos xatti-harakat qilishmasa, tanbeh berib, er kishiga bunday noma’qulchilik yarashmasligini uqtirishgan. Dag‘alroq bo‘lsa ham aytaylik, xalqimizda ayol — ayolning, erkak — erkakning ishini qilgan. Atoqli adib Shukur Xolmirzaevning “Kuzda bahor havosi” hikoyasida ham shunga o‘xshash mulohaza bor. Unda aytiladiki, ota-bobolarimiz jangu jadallar, kurashlar, oila, uy-ro‘zg‘or tashvishlarini er yigit vazifasi deb bilishgan. To‘ylarda, tantanalarda davraga tushib raqs tushishni or bilganlar. Xirom aylamoq, noz-ishva bilan raqs tushmoqni suluv ayollarga qo‘yib berganlar…
Darvoqe, men Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Bobur kabi bobolarimizni hech qachon yengil-elpi, o‘yinqaroq qiyofada tasavvur etolmayman. Ota-bobolarimiz asrlar davomida ana shunday zotlardan o‘rnak olib kelgan. Bugun-chi? To‘ylarimizda davrani hech kimga bermayotgan, — aytgancha, bir notavon “hofiz”, “Davrani hech kimga bermaymiz, chunki biz bo‘rilarmiz (bechora o‘zini inson emas, yirtqichga teng ko‘rayotganini hech o‘ylab ko‘rganmikan?!) deb kuylabdi, — olifta, yosh havaskor “raqqos”lar kimlardan o‘rnak olayotgan ekan? Na ovozi, na aytayotgan qo‘shig‘ida ma’nosi bor sip-silliq xonanda yigitlarimizdanmi?
Jahongir Poziljonov, Shohruxxon, Munisa Rizaeva, Jasur Umirovlarmi bugun yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan? Yoki “Benom” (nomni qarang!), “Ummon” guruhlari kabi yana bir talay yangi paydo bo‘layotgan ovozsiz, sozsiz xonandalarmi?
Bular-ku mayli, yosh (aslida san’atkorlarga yoshu qari deb qaramasligimiz kerak!) ham deylik, tajribali, ulardan uch-to‘rt ko‘ylak oldin yirtgan xonandalar-chi? Ba’zi kliplarda yevropacha kiyingan, uzun soqol qo‘yib, ko‘zoynak taqqan “krutoy”lari ko‘rinish berib qoladi. Gulsanam Mamazoitovaning “Aldama mani” klipida shunday holatning guvohi bo‘ldik. Kimlar uchun bu zamonaviylik, balki o‘zlari uchun “yangicha uslub”dir. Biroq qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek klipda bachkanalikni “maromiga yetkazayotgan” yoshi ulug‘ aktyorlarimiz nevaralariga qanday o‘rnak bo‘lisharkin, bilmadim. Yoniga borib, “shumi yoshlarga berayotgan tarbiyangiz?”, “E, sizning qilig‘ingizga…” degingiz keladi.
QO‘SHIQ BO‘LMAGAN KARRA JADVALI QOLDI…
Es-hushi joyida odam gaplashayotganda odob-axloq, til qoidalariga rioya qiladi. Jumlalarni to‘g‘ri tuzadi, bema’ni so‘zlarni ishlatmaydi, boshqacha aytganda, “odamga o‘xshab” gaplashadi. Endi sizga savol: “Qo‘shig‘ida poyintar-soyintar gaplarni aytayotgan xonandaning salomatligi haqida qanday xayollarga borasiz? Kechirasiz-u, qo‘shiq kuylash ham omma oldida chiqish qilish degani. Elga qarata mast odamdek aljirab ko‘ring qani, odamlar sizni qanday kutib olarkin? Chamamda mana shu oddiy mantiq ko‘plab qo‘shiqchilarimizning xayoliga kelmaydi. Menimcha, hech qachon kelmasa ham kerak. Chunki ularning ko‘pi maktab ko‘rmagan.
Ma’lumki, musiqaning asosiy vazifasi insonga ma’naviy oziq berish, tinglovchida ijobiy fazilatlarni shakllantirish bilan birga ruhiyatni tarbiyalashdir. Biroq xonandalarimiz ijrosidagi ba’zi qo‘shiqlar ma’naviy oziq emas, ruhni shikastlovchi zahar tutayotgandek. Eshitganda na she’rining ma’nosiga tushunasan, na klipini ko‘ra olasan. So‘zimizning isboti sifatida ba’zi misollar keltirsak:
“Ya habibi, ya habibi, dunyodagi eng baxtli inson et meni…”. Rayhon o‘anieva ijrosidagi bu qo‘shiqni kamida besh marta eshitgan odam tuzukroq tushunadi. Yo‘q, ma’nosini emas, shunchaki, nima deyayotganini. Chunki birinchidan, bu xonanda o‘zbek tilini yaxshi bilmaganidan shekilli, ona tilimizdagi so‘zlarni talaffuz qilishga qiynaladi. Ikkinchidan, “ya habibi” deganda o‘zi kimni yo nimani nazarda tutayotganini bilmay kuylagan bo‘lsa kerak. Bilgan taqdirida ham xorijiy tildagi iborani ishlatishning bu yerda nima zarurati bor edi. Bugun arab tilida yoriga murojaat qilayotgan artist, ertaga xitoy, hind, yapon tillarini aralash-quralash qilib aytib qolmasligiga kim kafolat beradi?
“…shu qizcha turishidan qizlani boshiye…”
“…unday qizla bizdaylani mensimaydiye…”
“…undaylaga muomalani bilish kerakdaye…” deya dod-voy soladi boshqa bir xonandai zamon Jasur Umirov.
“Vay-vay-vay” deya ko‘cha bolalarining tilida bir nimalar deb kimgadir do‘q urgandek jazavaga tushib baqiriqli qiliqsiraganda ham, “ha, hali bola-da, katta bo‘lsa yaxshiroq qo‘shiqlar aytar” deb umid qilgandik. Ammo ko‘p qatori u ham o‘zida borini “vay-vay-vay”larga sarflab yuribdi.
Endi “Via Maroqand” guruhining:
“Alfa beta, beta alfa, aylanadi chizmali,
Sen u yonda, men bu yonda parallelmiz shunchali…” deb kuylashiga bir e’tibor bering.
Biror tayinli so‘z, ma’no sezdingizmi?
“O‘zbegim, yigirma besh yoshdasan”, deya millatimizning uzoq tarixidan bexabarligini oshkor qilib qo‘ygan Shahzodadan unchalik xafa bo‘lganimiz yo‘q. Chunki biz andishali xalqmiz, kerak bo‘lsa, eng bema’ni gaplardan ham ma’ni topa olamiz. Biroq Sardor Rahimxondek po‘rim yigitning ona haqidagi qo‘shig‘ida, sizga mehr ko‘rsatsam, xotinimning g‘ashi kelmasin, siz go‘zalsiz, suluvsiz, degan ma’noda kuylagani kishini ajablantiradi. Axir, o‘zingiz ayting, azizlar, yigitning onaga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan ayoliga bo‘lgan muhabbatini bir-biriga qiyoslab, chog‘ishtirib bo‘ladimi?
Yoshlarning sevimli qo‘shiqchisi Sardor Mamadaliev esa, Vatan, seni telba bo‘lib sevsam ajablanma, deb kuylabdi. Qiziq, Vatanga telba oshiqlarning nima keragi bor ekan? Unga qalqon bo‘ladigan yigitlar kerak emasmi? Hofiz chin vatanparvarlik haqida shunday qo‘shiqlar yaratsa bo‘lmaydimi?..
O‘LDI HAYO…
Jajji o‘g‘limni o‘ziga mahliyo etgan “Bojalar” guruhi ijrosidagi o‘sha “Guli” qo‘shig‘i klipiga bir nazar tashlang-a: ikki “sevishgan”ning bir-biriga yozishmasi bilan boshlangan klip bir qarashda “beozor”dek. “Zamonaviy” yoshlar talqin qilingandek. Nahot bugungi yoshlar shu darajada bo‘lsa?..
Yo‘q, aslida ularni shou-biznesning mana shunday tuturuqsiz, yengil-elpi “eg‘jod” namunalaridan bahramand etib boraversak, oxiri nima bo‘ladi, bilmadim… O‘zingiz biroz diqqat bilan tomosha qiling-da. Yigitga yozadi: “Qatas?” Javob keladi: “Oysha xolenikida”. Yorini ishontirolmay yozishdan charchagan oshiq axiyri videoqo‘ng‘iroq qiladi. Qiz kimlar bilan ekanini surishtirgach, telefon ekranida yigitning ko‘zoynak taqqan to‘rtta olifta o‘rtog‘i ko‘rinadi. Bizlar azaldan e’zozlaydigan qadriyatlaru go‘zal sharqona tarbiyaga putur yetkazish aynan shundan boshlanadi. Ayting-chi, o‘z yorini begonalarga ko‘z-ko‘z qilish er kishining ishimi? Yo‘q, bu klipda “jonajon” do‘stlar boshdan oxirigacha qizga bosh likillatishadi.
Klipdagi qizning akasi-chi, o‘zbek akalarining oriyati shu bo‘ldimi? Telefonda begona yigit bilan (o‘rtoqlarini ham inobatga olsak — ular ham yigitlar) hiringlab gaplashayotgan singlisini ko‘rgan qaysi aka tug‘ishgani yonidan indamay beparvo o‘tib ketadi?
Taassufki, bu kabi kliplarning ro‘yxati uzunligi baridan-da achinarli.
Sunnat to‘ylarining debochasiga aylangan, necha yillardan beri tildan tushmayotgan “Toy bola” qo‘shig‘i o‘zbek bolalariga bag‘ishlangan ilk milliy qo‘shiq sifatida ko‘pchilikning e’tiborini qozongani hech kimga sir emas. Nima sababdan? Chunki unda millat bolasi kuylanadi, qo‘shiqda haqiqat bor, vatanparvarlik bor. Oldi-qochdi so‘zlardan iborat emas. Yoki hamon muxlislarning qalb ardog‘ida saqlanayotgan va har eshitganingizda yurakni larzaga soluvchi “Birinchi muhabbatim” qo‘shig‘ini e’tibor bilan tinglasangiz she’rda ham, ijroda ham dardni sezasiz, sevishgan qalblar iztirobini his qilasiz. Sababi, insonning dardi bilan yo‘g‘rilgan she’r hech qachon o‘lmaydi. Dardga yo‘g‘rilgan har qanday she’r boqiy asarga aylanadi. Bir-birining visoliga yeta olmagan ikki dil taqdiri haqida kuylovchi qo‘shiq matni chindan ham hayotiy. Mana nega hamon uni sevib, bag‘rimiz qon bo‘lib tinglaymiz. Bu she’rning chinakam darddan tug‘ilgani uchun bo‘lsa kerak, qo‘shiq sifatida ham juda uzoq umr ko‘ryapti. Ustoz san’atkorimiz Munojot Yo‘lchievani esa birgina yurtimizda emas, dunyo bo‘ylab eshitishlari va e’tirof etishlari elimiz uchun naqadar sharafli.
Surxon vohasi qadriyatlari bilan yo‘g‘rilgan qo‘shiqlarni ommaga yetkazishdan charchamay, ijodiy izlanishda davom etayotgan Mahmud Namozov, Hosila Rahimova, “Surxon” guruhi, faoliyatini asosan Buxoro yo‘nalishi va lapar janrida olib borayotgan Yulduz Turdieva kabi san’atkorlarimizning ham milliy estrada san’atimiz rivojidagi hissasi beqiyos.
SO‘NGSO‘Z O‘RNIDA...
Abu Rayhon Beruniy musiqa, ohang she’r va ularning uyg‘unligi borasida shunday yozgan: “Ohanglar ruhga (qalbga) tartibga tushirilgan, shaklga kiritilgan bo‘lgandagina kuchli ta’sir qiladi: chunki ruh (qalb) tartibga kirgan narsani tezroq qabul qiladi va shuning uchun ham u she’rga tushirilgan narsani oson ilg‘aydi va shu sababli u she’rga ko‘proq intiladi, chunki she’r nizomli (tartibli)dir: ammo u musiqa bilan ohanglashtirilgan she’rlarga yanada ko‘proq mayl qo‘yadi, negaki (bunda) she’rning tartibi ohang mutanosibligi (garmoniyasi) bilan uyg‘unlashgan bo‘ladi”.
Jahon tan olgan allomaning musiqaga shunday ta’rif bergani bejiz emas. Chunki u bugun ommalashayotgan, quloqlarimiz tugul, miyamizni ham zaharlayotgan jo‘n nag‘malarni hech qachon eshitmagan baxtli insondir.
Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri